OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Taft (hikoya)

Qobulda bog‘i Bobur degan qadamjo bor. Uning baland to‘rida shoirning qabri saqlangan. Oyoq tomonda-gi qari tutni o‘sha vaqtlarda o‘tqazilgan, deb tushuntirishadi. Qadamjoni ikkinchi bor ziyorat qilganim-da yonimda menga bog‘lab qo‘yilgan soqchidan bo‘lak odam yo‘q edi. Uning oti Ma’rif, kambag‘algina askar bola.
Men bu safar tutga uzoq tikilib qoldim. U qarib, yo‘g‘on tanasi tamoman chirib, o‘q ildizi tuproqqa aylangan. Lekin bir yonidagi jindek g‘udur po‘stloqdan ozgina shira kelib bir-ikki shohida yashil barglar hali ham shivirlashib turibdi. Nahotki o‘sha asrlardan beri tirik? Uni o‘tqazganlar, balki buyuk bobomizni ko‘rgandir. Po‘stlog‘ida kimlarning kaft izlari bor ekan? Shabadada qaltirab yiltillab turgan bu siyrak barglar mo‘‘jizaday tuyuladi, men ularni ushlagim keldiyu, qo‘l tekkizolmadim. Tiz cho‘kib, tutning po‘stlog‘i bor tomonga kaftimni uzatsam, qo‘lim titrab, badanimga o‘t yugurganday bo‘ldi.
– Ajabo... dedim asta silab ko‘rib.
– Bo‘lmaydi,— dedi shu payt tepamda turgan Ma’rif.
O’rnimdan turdim. Ushlash mumkin emas ekan, deb o‘ylab, hijolat tortdim.
Bog‘dan chiqqandan keyin surishtirsam Ma’rif «bo‘lmaydi»ni boshqa ma’noda aytgan ekan. Uning otasi bozorda o‘tinfurushlarga tarozibonlik qilar ekan. Xonadonda o‘tinning sifatini yaxshi bilishadi.
— Endi u yonsa ham taft bermaydi. Chirindi, — dedi askar.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.