OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Cho‘pon Vasil va uning farzandlari (hikoya)

1
Men ham bitta qo‘shiq aytay, quloq soling, gayduklar! Ammo ko‘z yosh to‘kmang sira, ko‘z yosh sizga yarashmas. Oyoq osti bo‘lgan yurtim sher gerbini taqqanda — mayli, yig‘lang, ko‘z yoshingiz Iskrday daryo bo‘lsin.

2
Chervenbregda cho‘pon Vasil yashar edi bir zamon. Kulbasi bor edi uning, farishtadek xotini, Tangri ato qilgan edi ularga yetti o‘g‘il, kattasining endigina mo‘ylovi nish urgandi.

3
Har o‘n kunda bir kelardi cho‘pon Vasil uyiga, bolala-rin bir-bir o‘pib sho‘rtang peshanasidan — gap so‘rardi xotinidan podsho Shishman singari:
— Xo‘sh, onasi, qani so‘yla, kim kirmadi so‘zingga? To‘polonda qaysi biri uzib ketdi yo‘g‘imda? Kenjatoying Asparuxmi, Nikolaymi, Ivanmi? Yo Yeftimmi — ezmachuruk, Yordanmi yo Gencho?!

4
Bolalarga bir-bir qarab, derdi shunda onasi:
— Yo‘g‘ingizda hech qaysisi to‘polon qilgani yo‘q. Kenjatoyim Asparux ham, Nikolay ham, Ivan ham, Yefim va Yordanu jingalak soch — Gencho ham, yo‘g‘ingizni bildir-madi, o‘tin yordi, yer chopdi...
Cho‘pon Vasil xursand bo‘lib, mo‘ylovini burardi va tonggacha bolalarga ertak so‘ylab berardi.

5
Bir kun tongda qishloq bo‘ylab noxush xabar tarqaldi: yovuz dushman lashkarlari bostirib kelmoqdamish! Qonsiragan yov galasi shamoldek yelmoqdamish!
Butun qishloq temir qo‘rg‘on bo‘ldi qosh qorayguncha, derazalar yopildi-yu, tanbalandi eshiklar. Bay Vasil ham shunday qildi, faqat ko‘cha tomonga ikki teshik ochib qo‘ydi — otish uchun dushmanni.
6
— Kelaver, yov kelavergin! Chervenbregda qo‘rqoqlar tug‘ilganmas! Kelaver, yov, kel, Muhammad ummati, qarg‘alarga yem bo‘lasan bu kecha!

7
Tongga qadar davom etdi tengsiz jang. Cherkov yondi, kulbalarning ko‘pchiligi kul bo‘ldi. Halok bo‘ldi Chervenbregning azamat o‘g‘lonlari! O’g‘lonlarki, har bittasi tog‘ni talqon qilgudek, o‘g‘lonlarki, har bittasi ulug‘ poshshodan ulug‘!

8
Bay Vasilning boshi qotdi, nima qilsin bechora?! Dushman zoti bas kelolmas uning merganligiga, lekin o‘klar ado bo‘ldi, o‘nta qoldi atigi! Bay Vasilning boshi qotdi, nima kilsin bechora? O’t qo‘ysinmi kulbasiga, qochsinmi yiroqlarga! O’t qo‘ysinmi uyiga u, yondirsinmi o‘zini, o‘t qo‘ysinmi uyiga u — halok bo‘lsin xotini, halok bo‘lsin tangri ato qilgan yetti farzandi. Halok bo‘lsin — Asparuxi, Nikolay va Ivani, halok bo‘lsin Yeftim, Iordan, shalpangquloq Genchosi! Bay Vasilning boshi qotdi, nima qilsin bechora!

9
Bitta o‘q ham ketdi shu top, bitta yovni yiqitdi.

10
To‘qqiz o‘qing qoldi, Vasil, dushman esa to‘qqiz ming, to‘qqiz o‘qing qoldi, Vasil, nima qilmoqchisan, ayt!

11
Bay Vasilning boshi qotdi, yuragi to‘ldi qonga, yashin kabi chaqnab ketdi birdan horg‘in ko‘zlari. Yetti marta o‘q uzdi u, yetti o‘g‘il yiqildi. Kenjatoyi Asparuxi, Nikolayi, Ivani, jingalak soch — Yeftim, Gencho barra mo‘ylovli Yordan... 

12
— Xotin, kechir, — dedi Vasil, — xotin, gunohimdan o‘t — yov qo‘lida bolalarim o‘lmasin deb o‘yladim. Yov qo‘lida men o‘zim ham o‘lishni istamayman! Mana senga miltiq, olgin, ikki dona qoldi o‘q, sen sevgan ko‘zlarimni yumib turay, ot meni, yuragimni mo‘ljallab ot, men otganday Genchoni, kenjatoying Asparuxu Nikolay va Ivanni, jingalak soch Yeftim bilan to‘ng‘iching Yordanni...

13
Qarsillaydi nogahon o‘q: uyni tutun qopladi, yana bitta o‘q uzildi... Va sukunat bosdi uyni, qabriston sukunati...
Dushman lashkarlari bostirib kirgan zamon — to‘qqiz o‘lik yotar edi bir-birini quchoqlab. Bay Vasilning lablarida o‘ynar edi tabassum, go‘yo derdi:
— So‘yla, xotin, kim kirmadi so‘zingga! Kenjatoying Asparuxmi, Nikolaymi, Ivanmi? Yo Yeftimmi — ezmachuruk, Yordanmi yo Gencho?

14
Gayduklarim, bosh irg‘amang, bu qo‘shiq — afsonamas, men ko‘rganman Bay Vasilni, sharobidan ichganman!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.