OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosirjon Jo'rayev. Noyabr kuyi (qissa)

Olam ichra vujud...
Vujud ichra ko‘ngil...
Ko‘ngil ichra xotira...
Xotira ichra esa hech narsa qolmadi...

Uch kunda kuz keldi. Dunyo qaridi...
Iqbol MIRZO

1

Yozishdan to‘xtadim-u boshimni ilkis ko‘tardim. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, bir muddat xonani, undagi buyumlarni idrok qilolmay qoldim. Ehtimol, yana qon bosimim pasayib ketgandir. Picha o‘zimga kelgach, qog‘oz-qalamni yig‘ishtirib, dahlizga o‘tdim. Ayolimni chaqirdim – quyuqroq qora choy damlab bersa yaxshi bo‘lardi. U yoq-bu yoqqa chiqqanmi, hadeganda ovozi kelavermadi.
Hovlida guvranib esayotgan kechki shamol derazalarga qoplangan suvqog‘ozni shopillatib oynalarga uradi, chog‘roq ekinzordagi uyum-uyum xazonlarni shopiradi. Ko‘chaga quloq soldim – na biron bir qadam tovushi, na bir sharpa eshitiladi. Bunday rutubatda ko‘cha kezish kimga yoqadi? Dahlizga qaytib kirayotganimda, ichkari uyda qolgan qo‘l telefonimning jiringlagani eshitildi. 
– Alo‘, eshitaman, alo‘-o‘.
U yoqdan hech kimning ovozi kelmadi, aksincha, yomg‘ir yog‘ishinimi, ko‘chaga suv sepilishinimi eslatuvchi sas qulog‘imga urildi. To‘rtburchak xontaxta yoniga cho‘kdim, telefonni yelkam bilan chap qulog‘imga qisgancha eshitib o‘tiraverdim – naryog‘da esa hanuz shig‘irlagan sas-sado. «Unga shu ishi zavq berarmikin?» deya o‘yladim. Lekin miyamga urilgan boshqa bir o‘ydan o‘zim ham allanechuk bo‘lib ketdim – «Menga-chi, mengayam zavq beradimi?!». Rosti, uning bu taxlit yo‘qlashlariga yillar davomida ko‘nikib bo‘lganman. Buni kundalik ehtiyoj, desa, kulgili bo‘lar-u, ammo men uning bunday qo‘ng‘irog‘ini har kuni kutaman. Garchi bir og‘iz gapirmasa ham.
Gazxonaga o‘tib choy qo‘ydim, shirinta’ma bo‘lib muzlatkichni ochdim. Nonushtadan qolgan behili murabbo bor edi, shuni choyga qo‘shib ichsammi... Ammo niyatim o‘zgardi, murabboni qaytarib joyiga qo‘yib, xonamga o‘tdim, portfelimda bir bo‘lak shokolad qolgandi, shuni yeyaqolay, dedim. Choy qaynashini kutib, shokoladdan kichkina-kichkina sindirib og‘zimga solarkanman, tashqariga nazar soldim. Yomg‘ir tomchilayapti, boyagi rutubat biroz yumshagan, egri-bugri daraxtlar, ularning ostidagi mog‘or bosgan barg-xazonlar, chilp-chilp loy bo‘lib qolgan tuproq yo‘lakchadan xuddi kuy taralayotgandek – kuzning ezgin kuyi.
Uning boyagina qilgan qo‘ng‘irog‘i yodimga tushdi, demak ular tarafda yomg‘ir yog‘a boshlagan ekan-da. Menga yomg‘irning ovozini ilinibdi-da. Balki, bu sokin faslning sehrli-sirli qo‘shig‘ini birga tinglamoqchi bo‘lgandir? Men-chi, mening xayolimga kelgan bo‘larmidi bu fikr? Ehtimol, bunday eslash, yaxshi narsalarni unga ilinish sira xayolimga kelmasligini bilgani uchun ham vaqtida yo‘qlagandir, qo‘ng‘irog‘imni kutib, ammo uni shu tobda eslamaganim uchun mendan xafa bo‘lib qolmaslikka urinib qilgandir bu ishni? Xullas, uning ichi menga qoronqu, sirligicha qolib kelayapti.
G‘ovlidagi taqir-tuqirdan xayolim yiqishtirildi. Xotinim tarnovlar tagiga chelak qo‘yayotibdi. Uning yomg‘irda qolgan ul-bul narsalarni yig‘ib-saranjomlab dahlizga kirishini kutdim. Bu orada choy qaynadi. 
– Qaerlarda qolding?
– Shundoq o‘zim. Sizga xalaqit qilmay deb yangi qo‘shninikiga chiquvdim. Qaytgunimcha yomg‘ir quyib yubordi. 
Ayolimning gapidan keyin hovliga yana bir qarab oldim. Endi yomg‘ir shitoblagan, halidan beri qulog‘imda aylanayotgan mahzun ohangdan asar ham qolmagandi. Hamma narsa yomg‘irning shashtiga ko‘nikkandek mo‘min-qobilgina bo‘lib turibdi.
«Choy ichasizmi?» so‘radi xotinim. «Ha, damlab beraqol». Men unga bosh irg‘ayotib, ko‘zlarini ko‘rib qoldim. Doimgidek o‘ychan va hadikka to‘la, xijolat bo‘lib ketdim. Men bu ahvolga ko‘p bora tushganman, uning nigohlarida birgina savol bor – uni ham bilaman, ammo ana shu savolga javob berishni hamisha orqaga tashlab kelayapman. Bu mening «kuzning kuyi»dan-da og‘irroq, ma’yusroq kuyim. Bu kuy har kuni uyimda jaranglaydi, uni qulog‘im tugul yuzim, ko‘zu qoshlarim bilan ham tinglay olaman. Va mana shu ohang so‘nggi kunimgacha qo‘limdan tutib yetaklaydigan chorlov ekaniga imon keltirganman. Bu kuyning har bir pardasiga, sokinligiyu avjiga mutloq tushunaman va men bir umrga shu kuyga hukm qilinganman. Bu – yolg‘izlik kuyi, bu – kimsasizlikning g‘amgin musiqasi.

