OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Bo‘ri (hikoya)

Ma’rufjonga

Bolam, qishning izg‘irinli kechalarida kimsasiz dalalarda gala-gala bo‘lib izg‘igan daydi itlarni bo‘ri deb o‘ylaganingni gapirib berding-a? Ha, dala-tuzning tuprog‘u kesaklarini ham muzlatadigan sovuqlarda kuchuklar o‘shanaqa to‘planib olishadi.

Ammo sen ko‘rganing oddiy gala xolos-da. Istasang, senga bo‘ri haqida gapirib beraqolay.

Men umrim mobaynida bo‘riga bir necha marta duch kelganman.

Dunyoda vahshiy hayvonlar to‘lib-toshib yotibdi. Kuch-qudrati, viqori, odamni hayiqtiradigan haybati bilan qaylardadir arslonlar, sirtlonlar, ayiqlaru timsohlar umr kechirmoqda. Vahshiy deganda ko‘z oldimizga aqlni qo‘rqitadigan kuch-qudrat ila inson vujudini piypalab-mijig‘lab, tishlari bilan parchalab-uzib yeydigan etxo‘r hayvonlar ko‘z oldingga keladi.

Bo‘riyam shunday.

Uni aqlli deydilar. Hayvonlar orasida shugina bir marta juft tanlab, umrining oxirigacha o‘sha jufti bilan hayot kechiradi. O‘z makonining chegaralarini erinmay belgilab chiqib, bironta jonzot kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Unga ilk duch kelganimda yosh bola edim. Dalada ketmon chopayotgan otamga ovqat olib ketayotganimda, qishlog‘imizning tepa tomonidagi to‘qay yonida g‘alati kuchuk bolasini ko‘rib qoldim. Qamishlar orasidan menga qiziqish bilan angrayib qarab turardi. Bir mahal burnining uchiga kapalak qo‘nib oldi. Kuchukbola kapalakni quvishga qancha urinsa ham ketmas, aylanib uchaverar edi.

Kulgim qistagan, hatto zavqlangan bo‘lsam kerak. Tugunimni o‘t ustiga qo‘yib, yaqin bordim. U to‘lpoq, oyoqlari baquvvat, bo‘ynidagi yoli tippatik, kulrang bo‘ri bolasi edi. Meni ko‘rib sira hayiqmasdan yonimga yugurib keldi, sakrab atrofimda aylandi, keyin shimimning pochasidan tishlab-tortib, o‘ynay boshladi.

O‘yinga qiziqar edim-da, unga qo‘shilib tuproqlar, o‘tlar oralab rosa chopdim. Keyin charchab, o‘t ustiga yotib oldim, bo‘ri bolasi ustimga chiqib-tushar, yana o‘ynamaymizmi deganday chopib nari borar,o‘sha joydan turib menga boshini burib qarar ham edi.

Ko‘p o‘ynagani vaqtim yo‘q, otamning oldiga borishim kerak. “E, ko‘rmaysanmi, ish ko‘p-da” deb o‘rnimdan turganimda, sal narida qoyaday qotib turgan ota bo‘rini ham ko‘rdim.

U viqorli, ko‘kragi keng, panjalari paydor, odam bolasi bilan o‘ynashayotgan zuryodiga indamay qarab turardi. Ha, haqiqatan ham haybatli edi, ammo turishida tahdid sezmadim. Shunday bo‘lsa-da,qo‘rqqanim esimda. Saldan keyin past ovozda irillagan edi, bolasi talpanglay-talpanglay qoshiga chopib bordi. So‘ng ikkovlon bamaylixotir ortga burilishib. o‘z yo‘llariga ketishdi.

Yana esimda qolgani shuki, quyosh nurida bulutlar taram-taram, alvon-alvon, oralari ochiq-ochiq, bepoyon ko‘kni shu tarz enlab olgan, yashil daraxtlarning baland uchlari ham alvon tusga bo‘yalgan edi.

Tugunchamni oldimu men ham o‘sha yo‘ldan otam qoshiga oshig‘ich chopib ketdim.

