OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. G‘ilay sichqon (hajviya)

«Xo‘sh, sizni nima bezovta qilyapti?» – degan odatiy savolga bemor: «Sichqon!» – deya g‘ayritabiiy javob qaytargach, Habib tabibning hayratdan kipriklari kerilib, qulog‘iga shapalog‘ini tutdi:
– A, labbay?!
– Xo‘jayinimni sichqon tinch qo‘ymayapti, sichqon! – tinkasi qurib, tili gapirishga ham qovushmayotgan erining o‘rniga munglanib so‘z qotdi Chambarakxon. – Ana, qarang, chuchkurganda derazalarni zirqiratvoradigan odam jarangliroq yo‘talishgayam yaramay qoldi.
Dahlizdagi taxta karavotda so‘ligan palakday shalpayib yotgan Vosvosxo‘ja xotiniga o‘qrayib ko‘z tashladi.
Yalmog‘iz! Aslida, bariga shu aybdor! Uyimiz sichqonbozorga aylanib ketdi deb javrayverdi, javrayverdi, oxiri taxtamushuk topishga to‘g‘ri keldi. Taxtamushukka dastlabki kuniyoq qorindor bir sichqon ilindi…
Ha, ilinmay o‘lgur-a! O‘shandan beri Vovosxo‘jada orom yo‘q. Sal mudradi deguncha, allaqanday g‘ilay sichqon uning ustiga bostirib kelib: «Homilali xotinimni nima qipqo‘yding, chuvak?» – deya ko‘zini yondirib g‘ijinadi. Har g‘ijinganida, tishlarining orasidan «chars-churs» etib uchqun sachraydi.
– Keyin qo‘lidagi pichoqning tugmasini bosib, «shiq» etkizib ochadi, kallamni orqaga qayiradi, – do‘xtirga sarosima-la boqib arzlandi Vosvosxo‘ja. – Jallodlik manavinaqa bo‘ladi, it, deb bo‘ynimga pichoq tortganida, dodlab uyg‘onib ketaman. Boshqatdan ko‘zim ilinsa, yana o‘sha g‘ilay sichqon, yana o‘sha «shiq» etib ochiladigan pichoq…
Vosvosxo‘ja arazchi boladek yig‘lamsirab, lab burishtirdi. Bu ahvolni ko‘rib, Habib tabibning beixtiyor kulgisi qistadi:
– Xex-xex– xe… Vahimaning uyasi bo‘pketing-e!
– Tanasi boshqa dard bilmas deganlari shu-da, – jahllandi Vosvosxo‘ja. – Men nima g‘amda yotibman-u…
– Bo‘pti, bo‘pti, – unga tasalli bergan bo‘ldi Habib tabib. – Shunchalik yurak oldirganakansiz, harqalay, o‘sha g‘ilayni murosaga chaqirib ko‘rish kerakmidi-i…
Vosvosxo‘ja: «Kelishishga urinib ko‘rdim», deya gap boshladi-yu, tuyqus to‘xtalib, xotiniga yuzlandi: «Bor, chiqib tur!»
– Men bor-yo‘g‘i taxtamushuk opkeldim xolos, dedim unga, – xotini chiqib ketgach, so‘zida davom etdi Vosvosxo‘ja. – Taxtamushuk opkeling deb tiqilinch qilganam, xo‘rakli taxtamushukni tuyasandiqning tagiga qo‘yganam xotinim, ana shu karilloq bilan hisob-kitob qilaver-da, akasi, dedim.
– Sichqon nima dedi, sichqon?
Vosvosxo‘ja bu gal yig‘lab yubordi:
– Yix-yix-yix… Ha nomard, dedi, aybingni kelib-kelib xotin kishiga ag‘darasanmi, dedi. Oldin so‘ymasamam, mana endi so‘yaman deb, yana kekirdagimga yopishdi. Bo‘ynimga pichoqni teskari ishqalab, ataylabdan qiynadi. Haromzoda! Yix-yix-yix.
– O‘zingizni bosing, Vosvosxo‘ja, o‘zingizni bosing,– bemorning yelkasini siypaladi Habib tabib. – Yigirma besh yildan buyon qishloq do‘xtiriman, lekin bunaqa chalkash kasallikka birinchi duch kelishim. Hozircha tinchlantiruvchi ukoldan berib turaylik-chi. U yog‘ini keyin ko‘rarmiz…
Tinchlantiruvchi ukoli zap mo‘‘jiza ekan-da! Mana, ikki kundirki, Vosvosxo‘janing joni halovatda. Hamma odamga o‘xshab, ish qilgisi kelganda ish qiladi, dam olgisi kel-ganda, xohlasa choyxonaga chiqib, xohlasa hozirgidek hovlidagi so‘riga yonboshlab, hordiq chiqaradi.