* * * 

«Bolalarni bog‘chaga tashlab o‘tasizmi?». Xotinim kichkina qizimning nimchasini kiydirayotib, menga zimdan qarab qo‘yganini sezdim. «Dadasi, shimingizning taxi buzilibdimi, o‘lsin, kecha e’tibor qilmabman. Almashtirib olaqoling». 
U mening boshqatdan yechinib-kiyinishga azaldan hafsalam yo‘qligini biladi, shunday bo‘lsa-da, aytadi-qo‘yadi. Boshqalarda qanday – bilmadim-u, ammo biz itg‘ajish bo‘lib urishgan kunlarimiz ham salom-alikni, ishga jo‘nash oldidan xayr-xo‘shni kanda qilmaymiz. Ehtimol, shunchaki o‘rganishdir, balki ichki bir adolatimiz yo‘l bermas, nima bo‘lganda ham, kechqurun harqancha janjallashmaylik, ertalab, ishga ketish oldidan xuddi robotlardek dag‘al va hissiz ovozda xayrlashamiz: «Yaxshi borib keling». «O‘zing ham».
Lekin bugun unday emas, hartugul kayfiyatimiz yaxshi. Er-xotin suhbatlashib nonushta qildik, bolalarga issiq kiyim-kechak olish haqida gaplashdik. U mening qalpog‘im, o‘zining etigi biroz o‘ngiganini eslatdi. Mana endi ish oldidan... o‘sha gap: «Yaxshi borib keling». «O‘zing ham».
Ikkala qizimni mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirg‘izib, kamarlarni tang‘idim. Yo‘lda hadeb savol beravermasliklarini, fikrim chalg‘ishi mumkinligini odatdagidek tushuntirdim. Ular bu tanbehimni eshitaverib yodlab olishgan, gapim tugamasidanoq, «xo‘p bo‘ladi, xo‘p bo‘ladi», deya mashinani tezroq yurgizishimni kutishadi.
Jiblajibonlarimni bog‘cha opasiga topshirib, mashinaga benzin quyib, ishxonaga o‘n besh daqiqa kechikib keldim. Kabinetim eshigiga kalit solishim bilan kotiba qiz yugurgilab kelib, biroz oldin meni direktor yo‘qlaganini aytdi. «Yaxshi, hozir», dedim-u, kabinetga kirib yomg‘irpo‘shimni qoziqqa ildim. Xona sovuq, hali qishki isitish tizimi ulanmagan, chiroqni yoqsam ham tashqaridagi bulutli havoning ta’sirida ichkari unchalik yorishmadi. «Nima gapi bor ekan direktorning?», kotibaning eslatmasini o‘ylay boshladim. «Tunov kungi gap tag‘in qo‘zg‘alarmikan? Axir kap-katta rahbar bo‘lsa, bu ishni nima uchun o‘zi hal qilib qo‘ya qolmayapti, nega hadeb mening fikrimni bilishga qiziqayapti? Xo‘p, o‘sha yigitga yordam berish kerak ekan, bersin. Qo‘lyozmaning peshanasiga gajakdor imzosini qo‘yib bersa, bo‘ldi, vassalom». Shu xayollar bilan xonadan chiqayotgandim, qo‘qqisdan eshigim ochildi – «Kofe qaynatayotuvdim, sizga ham olib kiraymi?», so‘radi qo‘shni xonada ishlaydigan yangi xodima. «Yaxshi bo‘lardi, rahmat. Bokalim yuvilgan».
Direktor odatdagidan ko‘ra yaxshiroq kayfiyatda edi, salom-aligi ham quyuqroq bo‘ldi, hatto televizorning ovozini pastlatayotib «Sizga shovqin yoqmasligini bilamiz, og‘ayni», deb qo‘ydi. Doimo shunday, u meni hamisha «og‘ayni» deb chaqiradi, ehtimol unga shu qulayroqdir. Insof bilan aytganda, u yaxshi odam, g‘amxo‘r rahbar, ammo bir narsa – pulni otasidan ham aziz ko‘rishi uning aft-angoriga ham urib ketgan. Chuvak yuzida hamisha sovuqqonlik turadi, hadeganda kulavermaydi.
– Og‘ayni, yana o‘sha gap. Ehtimol, bir-ikki kun ichida fikringiz o‘zgargandir. O‘sha yigitni bir qo‘llavorsak, shu bilan iziga tushib ketar? 
Direktor bu gaplarni ko‘zimga qaramay so‘zladi, chehrasida g‘alati ifodalar o‘zgarib turardi. Xijolat chekayapti deb o‘ylaganim uchun u gapini yakunlab, savol nazari bilan qarashi hamono men ham ko‘zimni olib qochdim. Lekin bu masalani yana chuvalashgan holda qoldirish kerak emas, yo direktor, yo men tezroq yon berishimiz kerak edi.
– Mo‘min aka, sizga o‘sha kuni ham aytdim, – iloji boricha xotirjam gapirishga urindim men, – deylik, o‘sha yigitning kitobiga qo‘l qo‘yib beraylik, bosishga topshiraylik ham. Lekin bundan kimga foyda? Tuppa-tuzuk joyda ishlarkan, topish-tutishi ham yomonga o‘xshamaydi, nima qiladi o‘zining ham, bizning ham boshimizni qotirib? Ertaga kitobi yaltir-yultir muqovada nashr qilinadi, peshtaxtalarga chiroyli qilib terib qo‘yiladi, biroq bu asarni birov qo‘liga olib qaraydimi-yo‘qmi, buyog‘i sizga ham qorong‘u. 
Direktor avzoyini o‘zgartirmadi, faqat yuzimga tikilgancha bir alpozda turaverdi. Men qizishib ketib uning ko‘ngliga tegadigan gap gapirib qo‘ymadimmi, deb o‘zimni tahlil qila boshladim. Lekin ichimdagini aytganimdan yengil tortgan edim, ana, stolim ustida duppa-durust bir asar mana shu direktorning ruxsatini kutib yotibdi, o‘zim necha bor shu xonaga ko‘tarib kirib, bir-biridan g‘alati bahonalarni eshitib chiqqanman. Axir odamlar nimani o‘qishni yaxshi biladi, biz zo‘rlab tiqishtirolmaymiz. 
Direktor sokin ovozda murojaat qildi:
– Endi mundoq, og‘ayni, gapning po‘stkallasini aytsam, u bizga kerakli odam. Hmm, nima demoqchiman, men aslida bir og‘iz gap bilan bir oyga qoldirmay chiqarib berardim o‘sha kitobni. Lekin gap boshqa yoqda, biz gaplashayotgan yigitning niyatigina meni ushlab turibdi. O‘sha ukamiz birinchi kitobiga aynan siz muharrir bo‘lib berishingizni istayapti. Endi tushungandirsiz nega sizning og‘zingizni poylayotganimni?
Dong qotib qoldim, uning oxirgi gaplari men uchun tamoman hayratlanarli edi. Axir azbaroyi asarning saviyasizligi uchun ham uning chop qilinishiga qarshi edim, nashriyotning obro‘yini yo‘qotmaslik uchun rahbarning taklifidan bo‘yin tovlayotgandim-ku. Qanday qilib o‘zing xom-xatala, bir pulga qimmat deb turgan qo‘lyozmaga muharrirlik qilish mumkin? Fikr¬larimni jamlab, direktorga yuzlandim.
– Siz aytayotgan o‘sha «nasihatnoma»ga muharrirlik qilishdan ko‘ra, uni boshqatdan yozish osonroq. Bir jumlani to‘g‘ri yozolmaydigan savdogardan nega yozuvchi yasayapmiz?! Yozganlari, kechirasiz-u, maktabda yoziladigan inshodan ham battar!
Men endi anchayin qizishib ketgandim. Qo‘llarim titray boshlagan, quloqlarimgacha qizib ketgandi. Ammo rahbarim hech bir o‘zgarishsiz, ko‘zlarini menga qadagancha o‘tiraverdi. Tavba, nega u miq etmay eshitib turibdi, boshqa odam bo‘lsa, meni quyushqondan chiqqanlikda ayblardi, hech bo‘lmaganda hurmatini pesh qilardi. Direktor esa, biz xuddi yaxshi gaplardan gaplashayotgandek nim tabassum bilan pinagini ham buzmasdi. Balki shunaqa bosiqligi uchun ham rahbar bo‘lib o‘tirgandir, bu fazilatiga qoyil qolish kerak.
Uning oldida o‘zimni noqulay sezib, «Menga ruxsat» deya qo‘zg‘aldim, ushbu gapim bilan bu mavzudagi suhbatimiz ham tamom bo‘lganini bildirmoqchi edim. Direktor meni eshik oldigacha kuzatdi va «Sizning iste’dodingizni juda qadrlayman, siz yaxshi ijodkorsiz. Ammo bilib qo‘ying, o‘sha kitob baribir nashr etiladi», dedi. 

