OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Muallima xolam (hikoya)

O‘sha izg‘irin, sovuq qish kechasi hali-hamon esimda. 
Tashqaridagi shamolning g‘uvillashi quloqni qomatga keltirgudek edi go‘yo. Yo‘q, men o‘sha kuni tizza bo‘yi qor yoqqanini aytmayapman.
Yaxshisi, hammasini boshidan boshlay qolay... 
Onamlarning oilasi serfarzand bo‘lgan. O‘n bitta bola: yetti qizu to‘rt o‘g‘il. Shuncha farzandni dunyoga keltirib, voyaga yetkazishning o‘zi bo‘ladimi? Yana ularni o‘qitish, uyli-joyli qilishni aytmasangiz ham bo‘laveradi. Otam va enamning bardoshlariga qoyil qolsang, arziydi. Otam ham mayli — vaqti dalada, ish bilan o‘tadi. Ertalab ketib, kun qorayganda qaytadi. Hammasidan ham mehribon enamga qiyin bo‘lgan ekan. Uy ishlari, mol-holga qarash, bolalarni eplash va yana qancha mayda-chuyda ishlar... Eh-he, bu kundalik tashvishlarni sanab sanog‘iga yetish qiyin. Odamni ezib yuboradi. Bular ham mayli, bolalarning chug‘ur-chug‘uri, hali unga, hali bunga talashib janjallashishlari, oradan hech qancha vaqt o‘tmay yana o‘yinlarini davom ettirib ketishlari odamni bir zumda aqldan ozdirishi hech gap emas. Enamning sabr-toqati ulkan tog‘dan ham baland bo‘lgan ekan-da. Yo‘q, yo‘q, tog‘ yemirishilishi mumkin, lekin enamning bardoshlari yemirilmagan. 
Shu kabi tashvishlar bilan bolalarning birin-sirin katta bo‘lib qolganini sezmas ekan kishi. Avval uch qizni (onam uchinchi qiz) uch tarafga uzatdi, keyin to‘rt o‘g‘ilni uylatirishgan. Yana qolgan to‘rt qizlarini ham bamisoli oq qushlardek o‘z bag‘rilaridan uchirib, barchasiga baxt tilab qolishaverdi.
Farzandlarning hammasi uyli-joyli bo‘lib ko‘payishgach, o‘zlaridan o‘zlari ortmay qolishar ekan. Bir tomondan olib qaralsa yaxshi-yu, lekin ota-ona, opa-singil, aka-ukalarning ko‘zi-ko‘ziga tushib turmasa, mehr-oqibat ham sekin-asta oradan ko‘tarilarkan.
O‘sha qish oqshomi katta oila yana yig‘ilishi uchun bahona topilgandi. Enamning tug‘ilgan kunlari munosabati bilan barcha farzandlari qishloqdagi bolalik uylariga yig‘ilishadigan bo‘ldi.
Qahraton qish. Qishloqning o‘nqir-cho‘nqir, qing‘ir-qiyshiq jinko‘chalarini qalin qor qoplagan. Ko‘chalar bilch-bilch loy: na qor, na tuproq... Bu yo‘llardan yurish nihoyatda azob.
Loysuvoq uylarning tomlarini qor bosib qolganidan, xuddi og‘ir yukli ayol kabi bir tomonga og‘ib turganga o‘xshaydi.
Tushga borib avvaliga sekin, keyin esa gupillab yana qor yog‘a boshladi. 
Biz ham tug‘ilgan kun munosabati bilan ertalabdan yo‘lga chiqishga tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Onam bilan dadam turmush qurishganlaridan so‘ng tuman markazidan uy olishgan ekan. Biz shu uyda katta bo‘lganmiz.
Qishloq unchalik uzoq emas. Dadamning ”Jiguli”sida chorak soatda yetamiz. Dasturxon o‘ralgach, mashinaga solindi. “Jiguli” joyidan sekin qo‘zg‘aldi. 
Yo‘lda hamma yoqni — bir-biridan go‘zal manzaralarni tomosha qilib ketish mazza-da. Mashinada uzoqroq yurishni shuning uchun yoqtirsam kerak. Mashinaning oldingi oynasiga uchib kelib qo‘nayotgan qor parchalari va ularni badjahllik bilan oynadan surib tashlayotgan sirpanchiq uzun tayoqlarga mahliyo bo‘lib, qishloqqa kirganimizni ham sezmay qolibman.
— Mana, qizim! Yetib keldik, — deya dadam gap qotganlaridan so‘nggina sezibman. — Qachon yetamiz, deb qo‘ymayotganding.
Mashinamiz darvoza o‘rniga yog‘ocheshik qurilgan, hovlisi keng uy yonida to‘xtadi. Ketma-ket chalingan signaldan so‘ng uy ichidan mezbonlar birin-ketin chiqa boshlashdi. Biz esa dasturxonni ko‘targancha ichkariga oshiqdik.
Yo‘l bo‘yi ancha sovuq qotibmiz. Issiq uy, issiq choy, issiq yuzlardan so‘ng yuzimizga qon yugurdi.
