OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husan Karvonli. Qishloq (hikoya)

Og‘ilning tomi har safar loysuvoq qilinganida, gartak xarxasha qilib bo‘lsa-da, tepaga chiqib olardim. Bungacha deyarli yetib bormas edi asli. Kenja bo‘lganim sababli bunday istaklarim so‘zsiz amalga oshardi.
Og‘il ustida kichkina qishlog‘imizni — pastqam uylaru og‘il-bostirmalar, tuproq-chang ko‘chalaru sim to‘siqli hoya-hovlilarni bir butun ko‘rib, huzur qilardim. Hamma bilan gurunglashgim kelaverardi.
— Hasan aka, anovi, Qizilkarvon kattama, Mehnatkash?
— Mehnatkash.
— Ham ularda daraxt ko‘p-a. Nima-a bizning qishloqda daraxt kam?
— Suv yo‘q-da.
— Hayla, quduq bor-ku.
— Quduqdan faqat ichamiz, u-bu ekishga oqar suv kerak. 
Akamlar nimagadir kam gapirib ishlashar, mening esa gurunglashgim kelardi.
— O‘tkir, sening otang kattama, mening otam?
— Mening otam katta.
— Aldayapsan. Mening otam katta. Jili — quyon. Sening otangniki-chi?
— Bilmadim. Lekin, mening otamning moshini bor.
— E-e, akamlar moshin oladi, nasib bo‘sa. Kecha gaplashdi. Shu, O‘tkir mening otam zo‘r deydi. Yo-o, mening otam zo‘r! Hammani “siz” deydi. “Nimaga unday?” — desam, Hasan akam “zo‘rlar shunday bo‘ladi”, dedi. Bir marta jahli chiqqanda “soydan nari”dagi Xolbek akani “sen” deganakan, xafa bo‘lib uyidagilarga aytib boribdi. Gulsum momo aytib keldi. Sherali akam uni “TASS” muxbiri deydi. U nimayakan? Hasan akamdan so‘rayman-da. Lekin moshinimiz yo‘q.
Nasib bo‘sa, katta bo‘sam, boy bo‘laman. Toshkentda yashayman. Moshinim bilan qishloqqa kesam, otamni mindirib olib, hammanikiga bir-bir kirib chiqaman. Otamni yaxshi ko‘raman-da. “Otangni yaxshi ko‘rasanmi, enangni?” — deb so‘rashsa, “ikkoviniyam” deb javob beraman. Akamlar o‘rgatgan. Lekin, Suyun bova bilan Xo‘shay aka so‘rasa, negadir “otamni”, deb to‘g‘risini aytaman-ay. Shu, Suyun bova kimnikiga borsa, birdan yonboshlab yotib oladi. Nima bersa qaytarmay, yeb-ichib oladi. Xo‘shay aka nima gap aytsang, ma’qullaydi. Bolalar bilan ham, kattalar bilan ham birday gaplashaveradi.
— Hasan aka, nima-a O‘tkirlar bizardi “soydan nari” deydi?
— Ashirap — soydan beri yoqda yashaymiz-da.
— Hayla, ular soydan narida-ku. “Soydan nari” ular-da. Shunday devdim, urishib qoldik. Ham desa, “soydan nari” — “soydan beri” futbol o‘ynovdik, ular uttirib1 qo‘ydi-da.
“Soydan nari”dan Toshkentda ikkita bola o‘qiydi. Bizardanam.
“Soydan nari”da to‘rtta moshin bor. Bizarda uchta. Ulardan maktabda malim yo‘q, bizardan ikkita. Bu yil ularda ikkita to‘y bo‘ldi, bizarda bitta. O‘tkirniyam to‘y qildi.
— O‘tkir, sening enangni oti kim?
— Enamning otima, Kampir.
— E-e, unday ot yo‘q-ku.
— Hey, otam shunday deydi-ku.
“Soydan nari”da bittayam zo‘r ot yo‘q. Hammasi: O‘tkir, Po‘lat, Bolta, Qorjov... Bizarda zo‘r otlar: Ibrohim. Mahmarayim, Yusuf. Ibrohim, Yusuf — payg‘ambar bo‘lgan, Hasan akam aytuvdi. Nurali akam magnitofondan Sheralining kassetasini olib, Yulduzni qo‘ygan edi, Hasan akam urishdi. Sherali zo‘r, deydi. Nimaga, desam, katta bo‘sang bilasan, deydi. Qishlog‘imizga bir marta Toshkentdan artist kelgan. U payti men tug‘ilmaganman. Sening to‘yingga Toshkentdan artist keladi, deydi akamlar, ee... Akamlar Toshkentda o‘qiydi. Hamma artistlarni ko‘rgan, gaplashganam. Qishloqda boshqa hech kim ko‘rmagan. Televizorgayam chiquvdi, lekin men ko‘rmay qolganman-da, suvga ketuvdim. Shu, uyimiz quduqdan uzoqda. Asfaltdanam. O‘tkir nima deydi, uyimiz asfaltga yaqin bo‘lsa-da, deydi. “Nimaga desam”, “avariyalarni tomosha qilardim”, deydi, ee. 
— O‘tkir, nechta qo‘ylaring bor? 
— Bilmayman. 
— Sanashni bilmaysan-da, shuytib bilmaysan. 
— Ee, bilaman, lekin aytsam, otam urishadi-da.
— Nimaga?
— Rabim aka so‘raganda Bekzod akam aytuvdi, otam urishdi, to‘g‘risini aytma, ko‘z tegadi, deb. 
Loy ham tayyor bo‘b qoldi. Endi piyova ichamiz. Navro‘zda osh qiluvdi. Zokir akam qib bergan. Po‘lat aka boy bo‘lsa ham hech osh qilmaydi. Lekin ullarining to‘yi zo‘r bo‘lgan, deydi. Ko‘p aroq bergan. Menam boy bo‘lsam, Navro‘zda qishloqqa osh qilib beraman. Lekin aroq bermayman, otam ichmaydi, namoz o‘qiydi. Aroq yomon, deydi.
Shu, hamsoyamizning shepiri yo‘q-da. Uyining tomini ham suvaydi. Har yili. Nasib bo‘sa, boy bo‘sam, shepir oberardim.

