OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ktam Mirzayor. Or (hikoya)

Nurboyga bu ismni rahmatli otasi Xolboy buva qo‘ygan. U bo‘y torta boshlagan to‘ng‘ichining boshini silab, bot-bot: “Bor umidim sendan, bolam, men bu dunyoda yakkayu yolg‘iz o‘sdim, yolg‘izlik qursin, ukalaringga, singillaringga bosh bo‘l, do‘stu yorlaringdan ayrilma”, der edi.
Xolboy buva sakkiz o‘g‘il, ikki qizga otalik qildi. Saksondan oshib, to‘qson bilan to‘qnashib, bu dunyodan rozi ketdi.
Nurboy otasi orzu qilgandek odam bo‘ldi. Ammo, uning aytganlarini ko‘ngildagidek amalga oshirolmayotganidan goh-goh dili xufton tortardi. U qavmlaridan yiroqda yashaydi. Chekiga el-yurt xizmati tushgan. Ukalari yolg‘izlatishmaydi-yu ammo, kindik qoni to‘kilgan qishloq sog‘inchi dilini har zamonda o‘rtab yuborgudek bo‘ladi.
Nurboy peshonasiga tang‘ilgan ko‘zoynagini yana qanshariga tushirib, qo‘lidagi to‘yxatga tikildi. Sinfdosh do‘sti Sarvarning: “O‘g‘limning to‘yini ataylab sen uchun shanba kuniga ko‘chirdim, kutaman, birinchi to‘yim-a?!” degan so‘zlarini esladi. Sarvar uch qizdan so‘ng, endi o‘g‘il ko‘rishi edi. Bunaqa kunda qiyomatli do‘sti yonida turmasa bo‘lmaydi, albatta.
Belgilangan kuni sovg‘a-salomni quyuq qilib, ukasi Muhiddin hamrohligida to‘yxonaga kirib bordi. “Qamishdan bel bog‘lab”, xizmat qilib yurgan sinfdosh do‘stlari quchoq ochib chiqishdi. Nurboy bilan qo‘l olib so‘rashgani kelib-ketuvchilarning keti uzilmasdi. So‘zga chiqqanlar ham to‘y egasi qolib, “Davramizda ishtirok etayotgan, Oltinbuloqda tug‘ilib o‘sib, katta shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan, hamma uchun hurmatli Nurboy Xolboevich...” bilan faxrlanishga tushdi. Nurboy o‘zini noqulay seza boshladi. Uni tanimagan, boshqa stolda o‘tirgan qishloqdoshlari bo‘y cho‘zib, qarashdi. Nihoyat, o‘rtakash uni davraga chorladi.
Nurboy qilichday yigit. Siyrak, qizg‘ish sochi did bilan pardozlangan. Mikrafonni olib, bir dam sukut saqladi. U xuddi qo‘shiq kuylashga chog‘lanib turgan hofizga o‘xshardi. G‘ala-g‘ovur bosildi. Nurboy qora-qura bola ko‘targan ayollar, tanish-notanish chehralarning o‘ziga tikilib turganini ko‘rib, andak hayajonlandi. Birinchi marta hamqishloqlari bilan shunday yuzma-yuz turishi edi. Shu dam uning miyasida turli fikrlar g‘ujg‘on o‘ynar, so‘zamolgina bo‘lishiga qaramay, gapni nimadan boshlashni o‘ylardi. Balandparvoz gaplarning mavridi emas. Shu bois, to‘y sabab qishloqdoshlari bilan ham yuz ko‘rishganidan mamnunligini aytib, to‘y egalarini tabrikladi. Keyin beixtiyor: “Men sizlarni judayam sog‘inganman”, deb yubordi. Joyiga borib o‘tirgunicha: “Sal oshirib yubordimov, ko‘ngilchanligim hech qolmadi-da”, deb o‘yladi. Sarvar xotini Mohigul bilan kelib, uning egniga to‘n yopdi. Mohigul: “Farzandim ham sizga o‘xshab yursin, iloyim”, deb yelkasini silaganida Nurboyning ko‘ngli yana bir yumshadi. Hatto, ko‘zidan yosh qalqdi.
Keyin, keyin hammasi o‘z izmiga tushib ketdi. Halidan beri yaqinlashishga tortinib turgan, o‘zidan bir-ikki yosh kichik, bir paytlar to‘p tepishib o‘sganlar ham Nurboy o‘tirgan davraga birin-ketin kelib qo‘shila boshladi.
Suhbat mavzusi bitta: “Nurboy – qishloqning faxri. Ko‘pchilik uni bolalariga o‘rnak qilib ko‘rsatadi”. To‘y boshlangandan beri sinfdoshi Ahmad sariq shu haqda gapiradi:
— O‘g‘limga doim Nurboy amakingga o‘xshagin, deyman, o‘qi, odam bo‘l, deyman. Bo‘lmasin, ko‘rsataman.
