OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Xorij radiosi va ... kalish (hajviya)

Pul almashtirilayotgan bonkani eslatuvchi tiqin bekatda «Frunzening haykalini-ku majaqlashdi, lekin tagidagi otda nima ayb?» – degan mulohazani kallada ezg‘ilab turuvdimki, yelkamga «shap» etib tushgan qo‘l xayolimni bo‘ldi. Og‘zida pivaning qoldig‘i ko‘pirayotgan ayvonpeshana banda meni o‘ziga o‘girib, ko‘zimga sho‘ng‘ishga intildi:
– Kalishimni nima qipqo‘yding, uka?
Uchoqlarni, harbiy kemalarni o‘marishga o‘tgan zamonamiz chakkibosarlari sha’niga isnod bo‘lib yog‘iluvchi bu xarxashadan dovdirab qoldim. «Qanaqa kalish?» – deya anqayib savol berdim.
– Tashi qora, ichi qizil... Patagi guldor sholchadan...
– Kalla joyidami? Menga kalishingizning nima keragi bor?
Ayvonpeshananing ko‘zi gilosdan sitilayotgan danakdek bo‘rtib chiqdi:
– Ha kerakmas-a! Kerak bo‘lmasa, osongina do‘ppi turganida, atay oyog‘imdagini ilib ketarmiding? Kalishimni nima qipqo‘yding, uka?
Bekatda ulov kutaverib diqqati oshganlarga ermak o‘z oyog‘i bilan keldi, «cho‘qi-cho‘qi»ga itqitilgan xo‘rozlardek jonli doiraning ichida qamaldik-qoldik. Birovning kulfatidan tomosha yasovchilar bema’nilikdan ma’ni qidirishga urinishadi.
– O‘lar jonga nimani talashyapti bular?
– Kim nimani shilibdi o‘zi?
– Anavi manavining kalishini yopishtirganga o‘xshaydi.
Ayvonpeshanani esa shu topda na atrofdagilar, na atrofdagilarning fikri qiziqtirayotgandi.
– Aybim anavi supada sal ko‘zim ilinganimi? – deya xurujini davom ettirdi u. – Kuning menga qolganakan, paypoqni urib ketavermaysanmi, jo‘lik. Yalangoyoqdan ko‘ra qo‘lantayoq yursam, elda bunchalik beobro‘ bo‘lmasidim. Ma, buniyam ol endi!
Shunday dedi-yu, qo‘lidagi saxtiyon paypoqni yuzimga otdi. To‘qson birinchi yilning o‘n to‘qqizinchi avgustida bir piyonista uyimga tuyqus kirib kelib, GKChPning mazkur mahalla bo‘yicha favqulodda vakili ekani, unga oliy ma’lumotlilar xonadonidagi araqlarni musodara qilish topshirilganini aytganida, bisotimda loaqal biror qultum musallas yo‘qligidan o‘ta noqulay ahvolda qolgan edim. Shu chog‘dagi xijolatpazlik undan ham o‘tib tushdi.
– Menga qarang, aka... jon aka, – dedim, ayvonpeshanaga yalinchoqlanib, – do‘konni qo‘yib turaylik, eng zo‘r kalish chayqovda qancha?
– Kavlanma! – deya cho‘ntagimga suqilayotgan qo‘limni shapatiladi u. – Sabzipo‘choq ro‘bilingni echkingga sol. Bir yotib turguningcha gugurt uch milliyon bo‘pqoladigan zamonda yuribsan. Menga molimni ber... Kalishimni nima qipqo‘yding, uka?
Qarasam bo‘lmaydigan. Raqibdan baland kelish uchun baqirib ko‘rish uslubini tanladim:
– Hov, mirzag‘ofil, meni kim deb o‘ylayapsiz? Taniqli zotlardanman! Kattakon bir simfonik orkestrda go‘snog‘orachiman! Nima, kalishingizni olib borib, oshnamning garmoniga yamaq qilamanmi?
Tomosha yasovchilar endi men tomondagi pallaga o‘tishdi.
– To‘g‘ri-da, shu odam kalishga zormi?
– Oyog‘idagi patinkani qara, mingtaligingni tepib o‘taman deb turibdi.
– Ho‘, peshanasi ishgan, qo‘yvor nog‘orachini!
Bekatdagi g‘ala-g‘ovur bozordan chiqayotganlarning ham e’tiborini tortib, tegramizdagi «xo‘rozboz»lar ko‘payganidan ko‘payib borayotganidi. Yuragimni g‘ulg‘ula qopladi. Birorta og‘zi maymoq: «Tuy ikkalasiniyam!» – devorsa bormi!
