OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Agarki ogohsen - sen shohsen... (hajviya)

Tarixning guvohlik berishicha, xalifa Horun ar-Rashid Bag'dod hukmdori bo'lgan davrda ulamoi orifon Shayx Junaydning ko'p shogirdlari bo'lib, ular orasida Abu Bakr Shibliy o'zining bilimi, quvvai hofizasi, iqtidori bilan ajralib turgan. Shibliy ma'lum maqomotga yetganidan keyin Shayx Junayd boqiy dunyo hikmati va foniy dunyo lazzatini to'la idrok tarozusiga  qo'yib, xulosa chiqarishi uchun uni Horun ar-Rashid saroyiga jo'natadi. Abu Bakr Shibliyni xalifa izzat-ikrom bilan kutib oladi, yonidan joy ko'rsatadi. Hashamatli saroyda bazm boshlanib, dasturxonga  nozu ne'matlar, nodir ichimliklar tortiladi, go'zal raqqosalar xirom aylab, g'amzai-karashmalar bilan bazmni qizdiradi. Dam olish soatida Shibliyni yumshoq ko'rpa-to'shaklar yozilgan xobgohga kuzatib qo'yishadi. Shibliy to'shakka cho'zilgach, boshi ustida nozik iplarda omonat turgan keskir qilichga ko'zi tushadi. Iplar shunchalik omonat ediki, har daqiqada uzilib tushib Shibliynining boshini kesib ketishi xavfi bor edi. Shibliy tunni xavotir va bedorlikda o'tkazadi. Ertalab xalifadan ruxsat so'rab ustozining yoniga yo'l oladi.

-Xo'sh, saroyda nimalarni ko'rding? -so'raydi Shayx Junayd undan.

-Qilich domida turgan foniy dunyo lazzatini ko'rdim, -javob beradi Shibliy.

-Xalifa o'z boshi ustida hamisha ana shu keskir qilich xavfini his qilib yashaydi. Nogahoniy o'lim har soniyada keskir qilichday umriga xotima yasashi mumkinligini anglaydi. Shuning uchun uning boshqa podsholardan farqi-xalifa foniy dunyo lazzatini o'z o'limini anglashda deb tushunadi, hamma narsadan ogohdir va shu tufayli xalqiga zulm qilmaydi. Buni hamma anglab yetganda edi, dunyoda insof va adolat ustivor bo'lur edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.