OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Odobli bo‘lish osonmi? (hikoya)

Mittigina, quvnoqqina, yebto‘ymasgina bir sichqoncha bor ekan. U suyukli onajonisi bilan birga qishloqdagi eng baland, eng ko‘rkam uyning eng chuqur kavagida yashar ekan.
Bir kuni onajonisi to‘lpoq Sichqonchaning burniga burnini ishqab erkalatibdi-da: “Mana, oyoq paylaring pishib, tiling sayroqlanib, tashqariga o‘zing chiqib o‘ynasang o‘ynagudek bo‘lib qolding, endi sal esingni yig‘ib ol, odobli bo‘l”, deb nasihat qilibdi.
– Esim-ku joyida, chunki qaysi ovqat shirinligini yaxshi bilaman, – debdi Sichqoncha o‘zini maqtab. – Ammo odobli ko‘rinish uchun nima qilishim kerak, oyijonim?
– Kichkintoylarning odobi, birinchi o‘rinda, qanday salom berishidan bilinadi, – deya javob qaytaribdi onajonisi. – O‘zingdan kattaroqlarni uchratganda, chiroyli jilmayib: “Assalomu alaykum”, desang, ular ham senga ochiq yuz bilan boqib: “Vaalaykum assalom”, deyishadi. Keyin ichlarida “nihoyatda odobli bola ekan, ota-onasiga ming rahmat”, deb qo‘yishadi.
Buni eshitib, Sichqonchaning zavqi jo‘shib ketibdi. Qoyilmaqom salom berib, birovlardan tezroq rahmat eshitgisi kelibdi-da, shosha-pisha tashqariga yo‘l olibdi.
Kavakdan chiqiboq, unga chaqchayganicha tikilib turgan bo‘g‘irsoqsimon Mushukka yo‘liqibdi. Sichqoncha shum baroqqa jilmayib qarab, “Assalomu alaykum, Miyovpochcha!” degan ekan, uning ko‘zidagi yovuzlik birdaniga so‘nibdi va sal tamshanib qo‘yib: “Vaalaykum asalomuv-v...Umring uzoq bo‘lsin. O‘taver”, debdi.
Birinchi duodan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan sichqoncha quvonchdan irg‘ishlab-irg‘ishlab borayotib, cho‘qqisoqol qari Echkiga duch kelib qolibdi.
– Assalomu alaykum, Echkivoy buva, – oldingi o‘ng oyog‘ini ko‘ksiga bosibdi Sichqoncha.
- Me-e-alaykum assalom, – deya qiroat bilan alik olibdi echki. – Kam bo‘lma, bo‘tam. Otangga rahmat. Agar qorning och bo‘lsa, ke, manavi dumbulning chetidan ozgina kemirib ol.
Sichqonchaning dumbuldan qittak totib ko‘rgisi kelgan bo‘lsa-da, yanayam odobli ko‘rinish uchun nafsini tiyib: “Tashakkur, Echkivoy buva, hali ishim ko‘p. Kun yorug‘ligida boshqalargayam salom berib chiqishim kerak”, debdi. Oppoq soqoli shamolda bayroqchadek hilpirayotgan qari Echki uning ortidan havas bilan tikilib qolibdi. Balki, “eh, qaniydi, mening nevaralarim ham shunaqa shirintoy chiqib, hammadan duo olib yursa”, deb o‘ylagandir.
Yoshu keksa o‘rtasida qandaydir tenglik, o‘zaro mehr-oqibat, bir-biriga yaxshilik tilash kayfiyatini yuzaga keltiruvchi mo‘‘jizali “salom-alik” Sichqonchaning ko‘nglini tobora yashnataveribdi, yangidan-yangi tanishlar orttirish, samimiy chehralarni ko‘proq ko‘rish umidida oldinga qarab boraveribdi. Makkapoya tugab, uvatdagi o‘tloqqa chiqib kelganida, o‘siq sho‘ralar orasida kosasining ichiga bekinvolib uxlayotgan toshbaqaga ko‘zi tushibdi. Sichqoncha zarracha ikkilanmay, o‘sha shirali ovozda “assalomu alaykum, Toshbaqa tog‘a”, debdi. Toshbaqa esa uyg‘onmabdi.