Katta xonaga hamma siqqulik qilib dasturxon to‘shalgandi. Xonaga kirib joylashib olingach, yana hol-ahvol so‘rashildi:
— Nevaralar yaxshimi, chopqillab yurishibdimi? — deya otam va enam gap boshlashi bilan qolganlar gapni ilib ketishdi.
— O‘zlaringiz qalaysizlar? Ishlar charchatmayaptimi? 
Shu orada mening zerikayotganimni sezgan Bahodir tog‘am yuzimdan chimchilab tortdi:
— Voy Tamara-ey, bir kep qopsan-da. Nechinchi sinf bo‘lding? Seni sinfdoshlaring xafa qilmayaptimi? Birov xafa qilsa darrov menga ayt, qulog‘ini cho‘zib qo‘yaman. 
Tog‘am meni doim Tamara deb chaqiradi. O‘zining aytishicha, ismimni bilsa-da, hazillashib so‘raganida nimagadir Tamara degan ekanman. Shundan beri tog‘am uchun Tamaraman.
Xonadagilar har tarafdan gaplashib o‘tirishardi. Katta oila yana jamuljam bo‘lishi uchun muallima Nuri (Nurjahon) xolam yetib kelishlari kerak edi. Buni onam ham sezdi shekilli, ukasiga qarab:
— Nuri ko‘rinmaydimi? — dedi havotirlanib.
— Ha, opa, havotirlanmang, kechgacha kelib qolar, — deya tog‘am o‘rniga javob qaytardi kichik xolam.
— Darslarini tamomlab keyin yo‘lga chiqqandir-da. Buguncha maktabga bormasayam bo‘lardi, — dedi yana bir xolam gapga qo‘shilib.
— Mayli-da, ishiga mas’uliyat bilan qarasa yomonmi? O‘quvchilarim bekor qolishmasin, degan. O‘qituvchilik muqaddas kasb. Qanchalab bolalar ko‘z tikib kutib o‘tirishadi. O‘qituvchi bo‘lganidan keyin tug‘ilgan kun deb darsdan qolavermaydi-ku, — dedi otam piyoladagi choyni xo‘plagancha. Hamma jimib qoldi. 
Tashqarida kun qorayib, kech tusha boshlagan mahal eshik sekin g‘iyqillab ochilib, Nuri xolam kirib keldi.
— Voy-ey, tashqari buncha sovuq bo‘lmasa, muzlab qolishimga sal qoldi-ya, — dedi muallima xolam kirishi bilan sovuqdan ko‘kargan qo‘llarini og‘zida puflagancha.
— Ana, bo‘rini yo‘qlasang qulog‘i ko‘rinadi, — deya xolam bilan ko‘rishdi tog‘am. Keyin kula-kula qo‘shib qo‘ydi:
— Ustoz, darsga kechikdingiz!
Xona bo‘ylab yengilgina kulgu sadolari yangradi.
Yangi kelgan mehmonga non ushatilib, hol-ahvol so‘rashilgach, ovqatlar suzildi. Taomdan so‘ng erkaklar alohida xonaga ko‘chishib, ayollarni xoli qoldirishdi.
— Nuri qizim, muncha kechga qolding? — dedi enam qo‘liga oppoq paxta olarkan.
— Tushgacha darslarim bor edi. Tashlab kelolmadim. Yangi yil ham yaqinlashayapti. Sinfimni bayramga tayyorlashim kerak. Shuning uchun ishlarim ko‘payib ketdi. 
— Ishqilib sog‘-salomat bo‘linglar! Eng muhimi sog‘liq. Qolgani bo‘laveradi, — dedi enam qo‘lidagi momiq paxtaning chigitini bitta-bitta ajratgancha.
Shundan so‘ng xolalarimning gap xaltalari ochildi. Onamning opalari Dilbar va Oyxumor xolam bir-biriga opa-singil quda bo‘lishgandi. Dilbar xolam o‘g‘liga singlisining qizini kelin qilgan. Ikkala opa-singil qudalar ham ancha dardlashishdi. 
Xolalarimning gap xazinasi borgan sayin qaynab chiqardi. Goh yoshlik davrlarini eslaydi, goh...
Mening ko‘zimga uyqu kelmasdi. Ko‘rpachaga o‘ralvolib, o‘zimni uxlaganga solib yotardim. Bizdan boshqa hamma allaqachon pinakka ketgan. Xolalarim esa bu o‘tirishlarida ertalabgacha uxlashmaydi.
Lekin to‘g‘ri ishdan chiqib kelgan Nuri xolam uyquni urardi.
Bir payt dong qotib uxlayotgan Nuri xolam alahsirab nimalarnidir gapira boshladi.
Buni darrov ilg‘agan Gavhar xolam bolalarcha sho‘xlik bilan:
— To‘xtanglar, bir pas jim turinglar! Nuri uyqisirayaptimi?
Og‘izlar bir zumga dam oldi. Hammaning qulog‘i Nuri xolamda. Muallima xolam esa hech narsadan xabari yo‘q, “dars” o‘tishda davom etardi:
— Bolalar, qorboboni chaqiramizmi? Yaxshi... Qani unda birgalikda baralla chaqiramiz... Qor-bo-booo...Qor-bo-booo...
Xonani xolalarimning shodon kulgilari larzaga keltirdi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.