* * * 

Men odamlardagi istak-mayllar nega bu qadar xo‘rlanishi haqida juda ko‘p bosh qotiraman, ularning his-tuyg‘ulari nimalar evaziga boy berilishini, nega inson bolasi ko‘zlagan maqsadlariga erishgani sayin dag‘allashib, qalbi xira tortib borishini tahlil qilishga urinaman. Yuraklarni ko‘rinmas ip singari bog‘lab-chirmab turgan rishtalar, pokiza hayajonlar, hayratlar nega bunchalik jonsizlanib borayotganini hech tushunolmayman. Eng ayanchlisi, ular shu taxlit hayotni tobora afzal ko‘rishayotgandek tuyuladi menga. Har kuni uydan ishga, ishdan uyga bir maromda kelib-ketuvchi odamlar tashqaridan qaraganda juda tartibli, sipo ko‘rinishadi. Buning ustiga, har bir so‘zni chertib, orqa-o‘ngiga qarab gapiradilar. Fasllarning almashishi, maysalar unishi, xazon to‘kilishi, bunday narsalar allaqachon ularning e’tiboridan chetda qolgan. Hech kim minglab mashinalar ostida ezilib yotgan asfalt yo‘llarning yomg‘ir yog‘ayotganda ajoyib bir rangga kirishini kuzatmaydi. Bu jozib manzaralarga bir fursatgina vaqt ajratgan odam o‘zini hayotdan orqada qolgan, chorasiz va miskin sezadi. Va, alal-oqibat, vaqt bilan chopisha-chopisha kunlarni, yillarni qurbon qilib yuborishadi.
Nega bularni o‘ylayapman, o‘zim ham hayronman.
Shom qorong‘usida mashinamni shahar chetidagi «Pikko» kafesi oldida to‘xtatdim. Ichkariga kirayotib bir quti tamaki sotib oldim, shu payt beixtiyor e’tibor qilibman – do‘kon darchasidan tushayotgan yog‘duda qor uchqunlayapti. Bu qanaqasi bo‘ldi, hali erta edi-ku, havo ham unchalik sovuq emas. Bugun to‘qqizinchimi, tavba, hali qishga bir oycha vaqt bor, bu yil sovuq qattiq bo‘larkan-da.
Stolga o‘tirishim bilan xizmatchi qiz yetib keldi. U joylashib olishimni kutib, so‘ngra odob bilan so‘radi:
– Nima ichasiz?
– Shaftoli sharbati, quyuqroq bo‘lsin.
– A, yuz gramni-chi, keyinroqmi?
Nima deyishni bilmay qoldim, hozir «Men ichmayman» desam kulgili bo‘lsa kerak-a! Shunday raso erkak ichmayman desa, ishonisharmikan, ehtimol «Sharbatingni uyingga borib ichsang ham bo‘ladi», degan xayol o‘tar bu qizlarning boshidan. 
– Men ichmayman, – dedim nihoyat.
Xizmatchi qiz tabassum bilan «Yana nima buyurasiz?» deya so‘radi. Men ikki xil ovqat aytdim, nariroqqa borganda esa kuldonni ham tayinladim. Qiz ketgach, uning tabassumi haqida o‘ylay boshladim. Bunday jilmayish ularga odatmikan yoki istehzo qildimi, balki ichmasligimni eshitib quvongandir ham. Qiziq, odamning hatto kulgisini ham to‘laligicha tushunib bo‘lmaydi. Axir hech jahonda kulayotgan inson «Men shu sabab bilan kulayapman», demaydi-ku. Qaytib kelganda o‘zidan so‘rab ko‘raymi? Nima derdi – shunchaki o‘zim, deydi-qo‘yadi-da, qo‘shimchasiga ensasini qotiradi. Aytayapman-ku, kulgan odam shu-shu sababdan kulayapman, deb sharhlab o‘tirmaydi.
Atrofimni kuzata boshladim, kimlar kulgan, kimlar boshini boshiga tirab gaplashib o‘tiribdi, yana kim ishtaha bilan ovqatlanyapti. Kafening xilvatroq burchaklarida yoshlar. Mana senga shuncha sabab. Shu choqqina bino ichida qancha qayg‘u, qancha sog‘inch, muammolar, shodliklar, ehtirosli suhbatlar. Xo‘sh, men o‘zim nima uchun bu yerga keldim, tamaddi qilganimi – uyda ovqatlansam ham bo‘lardi, qolaversa, har kuni bu yerga kelib nonushta yoki kechlik qilayotgan joyim yo‘q. Nega ish tugashi bilan uyga ketmadim? Dam olishim, qizaloqlarim bilan o‘ynashim yoki bir-ikkita kitob titishim mumkin edi-ku. Xo‘sh, nega? Chunki men qandaydir tuyg‘u – yolg‘iz qolishgami, biror narsani xotirjam o‘ylab olishgami o‘xshash, xullas, uydan ham, ishxonadan ham topib bo‘lmaydigan taskin izlab kelganman bu yerga. Bu yerda odam ko‘p, ammo shunga qaramay, sen bemalol yolg‘iz, kishilar e’tiboridan xoli qolishing mumkin. Kafeda o‘tirganlarning aksariyati ham aslida shu singari sabablar bilan kelishgan. 
Ovqatni yeb bo‘lib, grafindagi oxirgi sharbatni quyayotganimda telefonim jiringladi, qulog‘imga tutdim. U tomonda shu qadar jimlik ediki, beixtiyor entikib ketdim. Uning qulog‘iga qanday shovqin-suron borayotganini his qilib, xijolat chekdim. Balki u uyimdagi osuda hayotni, qaqajonlarimning to‘s-to‘polonini, yo jimgina kitob varaqlab o‘tirganimni eshitaman, deb o‘ylagandir. Narxlar yozilgan qog‘oz va pulni xizmatchi qizga imo bilan ko‘rsatdim-da, tashqariga shoshdim. Telefonda esa, hamon jimlik. Ammo mashinamga o‘tirib, eshikni yopishim bilanoq, apparatdan qisqa-qisqa gudok kela boshladi – u mashinaga o‘tirganimga ishonch hosil qilgandi. Bu orada daraxt shoxlarini, yo‘l chetlari va tunuka tomlarni yupqa va nafis qor qoplab ulgurgandi.