Choponining o‘ngirini qayirib, ketmon chopayotgan otamga bo‘lgan voqeani hovliqa-hovliqa aytib berganimda, qoshlari chimirilib “Qani, yur-chi” deya ketmonini ko‘tarib, men kelgan yo‘lga qarab yurdi. Uzoqlarda qishloq teraklari ko‘zga tashlanar edi. “Cho‘l ichkarisidan kelgan bo‘lsa kerak”, dedi otam tusmollab. Ikkovlon bo‘ri turgan joygacha keldik. Otam tevarakni bir aylanib chiqdi, yo‘q, vahshiy ko‘rinmasdi.

- Asli onang ahmoq, – dedi otam, jahli chiqib. – To‘qayga yosh bolani ham jo‘natadimi?
- Yo‘q, ota, indamay qarab turaverdi. Bolasi men bilan rosa o‘ynadi.
- Qo‘y-qo‘zilarni bo‘g‘izlab o‘ngarib ketishi mumkin, – dedi otam. – Xayriyatki, qorni to‘q ekan, senga tegmabdi.

Keyin uyga yetgunimizcha bo‘rilar haqida gapirib bordi. Yo‘lda ham atrofiga alanglar edi.

- Erkak bo‘ri bolasini o‘ynatgani olib chiqmaydi, balki ovga o‘rgatadi, – dedi. – Boshqa bolalari ham bordiru sen ko‘rmagandirsan. Ishqilib, nima bo‘lganda ham daf qilmabdi, xudoga shukr.

Uyga qaytgach, otam atrofdagi kishilarga xabar berishga ketdi. Shu-shu, bir necha kun qishloq erkaklarining biri miltiq, biri bolta, biri kaltak olib, qo‘ralarini qo‘riqlab yotishdi, ammo bo‘ri qaytib ko‘rinmadi.

* * *
Keyinchalik ham qishloqqa bo‘ri daf qilgani haqida gap-so‘zlar goh-goh oralab qolsa-da, uni birov ko‘rmas edi.Tabiiyki, har xil gaplar urchirdi. Hammaning uyida mol-qo‘yi bor, chorva-ku o‘z yo‘liga, ammo bolachalar xavotir uyg‘otadi. O‘ynab ekinlaru og‘ochlar orasiga kirib ketsa, och vahshiy birontasini bo‘g‘izlab tashlashi mumkin. Har holda kishilar orasidan bo‘ri vahmi anchagacha ketmasa-da, mening dilimda u qo‘rquv o‘rniga o‘sha mahaldagi xotirjam qiyofasi va bolasining beozor o‘ynashi qolaverdi.

Yillar o‘tdi, otam qartaydi, men esa er yetildim. Hayot shavqi qonimni qizdirar bo‘ldi.

O‘sha mahallar, vaqt-soati kelib bir ro‘zg‘or quraman, bir-biridan sho‘x bolalarim bo‘ladi, el-yurt qatori birovdan kam, birovdan ko‘p, ammo baxtiyor hayot kechiraman degan ishonchim dilimda mustahkam edi. Vaqti kelib, hayotimda bir tartib o‘rnataman, otam qilgan xatolarni men takrorlamayman deb o‘ylardim-da. Balki otam ham men singari turli-tuman xayoliy rejalar tuzgandiru hayot mashaqqatlari u rejalarning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymagandir? Kimdir ozorlaganida uyimizning ayvonida hammamizni chaqirib bag‘riga bosganlari, “shu bolalarimdan boshqa hech kimim yo‘q” deb o‘ksinganlari esimda. Esimda nimasi, goh-goh to‘satdan shuurimga qalqib chiqadi, bot-bot shuni o‘ylab ham ketaman. Tegrada odam ko‘p, qavmu qarindoshlar ham o‘ziga hollaricha kelib xabar olib turishibdi, nimaga otam “Bolalarimdan boshqa suyanchig‘im yo‘q” deb ozorlangan ekan deya, sababini topishga urinaman.

Uylanib, bola-chaqali bo‘ldim, hayot girdoblari meni ham o‘z domiga asta-sekin tortib ketaverdi.

U mahallar qish qattiq kelardi.Har yili o‘tin g‘amlayman, ammo baribiram yetmay qoladi. Sababi, sandalga qalaymiz yoki tandirga ishlatamiz. Qolaversa, qishning uzun kechalarida uzoq yonadigan, cho‘g‘i tezda o‘chib qolmaydigan o‘tin kerak bo‘ladi. Bu safar erta kuzdayoq sovuqlar boshlanib ketdi. Makkapoyalarni bir kechadayoq ushuk urdi, ertasiga uzun-uzun yaproqlari sarg‘ayib, palaxsa-palaxsa bo‘lib ilvirab osilib tushdi. G‘amlab qo‘yaqolay deya to‘qayga o‘tin kesgani bordim. Ichkari qismida saksovullar yer bag‘irlab o‘sgan, o‘shalarning qurigan shoxlaridan uyga olib kelib bosib qo‘ysam, qishga yaxshi o‘tin bo‘ladi deb o‘yladim.