* * *

Olti aka-uka tashqarida yotamiz. Men o‘rtada. Yulduzlarga qarab yotaman. Eng yaxshi ko‘rganim — yetti yulduz. “Yetti yulduz — yetan yulduz, yettigacha sanasa, savob emish”. Bir nafasda yetti marta aytish kerak ekan... 
Qishda zo‘r bo‘lardi. Yotishdan oldin pechkani bir gurillatamiz. Soviguncha uxlaymiz. Gohida uyqu kelmay qoladi. Shunda... 
— Kelinglar-ay, bir o‘yin o‘ynaymiz. Uyning ichida bor narsalardan, bosh harfiminan oxirgi harfi, nechchi harfligini aytib, topish. Kim topsa, shu aytib, davom ettiradi. Bo‘ptimi? 
— Bo‘pti (bizar). 
— Bo‘lmasa, boshladim. Bosh harfi “p”, oxiri “a”, besh harf. 
— Pechka (Nurali akam). 
— Ha, ukkoor (Hasan akam).
— Hmm, bosh harfi “k”, oxiri “a” besh...
— Kalla (men).
— Hi, yo‘q (Nurali akam).
— Ko‘rpa (Sherali akam).
— To‘g‘ri. Ayt.
— Xo. Bosh harfi “yo”, oxiri ”k”, hozir, bir, ikki... yetti harf.
— ...
— ...
— ...
— Topolmadik. O‘zing ayt (Hasan akam).
— ... 
— Aytag‘ay (Yusuf akam).
— Topolmadilaringma?.. Yorug‘lik!
— Ee, hozir qorong‘i-ku (men).
— Yo, hayla, pechkada cho‘g‘ bor.
— Sen, bunday aytma-da (Nurali akam).
— Qanday?
— Qo‘lga ushlasa bo‘g‘ichidan ayt-da (Yusuf akam).
Shuytib, uxlab qolardik. Ba’zan savolga tutaman:
— Hasan aka, qishlog‘imizdi nima-a Qizilkarvon deb qo‘ygan?
— CCCR payti qo‘yilgan-da, avval Ingichka bo‘lgan,
— Ingichka? Nima-a Ingichka degan?
— Bilmadim.
— Kim biladi?
— Menam bovalardan so‘rab ko‘ruvdim, hech qaysi bilmadi.
— Ashirapniyam hech kim bilmayma?
— Ha. 
— Budrachni-chi?
— Uniyam.
— Hech kim bilmasa, nima-a buytib qo‘yg‘an?:
Shu, Toshkentga bir borishim keragiydi-da. Hasan akam yangi yilda kelganda, nasib bo‘sa, Navro‘zda, devdi. Navro‘zda kelganda, nasib bo‘sa, bug‘doydi o‘rib olaylik, keyin, dedi. O‘zi kanikulga keb qo‘ydi. Endi qachon boraman, desam, nasib bo‘sa, no‘xatni terib olaylik, keyin, deydi. “Nasib bo‘sa”si qachon bo‘layakan? 
— Hasan aka, he-ey osmonda yulduzlar bor-ku, hayla, shularning eng kattasi qaysi?
— Quyosh.
— Quyosh — quyosh-ku, yulduzamas.
— ...
— Hasan aka, osmonning o-oxirida nima bor?
— ...
— Xudo osmondayo-o?
— Ha, endi uxlaymiz, Elmurod.
— Charchadingizma?
— Ha.
— Menam katta bo‘sam, sizday loy qoriymano-o? 
— Yo‘q. Seni loy qorimaydigan qilamiz.
— Xo-o.

* * *

Xayolan jinjak oralab borar ekanman, bolalik orzuim ushalgan kun esimga tushdi. Eslasam, har gal xijolat tortaman. Oqsoydan do‘xtirlar kelib, qandaydir kasallikka qarshi dori tarqatib chiqishlari kerak ekan. Ilmiy bo‘lim mudiri sinfimizga keldi-da, hammaga bir-bir qarab, meni tanladi.
Yo‘lboshchilik qilib, do‘xtirlar bilan, ular aslida hamshiralar edi, kechgacha butun qishloqni aylanib chiqdik. Nihoyati charchagan esam-da, xursand edim...
Uyimiz doimo gavjum edi. Eshigimiz hech qo‘shirilmasdi. Bir-birini ancha vaqt ko‘rmagan qarindoshlarimiz biznikida ko‘rishishardi.
Keyin biz ulg‘aydik. Odamlar ham biznikiga kam keladigan bo‘lib qolishdi. Bu menga hecham yoqmasdi. Torig‘ib ketardim. 
Keyin tegirmon qurdik.
— O‘tkir, sening oting nima-a O‘tkir? 
— Bilmasam. Seniki-chi? Elmurod — nima degani?
— Shunday — Elmurod. Otam Murodulla deydi.
— Hey?
— Shunday deydi-da. Jur-ay-y, Eshmon to‘baga dovur borib kelaylik. 
— Hey?
— O‘zimiz, shunday.
— Piyodama?
— Ha.
— Kettik.
_____________________
 1.Yutqazib.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.