* * * 

Avtomobillar g‘ildiragi qoldirayotgan izlardan men ham o‘tib borarkanman, tag‘in odamlar, turmushning g‘imir-g‘imirlari orasida mana bu asfalt yo‘l ustida bir soniyagina avval borligi endi esdan chiqayotgan qor parchalaridek izsiz yo‘qolayotgan ming¬lab his-tug‘yonlar haqida o‘ylay boshladim. Bu xil mulohazalar o‘zimga betayin, tuturiqsiz tuyulayotgan bo‘lsa-da, ammo ko‘nglimning allaqaerigadir xush yoqayotgandi. Balki, chindan ham nimalarnidir o‘ylashga ehtiyojim bordir. Mana shu son-sanoqsiz, bir-birini kesib-uzib tashlagan izlardan minglab mashinalar o‘tgan, xo‘sh, ular qayoqqa ketadi? O‘zimni olay, hozir uyga, ertaga yana shu yo‘ldan ishga qaytaman. Nega endi xayolimga kelgan zahoti rulni xohlagan bir ko‘chaga burib yuborolmayman. Meni nima ushlab-jilovlab turadi? Oilamga sadoqatmi, ishxonamga hurmatmi, millionlab odamlar nazaridagi tartibli hayotga munosib bo‘lishlikmi – nima? Tasavvur qilaman, hozir uyga emas, duch kelgan biror yoqqa, masalan, daryo bo‘yigami borib, sovuqda dildirab o‘tirsam, ammo shuning evaziga tip-tiniq osmonni, oyni, izg‘irin ko‘chalarni tomosha qilsam, ertaga nima o‘zgaradi? Biror kishi bundan ziyon-zahmat chekadimi? Xotinim va bolalarim xavotir olishi mumkin, tuni bilan mijja qoqmay chiqadi, biroq ertasiga meni sog‘-omon ko‘rgach, o‘sha zahotiyoq kechagi xavotirlarni unutadi, yana hayot o‘z yo‘lida davom etaveradi. Lekin men shu narsani bilgan holda, rulni hech qachon, hatto bir marta bo‘lsa ham manzili noma’lum yo‘lga bura olmayman. Boshqalar esa ehtimol bu haqda o‘ylab ham ko‘rishmas. Chunki bu taxlit «erkinlik»ning oqibatini o‘zgalardan eshitishgan, vaqtni bunday sovurishga ularning ko‘zi qiymaydi, uyida ag‘anab yotsa-yotadiki, bunday daydishlarga hushi kelmaydi. 
Darvoqe, qor ancha tezlashibdi, endi qancha mashina o‘tmasin, yo‘lni shiddat bilan qoplab borayapti. Lekin menga qor unchalik yoqmaydi. Yomg‘irning yo‘rig‘i boshqa – u inson ko‘ngli bilan hisoblashadi, sochlaringiz orasiga, bo‘yin va bilaklaringizga erkalanib singadi, yog‘ishi ham chiroyli, shaffof tomchilar ko‘zingizga ko‘rinib-ko‘rinmay, xuddi osmondan yerga tortilgan millionlab iplar bo‘ylab oqayotgandek, ajib sukunat bilan yog‘adi. Yomg‘irning yana bir muhim tomoni shundaki, u har qancha yog‘masin, nigohimiz tushib turgan biror rangni ko‘mib yuborishga urinmaydi, aksincha, asliyatni yanada ravshanroq ko‘rsatadi. Qor esa, qip-qizil, yam-yashil tunuka tomlarni ham, qo‘ng‘ir yo‘llarni ham, qop-qora tog‘larni ham faqat oqqa bo‘yaydi. Axir odam deganning ko‘zi tinib ketadi-ku! Yerni ham, ko‘kni ham, odamlaru mashinalarni ham faqat bir rangda ko‘rish, bu – adolatsizlik emasmi?!
Mening bu fikrlarimni u hamisha oddiygina, go‘yo biror yoqtirgan musiqasini tinglayotgan odamdek xotirjam qabul qilardi, balki bu tentaknamo gap¬larimga qarshi bo‘lsa ham, indamay qo‘ya qolarmidi? Yoki aynan shu narsalarga nisbatan o‘z qarashlarining pinhon-sirligicha qolishini istarmidi, harqalay, doimo jimgina tinglardi, xolos. Chamamda, uni boshqa narsalar qiziqtirardi. Masalan, odamzodning o‘zini o‘zi hurmat qilishimi, kasal-kusal bo‘lmay, hamma narsani o‘rni-o‘rnida, o‘z vaqtida bajarishimi, shunga o‘xshash narsalarni ko‘p gapirardi. Esimda, bir kuni poliklinikaga borganimni aytib qo‘ydim. Men har qancha to‘sqinlik qilmay, u kasallik varaqasini, buyurilgan dori-darmonlarni, yana allambalo mayda-chuyda qog‘ozlarni shosha-pisha, ammo sinchiklab o‘qib chiqdi. So‘ng xavotirli ko‘zlarini yuzimga qadab, yaxshigina shamollaganimni aytdi. Ochig‘i, kulib yubordim, to‘g‘ri-da, nimasi xavotirli buning. Shamollaganlar kammi? 
Endi o‘ylasam, aynan uning hadigu xavotirlari sabab men o‘zimga ishonib yurar ekanman. Atrofingizda sizga mehribon odam qancha ko‘p bo‘lsa, siz shuncha taltayasiz, erkaliklar qilgingiz keladi, mana buni ye, mana buni ich, deydigan odam bo‘lsa, siz aynan o‘sha kishiga nisbatan noz-firoq qilasiz. Nega biz ko‘chada, ishxonada yoki mehmondorchilikda o‘zimizni sipo, bama’ni tutamiz-u, uyimizda sal narsaga baqir-chaqir qiladigan, jizzaki, hovliqma bo‘lib qolamiz? Yetti yot ayollarning hurmatini joyiga qo‘yib olqish olamiz-u, onamizni siltab-siltab tashlaymiz. Ishxonada biror sabab bilan tushlik bir-ikki soatga cho‘zilsa chidaymiz-u, choyi vaqtida qaynamagani uchun uydagilarni gizillatamiz. Bu odamlikka xos tushunchalar, odatlarmi – nima bu? 
Aslida, uning mehribonchiliklari ham meni alal-oqibat takabburlikka olib borayotgandi. Va borgan sari dimog‘dorlik meni mahv etardi. Endi men uning g‘amxo‘rliklaridan azoblanayotganim uchun ham aynan unga nisbatan kibr saqlardim, xuddi o‘zimni bekamu-ko‘st odamdek tutishga tirishardim. 