Shoxlarni to‘plagunimcha kech kirdi. Uyga qaytayotganimda cho‘l adog‘idan ulkan oy samoga ko‘tarilgan, shabada esar, hammayoq shitirlagan saslarga to‘lib ketgan edi.

Uni ikkinchi bor ana o‘shanda ko‘rib qoldim. To‘qaydan chiqaverishda, yo‘lim ustida kulrang soya kabi, cho‘nqayib o‘tirar edi.

Kuchli, paydor panjalari shundoq ko‘z o‘ngimda. Oyga qarab uvilladi, keyin nigohini menga tikdi.

Undan hayiqdim.

Aytmoqchi, o‘tin kesgani chiqqan, qo‘limda o‘tkir oyboltam bor-ku?

Bo‘rilar tig‘ida oy nuri akslangan oyboltadan qo‘rqadi deganlari rostmikin?

Yo‘q, yolg‘on bo‘lsa kerak,chunki mendan sira hayiqmayotgan edi.

Tavba, kech shom mahali, oy bo‘m-bo‘sh kengliklarda tanho suzgan shu kechada men va bo‘ri, bir-birimizga qarab turardik.

U o‘sha, bolaligimda ko‘rganim bo‘rimidi, yo boshqasimi, aytolmayman. U ko‘rganim bo‘rining nigohi o‘z qudratiga ishongan, xotirjam nigoh edi. Qarshimdagining nigohida esa tahdid sezilmoqda!

Yana, ko‘ksida chuqur jarohat izi ham bor. Kulrang yollari orasidan qoramtir o‘yiq bo‘lib ko‘rinib turibdi. Makon yoki o‘lja talashib urishganida qay bir vahshiyning tishi qoldirgan bo‘lishi mumkin.

Oldinga qadam bossam, bir hamla bilan bo‘g‘zimga tashlanishi turgan gap.

Ammo men ham kuchga to‘lgan, shahdu shiddatla undan qolishmaydigan er kishiman! Oyboltamni qisimlab, oldinga bir oz egilib, bir-ikki hushyorona qadam tashladim.

Bo‘ri qimir etmadi.

Shu tariqa so‘qmoqdan juda sekinlik bilan, ko‘zimni undan uzmasdan asta-sekin ilgarilay boshladim.

Oyboltam juda o‘tkir edi-da. Xanjardan ham, qilichdan ham o‘tkir edi! Daraxtning mayda shoxchasini havoga otib, tushayotgan mahali bir ursam, ikkiga bo‘lib tashlaydigan darajada keskir edi.

So‘qmoq chetidan unga yuzlanib, oldga xiyol enkayib, surila-surila o‘tib olishni ko‘zlaganim aniq. U esa cho‘nqayganicha, shiddat to‘la nigohini mendan uzmasdi.

Miltiq olmaganimni qara! Miltig‘im bo‘lsa, to‘ng‘iz o‘qi bilan bir otishda jonini jahannamga jo‘natardim.To‘ng‘iz o‘qi tekkan joyini yirtib-kuydirib o‘tadi. Yaqinroqdan otilsa suyaklarini ham sindirib, bahaybat bo‘lsa-da, bir necha quloch nariga uloqtirib yuboradi.

Bo‘rining yollari yanada hurpaydi, old panjalari bilan yerni timdaladi.

Hozir tashlansa-chi!

Shu mahal ancha naridan,to‘qay ichkarisidan uvillagan boshqa bir tovush eshitildi.

So‘qmoq chetidagi raqibimning yollari pasaydi, ko‘zini mendan uzib, tovush kelgan tomonga bir qarab qo‘ydi. Shunda nigohidagi shiddatning g‘oyib bo‘lganini payqadim. Ortiga tisarildi, ammo sira shoshmasdan, viqor ila o‘girildiyu o‘sha tomonga yo‘rtib keta boshladi.

E, tushundim! Bo‘rilar oila bo‘lib yashaydilar. Uning ham oilasi bor-ku?