Ko‘chadan kimdir chaqirdi-yu, Vosvosxo‘ja bolishdan biqin uzib, ovoz qildi:
– Ho‘v! Kiravering!
Hovliga Habib tabib kirib keldi. Garangsiragan qiyofada salomlashganicha so‘riga chiqdi. Horg‘inlik bilan o‘tirib, yuziga chala-chulpa fotiha tortdi.
– Ming rahmat sizga, Habib tabib, – dasturxondagi kulchani sindirayotib, minnatdorchilik bildirdi Vosvosxo‘ja. – O‘sha bitta ukolingiz bilanoq battol g‘ilay tushimdan g‘oyib bo‘ldi-qoldi.
Habib tabib Vosvosxo‘jaga zimdan xo‘mrayib: «Qayoqqa g‘oyib bo‘ldiyki-i-n, deb o‘ylab ko‘rmadilarmi», deya pichinglagach, sobiq bemor: «U yog‘i bilan ishim nima? Balki yerga kirgandir, balki osmonga uchgandir», deb parvosiz iljaydi.
– Afsuski, yergayam kirgani yo‘q, osmongayam uchgani yo‘q, – ho‘ngrak otishga chog‘langan turxatda ming‘irladi Habib tabib. – O‘sha g‘ilay sichqon endi mening kallamga ko‘chib o‘tib, ikki kundan beri miyamni g‘ajiyapti. Andakkina mizg‘isam, tamom, xomilali xotinimni o‘ldirgan yirtqichni do‘pposlash o‘rniga, davolab yuribsanmi, deb ko‘zimga barmoq niqtaydi. Keyin meni yalang‘och qilib, karavotga boylaydi-yu, pintsetda «g‘ir-r» etkizib qornimni yorvoradi. Narkozsiz-a!
Choy damlab kelib, uni so‘rining suyanchig‘i osha eriga uzatayotgan Chambarakxon bu gapdan seskanib ketdi:
– Voy o‘lmasam!
Vosvosxo‘ja Habib tabibga darddoshlik bilan tikildi:
– Obbo-o, sizgayam qiyin bo‘pti-ku, Habib tabib. Ko‘mak beray desam, qo‘limdan kelmasa…
– Qo‘lingizdan keladi, Vosvosxo‘ja, qo‘lingizdan keladi, – negadir yeng shimarib turib so‘z qotdi Habib tabib. – Ozgina chidab bersangiz bo‘ldi.
– Nimaga chidab berishim kerak?
– Kaltakka. Aytdim-ku, g‘ilay sichqon nuqul sizni do‘pposlashimni talab qilyapti. To talabini bajarmagunimcha, tinchimni topolmasligim aniq. Qani, so‘ridan tushaylik.
Habib tabib, ko‘zlari quturgan buqanikidek qontalash bo‘lib, joyidan qo‘zg‘aldi. Vosvosxo‘jaga davaralanganicha, uni so‘ridan quvib tusha boshladi. Chambarakxon avvaliga hay-haylab ularni ajratishga urindi. Bu ish qo‘lidan kelmasligini anglagach, pizillab ko‘chaga chiqib ketdi-yu, zum o‘tmay, qo‘shnisi Jabbor melisani ortidan ergashtirib qaytdi.
Jabbor melisa so‘ri atrofida quvdi-quvdi bo‘lib turganlarni tezda tartibga keltirib, mashmashaning sababini surishtirdi. Sababini eshitib, qorin quchib kula ketdi…
Keyingi uch kun davomida kulgining nimaligini tugalay unuta boshlagan Jabbor melisa hovlisidan chiqib kelib, ko‘cha supurib turgan Chambarakxonni ko‘rdi. Uyqusizlikdan shilpiqlangan ko‘zlarini ro‘molchada artayotib, Chambarakxondan eri uyda bor-yo‘qligini surishtirayotganida, Vosvosxo‘janing o‘zi qo‘lida xarajat bilan bozordan kelib qoldi. Vosvosxo‘ja qo‘shni bilan ko‘rishayotib, uning buzuq turqiga hadiksirab ko‘z yugurtdi:
– Ha, Jabborvoy, tinchlikmi?
– Uncha tinchlikmas, – sarxush odamdek qovoqlarini og‘ir ochib-yumdi Jabbor melisa. – Sizni qamoqqa olmasak bo‘lmaydi shekilli.
Vosvosxo‘ja turgan joyida tarashaga aylanib, tili kalimaga kelmay qoldi. Chambarakxon esa supurgini yerga otib, erini o‘dag‘aylay ketdi:
– Sizga aytuvdim-a, dadasi, G‘ulom qallobning kalishlarini sotishga aralashmang deb. Bilardingiz, chetdan o‘g‘rincha mol opkelib, ilgariyam qo‘lga tushganidi.