Xayriyat, davrada shu o‘ramning nazoratchi mirshabi paydo bo‘ldi. «Nima gap? Bizga qanday shikoyatlar bor?»– deya chimirildi u. Men to so‘zga og‘iz juftlagunimcha ayvonpeshana tashabbusni dangal qo‘lga oldi:
– Peshanam qursin, uka, kalishni urdirvordim. Gumonim manavindan!
Mirshab da’vogarning arzini chala-pula eshitiboq, qo‘limdagi diplomatga alohida shubha bilan boqdi. Qutichani ochib ko‘rsak bo‘ladimi, deya qo‘l cho‘zgan edi, bu narsa meniki emasligini aytib, tixirlanganimcha ortga chekindim.
Diplomat rostdanam meniki emasdi. Har gal ishxonamga hol so‘rab kirganida, goh shamsiyasini, goh shlyapasini, ba’zan, hatto, sigaretini unutib qoldiruvchi do‘stim doktor Parishoniy bugun diplomatini esdan chiqarib jilvorgani, birovning buyumini titish esa odob qoidalariga tomoman xilofligini tushuntirishga urinayotganimda, ayvonpeshana jon-jahdi bilan yana yoqamga yopishdi:
– Namuncha gapni aylantirasan, vey? Kalishimni nima qipqo‘yding, uka?
Tomosha yasovchilar qaytadan narigi pallaga og‘ishdi.
– Diplomatni ochmayapti. Bir gap bor.
– Shu eplashtirgan-da. Kampazitirdan o‘g‘ri chiqmaydi degan hadis yo‘q, og‘aynilar.
– Ho‘, melisa, mahkam ushla nog‘orachini!
Olomondan oq fotiha olgan mirshab qat’iy tarzda buyurdi:
– Qutichani oching deyapman! Oching yaxshilikcha!
Beodoblik qilishga majburlik odobsizlikka kirmaydi. Diplomatni ochishga jazm etdim. Ammo, ocholmadim. Qulfi raqamli g‘ildirakchalar bilan tilsimlangan ekan. Mirshab ham g‘ildirakchalarni aylantirib, har xil sonlarni terib ko‘rdi. Bilimi yetmadi.
– Qulfini qasddan chalkashtirvoribsan-ku, kunjara yegan, – deb pishqirdi ayvonpeshana. – Kalishimni nima qipqo‘yding, uka?
Bu orada tomosha yasovchilarning safi kengaya borib, olomon katta ko‘chaning yarmigacha yoyilib ulgurgan edi.
Shu payt, sarg‘imtil oynali bashang mashina «vapap-vapap» qilganicha oraga yorib kirib, bekat yaqinida to‘xtadi. Undan tushgan qora ko‘zoynakli kimsa mirshabni yoniga tortdi, nimanidir surishtirdi. Mirshab uning qulog‘iga bosh tiqqudek bo‘lib, uzoq shivirladi. Tim qora ko‘zoynakning ortidagi nigoh dam meni, dam ayvonpeshanani diqqat bilan kuzatayotganini aniq sezib turardim. Mirshab bor sepini yoyib bo‘lgach, qora ko‘zoynakli kimsa salobat bilan kelib, ayvonpeshanaga biqin tiradi:
– Chiqing mashinaga. Kalishni o‘zimiz tashkil qilamiz.
– Vey, gadoymasman men, – jizzakilandi ayvonpeshana.– Zo‘r bo‘lsang, anavinga osil, uka. Ochsin sandiqchasini.
Tomosha yasovchilarning jovur-juviri avjiga mindi.
– Haq gap! Ochsin diplomatini. Ko‘raylik.
– Hammang bitta yalangoyoqqa yopishvolasanmi?
– Kampazitir qutisini ochsin. Gap tomom!
Olomonni tarqatishga kuchi yetmasligini sezgan mirshab ko‘zi jovdiraganicha qora ko‘zoynakli kimsaga tikildi. Qora ko‘zoynakli kimsa doktor Parishoniyning qaerda yashashini mendan so‘rab bilgach, shofyorni uni olib kelishga jo‘natdi.
– Kalish qutichadan chiqmasa, o‘zingizdan ko‘ring, – deya ayvonpeshanaga o‘dag‘ayladi mirshab.
– Menga po‘pisa qilishga hech kimning haqqi yo‘q! – mirshabga bo‘yin cho‘zdi ayvonpeshana. – Urush vetironiman men!
Turishidan Girmon urushi uchun yoshroq, Afg‘on urushi uchun keksaroq ko‘rinuvchi bu nusxaning so‘nggi so‘zlari bir mendagina gumon uyg‘otib qolmagan ekan. «Masalan, qaysi janglarda ishtirok etgansiz, akaxon?» – deb savol berdi qora ko‘zoynakli kimsa.
– Ko‘cha janglarida qatnashganman! Nimaydi?
