OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Uylanish (hajviya)

Odam bolasi tug'iladi, voyaga yetadi, hamma narsaga havas qiladi, orzulari olamga sig'maydi, uylanadi, bolalarim deb yuguradi, quyosh sharqdan chiqib g'arbga botganiday, xuddi shunday  tashvishlarni zurriyodlariga qoldirib etagini silkib ketivoradi. Bolalar ham otasi qilgan xatoni takrorlayveradi. Xo'sh, xato nimada? Hamma xato uylanishda. Uylanishning nimasi yomon, deb o'ylashingiz turgan gap. Uylanish zo'r! Qani endi har kuni uylansang! Lekin hamma dardisarliklar uylanishdan keyin boshlanadi. Bugun yana kech keldingiz, qayerda edingiz, topgan pulingizning hammasini onangizga berasiz, degan o'tmas arra bilan kelin bola har kuni umringni mayda-mayda qilib arralayveradi. Avval orqangga mahkam o'rnashib oladi, bola tug'ilganidan keyin yelkangga chiqadi. Bolalar ulg'aygandan keyin xavfli dushmanga aylanadi-boshingga chiqib oladi. Ana shu momentgacha qochsang qochib qolding, bo'lmasa oyog'ingni oldinga qilib uning og'aynilari ko'tarib ketishadi. Go'ringda ham tinch yotmaysan, uch kungacha yana qaytib chiqmadimikan, deb har kuni erta saharda bir xabar olib qo'yadi. Xullas, xotindan qutulish qiyin og'ayni. Buni og'ir operatsiyaga qiyos qiladigan bo'lsak, unda yuzta bemordan bittasi tirik chiqsa, bu holatda yuztadan bittasi tirik qoladi. Qolgan 99 tasi bunday yashashdan ko'ra o'limini bo'yniga olib qo'yaqoladi.

Endi, xotinsiz yashash undan-da qiyin. Choy qo'y, ovqat pishir, kirni yuv, bolaga qara, molga qara, tovuqni quv, bunaqa hayda-haydalarga xotin kishi chidamasa, erkak chidamaydi. Xotin javrab-javrab hamma ishni bir boshdan saranjom qilaveradi, oxiri joniga tekkach, erkakni ham birato'la saranjom qilib qo'yaqoladi. Shuning uchun xotini bilan ehtiyot bo'lib muomila qiladiganlar uzoq yashaydi. Xotin o'lib ketadi, muloyimxunuk erkak hech nima bo'lmaganday yashayveradi. Nomard! Mard bo'lsang, xotiningdan oldinroq ketar eding-da! Bu yetmaganiday, shartta boshqa bittasiga uylanib oladi. Yoqmasa, bir oydan keyin uni haydab yana uylanadi. Keyin nosvoyga o'rganganday har oyda bir uylanishga o'rganib qoladi. Yaxshi-da, uylanadi-haydaydi, qalin puli berib o'tirmaydi. O'zi keldi yor-yor, o'zi ketdi yor-yor!

 Shariatda beva qolgan otadan farzand uch marta uylanishga ra'yini so'raydi. Rozi bo'lsa, uni uylantirish farzand uchun farz. Lekin hayotda bunaqasi kamdan-kam bo'ladi. Beva ota uylanaman, desa, dastlab kelin to'ng'illay boshlaydi. "O'zi bir oyog'i go'rda-yu, uning ko'nglini qarang! Otangiz uylansa, uyga o'gay enangiz xo'jayinlik qilib oladi! Siz shuni istayapsizmi?" Keyin o'g'il ishga kirishadi: "Ota, shu, uylanmasangiz bo'lmaydimi, keliningiz qarayapti, sakkizta nevarangiz qarayapti, shuning o'zi sizga yetmaydimi?" Kelin bilan nevaralar otaga qarab turaverishadi uydagi ortiqcha buyumday. Ota ham o'jar, osonlikcha keta qolmaydi. Keyin qizlar jajovlashib kelishadi: "Uyalmaysizmi ota, endi yetmishga kirib, enamdi arvoyini chirqiratib uylanishga? El nima deydi? Bizlar tirik ekanmiz, enamdi isi qolgan uyga begona ayolni yo'latib bo'pmiz! Juda chidolmayotgan bo'lsangiz o'sha ayolnikiga borib yashang, vassalom!" Ana shundan keyin bechora ota xotinidan oldinroq ketib qolmaganiga ming pushaymon qilib, qolgan umri armon bilan o'tadi. Lekin sezgan bo'lsangiz, bu yerda bitta nozik masala bor. Hamma jonkuyarlar otaning uyi o'gay enaning qo'liga o'tib ketishidan qo'rqishadi. Gap ana shunda!