Ha, bo‘ri oila quradi.Nariroqda, to‘qay ichkarisida ini bo‘lsayam ajabmas.

Bo‘ri bolalari qanaqa bo‘lishini bilaman, bolaligimda ko‘rganman-ku? Kulrang tumshuqlarining uchi qop-qora, goh havoni iskab, goh bir-biriga suykanib lapanglab chopadigan, to‘lpoqligidan goho yiqilib-ag‘anab ham tushadigan uch-to‘rtta jo‘jiqlari bo‘lsa ehtimol.

Har holda, u yerda bir oila yashar, erkak bo‘ri esa mening, ya’ni cho‘l bag‘rida o‘zicha kuymalanib o‘tin to‘plab yurgan odamning qiyofasidagi xatarni sezib, yo‘l yoqasiga bola-chaqasini himoya qilgani chiqqanga o‘xshaydi.

Kim bilsin, balki qishloq tomon yo‘l olgandiru ammo meni ko‘rib, niyatidan qaytgandir?

Ajabo, meni yov xayol qildimikin?

Men ham uni yov xayol qildim-ku?

Ortimga chekinsam, hamla qilmasligi mumkinmidi?

Ammo, mendayam bola-chaqa bor-ku?

Ortimga qaytsam ham bo‘lardi,albatta. Lekin, oldinda – qishloqda mening ham bolalarim bor. Ortimga chekinsam, shu bo‘ri yoki to‘dadagilari qishloqqa daf qilsalar nima bo‘ladi? Mol-hol, qo‘ylar-ku mayli, bolalarimga chang solsa-chi?


* * *

Qishloqda odam ko‘p, hammamiz bir jamoa kabimiz.

To‘y-marosimlarda barimiz to‘planamiz. Katta qozonlarda oshlar pishadi.

Bekorchilar qozonga o‘tin yoqilmasidanoq ko‘cha bazmini boshlab yuborishadi. Ust-boshi anchayin to‘zgan kishilar shunaqa marosimlarda biroz yayrashadi.

Yomg‘irlaru qorlar yoqqanida ham shu manzara o‘zgarmaydi. Bizning taraflar faqat bahor va yoz oylarida jonlanadi, xolos. Kuzda hammayoq loy-balchiqqa aylanadi, qish kelishi bilan harakat, daraxtlar uyquga ketgani kabi susayadi. Mo‘rilardan ko‘k va qora tutun hovur aralash chiqa boshlaydi. Yerlarda g‘o‘zapoya va makka poyalari qorayib, ilvirab yotganini ko‘rasiz.

Uy ishlari bilan mashg‘ul edim. Ko‘cha tarafdan birov chaqirdi.

Qarasam, qo‘shnim ekan.

- Ha, kiravermaysizmi? – dedim salomlashib.
- Gap bor, – dedi. – Aytib qo‘yay dedim, kecha tunda qishloqqa bo‘ri oralabdi.
- Yo‘g‘-e!? Birovga zarari tegmabdimi ishqilib?
- Tegmabdi. Qishloq chetidagi uyning tomorqasigacha kirib kelibdi. Uy egasi xavotirlanib tashqariga chiqsa, do‘ngga cho‘nqayib o‘tirib, oyga qarab uvillayotgan ekan. Kuchuklarning ovozi o‘chib ketganmish. Qo‘ylar ham qo‘rqqanidan qo‘raning bir chetiga g‘uj bo‘lib olishibdi.
- Guzarda kishilar to‘planyapti, – dedi keyin. – Bu yil ham qish og‘ir keladi shekilli. Maslahatlashib olaylik, siz ham chiqarsiz?
- Hozir boraman, – dedimu to‘nimni kiyib, ortidan ergashdim.

Haqiqatan ham, guzarda o‘n-o‘n besh chog‘li erkak to‘plangan, yana bo‘ri kelib qolsa nima qilish kerakligini gaplashib turishardi.

Qishloqning uch-to‘rt xonadonida miltiq bor ekan. Qolganlar bolta, ketmon, bolg‘a kabi anjomlarini tayyorlab qo‘yadigan bo‘lishdi. Kimdir dasht tarafga borib tuzoq qo‘yib keladigan bo‘ldi. Yana, kimki bo‘ri ko‘rsa sas chiqarsin deyildi. Hamma hushyor yotsin, tiq etgan tovush eshitishsa, chopib chiqishsin. Qo‘y-qo‘zi-ku mayli, ammo odamga tashlanib qolsa bormi? Shu sabab, hushyor turgan tuzuk.

