OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husan Karvonli. O‘g‘limga maktub

Otam — mening ildizimdir! O‘g‘lim — jon tomirim. Bu nozik silsila nainki saxt-sumbatlarda, ko‘zu qoshlarda davom etadi. Balki, otalarning savollarini o‘g‘illari ham takrorlaydi. Ammo hamma o‘g‘illar ham savoliga javob ololmaydilar. Mening o‘g‘limning ham savollari ko‘p. So‘raganiga javob beraman, ammo tushuntirib berishga vaqtim kam. Hayot bag‘rida quyoshga talpingan chechakdan ulgu olib o‘g‘limning — kelajakning savollariga javob izlayman. Topolmaganlarimni “Tongda ishga, shomda uyga shoshgan odam baxtlidir”, degan dono hikmatlardan izlayman.

BOBOM

Naymandan Boshquduqqa to‘yga borganlarga Abdurazzoq polvonnikida qo‘noq berishdi. Yarim tungacha davom etgan gurungning asosiy mavzusi ertangi ko‘pkarida kim ko‘proq solim olishi haqida bo‘ldi. Chavandoz polvonlar va otlar haqida taxminu bahslar qilindi. Va qishloqning ori uchun maydonga tushadigan Shodiyor polvonga omad tilashdi.
Gurung qizigandan qizidi. Gap gapga ulanib, odamlarning ko‘nglida pinhon yurgan savol ham o‘rtaga chiqdi. Boshqalardan ko‘ra savodli sanalgan Kenja amakidan kimdir so‘radi:
— Kenja, mana, sen — birgadsan, bilasan. Ayt-chi, shu kommunizm, kommunizm deydi, qachon bo‘ladi o‘zi bu?
Kenja birgad biron besh-olti lahza tin oldi-da, shipga osilgan chiroqqa qarab, dedi:
— Bu... menimcha 80-yillarga borib bo‘lsa kerak...
Bu o‘tgan asrning 60-yillarida bo‘lgan gap.
O‘g‘lim, men Nishon bobomni ko‘rmaganman. Ammo otamning hikoyalari orqali tasavvur qilaman. Otamning aytishicha, Nishon bobom xokisor, sodda, iymonli inson bo‘lgan. Bo‘sh vaqtlari do‘mbirasi qo‘lidan tushmagan. Uning do‘mbira chertib aytganlaridan mana bu to‘rt qatorgina otam orqali bizga ma’lum:

Makon tutgan seni odamzod bo‘ldi,
Yutarman degani bari mot bo‘ldi.
O‘tarsan dunyo, dunyo o‘tarsan,
Senga kelib kimning ko‘ngli shod bo‘ldi?..

Bu termalar ham o‘sha dildan tilga chiqib, javobini ololmagan savollarning do‘mbiraga tushgan shaklidir, balki. Qachon, qaerda tug‘ilish va o‘lish inson irodasidan tashqaridagi ish. Ammo tug‘ilmoq va o‘lmoq orasidagi hayot inson ixtiyori ila tutilgan yo‘l va amallar bilan kechadi. O‘zbekiston deb atalgan Vatanda tug‘ilib, umr kechirgan Nishon bobo hayotining asosiy qismini sho‘ro davrida yashab o‘tdi.
Nishon boboning yetti nafar farzandidan bittasi o‘qib oliy ma’lumot olgan bo‘lsa, qirqdan ziyod nevaralaridan o‘n nafari oliy va o‘rta maxsus ta’lim olib, hozirgi kunda Toshkent, Samarqand, Angren, Juma va Nurobod shaharlarida yashab, mehnat qilishmoqda. Yana bir nechasi Toshkent va Samarqand shahrida tahsil olmoqda. Ularning maqsadlari aniq, hayotiy va asosli.