– Stalingraddagi ko‘chadami, yoki...
Ayvonpeshananing ko‘zlari sarosimali o‘ynab: «Noroziman! Adolatsiz tergov bu!» –deya gap boshlagan ediki, og‘zining oldida sopi uzun mikrofon paydo bo‘lganini ko‘rib, halqumiga chandir tiqilgandek «hiq» etib to‘xtab qoldi. So‘ng, odamlar ortidan bo‘ylagan kuyi mikrofon tutib turgan tirjayma yigitga chaqchayib dedi:
– Xo‘sh? Sabab?
– Chet el radiosidanman, – chiyilladi tirjayma yigit.– Nimadan norozisiz? Bu namoyishning sababi nima?
– Namoyish?! – terisidan chiqqudek bo‘lib bo‘kirdi ayvonpeshana. – Kim nimasini namoyish qipqo‘yibdi? Hebbivoy odamlarni to‘plab, biror narsasini ko‘rsatyaptimi? Yo senga arz qilganimminan davlatingdan iskabtopar kelib, kalishimni topib beradimi? Ol naryoqqa! He, nikrapo‘ningga Hayyomni ruboyisi!
Yana o‘sha «vapap-vapap»lar yangrab, bashang mashinada doktor Parishoniy ham yetib keldi. Mashinadan tushayotib meni ko‘rdi-yu, negadir rangi bo‘zarib ketdi. «Manavi diplomat siznikimi?» – deb so‘radi undan qora ko‘zoynakli kimsa. Parishoniy tasdiqlagach, «oching» deb farmon berdi. Titroq barmoqlar tilsimlangan raqamlarni terishga tutindi. Qulf sharaqlab chertildi. Mirshab diplomatni qo‘liga olib, qopqog‘ini ochdi. Uning ichida... ne ko‘z bilan ko‘rayki, sholcha patakli bir juft eski kalish egizak maymunchalardek ishshayib turardi. Damim ichimga tushib, tarraklanib qoldim. Atrofdagilar tengdan oh tortib yuborishdi.
Doktor Parishoniyning qorasi ko‘ringandayoq, birdan qoshi ilang-bilang bo‘lib, o‘zini mirshabning panasiga olishga uringan ayvonpeshana «ha esim qursin-a», deya boshiga shapatilab mung‘aydi.
– Ie, o‘zlari sho‘ttamidilar? – ayvonpeshanaga ko‘zi tushib, doktor Parishoniyning yuziga qon yugurdi. – He, Hebbi polvon bo‘lmay, har narsa bo‘ling. Moldek ichvolib, transportni choyxonada qoldirib ketibsiz-ku. Toji-samovor elanib yotib, kalishingizni qo‘limga tutqazuvdi. Qachongacha buyumlaringizni ortingizdan yig‘ib yuraman, qo‘shni?
...Uyga kelib ham kayfiyatim ochilmadi. Yuragimda kimdir hanuz xamir qorar, butun boshli rok-guruh miyamni tepalab raqs tushayotgandek edi: «Qanday sharmandalik! Muxlislarimdan ba’zilari o‘sha bekatdagi ahvolimni ko‘rgan bo‘lishsa...»
Hovurimni bosish uchun ayvondagi paqirdan muzdek suv simirdim. Uy ichidan «chuv-v, chuv-v» qilib taralayotgan tovush ham boshimni cho‘qilayotgandek tuyuldi. Nodon kenjatoyim haqiqatni yana xorij radiosidan qidiryapti, chog‘i.
Yon-verimdagi xonadonlar bilan aloqani yaxshilash maqsadida keyingi paytlar uyda mashq qilmay qo‘yganidim. Shu topda biron-bir latif kuy chalib, o‘zimni ovutgim keldi. Ilhom isitmasida o‘rnimdan turib, yigirma pudli xumni eslatuvchi jonajon go‘sno-g‘oramga yaqin bordim. Qayrag‘ochdan yasalgan uraqni qoziqdan olib, sopidagi qayishni bilakka ilayotganimda, ichkaridagi radioning chuvillashlari tinib, nihoyat, odamzodning ovozi yangradi: «...bozor oldidagi bekat maydoni odamga liq to‘lib ketgan. Muxbirimizning fikricha, bu kattakon namoyishga kalish yetishmasligi sabab bo‘lgan».
Suxandon «Sobiq Sho‘ro imperiyosining boshqa hududlarida ham...» deya axborotni davom ettirayotganida, o‘zimni sabrsiz olamning mojarolari sahnasidan chetroqqa olib qochishga tirishib, go‘snog‘oramda zo‘r berib «Aliqambar»ni chala boshladim:
– Gum-gum! Gumbira-gum! Gum-gum! Gumbira-gum!..

1993 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.