* * * 

Tongda hovliga chiqqanimda, havo tozargan, ammo anchayin namchil-namxush edi. Men bilgan kuzning kuyiga yana bir ohang qo‘shilgan – «chak-chik, chak-chik» qilayotgan bir maromdagi ovozlar quloq-quloqlargacha singib, asablarni parmalashga ataylab urinayotgandek, butun hovlini tutib ketgandi. Kecha oqshom boshlangan ilk qor yerning, hali chirimagan xazonlarning taftiga dosh berolmay eriyotgandi, qor eriyapti-yu devorlar, yo‘laklar ustidan, daraxtlarning shir yalang‘och shoxlaridan hovur ko‘tarilayapti. Xuddi uyning hamma burchagida mitti-mitti vulqonlar boru, o‘shalar biqirlab qaynab yotgandek. Tamaki tutatdim, ichimga tutun bilan muzdek havo ham tortdim, badan-badanim seskanib ketdi. Shu alpozda, shu ezginlikda o‘yga toldim. To‘g‘risi, tabiatni kuzata turib, tashqi qiyofalar go‘zalligi yoki buning aksi haqida tasavvur qila boshladim. Nega biz ko‘hlik, ko‘rkam qizlarga qayta-qayta qaraymiz. Ularning jozibasi nimada, nimasi mahliyo qiladi bizni? «Chiroyli ekan», deymiz, nimasiga qarab baho beramiz? «Mutanosiblik» degan so‘z keldi xayolimga. Rost-da, ko‘zu qoshi, rangi-yu qomati, yuzi-yu sochi bir-biriga uyg‘un qiyofalar ko‘zimizni olar, ehtimol. Shu uyg‘unlikni o‘zimiz ham buzgimiz kelmaydi, deylik birorta chiroyli qiz haqida o‘ylaganimizda uni nojo‘ya, xunuk ishlar qilib turganini, masalan, tupurayotganinimi, betamizlarcha qichqirayotganinimi xayol qilishdan harchand tiyilamiz, bunday xayoldan o‘zimizni olib qochgimiz keladi. Aksincha, istarasiz va axloqsiz ayollarga bog‘liq yoqimli taassurotlarimiz ham unchalik ko‘p emas. Agar biror erkakshoda, nafosatdan uzoq qiz haqida gapirayotib, uning nazokat bilan muzqaymoq yeyishinimi, gulzorlarda sayr qilib yurishinimi aytsak, aksariyat odamlarning afti burishadi. Chunki ularning ko‘ngli bunday teskari tasavvurlarga tayyor bo‘lmaydi, ko‘p hollarda buni xohlashmaydi ham.
Hozirgi manzara ham shunday teskari tasavvur uyg‘otardi kishida. Osmonga qarasang, ko‘m-ko‘k yalang¬likda parcha-parcha bulut qiyqimlari, quyoshning kuchsiz nurlari yerga osoyishta oqib turibdi. Yerda esa... uyum-uyum qoraygan xazonlar, mung‘aygan uylar, qo‘njigacha loyga botgan oyoq kiyimlari, xullas shunaqa chalkashliklar. Yo‘q, bular hech qanday chalkashlik emas, aslida qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday alpozda turipti. Faqat mening ko‘zlarim bu aks manzaralarga ko‘nika olmayotgan bo‘lishi mumkin. Ko‘rdingmi, deyman o‘zimga o‘zim, osmonga, oyog‘ing ostidagi yerga bir lahza tikilib, shuncha iztirob chekayapsan. Boshqalar ham o‘zlarini xuddi shunday ortiq qiynamaslik uchun bunaqa narsalardan, o‘y-xayollardan ko‘z yumib-quloq yopib o‘tishadi, vassalom. Ularning nazdida, sening bu kabi hamma narsadan aziyat chekishing bema’nilik, jinnilikdan bo‘lak narsa emas! Buning o‘rniga ular uylariga pechka qurishadi, o‘tin g‘amlashadi, teshik-tuynuklarni berkitishadi va shu taxlit tadbir-tadoriklar bilan har qanday faslni, har qanday qulay-noqulay sharoitlarni ham xotirjam, ortiqcha hissiyotlarga berilmay, ba’zan esa bepisandlik bilan kutib olaverishadi. 
Aslida, mening eng katta yo‘qotishim ham mana shunday iztirobdan qochish evaziga yuz bergandi, uning ko‘zlariga bir lahza bo‘lsin qarash, dengiz sathidagi ulkan bir kemadek chayqalib-to‘lqinlanib yotgan qalbidagi har bitta titrash-silkinishni tinglash, tushunish azobidan qo‘rqish meni undan uzoqlashtirgandi. Kuzgi yaproqlardek omonat, majolsiz va sokin muhabbatining yuki ezib qo‘ygandi, ko‘zlaridagi tubsiz-nihoyasiz umid, ilinjning og‘irligi mening bechoraligimni tobora yuzaga olib chiqardi. Ammo men, ana shu yuk-zahmatlar orasida yanchilib-toptalib ketayotganimga qaramay, ulg‘ayayotgan edim, uning muhabbati ulg‘aytirayotgandi. Men qancha qochganim, o‘zimni ojiz sezganim sari bu cheki-chegarasi yo‘q qochqinlarning, chorasizliklarning mohiyatini anglashga mahkum bo‘lib borardim. Uning sevgisi shu qadar shafqatsiz ediki, meni bir soniya, bir nafas bo‘lsin ayamasdi, ta’qib qilishdan charchamasdi ham. Muhabbat mening ikki yelkamdan tutib, shunday qattiq silkirdiki, ilojsiz ravishda qaytadan o‘nglanishga, uning bir nafasidan pardek to‘zg‘ib ketgan borlig‘imni yangitdan tiklashga majbur bo‘lardim. U shunday shafqatsiz sevgi ediki, mening har bir so‘zim uning uchun qonun bilan barobar edi, u faqat mening borligimni tan olardi xolos va shu yo‘l bilan, ya’ni meni kamsitmaslikka urinib azob¬lardi. Bu xuddi sovuqda muzlayotgan odamni isitaman deb gurillab yonayotgan olovga otishdek gap edi. Bu – ming-minglab hujayralaringni, tomirlaringni, sezgilaringni do‘zaxdan do‘zaxga solib o‘ynashdir. Men bu adoqsiz xo‘rlanishlarga hukm qilingan, uning sassiz-sadosiz, ma’sum va sokin muhabbati esa, shubhasiz, hukmfarmo edi. Men uni hamisha quchgim, bag‘rimga mahkam bosib, berayotgan uqubatlari uchun o‘ch olgim, quchog‘imda turib qanday yig‘lashini huzur bilan tomosha qilgim kelardi. Biroq bu ishlarim uning ko‘ngliga qanday yangi to‘fonlar solishini yaxshi anglardim, bu o‘ch-olovdan keyin hozirgi azobu ko‘rgiliklarim o‘n chandon, yuz chandon ortishini o‘ylab, yana qunish tortardim. Mening hatto shunga ham imkonim yetmasdi.