Qaytayotganimda havo ochiq, sovuq bo‘lsa-da, osmon ko‘m-ko‘k, uylar ortidan, ikki-uch joydan tutun o‘rlar edi. G‘o‘zapoya tutunimikin?

G‘o‘zapoya tutuni ko‘k bo‘ladi.Tut o‘tini esa yashiltob alanga chiqaradi. Tutunlarga qarab, kim nima qilayotganini bilib olsa bo‘laveradi. Qoramtir tutun tandirga nam g‘o‘zapoya yoqilganini bildiradi. Kimdir non yopmoqchi. Och-kulrang tutun xazon yoqilganining alomati. Ha, qaydadir non yopilyapti. Ana, shabada isini ham olib keldi: yongan o‘tinning va pishayotgan nonning isi.

Tumov-puchqoq bolakaylar ko‘chada o‘ynab yurishibdi.

Tunda qo‘shnilar bilan qishloqning shimol tomoniga chiqdik.

Kimdir kapa tikdi. Kapa ichida yotibmiz.

Havo sovuq, osmon to‘la to‘ng‘igan yulduz. Goho yorug‘ iz qoldirib uchadi. Har tarafdan chirigan xas-xazon isi keladi.

Dasht adog‘idan ulkan oy samoga ko‘tarildi. Hayal o‘tib, havolagani sayin kichraya bordi.

Yog‘dusi tungi dashtni yoritdi. Tevarakni o‘zgartirib ko‘rsatdi.

Turib, atrofni diqqat bilan kuzataman. Butalar orasida harakat sezilganday bo‘ladi. Lip etib bir nima o‘tadi. Yo‘q, bo‘ri emas. Bo‘ri bunaqa lip etib kelmaydi. U xotirjam, aql bilan ish tutadi.

Uch-to‘rt kun shu tarz qo‘riqlab yotdik, ammo bo‘ridan darak bo‘lmadi. Yoshroq yigit-yalanglar ot surib, atrofni kezib chiqishdi. Har holda o‘lja izlab yoki o‘zicha aylanib bir kelganu qishloqda joniga zug‘um qila oladigan kishilar borligini sezgach, bolalarini olib uzoqroqqa – emin-erkin dasht qo‘yniga, yemishi oz, ammo xavfsiz makonlarga ketgan bo‘lishi mumkin.

Qish qattiq kelsa cho‘lda yemish qolmaydi, deyishadi. O‘shanda qishloqqacha tushib kelishi mumkin. Yo‘qsa, hatto shunday kuchli hayvon ham inson ko‘zidan qo‘rqadi, tik qaray olmaydi, odamlardan nari yurishga urinadi.


* * *

Kunlar-oylar o‘tar, bolalar ulg‘ayar edilar. Turmush qiyin, urinib-tirishmasang sira bo‘lmaydi. Bola-chaqa boqish, katta qilish osonmi? Ota olamdan o‘tgan, ona kasal, bolalar ulg‘aygan, yolg‘iz o‘zim urinib-tirishaman. Yonimga kiradigan, hamdard bo‘ladigan biron kimsa yo‘q. Tashvishim shu qadar ko‘pki, qaylargadir bosh olib ketgim keladi. Ha, qaylardadir, uzoq-uzoqlarda bepoyon dashtlar bor. Hozir u yerlardagi butalarni ham oppoq bulduruqlar qoplagandir?

Dashtu dalalar, butalar uyquga ketgan. Havoda to‘lg‘in bulutlar og‘ir suzadi.

Ichimda yovvoyi bir hayajon bosh ko‘taradi. Oy yog‘dusi ostida yastanib yotgan o‘sha kengliklarga borgim keladi.
Ammo, bolalar katta bo‘lishyapti-ku? Ularni o‘qitishim, uylab-joylashim kerak...

Ha, tashvishlarim mo‘l. Ularni ado etish mening otalik burchim, bajarmasam bo‘larmidi? Ammo bir nafasga bo‘lsa-da, tin olgim keladi-da. Miyamni chirsillatar darajada og‘ir tashvishlar charchatganida, bir nafas, atigi bir nafasgagina o‘sha yoqlarga ketsam... bepoyon kengliklarda ko‘ksimni to‘ldirib bir hayqirsam, ozod-ozod, sarbast-sarbast chopsam deyman... Kim bilsin, butalar ostida nigohini menga xotirjam tikib turgan o‘sha bo‘rini yana ko‘rsam ham ajabmas.