— Men ham bolalarimga shunday deyman, — dedi Tojivoy, Ahmad sariqning gapini ilib olib. — O‘rtancham har kuni qornini yerga berib, kitob o‘qigani-o‘qigan. O‘qishga borib qolsa, qo‘llab yuborasiz-da, aka!
— Qo‘limdan kelganicha... xo‘p-xo‘p..., — deydi Nurboy mulozamatlardan iymanib.
Bir-ikki piyola qadah ko‘tarilgach, uni mehmon qilmoqchi bo‘lganlarning soni ko‘paya boshladi. “Bir piyola choy” masalasi to‘y oxirigacha og‘izdan tushmadi.
— Do‘stim, — dedi Ahmad sariq, atrofidagilarni baravariga ko‘rsatib, — bularning hamma gapi bekor, bu qishloqda men nima desam, shu bo‘ladi. Keliningizga aytib, ertalab bir tandir kadi pichak yoptiraman, shundan to‘rttaginasini zig‘ir moyga bulab-bulab yeysiz, tamom. Men bilaman, shaharning taomi ichaklaringizni quritib yuborgan.
— Tan olish kerak aka, taomda xislat ko‘p, men ham zig‘ir moyga yumshoqqina g‘ilbindi qildirib qo‘yaman, yo‘q, demang, — dedi Tojiboy ham bilag‘onlik qilib. Nurboy do‘stlarining iltifotidan xursandligini yashirmay: “Rahmat, rahmat“, deb qo‘yadi.
Xullas, ertaga soat to‘qqizda Ahmad sariqning uyida kadi pichak, undan so‘ng Tojivoynikida yumshoqqina g‘ilbindi, tushda Hakimjonnikida patir bilan qaynatma sho‘rva ichiladigan, undan keyin kimdir mahalla guzaridagi hovuz bo‘yida tandirkabob qildirib kutadigan bo‘ldi.
Tarvaqaylab ketgan jonoqi olma daraxti ostidagi temir karavotda ko‘rpaga burkanib yotgan Nurboy uyg‘onganda poyonsiz osmonda Zuhro yulduzi qadrdon ota uyini tark etayotgan qizdek ma’yus edi. Nurboy picha osmonga qarab yotdi. Boshqa yulduzlar allaqachon ketib bo‘lishgan edi. Samoga tikilib yotmaganiga ham ancha bo‘lgan. Huzur qildi. Shunday kunlarni Nurboy anchadan beri qo‘msardi.
Hozir onaizori hayot bo‘lganida, darhol yoniga kelib, oppoq doka ro‘molini engagi osha yelkasiga tashlab: “Nurbekjon, sovqotib qolmadingizmi, bolam”, degan, otasi esa karavot chetida o‘tirib, miriqib uxlayotgan o‘g‘liga mehr bilan tikilib turgan bo‘lardi. Afsus, endi ular yo‘q.
Nurboy kelin-kelvatlar hovliga chiqishga iymanib o‘tirmasin, deb o‘rnidan turdi. To‘shaklarni yig‘ishtirgan kishi bo‘ldi. Yuvindi, tarandi. Kelishilgan ziyofatlarga qadar, ota-onasi qabrini ziyorat qilish dilidan o‘tdi. Oftob nurlari Qoratog‘ning ko‘z ilg‘amas qirlari osha yoyila boshlagandi. Yantoq qoplagan qabristonga kirib bo‘lmasdi. U ota-onasi mozoriga yo‘l izladi. Tizza, poychalari tikonlar zahridan achishib ketdi. Guyo ota-onasining ruhi Nurboydan yuz o‘girgandek, uning ziyorat qilishini istamayotgandek edi. Nurboy ezildi. Hatto shop mo‘ylovi buralib-buralib, naq qulog‘igacha o‘sib borgan Abdurayim qassob bir necha qadam narida, yantoq iskanjasida qolgan qabr toshidagi suratidan unga ta’na qilib qarayotgandek edi. Nariroqda yana boshqasi.... Nurboy ko‘zida yosh, dili o‘ksib, qabriston etagida biroz serrayib turdi. Shuncha yo‘l bosib kelib, ota-onasining mozorini ziyorat qila olmay ketishi tasavvuriga sig‘masdi.