2

Agar kuz ijozat berganida, uni bunday g‘ussali kuylarga emas, shodumon, inson ko‘ngliga barcha tomirlaridan oqib kiruvchi, agar bir kun tinglamasa, dunyodagi jamiki qalblar ilhaq-intizor bo‘lib kutguvchi quvonch ohanglariga to‘ldirib tashlagan bo‘lardim. Ammo xazonlar fasli olamning ko‘hna qoidalaridan chekinmadi, Tangri va Zamin o‘rtasidagi azaliy mehvardan bir lahzaga bo‘lsa ham uzila olmadi. Men esa, butun borlig‘im bilan qaytadan yaralgandek bo‘ldim, hech narsa ko‘rmagandek, hech qaysi hissiyotlarni tanimagan-bilmagandek yangitdan yashay boshladim. Va shunday uni yo‘qotdim, va shunday odamlar ko‘z o‘ngida asta-sekin yo‘qola boshladim. Endi meni avvalgi dunyoim bilan faqat birgina qo‘ng‘iroq bog‘lab qoldi, ana shu qo‘ng‘iroqdan boshqa hammasi men uchun tamomila yangilik edi.
Ammo bu yangi hayotimda o‘zimni hech kimga tushuntira olmadim. Oilam uchun o‘sha-o‘sha og‘ir fe’l-atvorli, ko‘cha-ko‘yda esa takabbur qiyofali odam sifatida qolaverdim. Ayanchlisi, biror kishiga bo‘lsin, «Men aslida mana bunday odamman», deya o‘zimni izohlay olmadim. Endi, agar ishxonada biror hamkasbimning so‘zi ko‘nglimga og‘ir botsa, uni oldimga o‘tirg‘izib, kerak bo‘lsa soatlab gaplashishni, uni ham, o‘zimni ham vijdon azobidan qutqarishni o‘ylayman. Biroq bu qo‘limdan kelmaydi, aksincha, yo ichimga yutib indamay ketaman, yo uning ham dilini og‘ritaman. Yoki ko‘cha-ko‘yda biror notanish odamning nega iztirob chekayotganining, nimadan qiynalayotganining sababini bilgim keladi, men uning hayotiga o‘zimni javobgar yoki tegishli deb his etaman. Biroq hech qachon u bilan gaplashmayman, aksincha, o‘sha odamning qarshisida juda ham ortiqcha sezaman o‘zimni. Ming afsuski, bu taxlit yechimlarning hammasi irodamning kuchsizligini namoyon qilib qo‘yadi. Men endi avvalgi qiyofamdan ham battarroq shamoyilda edim, tobora o‘zimga o‘zim ko‘milib-o‘ralib borardim. Undan, uning mehridan voz kechgan kunimdan e’tiboran shaklsiz hayotning oddiy – minglab odamlar qatoridagi jo‘n kishisiga aylangandim. Bu mening chinakam fojiam bo‘ldi.
Bo‘yinbog‘imni taqayotib, xotinimning savolomuz nigohi e’tiborimni jalb etdi. U qo‘lida tutib turgan kostyumni olib, divan chetiga omonat qo‘ydim-da, dilimdan kechayotgan ajib tuyg‘ular bilan xotinimni bag‘rimga tortdim. Sochlaridan silab, ilk bor ro‘yi-rost nigoh bilan ko‘zlariga tikildim. Men bugun ayolimning ko‘nglidan o‘tayotgan barcha hislarni, anduhlar ovoziniyu norizoliklar nidosini tinglamoqchiman, qo‘llaridagi dag‘alliklar, yuzidagi horg‘inlik, vujudining ich-ichlarida yashab kelayotgan, qachondir ulkan va qo‘rqinchli vulqondek portlab chiquvchi alamlarining aks sadosiga jimgina, xayrixohlik va moyillik bilan quloq tutmoqchiman. Va, ehtimolki, mening hayotimdagi chigalliklar, ruhimdagi siqiqlik, gurros-gurros olomon orasida ham yolg‘iz-kimsasiz umr kechirayotganimning sabablarini u bilar. 
«Aqalli bir marta bo‘lsa ham tan olib ayting, siz hayotdan bunchalik kuyunib yashashingizning boisi nimada? Nega odamlar nigohidan uzoq bo‘lishga urinasiz? Aslida, ularni o‘z g‘am-tashvishingizdan himoya qilgingiz, yaqinlaringizning ko‘ngliga bevaqt xavotir solib qo‘ymaslikka tirishasiz. Lekin shu ishingizning o‘ziyoq jigarlaringizni tashvishga soladi. Eslab ko‘ring, qachon ota-onangiz bilan yozilib, chin dildan gaplashgansiz? Qachon opangiz yoki akangiz qarshisida qimtinmay dardlashgansiz? Biron joyingiz og‘riyotganini ular qachon o‘z tilingizdan eshitishgan? Bu bilan go‘yoki ularni bemavrid siqilishlardan, sizni deb xavotir olishlaridan asragandek bo‘lasiz. O‘zingizni ular qarshisida bekamu ko‘st, boy-badavlat, xotirjam tutishga urinasiz. Yaqinlaringiz uchun xuddi tog‘dek suyanch ekaningizni uqtirasiz. Ammo siz ketishingiz bilanoq o‘zingiz hamisha hadiksirab yuradigan, yuz berishidan cho‘chib yashaydigan voqealar bo‘y ko‘rsatadi. Ya’ni sizning ortingizdan yaqinlaringiz doimo yuragi xijil bo‘lib qoladi. Na biror dardingiz, na biror tashvishingizdan xabardor bo‘la olmay, ayni paytda, sizga yordam berolmasliklarini o‘ylab, adoyi tamom bo‘lishadi. Siz esa hamisha o‘zingizdan qochasiz. Ishdan kelib naridan-beri ovqatlanasiz, qizlaringizning ra’yiga qarab, ular bilan picha o‘ynagan bo‘lasiz, kitob varaqlaysiz, ammo bularning birortasi ham sizning botiningizdagi besaranjomlik, alag‘dalik, parishonlikning yuziga parda to‘sa olmaydi. Va, aksincha, bu qiynoqlar, ichingizdagi ikkilanishlar zahar-zaqqumdek sizni yemirib borayapti». 
Bu xotinim aytgan ayni haqiqatlar edi. U shu qadar ishonch bilan gapirardiki, men to xotinimning gapi tugamaguncha o‘zimni oqlashga ham, uni to‘xtatishga ham intilmadim, hech narsa deya olmadim. Negadir uning bu achchiq haqiqatlari yuragimning tub-tublariga singib, huzur bag‘ishlayotgandi. So‘ng esa uni yana ham qattiqroq bag‘rimga bosib, imkon qadar ko‘zlarimni yashirishga urindim.

* * * 

Mashinamni garajdan olib chiqmadim – bugun ishxonagacha bo‘lgan o‘n chaqirimcha yo‘lni piyoda bosib o‘tmoqchiman. Xuddi mashhur kitoblarda yozilganidek, mana shu yo‘l davomida o‘zimni o‘zim bir anglab ko‘rmoqchiman, qariyb besh yildan buyon ilmiliq kechayotgan umrimning barcha so‘qmoqlarini xayolan kezib chiqmoqchiman. Lekin, halitdan qo‘rqayapmanki, bunga mening kuch-madorim yetmaydi. Chunki, o‘tmishga qaytish men uchun hazil gap emas, qachonki cheksiz sabot bilan, eslaganlarimning birortasi meni tushkunlikka tushirmaydi, degan xulosaga kela olsamgina, bu ishga qo‘l urganim yaxshi. Biroq, bugun shunga jazm qildim.
Ko‘chada hamishadagidek qaerlargadir ketayotgan yo‘lovchilar. O‘zimning ko‘chamdan to katta yo‘lga chiqqunimcha bir-ikki tanish odam bosh silkib o‘tdi, lekin sezib turibmanki, ular salomlashib o‘tiboq ortiga qayrilayapti – nega mashinasiz yo‘lga chiqqanim ularga qiziq tuyulyapti. Ularga e’tibor bermay, o‘z xayollarim bilan band bo‘lishga urinaman, paltomning yoqasini ko‘targancha loygarchilikdan isqirt ko‘rinishga kelib qolgan yo‘lkalarga tikilib boraman.
Hayot men o‘ylaganchalik oson kechmasligini o‘shanda, uning mendagi chidab bo‘lmas tushkunlikni inkor etuvchi, kuchining boricha sochimdan tirnog‘imgacha siltab-qoqib, hamma qatori oddiy hayotga qaytarishga undovchi so‘zlarini tinglaganimda ilk bor tushungan edim. Xayolotimning hamma nuqtasini bir-bir ko‘zdan kechirib, kechinmalarim va orzu-istaklarimni bor-yo‘g‘i ikki og‘iz gap bilan chippakka chiqarguncha bo‘lgan hayot – mening hayotim bo‘lmay qoldi. U meni shunday inkor qildiki, na o‘zim, na orzu-mayllarimning biror narsaga arzishini anglab yetdim. Uning qarshisida tamaki tutatib turarkanman, hatto ana shu sigaret chekishimda ham kibr borligini his qildim. «Siz kuchsiz odamsiz, – degandi o‘shanda u, – na o‘zingizni, na hayotingizni idora qila bilasiz. Bir narsani tushuning, bu hayot sizning qurbon qilayotgan umringizga, o‘zligingizdan kechib topayotgan nimalaringizgadir arzimaydi. Atrofga imkon boricha oddiy odam bo‘lib qarang, bu borishingizda hamma yaqinlaringiz sizni tashlab ketadi». 
Bu gaplarning to‘g‘riligiga birinchi bor uningsiz qolgan kunimda iqror bo‘lgandim. Va o‘shandan beri shu beayov iqror bilan har kuni yuzma-yuz bo‘laman. Mening aqlga sig‘mas takabburligim, ko‘tarib bo‘lmas injiqliklarim alal-oqibat, u aytgandek, birin-ketin ko‘p rishtalarni chirt-chirt uzib tashladi. Keyinroq bildimki, inson har qancha yaxshi bo‘lmasin, agar undan zerikishsa, ayab o‘tirmaydilar. Chunki u odamning atrofdagilarni qiziqtiradigan hech narsasi qolmaydi. Uning borligi ham, yashayotgani ham izsiz-nishonsiz bo‘lib qoladi. U endi xuddi osmondan tushib qolgandek his qiladi o‘zini, chunki u hamma joyda inkor etiladi. Boshqalarni mensimagani, o‘z qatorida ko‘rmagani, insoniylik andozalaridan chetga chiqib ketgani uchun u tan olinmaydi. Bu – hayot hayot bo‘libdiki, amal qilib kelinayotgan buyuk qoida. 
Ertalab ayolim aytgan e’tirozlar ham shu qoidaning bir ko‘rinishi ekanini bexos anglab qoldim. Men boya zerikish haqida o‘yladim, mana endi xotinim ham sekin-sekin o‘sha jarayonga yetib kelayapti, bugun ko‘nglimga tegmaydigan qilib gapirgan bo‘lsa, ertaga ensasi qotib so‘zlaydi va uchinchi kuni gapirish foydasiz ekanini fahmlagach, u meni butunlay e’tiborsiz qoldiradi. Va, afsuski, agar shunday davom etsam, hayotning boyagi yoqimsiz va qat’iy qoidasiga bosh egishimga to‘g‘ri keladi.
Chorrahani kesib o‘tayotganimda, telefonim jiringladi, yuragim hapqirib ketdi. Xuddi mening ichimdan o‘tayotgan tuyg‘ularni bilib turgandek qilingan qo‘ng‘iroq edi bu. Yo‘lakchaga o‘tib yashil tugmachani bosdim, u yoqda jim-jitlik. Men yigirma qadamlar yurib borgunimcha, oyoq tovushlarimni tinglab turdi, keyin qisqa-qisqa gudok. Yo alhazar, buning boisi nimada, u qanday qilib sezayapti, butun yo‘l bo‘yi o‘ylab kelayotgan kechinmalarim uning ko‘ngliga qanday yetib borayapti. Ehtimol, u nonushtadan keyin xotinim bilan bo‘lgan suhbatdan ham xabari bordir. Nega u hamisha tushkunlikka tushgan, ikki o‘t orasida qolgan kezlarimda yo‘qlaydi, u shu yo‘l bilan meni yupatmoqchi, o‘zi aytgan tep-tekis hayotga qaytarmoqchi bo‘ladimi? Lekin bu holatimni qayoqdan biladi?
Ishxonaga kirib kelganimda hamma narsa o‘rni-o‘rnida, xodimlar o‘z ishlarini boshlamoqda edilar. «Tuzukmisiz?», deya so‘radi menga birinchi duch kelgan kotiba qiz rangi-ro‘yimga e’tibor qilib. Men unga bosh irg‘ab jilmaydim-da, shu bilan «Hammasi joyida», degandek bo‘ldim. «Xonangizga kirgandik», dedi u avzoyimni chamalashga urinib, «U kishi aytgandilar». Kotiba bosh barmog‘i bilan rahbarning xonasiga ishora qildi. Men yelka qisib, kabinetimga kirdim. Odatdagidek, bugungi rejadagi ishlarimni ajratar ekanman, rahbar tiqilinch qilayotgan yigitning qo‘lyozma jildi yo‘qligi e’tiborimni tortdi. Aylanma kursiga cho‘kib, bu jild nega, nima sababdan olinganini taxmin qila boshladim, balki qaytarib berilgandir yoki Mo‘min aka uning aytganini qilmasligimga ko‘zi yetib, hafsalasi pir bo‘lgandir. Nima bo‘lganda ham, o‘sha jildning stolim ustidan ketgani meni ancha yengil torttirdi. Tamaki tutatayotib, beixtiyor boshqa qog‘ozlarga ham razm soldim, qolganlari joyida edi.