Negadir uni vahshiy deb o‘ylamasligim o‘zimni hayratga soladi. Balki, bolaligimda beozor o‘ynaganim uchunmi? Yoxud qay bir jihatlarimda o‘zimni shu vahshiyga tenglashtirganim uchunmi? Men ham hududimni belgilab olganman, begona birov kirib kelishiga sira yo‘l qo‘ymayman. Men ham go‘yo ovga chiqaman, yemish topib kelaman, u rizqimga birov chang solsa g‘ajib tashlar alfozim bor. Shuni deb goh kimlar bilandir urishganman ham, kimlardir meni ham jarohatlagan, u jarohatlardan anchagacha o‘zimga kelolmay yurgan mahallarim ham bo‘lgan.

Buta ostidagi bo‘ri nigohini mendan oladi, boshini boshqa yoqqa buradi, bo‘ynini ko‘kka cho‘zib, pastak, homila bulutlarga qaraydi.

O‘zimni abgor, abjag‘i chiqib ketgan, ammo irodasi bukilmas qahramonday his qilganim g‘alat.

Inida bolalari bo‘lsa, ehtimol.

To‘lpoq, yunglari qoramtir, kuchukbolalarga o‘xshab ketadigan bolalari.

Bir-biriga suykanib-g‘ingshib, tashqariga chiqishga urinayotgan bo‘lishlari ham mumkin.

Bu safar ham u menga daf qilmasligini bilaman.

Yana duch kelsak, u tomon odimlayman, nigohlarimiz yana to‘qnashadi. Bu safar qo‘limda oyboltam yo‘q, ammo o‘zimga ishonchim kuchli.

Bo‘ri menga jim qarab turadi.

Ikki oila boshlig‘i shu tariqa duch kelamiz.

...Bepoyon dashtu dalalarda bo‘ri to‘dalari kezib yuradilar. O‘zlariga to‘daboshi saylab oladilar. Qolgan bo‘rilaru to‘daboshiga mutlaqo bo‘ysunadilar. Hudud ham bepoyon, u hududga boshqa biror vahshiy kirishiga yo‘l qo‘ymaydilar.

Ba’zilarining ko‘ksida, yelkalarida jarohat izlari bo‘lsayam ajabmas.

Ajabo, mening hududlarim qayda edi, qaydan boshlanib, qayda tugagan edi?

Hayot deb atalgan dashtu biyobonning qay yerida edi mening makonim?

Bo‘ri-ku o‘z yo‘liga, ammo men insonman-ku? Tegramdagilar ham insonlar-ku? Nima uchun hududimni belgilab olishim, begona kirib kelishiga yo‘l qo‘ymasligim, nima uchun rizqimni talashib-tortishib topishim kerak?
Uyim, dasturxonim doimo ochiq, birov kirib kelsa xushhollik bilan oldiga topgan-tutganimni qo‘yaman, goh mo‘l-ko‘l, goh oz bo‘ladi. Shu odam meni yo‘qlab kelganidan boshim ko‘kka yetadi. Ha, bir qarashda g‘aribonman, bir qarashda kichikko‘ngilman, el qatori rizqini topib-tutib, el qatori bola-chaqasini katta qilayotgan bir mardumi musulmonman.

Shu dard ila turli yumushlarga uringanman, kimlardir rizqimga chang solib ham ko‘rgan, changalidan yulib olgan mahallarim bo‘lgan. Hayot meni ham yaralagan, u yaralarni goho men ham yarador kabi yalab-yulqayman, faqat bundan beozor uxlab yotgan bolalarim bexabar, bolalikning musaffo tushlari aro goho jilmayib, goh tamshanib uxlaydilar.

Goho to‘nimni yelkamga tashlab hovliga tushaman.

Juda yuksaklarda, benihoya olislarda kichkina oy suzadi.

Oy, men orzu qilgan o‘sha cheksiz hududlarni esimga soladi.

Kichkina shu makonimda bir-bir odimlayman.

Bedorlik azob beradi.