Qalovini topsang, qor yog'adi, degan gap bor. Buning ham yo'li bor ekan. Qo'zivoy beva otasini totor xotinga uylantirib qo'ydi. Boshqa millat ayoli uyga ega chiqmaydi, da'vo ham qilib yurmaydi. Otasi bir oydan keyin uni haydab karisga uylandi. Keyin rusga, keyin nemisga..., bu yog'i ke-e-tdi. Ota keyingi paytda haftasiga bir uylanadigan odat chiqardi. Eshtishimcha, hozir farzandlar otaga chukcha kampir axtarib yurganmish. "Uylanmaganim faqat chukchadan qoldi, shunga  bir marta uylansam, keyin armonim yo'q", -deganmish ota.

Men orzu-havaslar ajinashamolida uchib yurgan paytlarimda avvaliga  qiz tanlagan bo'lsam, keyin ular meni xohlashmadi. Bu orada nomzodlikni himoya qildim, doktorlikni yozishga kirishdim. Soch fermer yagana qilgan g'o'zaday siyraklashib ketdi. Tanqaygan burunga qo'ndirilgan lupaga o'xshash ko'zoynak qirq yoshimda oltmish yashar cholning tusini berdi-qo'ydi. Qarindosh-urug'lar haligacha menga qiz tanlab holi-jonimga qo'yishmaydi. "Qo'y shu gajirligingni, -dedi tog'am. -o'qiyman, deb dunyodan so'qqabosh o'tib ketasanmi endi? Mana, Lenin o'qib-o'qib nima bo'ldi, go'rsiz-kafansiz qolib ketdi. Senga maslahatim, haliyam bo'lsa uylan, bitta zo'rini ko'z ostiga olib qo'yganman, xohlasang bo'ldi, tanishtirib qo'yaman." Bechora tog'am, yigirma yildan buyon yag'ir telpagi boshidan tushmaydi-yu, menga nasihat berganiga o'laymi? Sakkizta farzandning qaysi biriga yetkazishni bilmaydi. Ayniqsa xolam meni qistagani-qistagan. "Sani doktorliging manga kapeyka, -dedi xolam. -Opam bechorani ko'rsam, ichim achishadi. Yaxshilikcha uylansang-uylanding, bo'lmasa ishxonangga borib sharmandangni chiqaraman!" Shunaqa gaplardan oxiri zada bo'lib uylanishga rozilik berivordim. Mendan nima ketdi? Yo pan, yo propal! "Ana bu boshqa gap, -dedi xolam gapi kor qilganidan behad xursand bo'lib. -Kelin bo'lmish qiz topilmalar byurosida ishlaydi. Men uni ogohlantirib qo'yaman, ertaga borasan. Ammamning buzog'iga o'xshab so'ppayib qurug' borma, gul-pul sotib ol!" Umrimda gul ko'targan emasman, bu holat erish tuyulib, bir plitka shokolad sotib oldimda, shimimning cho'ntagiga solib qo'ydim. Keyin topilmalar byurosini izlab topdim. Chiroyli bir qiz xizmat ko'rsatayotgan ekan. Uni ko'rib "shu bo'lsa kerak", degan xayoldan yurak qurg'ur shirin gupillab urib ketdi.

-Nimani yo'qotdingiz, amaki? -degan savoldan o'zimga keldim.

-Taxminan... Topildi..., -dedim zo'rg'a tilim aylanmay.

-Topildixon opamnimi? - biyron-biyron sayradi qiz. -Ana, ichkari xonaga o'ting, sizni kutayaptilar.