U atrofiga nazar tashladi. So‘qmoqni kavul, chaqirtikanak, eshakmiya kabi o‘t-o‘lanlar qoplab yotardi. Biror qo‘lga olishga arzigulik cho‘p ham topa olmagach, cho‘ntagiga qo‘l tiqdi. Did bilan buklangan dastro‘molini oldi. Xushbuy atir hidi gurkirab ketdi. U egilib, oyog‘i ostidagi yantoqning tubidan dastro‘moli bilan ushlab tortdi. Qabristonning yumshoq tuprog‘i yantoqni osongina qo‘yib yubordi. Nurboyning dili yorishdi. Hafsala bilan ikkinchi, uchinchi tupga qo‘l urdi. Shu zaylda ishga tushib ketdi. Ayni chog‘da dilidagi og‘riq tikonlar zahridan ham kuchliroq edi.
Bir soat nari-berisida ota-onasi qabri yoniga amallab yetib bordi. Tiz cho‘kdi. Otasining bosh tomonidan bir hovuch tuproq olib yuziga bosdi.
— Kechiring otajon, enajon meni kechiring, — dedi bulk-bulk ko‘z yosh to‘kib. Xayolan ular bilan suhbatlashgan bo‘ldi. Olti yil o‘tibdi. Xo‘rsindi, bilganicha fotiha suralaridan o‘qidi. O‘rnidan turib, qabrlarni o‘t o‘lanlardan tozaladi. Ko‘zi Toshbuvi xolasining qabriga tushdi. Onasining yonida. Go‘yo, ikki opa-singil bolalikdagidek bir ko‘rpada qator, do‘ppayib yotishardi.
Eh, qanday kunlar edi-ya! Quvnoq, xushchaqchaq xolasining cho‘ntagida hamisha Nurboyga atalgan biror shirinlik bo‘lardi....
Nurboy xolasining qabridagi giyohlarga qo‘l cho‘zdi.

* * *

Ahmad sariq kun yoyilmasdan o‘g‘lini yuboribdi. Muhiddin: “Hozir, Nurboy amaking sayrga chiqqan chog‘i, qaytib kelsin, birga o‘tamiz”, dedi. Biror soat o‘tar-o‘tmas, Ahmad sariqning o‘zi hovliqib eshikda paydo bo‘ldi:
— Oshnam tushmagur hammamizni nomusga qo‘yibdi-ku, uka! Kim, degan odam bo‘ldik, endi-a?
— Ha, Ahmad aka, tinchlikmi, o‘zi? Akam, sizni nomusga qoldiradigan nima ish qipti?
— Ey, — u qo‘l siltadi, — yur bu yoqqa, o‘z ko‘zing bilan ko‘r, — u Muhiddinni imlab, o‘zi keta boshladi.
Yo‘l-yo‘lakay, qo‘ni-qo‘shnilarning eshigiga bosh suqib, odam bo‘lsa bo‘lmasa bo‘kirdi: — Chiq hammang, joning boring, chiq! Hamma qabristonga hasharga borsin, hamma!
Muhiddin duch kelgan odamni hasharga undab, bir-birlaringga “ovoza qilinglar”, deb halloslab borayotgan Ahmad sariqning ortidan lo‘killab yetib oldi:
— Nima bo‘pti, o‘zi?! Tushuntiribroq gapiring, tinchlikmi?!- dedi hovliqib.
— Tinchlikka, tinchlikku-ya! Oshnam indamay, turib butun bir qishloqning yuziga shapaloq uribdi-da, uka! Uyatga qoldik, uyatga! Bir og‘iz shu ishni qilish kerak, deb zadaniya bersa, o‘zimiz bajarib qo‘yardik... Bir o‘zi qabristonni tozalayotganmish! Tongda qo‘yini o‘tlatgani chiqqan Nayim chol dilimni xira qildi: “Xolboy buvaning vazir bo‘lgan o‘g‘li mozorda yantoq yulib yuribdi, or bormi senlarda o‘zi”, deb koyidi.
— Ko‘p kuyinmang, Ahmad aka, do‘stingiz ham o‘zingizga o‘xshagan odam-da, ko‘ngliga kelganini qilgan qo‘ygan! Siz bo‘lsa nima balolarni o‘ylab yuribsiz.
— Shu ishni o‘zimiz qilishimiz kerak edi-da! Dasturxon bo‘yida mard keladigan va’dabozlarga o‘xshab qoldik, uka!
Uning ko‘zlari tashvishdan kirtayib qolgan edi.
Haqiqatan ham qishloqda Ahmad sariqning gapi — gap. Oriyati qo‘zigancha bor. To‘ylarda davraboshi, uylangangayam, ajrashgangayam shu balogardon. Kecha, men ham kichkina odammasman, degan mazmunda Nurboyga maqtangani-chi... Mulzamligining sababi ham aslida shu...
Birpasda o‘n-o‘n besh odam birovi ketmon, birovi o‘roq, boshqasi panshaxa ko‘tarib, yetib keldi. Ahmad sariq hech kimga hech nima demadi. Faqat: “qabristonga tarqalib, tarqalib, har tomondan kirib boringlar”, — dedi va o‘zi ham ularning orasiga suqilib, darvozadan kira solib, yerga engashdi. Muhiddin ham bir tutam xashakni siqimlaganicha akasi yo‘l ochgan so‘qmoqdan u tomonga intildi.