Shu tob, mana, umrning allaqancha qismi o‘tib, shiddatlar ilg‘ar-ilg‘anmas susayib borar ekan, unutilib ketgan yovvoyi bir shavq ham ichimda uyg‘onadi.

U shavq aro hududimdan chiqolmay tipirchilayman.

Bir siltanib, zanjirlarimni uzib, bepoyon dashtu dalalarga oshig‘ich chopib ketgim keladi.

U yoqlarda hozir ham sovuqlar o‘ynayotgan bo‘lsa ehtimol. Kuzgi butalarni qirovlar qoplagan bo‘lishi xam mumkin.

O‘sha yerda bolaligimdagi viqorli va mag‘rur hayvonni ko‘rsam ajabmas.

Uning ham otasi allaqachon olamni tark etgandir? Men ko‘rgan o‘sha to‘lpoq bo‘ri bolasi allaqachon ulg‘ayib, bir oilaning boshiga kelgandir? Uning ham men singari zuryodlari bordir, hozir, inida bir-birlariga suykanib, g‘ingshib uxlashayotgandir?

Oila boshlig‘ining bedoru hushyor ekaniga shubha yo‘q.

Meni payqab, o‘sha xotirjam va sovuq nigohi bilan harakatlarimni chamalasa, bu yolg‘iz odam bolasi tunda, oy havolagan mahalda dashtu tuzga ne uchun keldi degan o‘y ila hushyor-hushyor boqsa ham ajabmas.

Men esa, yillardir xayolimda gavdalantirib yurganim shu manzaraning ro‘yobga chiqqanidan o‘zimcha suyunaman.
U meni hushyor kuzatadi. Men esa istiqboliga odim otaman.


* * *

Qishlog‘im juda chetda, elektr ham tuzuk-quruq kelmagan, shamollarda, yomg‘irlarda o‘chib qoladi. Yozda hamma o‘z tashvishi bilan ovora, qishda esa yumushlar bir oz kamayadi, shunda to‘n kiygan, belbog‘ o‘ragan kishilar ko‘chalarda to‘p-to‘p to‘planishadi.

Ancha narida, bir kishi tomda antenna tuzatadi, shabada ovozini olib keladi:

- Bo‘ldimi?
- Yo‘q, o‘ngga bura!
- Ko‘rsatdimi?
- Ko‘rsatmay qoldi, orqaga bura!

Uzun terak yog‘ochini uchiga mahkamlangan ikkita katta mis lappak lopillaydi.

- E, bugun kino bo‘ladi! – deb iljayishadi kishilar.

U kino urushda fashistlar qo‘liga tushib qolgan kishi haqida. Har yili ikki-uch marta ko‘rsatiladi, voqea Polshada ro‘y beradi, nimagadir qishlog‘imning kishilariga o‘sha kinoning voqealari ma’qul kelib qolgan.
Fashist zobiti asirga bir stakan to‘ldirib aroq quyib beradi. Asir och, ammo mag‘rur. Aroqni bir simirishda ichadi, ustiga-ustak “Men birinchisidan keyin gazak qilmayman” deydi xo‘mrayib.

Qishloqdagilarga mana shu joyi ma’qul.

- Quy!

Quyiladi.

- Men birinchisidan keyin gazak qilmayman, – deydi iljayib qo‘shnim.

Bu hammaga yoqib tushadi.

Bu gal ham do‘kon oldida edik. Chiroq allaqachon o‘chib qolgan. Past tarafdan shovur kela boshladi. Besh-olti kishi hovliqib, baqirib-chaqirib kelar edilar:

- Bo‘ri! Bo‘ri!

Ziyofat hissi shamol uchirganday badar ketdi. Hamma o‘sha tomonga chopdi.

- Yana bo‘ri oralabdimi?
- Qayda ekan?
- Hech nima qilmabdimi?

Kelguvchilar qopda bir nimani orqalab kelmoqda edilar.

Yetib kelishgach, norg‘ul, davangirday yigit:

- Jahannamga jo‘natdik, endi qishloq tinch bo‘ladi, – dedi iljayib.

Keyin qopni ostidan ko‘tarib bir siltagan edi, ichidagi bo‘ri tanasi shalop etib loy ustiga tushdi.
Unga qaradimu ichim bir qalqib oldi.

U kuchli, baquvvat bo‘ri emas edi. Suyagi endigina qotgan, endigina kuchga to‘lib-etilib kelayotgan bo‘ri bolasi edi u.