* * * 

Tushga yaqin havo sovib ketdi. Yozib o‘tirgan joyimda junjika boshladim. Eshik orqasidagi qoziqdan paltomni olib yelkamga tashlayotganimda kimdir kirishga ijozat so‘radi va javob berishimni kutmayoq, xonamda yangi xodima paydo bo‘ldi. U meni kursida o‘tirgan deb o‘ylagan shekilli, kiriboq bir-ikki qadam tashlab, so‘ng ortga o‘girildi. Men esa xuddi hech narsa bo‘lmagandek joyimga qaytdim. Mening bu beparvoligimni ko‘rib xafa bo‘ldimi yoki shoshilinch kirganiga xijolat tortdimi, negadir asta tomoq qirib qo‘ydi. Qog‘oz-qalamimni yig‘ishtirar ekanman, «Xo‘sh?» degan ma’noda unga qaradim. Xodima biroz taraddudlanib, «Biron yoqqa ketayapsizmi?», deya so‘radi. 
– Harqalay, shuni so‘ragani kirmagandirsiz!
– Mo‘min aka hamma xodimlarga tayinlang, bugun tushlikni jamoa bilan qilamiz degandilar, shuni aytib qo‘yay deb...
Yangi xodimaning shoshib-pishib aytayotgan gaplari mening kulgimni qistatdi. «Kelishdik», dedim uning gapi tugagach ham turib qolganini ko‘rib. 
Men xonamni qulflab koridor to‘ridagi zalga borayotganimda ishxonamiz ro‘parasidagi Markaziy maydondagi soat o‘n ikki marta bong urdi. Zalning oynavand eshigidan ichkari shundoq ko‘rinib turardi – dabdabali bezatilgan stol, o‘ttizga yaqin odam qolgan bir-ikki kishining kelishini kutib turardi. Ichkari kirib sezdimki, Mo‘min akaning joyi bo‘sh edi. Men qaerga o‘tirishga ikkilanib turganimda boyagi xodima iltifot qildi: «Keling, qo‘shni, yonimdagi stul bo‘sh». Indamay ko‘rsatilgan o‘rindiqqa cho‘kdim. Tavba, dedim yonimdagilarni kuzatarkanman, bitta idorada shuncha odam ishlarkanmiz-u, salom-alikdan nariga o‘tmas ekanmiz-da. Ertalab hamma xonasiga sho‘ng‘iydi, kechqurun soat oltida hamma uyiga jo‘naydi. Bunaqa tartib-intizom hozirgi sharoitda ancha qiyin masala. Ro‘zg‘or tashvishi hamma narsadan oshib tushayotgan bir paytda bunday fidoyilik bilan xizmat qilish chinakam e’tiborli ish. 
Birdan hamma sergaklanib, o‘tirganlar rahbar¬ning hurmatiga bir-ikki qimirlab qo‘yishdi. Mo‘min aka yonida bir yigit bilan kirib keldi. U hammaga bir-bir qararkan, baralla ovozda «Bu yigit bizda chop etilayotgan «Zamon qo‘shig‘i» kitobining muallifi. Bugun ana shu kitobning tasdiqdan o‘tgani munosabati bilan bizni mehmon qilmoqchi!» dedi dasturxonga ishora qilib. Rahbarning gapini eshitib, badanimga tig‘ tekkandek seskandim. Xuddi hamma menga tikilayotgandek, Mo‘min aka bilan o‘rtamizdagi suhbatdan butun jamoa xabardordek o‘zimni noqulay seza boshladim. Rahbar esa menga istehzoli nigoh tashlarkan, hammani dasturxonga taklif qildi. Men ikki o‘t orasida qolgan edim – o‘zimga qolsa, shartta turib chiqib ketgim kelardi, bu dasturxondan ham, jamoamdan ham tezroq uzilib, xoliroq joyga borishni, yengil nafas olishni xohlardim. Ammo, ayni damda, shuncha odamni behurmat qilib xonani tark etish ham mushkul edi.
Shu paytda rahbar hammaning e’tiborini qaratib, menga «Shoir, sizga qanaqasidan quyay?!» deb qoldi. A’zoyi badanimga g‘azab yugurar ekan, unga keskin e’tiroz bildirish uchun ilkis boshimni ko‘targan chog‘imda telefonim jiringlab qoldi. Bu o‘sha edi. Bir dam taraddudlanib turgach, tashqariga yo‘naldim. O‘zimning xonamga yetganimda biroz o‘ylandim-da, xonaga kirmay, pastga – achchiq qahva ichgani tushib ketdim. 
Bufetchi qizga qahva va buterbrod buyurayotganimda ham, mo‘‘jaz tamaddixonaning eng burchagidagi joyga o‘tirayotganimda ham hozirgina yuz bergan mulzamlikni, yo‘q, jirkanch hodisani xayolimdan chiqara olmasdim. Bu nima degani, osh-non bilan tilingni qisqa qilib qo‘yishsa, keyin nima desalar, g‘ing demay bajarsang! Kim o‘ylab topgan bunday madaniyatli savdo-sotiqni, o‘sha ishbilarmonlarmi yoki o‘zimizning Mo‘min akalarmi! Kim bo‘lganda ham juda past o‘ylagan ekan!
Qahvani qoshiqcha bilan aralashtirar ekanman, qo‘ng‘iroqni esladim. Uning juda zarur paytda bo‘lganini o‘yladim, lekin shu zahotiyoq xayolimga kelgan fikr meni gangitib-dovdirab qo‘ydi – axir u shuncha yillardan buyon bir kunda ikki marta qo‘ng‘iroq qilmagan edi.
Ishxona foyesining keng derazalaridan tash¬qariga termulib, ko‘chani tomosha qila boshladim. Hovliga to‘p-to‘p odamlar tushlik qilish uchun chiqi¬shayapti, kimlardir tamaki tutatayapti. Mening ham xumorim tutdi, sigaret yondirdim. Ammo boyagi qo‘ng‘iroq xayolimdan chiqib ketmasdi, endi unutaman desam, yonimda o‘tirgan kimningdir telefoni jiring¬laydi – yana yodimga tushadi. Men to qahvani ichib bo‘lgunimcha, ishchilar tushlikdan qayta boshladi. Shundagina birozdan so‘ng tag‘in kabinetimga qaytishimni, boyagi odamlarni ko‘rishimni o‘ylab yuragim xijil tortdi. Bufetchi qiz hisob-kitob qilgandan keyin o‘rnimdan og‘ir qo‘zg‘aldim. Ammo ichimdagi bir tovush meni yana picha o‘tirishga undardi, oyog‘im ishga tort¬masdi. Men yana uning yo‘qlovini esladim. Axir unga nima foyda? Shu birgina qo‘ng‘iroq endi uning hayotiga nima mazmun beradi?! «Shoshma!» deyman o‘zimga o‘zim, «Axir shu qo‘ng‘iroq hozirgina seni bir sinovdan asrab qoldi, ehtimol u seni chalg‘itmaganida, bu imtihondan o‘ta olmasding. Eng mushkul pallada o‘sha davradan seni yulib olib, senga qanchalik yordam bera olishini ko‘rsatdi». Men endi tushuna boshlagan edimki, bu qo‘ng‘iroq mening chinakam xaloskorim edi. Necha bor tushkunlikka tushgan, to‘g‘ri yo‘l topishga qiynalgan kezlarim u meni o‘zimga keltirgan emasmidi? Mana, bugun mening shunday noqulay ahvolda qolishimni u tush ko‘rmagan, biroq his etganini, eng muhimi, uning kerak paytda qo‘ng‘iroq qilganini inkor eta olmayman. Uni yo‘qotganimdan keyin bir marta bo‘lsa ham qayta uchratmadim, tasodifan bo‘lsin yo‘liqib qolmadik ham. Lekin u mening har bir kunimda yashadi, yashaganda ham rostakamiga, dardlarimga quloq tutib, beminnat yashadi. Balki go‘shak orqali biron marta «Allo!» deganida, uning barcha hislarini tushunib qolgan va qadrlamay qo‘ygan bo‘lishim mumkin edi. U esa buning o‘rniga hamisha o‘n bitta raqam, menga yodaki bo‘lib ketgan o‘n bitta raqam bilan murojaat qilardi, xolos. 
Men dadil qadamlar bilan xonamga yo‘naldim, chunki endi o‘zimni juda ham yengil, g‘am-tashvishsiz sezayotan, bundan buyog‘iga odamlarning har turli qiyofasiga xotirjam qaray olishimga ishonayotgan edim. Men shuncha yillardan beri ko‘nglimni qiymalab kelayotgan qo‘ng‘iroqning ogohlik qo‘ng‘irog‘i, hayot qo‘ng‘irog‘i ekanini fahmlagan edim. 

