OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Xo’ja Nasriddinning eshagi (hajviya)

Tarixda shunday chalkashliklar ko'pki, ba'zida savodi gullab ketgan muarrixlar bor baraka, deya uning o'rnini o'zlari to'qigan ertaklar bilan to'ldirib qo'yaqoladilar. Olam paydo bo'lganidan buyon tovuq oldin paydo bo'lganmi, tuxummi, degan azaliy bahslar hanuzgacha davom etadi. Xo'ja Nasriddinning qayerdan kelib chiqqanligi ham shunday bahstalab. Buxoroliklar: «Xo'ja Nasridden Labihovuzdan chig'gan, o'rda uni eshshagiga qo'yilgan haykali bo, nema qilasez man bilan o'rlashib-a, kerak bo'lsa, o'n ikkita mazoriniyam ko'rsataman», -desa, samarqandliklar: «Yox, Xoja Nasredden qo'shrabotdi qip-qizil o'zbagi bo'gon, vay soni eshshagi bilan bu yerga keleb qoganda ko'radike, hamma tamon bog'-charbog', dashtingdi yelkamdi chuquri ko'rsen, deb havli sotib ogon Dashtiso'xtadan. Sone Qizil jindidan o'ylangan, katta bobomning bobokalone Salohiddin Shamsher to'yiga nikoh qiyib qo'ygon, -deydi. -Registonda eshshagi kitob varaqlab turgon haykale bor edu, kitob qimmatroq ekanme, hozur bitta mehmonxonaning havlisida turibdu, oxi man bilaman-ku!». Ozarbayjonlar bunga qarshi: «Bah, Xoja Nesriddin esli bizim yurtdan, Bakida do'g'ulan, gechmishini go'tar!», -desa, turklar darhol: «Efendim, bizim bila chalishmang, Xoja Nasriddinbey Efendi go'ko'g'iz urug'ining turk millatinnan, mazari-da bizim yurtda!» -deb urib yengadi. Xullas, aytilgan gaplarning barisida jon borga o'xshaydi. Turklarda hatto Xo'ja Nasriddin nomli xalqaro jamg'arma bor. Ishonmay ko'ring-chi! Xo'ja bag'ri keng odam emasmi, kim uni bizniki, desa, to'g'ri, deb ketaveradi. Faqat u turklarda ancha mug'ambirroq bo'lsa, ozarlarda olg'irroq, bizda soddaroq ko'rinishda bo'ladi. Shuning uchun uni Nasriddin Afandi, deb yuritishadi. Afandi bolalarga: «Boringlar, narigi mahallada yong'oq ulashishayapti», -deydi-yu ularning orqasidan, rostdan yong'oq berishayotgan bo'lsa-ya, deya yugurib ketaveradi. 

Afandi o'limidan oldin bolalarini chaqirib: «Shunday qilinglarki, mozorimga kelgan dushmanlar mot bo'lsin», -deya vasiyat qilgan ekan. Farzandlari uni katta yo'l yog'asiga ko'mishib, qabri tepasiga katta qora marmartosh o'rnatishibdi. Keyin toshning eng tagiga mayda harflar bilan Afandi vasiyat qilgan so'zlarni yozdirishibdi. Tirikligida doim undan pand yeb yuradigan bir ig'vogar qabriston yonidan o'tib ketayotib, Afandining marmartoshdagi suratini ko'rib qopti. «Ha-a, enag'ar, oxiri sandan qutuldim-a, qani ko'ray-chi, o'shami-yo'qmi?» deb mozor tepasiga boripti. Qarasa, toshning eng pastida qandaydir yozuv bor. Ikki bukilib, o'qib ko'rsa, «Buncha to'nqayib olib o'rta barmog'imni ko'rmoqchimisan?» -deb yozilgan ekan...