OTAM

1972 yili qishlog‘imizga elektr toki kelgach, otam birinchi bo‘lib televizor sotib olgan ekan. Qo‘ni-qo‘shnilar kechqurunlari uyimizga to‘lib ketardi, deb eslardi onam. Gapni televizordan boshlashdan murod, bolalik davrimdan hech xotiramdan ko‘tarilmay kelayotgan bir voqeani eslashdir.
Har gal birinchi kanalda “Vremya” boshlangach, albatta, otam uni tomosha qilar, tushunmasakda, biz ham qarab o‘tirardik. Ko‘rsatuv oxirida ob-havo ma’lumoti berilar, navbat Krasnoyarsk o‘lkasiga kelganda olis shahardagi Yenisey daryosi ustiga qurilgan ko‘prik tasviri ko‘rsatilar, har gal uni ko‘rganda otam chuqur xo‘rsinib qo‘yardi.
Otam — Mahmarayim Nishon o‘g‘li 1961 — 1964 yillari Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida, qurilish batalyonida harbiy xizmatni o‘tagan. O‘zbekistondek to‘rt fasli butun, quyoshli o‘lkadan borgan alpdek yigit Sibir qahratonida o‘pkasini sovuqqa oldirib qo‘ygan. Keyin jarrohlik yo‘li bilan uchdan bir qismini kesib olishgan. Otam umrining oxirigacha shu dard asorati bilan kurashib yashadi.
Bugun O‘zbekistonning o‘z harbiy qo‘shinlari bor. O‘zbek yigitlari o‘z Vatani sarhadlarini qo‘riqlash uchun xizmat qilmoqdalar. Jahonga ko‘z-ko‘zlasa arziydigan yoshlarimiz, farzandlarimiz qalbida g‘urur uyg‘otadigan jannatmisol go‘shalarimiz, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarimiz ko‘p.
O‘zbekiston televideniesi har kuni «Vatan javohirlari», «Vatan manzaralari» lavhalarini namoyish etadi. Bu millat tafakkuridagi o‘zgarishlarga, milliy mafkurani shakllantirishga xizmat qilayotgani shubhasiz.

MEN

Qishloqqa bir borganimizda rahmatli otam aytib qolgandi:
— Bir kuni yarim kechasi yig‘i ovozidan uyg‘onib ketdim. Ukalaring narigi uyda futbol ko‘rishayotgandi. Qarasam — Elmurod. Biz yotgan uyga kirib kelib, o‘pkasi to‘lib yig‘layapti. “Ha, nima bo‘ldi?”, desam “O‘zbekiston yutqazdi”, deydi. “Kimga?” “Yaponiyaga”. “Ha, endi bu o‘yin-da, birda yutqazsa, keyingi gal, albatta, yutadi”, deb ovuntirdim.
Bu 1996 yilgi gap. O‘n yoshli bolaning Vatan sha’ni uchun to‘kkan ko‘z yoshlari edi bu. Murg‘ak qalbda ildiz otgan Vatan sevgisi izhori — so‘zsiz, sassiz izhor edi bu...
1991 yilning 1 sentyabri. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining (hozir pedagogika universiteti) o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan birinchi kurs talabalarini katta zalga to‘plashdi. Fakultet dekani yoshlarni talaba bo‘lganliklari hamda Vatan mustaqilligi bilan tabrikladi.
Biz — maktabni endi tugatib kelgan 200 nafarga yaqin yoshlar O‘zbekistonimiz istiqlolga erishgach, uning ilk bor oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan dastlabki talabalari — mustaqillik nihollari ekanligimizni o‘sha paytda to‘la his qilmaganmiz. Yillar o‘tgani sari istiqlolga shukronalik, Vatan sevgisi qalblarimizni to‘ldirdi.