Ayollarga bir gap etsa bo'ldi, butun dunyo birpasda xabardor bo'ladi-qo'yadi, o'yladim men. Ichkari xonaga o'tdim. Xonaga kirdim-u, stol yonida o'tirgan, bir hafta guldonda unutilib qoldirilgan guldek yuziga turli bo'yoqlar shlifovka qilingan, qulog'ida tillo halqa, har bir barmog'iga tilla uzuklar taqib olgan bir maxluqning o'tkir nigohlaridan o'zimni qaysi burchakka urishni bilmay qoldim. To'g'rirog'i, uning bir ko'zi jinoyatchini tutib olgan melisaday ko'zimga qadalib turgan bo'lsa, ikkinchi ko'zi shimimga qadalgan edi. Shosha-pisha shimimga qaradim. Hammasi joyida, hech joyim ochilib qolgani yo'q...

-Siz o'shami? - dabdurustdan savol tashladi maxluq. Aslida bu so'z bilan maxluqni ham haqorat qilayapman, maxluq undan chiroyliroq bo'lsa ajab emas, o'yladim men.

-Ha, o'shaman, -dedim nima deyishni bilmay.

-Sizni rosa maqtashgan edi, shartingiz ketib, patingiz qolibdiku, -dedi u ko'ngliga oladi, demay.

-Shuning uchun sizning oldingizga yuborishgan bo'lsa kerak-da,-dedim g'uldirab.

-Necha marta uylangansiz?

Otasi prokuror bo'lsa kerak, o'yladim men.

-Uylanishga vaqt bo'lgani yo'q, -jinoyat ustida qo'lga tushgan o'g'riday qizarib ketdim.

-Qizarmang, eng uylanmaganman, degan erkak kamida uchta xotinni qo'yvorib, to'rtinchisining ilinjida yurgan bo'ladi!

Yuzimdan reza-reza ter og'a boshladi.      

-Yo'g'-e, o'lay agar...

-Chekishga, otishga qalaysiz?

-Bo'lib turadi harqalay, otilganda tortiladi...

-Hali tortasiz hammi?

Bu tasqara bilan yashagandan ko'ra otilgan ma'qul, o'yladim men.

-Haligi... sigaret tortamiz...

-Atrofini ho'llab-a?

Nima uchun sigaretning atrofi ho'llanishi kerakligini tushunmadim. Har holda, suhbat sovib qolmasligi uchun unga savol tashladim.

-Biror joyni bitirgan bo'lsangiz kerak?

-Ha, bakaleyani tugatganman, magisturatsiyaga o'qimoqchi edim, adam diplomni o'zim sotib olib beraman, deb qo'ymadilar.

Bakaleya-bakalavrlik, magisturatsiya-magistratura bo'lsa kerak, o'yladim men.

-Kitob o'qishni yaxshi ko'rarkansiz? -yonidagi kitobga ishora qildim.

-Ha, Milliy taomlar kitobi mening jonu-dilim. Qachon bo'sh qolsam o'shani o'qiyveraman, o'qiyveraman...

-Ishga yo'llanma bilan kelgan bo'lsangiz kerak?

-Yoshligimda bir marta bozorda yo'qolib qolganman. Bir haftadan keyin topib olishgan. Shunga adam Taxminaxon ismimni Topildixon qo'yib olganlar. Keyin topilmalar idorasiga joylashtirib qo'ydilar.

O'shandan tom ketib, ko'z qiyshiq bo'lib qolgan ekan-da, o'yladim men. Qanday qilib bu yerdan qochib qolsam ekan?

-Men... endi boray... -deb eshik tomonga burilgan edim, tizzamga shilimshiq nam narsa urilganday bo'ldi.

-Voy, to'xtang, ha, degandan mani rozi bo'ldi, deb o'ylayapsizmi? Sizga tegadigan bo'lsam, shartlarim bor, -to'xtatdi Topildixon istig'no bilan chap ko'zini shimimga qadab. Keyin ko'zlari kosasidan chiqib ketgudek bo'lib, vajohat bilan baqirdi. -Voy-voy, shimingizdan allambalo og'ayapti!!!

Qarasam, shimning pochasidan jigarrang shilimshiq narsa sumalakday cho'zilib-cho'zilib patinkamga tushayapti. Cho'ntagimni changalladim. Issiqdan shokolad erib, qog'ozi qopti!

-Nima bu? -hayajonlanib baqirdi Topildixon.

-Bu..., bu..., jigarim, sizni ko'rib to'kilib ketdi, -dedim-u Topildixonning hay-haylashiga qaramay, tezlikni mingga qo'yib gazlab qoldim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.