 Qishloqda o'g'riliklar ko'payib ketganidan Afandi har kuni yarim tunda og'ilxonadan xabar olar ekan. Bir kuni odatdagiday qora chiroq bilan molxonaga kirsa, eshshagining yonida qip-qizil komsomol bileti yotganmish. Olib qarasa, o'g'liniki. «Obbo ota o'g'il-ey, tuppa-tuzuk dastyor bo'lib qopti», -xursand bo'lipti ota. Ertalab o'g'liga komsomol biletini qaytarayotib: «Kechasi og'ilga kirganingda kamsamol belatingni uyga tashlab bor bachem, mollar belatsiz ham sani taniydi, xaymi?» -deya nasihat qilgan ekan.

Ana shunaqa bizning Afandi. Hazillari paxtavon o'qday bo'lsa ham, bexato uradi. Xo'p keling, Xo'ja Nasriddinning qayerdanligini aniqladik, deylik. Lekin uning eshshagi qayerlik bo'lgan, degan tabiiy savol tug'iladi. Xo'ja Nasriddin faqat eshshak minib yurgan, ot minmagan. Xo'sh, nimaga ot minmagan? Chunki eshshagi gapga tushunadigan bo'lgan. Afandi uning ustida o'tirib bemalol uzunqulog'i bilan maslahatlashib ketavergan. Otda esa buning iloji yo'q. Aslida eshshakning kelib chiqish tarixini bir kitob qilib yozsa arziydi. Har xil maza-bemaza narsalarni chiqargandan ko'ra shu yaxshi-da! Buning ustiga o'lguday mehnatkash, farosati bo'lmasa ham ishni do'ndirib qo'yadi. Nimaga moshinalarni eshshak kuchi bilan emas, ot kuchi bilan hisoblashgan, shunga hayronsan. Eshshakka hurmat shumi?

Tarixchilarning tadqiqotlariga qaraganda 17 tilda bemalol gaplasha olgan ispaniyalik Xristofor Kolumb yangi qit'ani kashf etish uchun dengiz safariga chiqib, yalang'och odamlar mamlakatiga borib qoladi. Ularning rangi-ro'yiga qarab, Hindistonning bir tomonidan chiqib qoppiz, deb taxmin qilgan Kolumb yalang'och odamlarni hindilar, deb nomlaydi. Ular aslida qizil tanlilar bo'lib chiqadi. Kolumb qizil tanlilarga «Bunday yursalaring, uyat bo'ladi», -deya avratini yopishga mato beradi, madaniyatni o'rgatadi. Hindilar esa Kolumbga minnatdorchilik ramzi sifatida eshshak hadya etishadi. Ana o'shandan eshshaklar avval Ispaniyaga, Kichik Osiyoga, keyin butun dunyoga tarqalgan. Tarixchilarning qat'iy xulosasi shuki, Xo'ja Nasriddinning o'zi asli shu yerlik, eshshagi amerikalik bo'lgan. Buning dalili, Amerikada eshshak-demokratlar partiyasining faxriy ramzi hisoblanadi. Yaqinda demokratlar partiyasi tomonidan Jon Kerrining prezidentlikka nomzodini qo'llab-quvvatlash uchun o'tkazilgan yig'ilishga Jorjiya shtatidan Svifti nomli toza naslli eshshakni delegat qilib,  bir yarim ming chaqirim yo'ldan Boston shtatiga olib kelishganida, politsiyachilar uni ichkariga qo'yishmapti. «Ichkarida shundoq ham delegatlar ko'p, nima qilasizlar jonivorni qiynab?» -deya eshshakni mahalliy hayvonot bog'iga joylashtirib qo'yishipti. Endi eshshaklar partiyasi delegatlari bu yerda bemalol Svifti bilan muloqotda bo'lishayotgan emish... Bizda bunday partiya tuzishga hojat yo'q, shundoq ham partiyalar tiqilib yotipti. Ikkinchidan, mabodo shunday partiya tuziladigan bo'lsa, hamma uning safiga o'tib ketishi xavfi ham bor. Biz esa bunga tayyor emasmiz. Hozircha demokratlar Amerikada, eshshaklar bizda javlon urib turgani ma'qul. Xo'ja Nasriddinga kelsak, uning eshshagi shunday ulug' yurtdan ekanligi bizda faxr tuyg'usini uyg'otadi.  

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.