* * * 

Hali tong yorishmasidanoq xotinim turtib uyg‘ot¬di. Uning butun badanini ter bosgan, og‘ir-og‘ir nafas olardi. U shuncha azobda ham yuz-qo‘limni yuvib kelgunimcha chidab yotdi va o‘rnidan qo‘zg‘alarkan jilmaygancha “Vaqti bo‘ldi shekilli” dedi, so‘ngra “Qizlar uyg‘onsa qo‘rqishmasmikan”, deya ular yotgan xonaga xavotirli qarab qo‘ydi. 
Biz tug‘ruqxonaga yetib kelganimizda tong bo‘zargan, ammo osmon bulutli edi. Yo‘llarda qatnov kam, unda-bunda farroshlar ko‘cha supurishardi. “O‘n oltinchi palata”, dedi xotinimni joylashtirib chiqqan hamshira va kiyimlar solingan xalta bilan qo‘limga bir parcha qog‘oz tutqazdi, “Kerakli narsalar, tezroq olib kelarsiz”. Ko‘cha eshik yonida mashinani to‘xtatishim bilan katta qizim chopib chiqdi, ko‘zlarida yosh. Men uni opichlagancha uyga yo‘naldim, xayriyatki, kichkinasi hali uyg‘onmagan ekan. 
Tovaga tuxum chaqqan paytimda telefonim jiring¬lab qoldi, xayolimga “U bo‘lsa kerak, xursandligimni sezibdi-da”, degan fikr keldi. Katta qizim telefonni olib kelar ekan, “Dada, tog‘am”, dedi. Chindan ham xotinimning ukasi yo‘qlagan ekan, unga bugungi yangilikni, o‘zgarish bo‘lsa telefon qilishimni aytdim. Nonushta qilib bo‘lgach, ikkala qizimni kiyintirishga tutindim. Niyatim ularni onasining yoniga olib borib, birrov ko‘rsatib kelish edi. Bog‘chasiga olib bormayman, agar ular ham kuni bo‘yi uyda bo‘lmasa, zerikib qolishdan qo‘rqardim. Ishdan esa hafsalam pir bo‘lgandi.
Sharfimni bog‘layotib xayolimga antiqa bir fikr keldi: unga o‘zim telefon qilib aytsam-chi, axir u ham xursand bo‘ladi. Lekin shu zahotiyoq fikrimdan qay¬tdim. O‘tgan to‘rt yil ichida u bir marta bo‘lsin gapirmadi, endi men dabdurustdan qo‘ng‘iroq qilib, “Xotinimni tug‘ruqxonaga joylashtirdim, suyunchi ber”, deymanmi? Ancha ikkilanishdan keyin telefondagi uning raqamini bosdim, bir oz jimlikdan so‘ng uzun-uzun gudok ketdi. Va shu payt... Avvaliga e’tibor qil¬madim, ammo picha muddat tinglab turgach, jiring¬lagan ovoz shu uydan, allaqaysi burchakdan kelayotganini fahmlab qoldim. Bir zumga taxtadek qotib, hushimni yo‘qotayozdim. Jiringlagan ovoz toshoynak g‘ala-donidagi pardoz qutichasining ichidan taralayotgandi...
Mening shuncha yillardan beri ming-minglab rishtalar, azobli xotiralar orqali bog‘lanib kelayotgan yaxlit kechmishim shu lahzalarda mitti-mitti parchalarga bo‘linib, tobora ko‘zdan yo‘qolayotgan edi.

2008 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.