Nurboy, egnidagi kostyumini otasining qabr toshiga ilib, astoydil ishga berilgan ekan. O‘nga yaqin qabrning atrofi tozalanibdi. G‘ala-g‘ovurni eshitib, boshini ko‘tardi. Ittifoqo, odamlar to‘rt tarafda ishga kirishgandi. Muhiddinning ortidan iymanib kelayotgan Ahmad yaltoqlandi:
— Hasharga sizni aytmovdik-ku, oshna!
— Ey, bugun hasharmidi? Juda yaxshi-da, mening ham hissam qo‘shiladigan bo‘libdi jo‘ra, — dedi Nurboy o‘t yuqi kaftlarini bir-biriga urib, jilmayganicha, so‘rashish uchun hozirlik ko‘rarkan. — Ishga berilib, vaqt o‘tganini ham sezmay qolibman.
Ahmad sariq Muhiddinga ma’nodor qaradi. U esa: “Mana, ko‘rdingizmi, akam unaqa odam emas”, degandek bosh qimirlatdi va tezgina ishga kirishdi.
— Begona qabrlarni tozalamasangiz ham bo‘lardi, egalarining burnini yerga bir ishqardim... — dedi Ahmad sariq do‘stini ayagan bo‘lib.
— Begonasi bormi, jo‘ra, hammasi qishloqdoshlarimiz-ku, ularning ruhi oldida qarzimiz katta. Qarang, qabriston ham shunchalik qarovsiz bo‘ladimi? Axir bu tuproq bag‘rida eng azizlarimiz yotibdi-ya!
Ahmad sariq gap topolmay qoldi. “Yaxshiyam atrofda hech kim yo‘q”, degandek, shoshib, tegrasiga o‘g‘rincha qarab oldi va aybdorona bo‘ynini qisib, yantoq yulishga kirishdi...
Qishloq tomondan to‘da-to‘da bo‘lib kelayotgan odamlarning qorasi ko‘rindi. Yetib kelganlar qabrlar boshida tilovat qilar, so‘ng yeng shimarib, ishga kirishardi. Hatto ayrim oqsoqollar: “Otangizga rahmat, Ahmadboy”, deb uni alqab o‘ta boshladilar. Ahmadni yana sarosima bosdi. Yalt etib do‘stiga qaradi:
— Ana, ko‘rdingizmi, jo‘ra, bu savobli ishga aslida siz sababchi. Odamlar esa meni olqashyapti. Bunisi endi oshiqcha yuk.
— Nega yuk bo‘lsin?
— Odamlar, bu hasharga Ahmad boshchilik qilyapti, deb o‘ylashganini aytayapman.
— Rostdan ham shunday-ku!
— Yo‘q, unday emas, bu yerdaligingizni, qilayotgan ishlaringizni eshitib, mulzam bo‘lganimdan odamlarni hasharga boshlab chiqdim. Bir og‘iz sha’ma qilmapsiz-da, tozalattirib qo‘yardim...
— Bu gaplarni qo‘ying, Ahmadboy, hammaning kelar joyi shu yer. U shunday dedi-da, o‘t yulishda davom etdi.
Ahmad sariq gap topolmay, pitirchilab qoldi. Birozdan so‘ng hasharchilarga yuzlanib hayqirdi:
— Xaloyiq, hamma qabrlar tozalanishi kerak, bu yerda begona qabr yo‘q! Seniki, meniki, degan gap bo‘lmasin! Hashardan keyin hovuzning bo‘yiga xudoyiga boringlar, — dedi hayajon bilan qo‘llarini harakatlantirib.
U ancha yengil tortgan edi.
— Ey, hali qo‘y ham so‘yarman, dersiz, — dedi Muhiddin akasi yulgan xashaklarni bir joyga to‘plar ekan kinoyaomuz.
— Tashvishlanmay qo‘ya qol, ukajon, ish tugagach, odamlarni boshlab o‘tsang bo‘ldi. Qo‘y emas, qo‘chqor so‘yaman.
Nurboy soddadil do‘stining yelkasidan quchib:
— Sarvar ham esdan chiqmasin, — dedi.
— Ko‘zingiz tushmabdi-da, oshna, Tojivoy ham, Hakimjon ham shu yerda, uyalganidan oldimizga keliyoshmadi xolos, — u odamlar tomonga ishora qildi. — Sarvarni esa hovuz bo‘yiga chaqirtiramiz.
Ikki o‘rtoq bir-birini boshlashib, qabristondan chiqishdi....

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.