OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Hakka xolaning ig‘volari (hikoya)

Bahrom haqida ig‘vo

Turishini qarang – qo‘li cho‘ntakda, og‘zi qulog‘ida. Xuddi birov tekinga xo‘rozqand berayotgandek iljayadi. Undan ko‘ra, uyga kirib “Alifbe”ni titkilasang-chi, ko‘chada nima bor senga.
O‘taketgan qizg‘anchiq bola shu Bahrom. Tunov kun qarab tursam, bir qo‘lida sumka, bir qo‘lida pashmak, shipillaganicha maktabga ketyapti. Sumkaga boqib afti bujmaysa, pashmakka qarab chehrasi ochiladi deng.
– Ho‘, Bahromboy, – dedim unga, – qo‘lingdagi narsani ikkiga taqsimlasak qalay bo‘larkin?
To‘g‘ri-da, hozirgi maktab bolalar judayam olg‘ir. Birpasda boringni shimo qilishadi. O‘zingga hech balo qolmaydi.
Galvars bola bunga tushunarmidi? Ko‘nmadi ochko‘z. Shundan keyin, mana bo‘lmasa, dedim-u, shartta uning sirini ochib tashladim. Qanaqa sir deysizmi? Hali eshitmaganmisiz? Mayli, aytsam aytaqolay, siz ham o‘zimizdansiz.
Aniq bilamanki, bu yil birinchi sinfga o‘ttizinchi sentyabrgacha tug‘ilgan bolalarni qabul qilishdi. Bahrom esa, to‘rtinchi oktyabrda tug‘ilgan. Buniyam aniq bilaman. Shunga qaramay, to‘palonda u ham maktabga ilashib qoldi. Bilsam-bilmasam, o‘qituvchilari uning hujjatini tuzukroq tekshirib ko‘rishmagan. Bolaning aqli kalta bo‘lsayam, bo‘yi qurg‘ur balandgina. Ana shu bo‘yiga qarab turib, uni bilmasdan maktabga opqo‘yishgan deb o‘ylayman.
Qisqasi, Bahrom qizg‘anchiqning sir-asrorini bir-ikkitasiga sekin shipshitib qo‘ydim. Dunyoda siz bilan bizga o‘xshagan yaxshilar ko‘p. Bittasi bo‘lmasa boshqasi bu sirni oxiri maktab direktoriga yetkazishi turgan gap. Shundan keyin, hujjat tekshirish boshlanadi. Bir vaqt qarabsizki, yanagi yilgacha xayr, deyishib, Bahromboyni maktabdan o‘chirib yuborishadi. O‘shanda bir yayrab ermak qilamiz-a uni?
Farosat yo‘q-da bolada. Agar farosati bo‘lsa, kelib-kelib, Hakka xoladan bir cho‘qim pashmakni ayab o‘tirarmidi? Battar bo‘lsin! 

Ikrom haqida ig‘vo

Oldinlari uni tuppa-tuzuk bola deb yurardim. Endi bilsam, tarbiyasi judayam bo‘sh ekan. Yaxshi tarbiya ko‘rgan bolalar qotirilgan hakkani tomosha qilgani ataylab muzeyga borishadi. U bo‘lsa, tirigini ranjitib o‘tiribdi-ya.
Kecha u dikonglaganicha tomorqaga kirib kelib, tovuqlarga makka sepdi. Keyin eshak olmaning tagiga borib, shoxga kesak ota boshladi.
Qarasam, makka ko‘p. Tovuqlar oz. Bir chekkadan sekin davraga kirib, rizqimni terib yeyishga tushdim. Ertalab go‘ngtepada chalaroq nonushta qilgan ekanman, ishtaham shunaqayam ochilib ketdiki!
Bazm avjga mingan pallada “g‘uv-v” etgan tovush eshitilib qoldi. Chumchuqdek keladigan bir kesak shundoqqina tumshug‘imning yonidan uchib o‘tib, qarsillaganicha katakning eshigiga urildi. Tovuqlar jon halpida har tarafga qochib qolishdi. Men bu chog‘da allaqachon terak bo‘yi balandlikka chiqib olgan edim.
O‘ylaganim sari menga shunisi alam qiladiki, yegan bo‘lsam, tovuqlaring donidan yebman-da, Ikromga nima? Men sizga aytsam, dunyoda hasadgo‘ylikdan yomon narsa yo‘q. Bunaqalar o‘ziyam yemaydi, birovgayam bermaydi. Dardi bedavo-da.
Avval aytmasam ham, endi aytaman. Uning laqabi – “Sariqvoy”. Bir marta sariqvoy desangiz, g‘ashi keladi. Ikki marta aytsangiz, baqirib beradi. Uchinchisida dunyoni boshiga ko‘tarib yig‘lashga tushadi.
Shunchaki qiziqchilik uchun bir jig‘iga tegib ko‘rmaysizmi? 