Sichqoncha Toshbaqaning boshi qaysi tomondaligini bilolmay, kosaning tevaragida uch-to‘rt marta aylani chiqibdi. Oxiri tavakkaliga bir tarafda turib olib: “Assalomu alayko‘-o‘-m, Toshbaqa tog‘a! Hoy, sizga salom beryapman, tog‘ajon, alik olmayapsiz-ku. Ho‘, Toshbaqa tog‘a, yana bir marta assalomalayko‘-o‘-m! Qachon alik olasiz? Yuragim g‘ash bo‘pketyapti, tog‘ajon!” – deya xuddi eshikni qoqqandek, Toshbaqaning kosasini mushtida taqillatib javrayveribdi. Bir payt Toshbaqa kosaning narigi yog‘idan boshini chiqarib, uyqusiragancha vaysab beribdi:
- Obbo-o, bu dunyoda tinchroq joy qolmabdi shekilli... Hov, kim u hadeb orqa tomonimga salom berayotgan?
Sho‘rlik Sichqoncha xijolat bo‘lib, lip etganicha o‘zini o‘tlarning bag‘riga uribdi. Yalanglikka yetib boriboq, zo‘r tomoshaning ustidan chiqib qolibdi. Shu hovlida yashovchi maymoq it – o‘zining aytishiga qaraganda, yuzdan oshiq “jahon urushlari”da qatnashib, yetmish to‘qqiz joyidan yarador bo‘lgan shovvoz To‘rtko‘z qo‘shni Olapar bilan suyak uchun jang olib borayotgan ekan.
Shunday jangovar hayvonga salom bermay o‘tsam, katta odobsizlik bo‘lsa kerak, deb xayolidan kechiribdi Sichqoncha va ularga yaqinroq borib, yoqimtoy tovushda: “Assalomu alaykum, pahlavon To‘rtko‘z!” – debdi. Itlar unga parvo qilmay tishla-tishlani davom ettirishibdi. Sichqoncha ham bo‘sh kelmabdi, changga belangan kuyi, ularning tevaragida pizillab, goh u yoqdan, goh bu yoqdan baqirib-chaqirib salom beraveribdi:
– Assalomalaykum! Hey, To‘rtko‘z, assalomalaykum! Bu qanaqasi, quloq bormi o‘zi? Hey, assalomalaykum deyapman! Salomga alik qani? Bunaqa qilish yaxshimas! Assalomalaykum deb turibman-a!
Shunda To‘rtko‘z Olaparning yelkasidan tishlab uzoqroqqa otib yuboribdi-da, to dushmani o‘zini o‘nglab olguncha, orada Sichqonchaga o‘qrayib: “Vov alaykum! Ko‘ngling tinchidimi, qutildimmi? Bor, yo‘qol endi!” – deb irillabdi, so‘ng qaytadan olishuvga kirishibdi.
Kutilmagan bunday sovuq muomaladan Sichqoncha dong qotib qolibdi, to‘satdan xo‘rligi kelib, yuragi to‘liqib ketibdi. Yum-yum yig‘laganicha ortga qaytayotganida, yarim yo‘lda yana qari Echkiga to‘qnash kelibdi. Echki bu yig‘i-sig‘ining sababini surishtirgan ekan, Sichqoncha, hiqillab-hiqillab, Toshbaqa va To‘rtko‘z bilan bo‘lgan voqealarni oqizmay-tomizmay aytib beribdi.
Sichqonchaning arzini tinglab bo‘lgach, Echki shunday debdi:
– Xafa bo‘lma, bo‘tam. Keyingi safar qulayroq vaqtda uchrashib qolsang, ular salomingga albatta alik olishadi, sendan xursand bo‘lishadi, maqtashadi. O‘zgalarga birinchi bo‘lib salom berish juda xosiyatli ish. Ammo, salomlashish shart bo‘lmagan holatlar ham uchrab turadi. Ota-onang yumushlardan bo‘shab, xotirjamroq turgan chog‘da shu to‘g‘rida seki-i-n gap ochsang, tushuntirib berishadi.
Ko‘pni ko‘rgan Echkining bu gapini eshitib, Sichqonchaning ko‘ngli xiyol taskin topibdi. Iniga qaytarkan: “O‘zgalarga salom berish shart bo‘lmagan paytlar ham bo‘lar ekan-da? Ular qanday holatlar o‘zi?” – deb o‘ylay boshlabdi, bularni onajonisidan so‘rab bilib olishni dil-diliga tugib qo‘yibdi.

1996 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.