OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Chiq deyappan! (hajviya)

Respublika markaziy kanalizatsiyalar vazirligi mahalliy boshqarmasiga Ahmad ikkalamiz Tohirni izlab borsak, u yo’q, qator qo’yilgan uchta stolning birida kalta sochlari jayranikidek tikka,  ko’ziga ko’zoynak taqqan bir nusxa o’tirgan ekan. Salom berdim. U menga boshini ko’tarib bir qaradi-yu, yana ishlayverdi. Salomga alik olmaganligi jig’imga tegdi. Tohir o’tiradigan stolga o’tib, chekishga sigaret bormi, deya atayin tortmalarini taraqlatib ochib yopa  boshladim. Shunda haligi nusxa ko’zoynagini ko’tarib menga qarab:
–Sizda o’zi etika bormi?-dedi.
–Tushunmadim,-tushunmaslikka oldim o’zimni.
–Sizda o’zi etika bormi?!-qo’lidagi ruchkani stolga “taq” etib qo’yib, o’rnidan turib baqirdi nusxa menga.
–Etik... menda yo’q. Sizda bormi?- Ahmadga yuzlandim.
–Nima?-so’radi Ahmad.
–Bu kishi etik so’rayaptilar.
–Menda etik nima qiladi?!-dedi Ahmad. Sahna ko’rinishining kulminatsion nuqtasi shundan keyin boshlandi. Haligi odam o’rnidan titrab-qaqshab turib:
-Tohirning hamma tanishlari shunday qo’pol! Chiqib ket bu yerdan, -deya eshikka ko’rsatkich barmog'ini bigiz qilib, baqirib yubordi. Men ham o’rnimdan turib, qo’lim bilan eshikni ko’rsatib, bor ovozim bilan unga:
–o’zing chiq!-deya baqirdim. Haligi nusxa bunaqa javob bo’lishini xayoliga keltirmagan ekanmi, sarosimaga tushib qoldi, keyin yana baqirdi:
–Chiq deyappan!
–o’zing chiq deyappan!
–Hozir melisani chaqiraman!!
U shunday deya shiddat bilan chiqib ketdi,  bir zumda bo’limning uchta xodimini boshlab keldi.
–Mana shu, -dedi meni ko’rsatib, 
–Falonchibey, nega bu musichaday beozor odamni ranjitayapsiz?-deyishdi xodimlar.
–Ranjitganim yo’q, bu kishi etik so’radi, men yo’q dedim xolos,-dedim ularga...
 Bir kuni o’sha nusxani direktsiyada ko’rib  qoldim. Ismi sharifi Abram Yormatov ekan. Yugurib kelib, men bilan juda muloyim ko’rishib qo’ydi.
–Etik qalay,-so’radim ataylab.
–Ha, yaxshi-yaxshi, -kulib javob berdi u.
 Oradan yillar o’tib, falakning gardishi bilan Abram Yormatov men ishlayotgan korxonaga rais o’rinbosari bo’lib kelib qoldi. Ko’rishdik.
–Haliyam shu yerdamisiz?-dedi u beozor iljayib.
-Hozircha,-dedim basharamga yasama tabassum ifodasini qo’ndirib.  
Navbatdagi yig’ilishda Abram Yormatov vaqtni o’tkazmay hujum boshladi. Etik masalasi yodidan chiqmagan ekan shekilli, menga ishyoqmas, mahmadana deya tashxis qo’ydi. Uning gapiga e’tiroz bildirdim.
–Mahmadanalik qilmang,-dedi u.
–Haqorat qilmang,-dedim men.
–Kabinetdan chiqib keting,-dedi u.
–Haddingizdan oshmang!-dedim o’jarlik bilan.
–Chiqib ket deyappan,-dedi u.
–Sansirama,-dedim o’tirgan joyimda.
–Hozir melisa chaqiraman,- u telefon trubkasiga yopishdi.
Melisa keldi. Abram Yormatov meni ko’rsatib:
–Buning hujjatini olib, korxonadan chiqarib yuboring,-dedi. Bu paytda yig’ilish tugab, hamma tarqalayotgan edi. Melisa yetovida chiqdim.
–Ikkinchi xonamga kirma,-orqamdan baqirib qoldi Abram Yormatov.
–Xonang oldin, o’zing keyin,-dedim...
Ancha yillar o’tib yana Abram Yormatovni uchratib qoldim birovning to’yida. o’sha-o’sha tavoze’, o’sha-o’sha muloyimxunuklik, o’sha jayra soch... Hamma bilan bosh ko’tarmay qo’shqo’llab ko’rishib kelyapti...Navbat menga kelganida uning ikki qo’li havoda muallaq qoldi...
–Qoch deyappan,-ataylab baqirdim.-Tort iflos qo’lingni!-dedim. Abram Yormatov boshini ko’tarib, o’sha xiyol yasama tabassum bilan menga qaradi. Qaradi-yu, gap nimadaligini darhol tushundi. Alfahm-da! Keyin hech narsa bo’lmaganday, navbatdagi odamlar bilan ko’rishib ketaverdi...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.