Nodira haqida ig‘vo


Chetdan qarasangiz, yuvoshgina qizaloqqa o‘xshab ko‘rinadi. Aslida, judayam mug‘ombir. Haddan tashqari mug‘ombirligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, o‘zi bir og‘iz gapirolmaydi-yu, hamma gapga tushunadi. Masalan, choynakka tegma, desangiz o‘zini go‘llikka solib indamay o‘ynayveradi. Lekin, qand yeysanmi, deb so‘rab ko‘ring-chi. Tezda tushunib, shosha-pisha bosh qimirlatmasa, mayli, patimni yulib tashlang.
Ertalab u, ochiq qolgan uy eshigidan uyoq-buyoqqa mo‘ralab olgach, tetapoya bosganicha ayvonga chiqib keldi. Xurmoning ustidan aniq ko‘rib turibmanki, qo‘lida bir bo‘lak pishloq ham bor, uni yo og‘ziga solmaydi, yo bo‘lmasa tashlab yubormaydi. Bir mahal supurgiga qoqinib, gupillaganicha yiqilib tushdi-yu, qo‘lidagi pishloq nariroqqa uchib ketdi. Shundan keyin ikkala qo‘li bilan ko‘zini ishqaganicha ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi.
Yomon yiqilgani rostmikan, yoki shunchaki erkalanib yig‘layaptimikan, deb o‘yladim o‘zimcha. Xurmodan pastga tushdim-u, uni sinash uchun asta-sekin pishloqqa yaqinlasha boshladim. O‘zingiz aytingchi, joningiz og‘rib turgan chog‘da ovqat haqida hech o‘ylaganmisiz? Nodira bo‘lsa meni ko‘rdi-yu, kela solib pishloqqa yopishdi. Yig‘ini to‘xtatib, menga shunaqayam xo‘mrayib qaradiki, chetdan kuzatib turgan odam Hakka xola ilgarilari ham uning pishlog‘ini yeb yurarkan-da, deb o‘ylashi hech gapmas.
Nodiraning mug‘ombirligiga endi ishongandirsiz? Uning pishlog‘ini yeyman deb ovora bo‘lmang, qo‘lidagi narsani olish taxtadan mix sug‘urishdan ham qiyin. 

Ravshan haqida ig‘vo

Anavini qarang-a! Kelib-kelib, Ravshanni maqtab o‘tiribsizmi? Agar u epaqaliroq bola bo‘lsa, men bilan allaqachon do‘stlashib olgan bo‘lmasmidi? Axir men bu ovuldagi eng hurmatli Hakkalardanman-a!
Umuman aytganda-ku, bunaqangi o‘rtoqqa ko‘zim uchib turgani yo‘q. Chunki u ba’zi bolalarga o‘xshab shokolad yeyish o‘rniga “chapa-chup, chapa-chup” qilib kun bo‘yi oqsaqich chaynaydi. U bilan oshnachilik qilishdan menga nima foyda? Tantiligi qo‘zigan paytda menga beradigan saqichini boshimga uramanmi? Hamma biladiki, biz Hakkalar och qolganda hatto shisha sinig‘ini yutishimiz mumkin, biroq ustiga nisholda surtib berilgandayam saqich chaynamaymiz.
Og‘zidagi narsaning yeyishga yaroqsizligini qo‘yib turing, o‘ynaydigan o‘yinchog‘iyam bir pulga qimmat. Miltiqchasiga piston solib otilsa, xuddi rostakamday varanglaydi. O‘tgan kuni so‘rida turgan parvardani mo‘ljallab borayotuvdim, orqadan gumburlatib qolsa bo‘ladimi. Shoshilishda boshimni so‘rining suyanchig‘iga urib oldim. Peshanamdagi g‘urrani ko‘ryapsizmi?
Hm... qolgan gapni keyinroq gaplashadiganga o‘xshaymiz. Tarillagan tovushdan sezib turibman – dadasining mototsikliga mingashib Ravshan kelyapti. Sal chekkaroqda turganim yaxshi. Kim biladi deysiz, balki qo‘lidagi miltig‘i o‘yinchoq emasdir. Tag‘in “paq” etkizib...
Hozircha jonim tirikchiligimga yarab turibdi. 