Vosvosxo‘ja: «Og‘zingni yop!» – deb xotinining unini o‘chirgach, Jabbor melisaga talvasalanib yuzlandi:
– Buning gapiga parvo qilmang, har payshanbada miyasi chalg‘ib turadi. Men hech qanaqa kalishni ko‘rganim yo‘q! G‘ulom degan zotniyam tanimayman! Buni hech kim bo‘ynimga qo‘yolmaydi!
Bu gapdan Jabbor melisaning zardasi qaynadi:
– E, qanaqa odamsiz? Qayoqdagi kalish bilan G‘ulomni oraga suqib nima qilasiz? Sizni boshqa masalada qamashga to‘g‘ri kelyapti.
Vosvosxo‘janing yuziga qon yugurib, keskin o‘zini o‘ngladi va: «Agar bu ishga kalishniyam, G‘ulomniyam aloqasi bo‘lmasa, unda nima gunohimiz borakan, uka?» – deya gerdayib qosh suzdi.
Shu savol yangradi-yu, masala yana kemiruvchi maxluqqa borib taqaldi. Jabbor melisaning aytishicha, o‘sha g‘ilay sichqon endi uning tushiga kirib, bo‘g‘oz xotinimning qotilini nimaga qamoqqa olmayapsan, deb zug‘um qila boshlabdi. Jinday uyqu elitsayoq, «g‘ilay ekstremist» uning bo‘yniga tosh boylarmish-da, «Kelishuvchanlikning jazosi mana shu!» – deya daryoga itarib yuborarmish.
– Kecha majlisdayam pinakka ketib, to‘satdan baqirib yuboribman, – kiprigida yosh yiltirab saslandi Jabbor melisa. – Boshlig‘imiz meni ishdan haydavorishiga oz qoldi. Gap shu, Vosvos aka, sizni loaqal biror kun qamab qo‘ymasam, g‘ilaydan qutulishim qiyin. Qo‘rqmang, hibsxonaga yumshoq divan qo‘ydirib beraman.
Chambarakxon biqiniga qo‘l tirab, Jabbor melisaga dag‘dag‘a qildi:
– Ho‘, inim! Og‘zingizga qarab gapiring! Xo‘sh, sichqon o‘ldirganni qamash qaysi qonunda borakan?
Janjal endigina avjlanib borayotgan chog‘da, Vosvosxo‘janing devor qo‘shnisi Farmonqul oqsoqol ko‘chaga chiqib kelib, o‘zini o‘rtaga ko‘ndalang qildi. U tomon ham, bu tomon ham fikrini ma’qullatishga uringani sayin, oqsoqolning og‘zi tobora tirjaya bordi. Oxiri o‘zini qahqahadan bazo‘r tiyib, dashnom berishga o‘tdi:
– Bas qilinglar! Birov eshitsa, hammangni jinniga chiqaradi-ya! Yo tavba! Mahalla oqsoqoliga, kelib-kelib, qandaydir g‘ilay sichqondan arz qilasanlarmi?
– Sichqonni pisandsiz tilga olganingiz chakki bo‘ldi,– Farmonqul oqsoqolga achinib boqdi Jabbor melisa. – Joningizga jabr qipqo‘ydingiz-da, otaxon…
Jabbor melisaning xavotiri o‘rinli ekanligi ertasi kuni ertalabdayoq o‘z isbotini topdi. Artizonda yuzini yuvib turgan Vosvosxo‘ja qo‘shni devor ortidan yangragan na’rani eshitib, bir cho‘chib tushdi.
– Vosvosxo‘ja-a!!!
Vosvosxo‘ja o‘zini daraxtning panasiga olib ulgurmasidan, devor ustida Farmonqul oqsoqolning boshi balqidi. Boshdagi ko‘z tevarakka ola-kula jalanglab, og‘zidan hayqiriq tosha boshladi:
– Vosvosxo‘ja deyapman! Qayoqdasan, hey? Jimgina tirikchilik qilib yurgan sichqonga tegib nima qilarding, qiztaloqvachcha?!
Vosvosxo‘ja daraxtning panasida shumshayib turarkan, ho‘l yuziga sekingina sochiq bosayotib, o‘zicha g‘udrandi:
– Doim shunaqa! Biron-bir balo-qazoning daragini aytsang, seni vahimachiga chiqarib, mazaxlashadi. O‘zlarining boshiga tushsa, shunaqangi dodlashadiki, shunaqangi dodlashadiki!.. Ha odamlar-a, odamlar…

2003 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.