Yunglari to‘qlashib ulgurmagan, tumshug‘idagi halqasi ketmagan, biqinida to‘ng‘iz o‘qining jarohati qorayib turgan, ko‘zi qotib qolgan... xullas, o‘lib yotar edi.


* * *
- Quy!– dedi qo‘shnim, shodon. – Biz ikkinchisidan keyin ham gazak qilmaymiz!

- Menga qara, – dedi keyin. – Buni terisini shilib olinglar-da, tirnog‘ini kesib, uyga osib qo‘yinglar.

- Nimaga?

- Eskilardan qolgan bir gap bor, – dedi g‘olibona. Keyin ko‘rsatkich barmog‘ini nuqib, uqtirdi:

- Bo‘rining tirnog‘i omad keltiradi. Unutma!


* * *

O‘sha tun uxlolmay chiqqanimni bolalarim aytib berishdi.

Samoda nihoyatda to‘lin oy suzgani esimda. Uyga kelibmanu hovlida, so‘rida oyga qarab o‘tiraveribman. Ko‘zimdan yoshim duv-duv oqar emish. Xotinim kelsayam, bolalarim kelsayam qaramabman, “Nimaga bunaqa o‘tiribsiz, uyga kirsangiz-chi” deyishsa, to‘ng‘illab shunday javob qilibman:

- Kirmayman uyingga!
- Kiraqoling,charchabsiz, axir.
- Kirmayman dedim-ku?
- Voy, nima qilasiz bu yerda?
- Oyga qarab uvillagim kelyapti, xotin, – debman.

Shundan keyin to‘liqib-to‘liqib rosa gapiribman. Bilasanmi, ichimda bir bo‘ri bor, debman. Meni ko‘cha-ko‘yda indamas, yuvosh bir odam bo‘lib yurishimga qarama. Umrim bo‘yi o‘sha bo‘ri tashqariga chiqib ketmasin deb urinib keldim. Endi esa, hech bo‘lmasa shu kecha qorong‘isida, hamma uxlab dong qotib yotgan mahalda oyga qarab bir martagina bo‘lsin cho‘zib-cho‘zib uvillasam bo‘lmaydimi axir, dermishman...

Ertasiga xotinim, bolalarim o‘zlaricha iljayishib “Yaxshi yotib turdingizmi” deya har doimgiday hol so‘rashganida ko‘zlariga qaradimu bir nimani biladiganday kulimsirab turishganini ko‘rdim. Nonushta mahali xotin har doimgi odatini qilib, o‘smoqchilab “Kecha g‘alati-g‘alati gaplarni gapirdilarmi, xo‘jayin” deb so‘radi. Tungi voqealar esimda edi, albatta. Ammo o‘zimni unutganday ko‘rsatib:

- Bekorlarni aytibsan! Tez-tez bo‘l, ishga kech qolyapman, – dedim to‘ng‘illab.

Bo‘rimish?! Bor-yo‘g‘i bir vahshiy-da. Ishi odamlarga nuqul zarar keltirishdan iborat. Bizlar insonlarmiz-ku?

Bir xo‘mraygan edim, xotinning dami ichiga tushib ketdi. Ammo shundayam ko‘zining bir chetidagi kulimsirash ifodasi ketmaganini payqadim. Bilmaganga olib, to‘nimni kiydim-da:

- Kelishimda go‘sht olib kelaman, kechqurun o‘zim sizlarga bir palov damlab beray, – deb,choponimni etagini qoqib ko‘chaga chiqib ketayotsam, xotin ortimdan gapirdi:

- Unda manavini nima qilaylik?

O‘girilib qarasam, qo‘lida uzun oqish bir nima. Bo‘rining tirnog‘i!

- Tashlab yubor, – dedim ensam qotib. – Omad keltiradi deb qaysi ahmoq aytdi senga?

- O‘zingiz aytdingiz-ku?

- Hamma gapimgayam ishonaverasanmi, hazillashdim-ku? – dedim-da, har kungi ishimga-tashvishimga yo‘l oldim.

Shu tong chog‘ida, kimdir dalasiga, kimdir xizmatiga, kimdir o‘qishiga, kimdir qarindoshinikiga ketayotgan, har kungi tashvishlari bilan andarmon yuzlab-minglab kishilar kabi.

Ya’ni, el qatori...

2014

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.