Mo‘min haqida ig‘vo

Beshog‘ayni mahallasida Mo‘mintoy degan bir bedavo bola bor. Balki, uni o‘zingiz ham tanirsiz – peshanasi do‘ng, burni puchuq. Shu bola menga kun bermay qo‘ydi-da.
Ularning tashqisi ham, tomorqasi ham yoppasiga ishkom. Uzum deganingiz shig‘illab yotibdi. Garov o‘ynagandayam, buncha uzumni bitta mahallaning odami yeb tugatolmaydi. Shunday bo‘lgandan keyin, to‘rtta hakka bilan beshta chumchuqning cho‘qigani qayoqqa borardi?
Mo‘mintoy bo‘lsa, ishkomning tagiga o‘tirvolib, bizni quvlagani-quvlagan, shaqildoqlarning ipini tortib “jangira-jungur” qilgani ortiqcha. Qiyalab uchib borib, o‘sha shaqildog‘ini bir tepib o‘tay deman-u, yana u yerga tuzoq-puzoq qo‘yilgan bo‘lmasin deb o‘zimni bosaman.
Boya payt poylab turib, husaynidan bir dona olib qochdim. Oh, oh, oh! Shirasi tilni yoradi deng. Qani endi birov indamasa-yu, bemalol so‘ritokka qo‘nvolib uch-to‘rtta shingilni bir boshdan cho‘qilab chiqsang. Qayoqda deysiz, ana, haliyam “jangira-jungur” qilib o‘tiribdi. Kunda shu ahvol.
Aslida, hamma ayb uning dadasida. Bola deganga bitta uch g‘ildirakli velosiped olib berib, uni ko‘chaga quvish kerak. Bu ishning tarbiyaviy ahamiyati katta – tabiatning noyob durdonalaridan biri bo‘lgan bizdek parrandaning ashaddiy kushandasi bittaga kamayadi. 

Alisher haqida ig‘vo

Olako‘z bolalar yoppasiga hovliqmachi bo‘lishadi. Alisher ham shunaqa xilidan. Qo‘liga besh tiyin tushsa bormi, darrovdayoq bosar-tusarini bilmay qoladi. Do‘konga kirib qilgan savdosi, ja nari borsa, bitta pufak bo‘ladi.
Uning besh-oltita xashaki kaptari bor. Masalan, biz ularni qush deb hisoblamaymiz. Haqiqiy parranda birov yasab bergan inda yotishdan uyalishi kerak. Haligi nodon bola o‘sha beorlarni biram papalaydiki, biram taltanglatadiki, ko‘rib tumshug‘ing terlaydi. Keyin ularni uchirib yuborib, dam chapak uradi, dam hushtak chaladi. Agar bironta kaptar havoda umbaloq oshib qolsa, jazavang qurgur bola zavqdan qichqirib yuboradi deng. Xo‘sh, o‘shandaqa qilib umbaloq oshishni biz bilmaymizmi? Istasak, undan o‘tkizvorishimiz mumkin. Ammo, birovning hushtagidan chechansirab, osmonda maynavozchilik qilish bizning obro‘yimizga to‘g‘ri kelmaydi.
Zoti past kaptarlarni boqquncha, mana bizni to‘ydir, deb qo‘yaman o‘zimcha. Bizni qush desa bo‘ladi, o‘zimizga yarasha savlatimz bor. Ancha-muncha parrrandaga gap bermaymiz. Yana shunisi yaxshiki, bizga nimaiki berilsa, indamay yeyaveramiz. Olako‘z bolalar buni tushunisharmidi? Ularga umbaloq oshib bersang bo‘lgani. Ha, mayli, bizning qadrimizga yetadiganlar ham topilib qolar. 

Zulxumor haqida ig‘vo

Kap-katta qiz bo‘lib qoldi-yu, haliyam esi kirmayapti. Qachon qaramang, hovlini supurgani-supurgan. Yoshingga qarab ish qilsang bo‘lmaydimi, deb qo‘yaman o‘zimcha. U tengi qizlar ko‘chada to‘ptosh o‘ynab yurishibdi.
Umuman, gap uning hovli supurganida emas, men Zulxumorning saranjom-sarishtaligini yoqtirmayman. Hamma joyda o‘ralashib, hamma ishga aralashib yuradi.
Uning Ilhomboy degan ajoyib bir ukasi bor. Lalovgina bola. Yurgan yo‘lida non kavshaydi. Kavshangandayam, yarmini yo‘lga uvatib tashlaydi. Buni odamgarchilik deydilar. U non chaynaganicha boraveradi, men uning orqasidan ergashib yurib uvoqlarni guppa-guppa uraveraman. O‘rtada izzat-hurmat, mehr-oqibat bo‘lgandan keyin, bir to‘g‘ram non unga ham, menga ham bemalol yetib ortar ekan.
Tunov kuni Ilhomboy bir bo‘lak yog‘liq patirni ushlab olganicha uyidan chiqib, endigina uvatishni boshlagan edi, qayoqdanam haligi Zulxumor jikkak kelib qolsa bo‘ladimi, u “nonni shunaqa uvatib yuradimi odam”, deb ukasining ketiga bir shapati tushirib qoldi-yu. Ilhomboy sho‘rlikning chirillaganini ko‘ring, mening ham jigar-jigarim ezilib ketdi. Bechora bola o‘shandan beri nonni uvatmay yeydigan bo‘lib qoldi. Endi uning ortidan yurib, baraka topmayapman.
Tag‘in ota-onasi Zulxumorni maqtaganlariga kuyaymi. Ilhomboyga “yasha, shovvoz”, deydigan dono yo‘q. Dunyoning ishlari chalkash, deganlari shu-da.