E’TIBOR

O‘tgan yili yangi o‘quv yili boshida opang Gulbadan to‘rt-besh kun maktabdan horg‘in holda keldi. Uyda ham parishon. Oying ham hayron, men ham. Ustozi bilan gaplashmoqchi ham bo‘ldim. Yo‘q, bir kuni u dimog‘i chog‘ bo‘lib keldi. Ayang “Ha, bugun quyosh qaerdan chiqdi?” desa, opang “Bugun ustoz menga doska arttirdi!” depti.
Bizning davrimiz bolalari doska artishni o‘ziga go‘yoki or bilardi. Bugun bu oddiy yumush ham bola uchun ustoz e’tibori vositasi, sharafli ishga aylangan.
E’tibor. Uning qudratini qara. Shu kundan opang darslarini ham, boshqa yumushlarni ham kulib-kulib, zavqlanib bajara boshladi.
O‘zing-chi, o‘zing, sen tug‘ilgan yili jahon chempioni bo‘lib, o‘zbekning orini ko‘targan Rustam Qosimjonov va hozirgi jahon chempioni Vishvanatan Anand o‘rtasidagi Toshkentda o‘tkazilgan o‘yinni televizorda tomosha qilganimizdan so‘ng, har kuni ishdan kelsam, to‘rt partiya shaxmat o‘ynamasak, uxlashga qo‘ymayapsan. Shu paytga dovur majburlab o‘ynatardim. Endi esa meni yutay-yutay deyapsan...
Yoshlarga e’tibor, ularning yilt etgan iste’dodini ro‘yobga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyat va sharoitlar qanchalar beqiyos. Hozir «Yangi avlod», «Kelajak ovozi», «Nihol», Zulfiya nomidagi davlat mukofoti va yana boshqa ko‘plab tanlov, ko‘rik, festivallar borki, ular yurtimizning barcha hududlaridan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri yo‘naltirishga xizmat qilmoqda.
Hasan amaking ikkovimiz 1983 yil may oyidan boshlab, 9 yoshimizdan paxta dalalarida ishlay boshlaganmiz. Bahorda yagana, yozda o‘toq, kuzda terim, to qor tushguncha. Maktabda darslarni qoldirganimiz hech kimni qiziqtirmasdi. Bir necha oylab qolib ketgan darslar o‘rnini to‘ldirish uchun qishki ta’tilda ham o‘qirdik.
Hozirchi, qishlog‘imizda eng chiroyli bino qaysi? Ha, balli! Maktab binosi. Otang-onang o‘qigan shu maktabimiz ham davlat dasturiga muvofiq yangidan qurildi. Qishloqdagi aka-opalaring, tengdoshlaring bu yerda yayrab-yayrab o‘qishmoqda.
Hozir yoshlarga e’tibor nihoyatda kuchli, imkoniyatlar ko‘p. Buning qadriga yet, o‘g‘lim!

VATAN MEHRI

Tolmas boboni taniysan, Mahmarayim bobongning jo‘rasi, Baxtigul ammangning qaynotasi. Necha yildirki, xasta, birovning ko‘magisiz yurolmaydi. Har safar qishloqqa borganimizda, gurunglashganimizda “Xudo xohlasa, yurib ketsam, meni bi-ir Toshkentga, Mustaqillik maydoniga olib borasizlar” deydi.
Olti yil oldin, sen hali kichkina eding, yangi uy olganimizda, hovli to‘yimizga qishloqdan qarindoshlar kelishdi. Kelib o‘tirib, so‘rashishganimizdan so‘ng Sanobar ammam Elmurod amakingga: “Oynajon, meni Mustaqillik maydoniga olib bor! Necha yillardan beri yetolmay yuruvdim” dedi. Uy to‘la qarindosh-urug‘ning barisi “Erta-mertan borarsan, biz ham boramiz” deb hay-haylashiga qaramay, ammam Mustaqillik maydoniga ziyoratga ketdi...
Salim bo‘lani taniysanmi? Bo‘lmasa, qishloqqa borganimizda tanishtiraman. Akasi Olim bo‘la fermer xo‘jaligi raisi. Shu yerda ishlaydi. Salim bo‘la o‘zi o‘qimagan. Lekin bolalarini yaxshi oliy o‘quv yurtlarida o‘qitmoqchi. O‘t o‘rishga borib-kelishda o‘g‘illarini otiga mingashtirib, O‘zbekiston Davlat madhiyasini ayttirib ketarkan, o‘zi ham aytarkan. Bolalarim hammasi maktabga chiqmasdan madhiyani yodlab olgan, hozir adabiyotga, san’atga qiziqishi kuchli, deydi.
Ko‘rdingmi, qishloqdoshlarim haqida gapirayotganda birini ammam yoki tog‘am, yana birini amakim yoki bo‘lam deyapman. Rostdan ham, kichkina qishlog‘imizda hamma bir-biriga qarindosh, quda-anda. Bolalik davrimizda Do‘ngovul, O‘rtovul, Pasovul bolalari to‘ylarda yoki maktabda yoqalashardik. Pasovulning o‘zi ham soydan nari — soydan beriga ajratilardi. Bolalar ham, kattalar ham bir-biriga yovqarash qilardi. Hozir unday emas. Zamon o‘zgardi, sharoit, muhit o‘zgardi. Odamlar dunyoqarashi, ongi o‘zgardi.
Men ham “Otam hamma narsani biladi”, deb o‘ylardim. Ammo hayotning, biz tug‘ilib, unib-o‘sayotgan yurtning bag‘rida, undagi kishilarning turmush-tarzida senu menga Vatan qadrini, tiriklik baxtini anglatadigan narsalar juda ko‘p ekan. Ular haqida ham hali suhbatlashaveramiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 24-sonidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.