Otabek haqida ig‘vo


Ba’zilarning miyasi to‘liq bo‘ladi-yu, baribir pandavoqilarning qatorida qolveradi. Buning sababi – aqldan to‘g‘ri foydalanmaslik. Otabekning kamchiligi ham xuddi ana shu. Agar kallani to‘g‘ri ishlatganda edi, yonida yalinib o‘tirgan mushukning bo‘ynini silash o‘rniga dumini burab qo‘ygan bo‘lardi.
Xo‘sh, mushuk nima o‘zi? Dunyodagi jonzotlarning eng pixi qayrilgani, eng bema’nisi! U shumniyat, g‘arazgo‘y bo‘lishiga qaramay, laganbardorlik bilan odamlarning pinjiga kirib olgan.
Bu yaramas hayvonning g‘alamisligini sizga isbotlab beray. Hovlida qulupnay hillo-hil pishib yotibdi. O‘zingiz bilasiz, mushuk qulupnay yemaydi, shunga qaramay, u la’nati ekinzor atrofida kun bo‘yi ivirsib yuradi. Mevachalardan bitta-yarimta tatib ko‘ray desang, balo-qazoday yugurib kelib ustingga otiladi. O‘sha muttahamning yungi mayin bo‘lsayam, tirnoqlari olmosday o‘tkir. Panjasiga ilinganing – asfalasopilinga ketganing. Mana, anchadan buyon olmaga qo‘nib o‘tiribman-u, pastga tushgani sirayam yuragim betlamayapti.
Ho‘ so‘richadagi mushukni ko‘ryapsizmi? Otabekning yonida yotibdi-ku hurpayvolib. Ko‘zlarining yumuqligiga ishonmang, u jodugar hamma narsani ko‘rib turibdi.
Ie, bu Otabek qanaqa bola o‘zi? Yana mushukning belini silayapti-ya. Voy, xumbosh-ey. Undan ko‘ra, u yaramasning biqiniga qaratib bir tepsang-chi, nodon. Uf-f, bu bolaga qachon aql kirarkin?

Sizning haqingizda ig‘vo

Nega xo‘shshayvoli-i-b yonimdan o‘tib ketyapsan? Tanimay qoldingmi meni? Hakka xolangni-ya? Qani, rostgo‘y xolangga yurakdan chiqarib bir salom ber-chi. Salom ber, yur yutkur!
Hoy, namuncha kekkayasan? Boshqalarga o‘zingni “a’lochi” qilib ko‘rsatmoqchisan shekilli? Hakka xolaning hech narsadan xabari yo‘q deb o‘ylaysan-da. Bilaman, yo o‘zbek tilidan, yo arifmetikadan “ikki”ng bor. Hoynahoy, kundalik daftaringni dadangga ko‘rsatmay yurgan bo‘lsang kerak.
Nima? Og‘zingizga qarab gapiring deysanmi? Hu, yer yutkur, hali yolg‘onchi bo‘ldimmi senga? Agar “ikki” olgan bo‘lsam, siyohdonim sinib, burnimga siyoh sachrasin, deb qasam ichgin-chi.
Ko‘zing jovdirab turibdi. Sening qasamingga ishonib o‘tiradigan tentak yo‘q.
Xo‘sh, cho‘ntagingda do‘mpayib turgan narsa nima? Yong‘oqmi? Boshimni aylantirma, o‘chirg‘ich unaqa do‘mpayib turmaydi. Yong‘oq o‘ynab yurgandan ko‘ra, “ikki”ngni tuzatsang-chi, lattabosh. Sen tengi bolalarning surati “A’lochilar taxtasi”da turibdi-ya! Uyalgin-e!
Qani, yaxshilikcha yong‘oqni buyoqqa cho‘z-chi. Cho‘z deyapman! Bo‘lmasa, “ikki” olganingni dadangga aytib beraman.
Ie, bu nima? Hm-m, o‘chirg‘ich degin? Seni qara-yu, so‘loqmonday bolasan-u, cho‘ntagingda bittagina yong‘oq ham yo‘g‘-a. He, landavur bo‘lmay ket!

1978 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.