OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Ko‘prik (hikoya)

Qishloqqa hali olis edi. Ular ancha yurib qo‘yishganiga qaramay, uning qorasi ko‘rinmasdi. Atrof biydek dala. Odam zoti yo‘q. Iliq bahor nafasi ufurib turgan bo‘lsa ham, na yerda biror jonivor ko‘rinadi, na osmonda. Butun borliq hamon qish uyqusida. Faqat u yer-bu yerda shudgor qilingan kartalar chetida yosh yigitning soqolidek yakkam-dukkam turtib chiqib turgan mayin o‘t-o‘lan o‘lik cho‘lda hayot endi kurtak ota boshlaganidan darak berib turardi. Ammo bu o‘t-o‘lan ham olataroq, pastqam joylarda unayotganidan, ko‘zga tezda ilg‘anmas rangpar, dilcho‘kar cho‘l manzarasiga hali aytarlik quvonch keltirmagan, chumchuq bolasidek hali jish, qanot yozmagan edi.
Ko‘pi bilan bir-ikki haftadan so‘ng bu yerlar butunlay o‘zgarib ketishi, cho‘l beti kelinchak uyidek ming gullik turkman gilamlari, cho‘g‘dek qip-qizil palaklar bilan yasanib oli-shini yo‘lovchilar bilishardi. Lekin bilish boshqa, ko‘rish boshqa. Shuning uchun hozir ketma-ket og‘ir qadam tashlab borishar ekan, ikkalovi ham o‘z xayollari bilan band edi.
— Qorong‘iga qolib ketsak-a? — dedi bir mahal orqaroqda kelayotgan yosh yigit nimadandir xavotirlanib.
— Qo‘rqyapsanmi?! — so‘radi kinoya bilan sherigi.
— Yo‘g‘-e! — kulishga harakat qildi yigit va uyalinqirab sherigining ter yaltirab turgan yo‘g‘on, taram-taram gardaniga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
— Oz qoldi, — dedi sherigi va oldinda tuyaning o‘rkachidek sarg‘ayib turgan tepalikka ishora qildi. — Shu tepalikdan o‘tsak bo‘ldi, u yog‘i bir chaqirimcha...
Yigit indamadi. Ko‘nglida u sherigidan norozi edi. Ertalab shahardan chiqishayotganda hamma kam-ko‘stini to‘g‘rilab olmaydimi? Qanday shofyorki, olis yo‘l oldidan mashinasini bir ko‘zdan kechirmasa? Mashina ham aksiga olib biron gavjumroq joyda buzilmay, qoq cho‘lning o‘rtasida takqa to‘xtadi. Prokladka topishsa-ku, mayli, topishmasa nima bo‘ladi? Iigit shularni o‘ylar ekan, battar xunob bo‘lardi.
— Xunob bo‘lma!
Yigit cho‘chib tushdi. Sherigi go‘yo uning xayollarini uqib olganday gapirdi.
— Xunob bo‘lma, — dedi u yana. — Uyingga albatta bugun yetasan. Juda bo‘lmasa, bironta mashinaga o‘tqazib yuboraman.
Iigit qizarib ketdi va iljaydi.
— Xunob bo‘layotganim yo‘q.
— Foydasi yo‘q, — dedi sherigi. — Buning ustiga meni bilasan. Men bilan hech shunaqa bo‘lmasdi. Bilmadim, nima bo‘ldi? Qaridimmi, hayronman. Radiator to‘ladek ko‘ringan edi.
— Qishloqda prokladka topilarmikin? — so‘radi yigit iloji boricha muloyimlik bilan.
— Ha. Kolxoz garajida bo‘lishi kerak.
— Kelganmisiz?
— Uzoq yili qishda bir kun tunab ketganman shu qishloqda.
Yigit «Nega?» deb so‘ramadi, sherigining o‘zi ham aytmadi. U yigitni tinchitgan bo‘lsa ham, o‘zi tinch emas edi. U rostini gapirdi. Shu mahalgacha u bilan bunday xunuk voqea sodir bo‘lmagan edi. Urushdan qaytgandan beri shofyorlik qiladi, mashinasi doim egarlangan otdek har qanday olis yo‘lga shay turardi. Nima balo bo‘ldi bugun? Yo chindan ham qarib, esi kirdi-chikdi bo‘lib qoldimi? Agar shunday bo‘lsa ish chatoq, boshqa bir yengilroq ishga o‘tish kerak bo‘ladi. Anchadan beri garajning o‘zida ishlashni taklif qilib kelishyapti, shunga o‘tadimi?.. O’tsa, yaxshi emas, ko‘chaga o‘rgangan odam, bir joyda diqqinafas bo‘lib ketadi. U xo‘rsindi, keyin noxush fikrlarni haydash maqsadida, qoshigacha tushib turgan quloqchinini ko‘tarib, oldinga tikildi. Muzdek shabada gup etib ter bosgan peshonasiga urildi. U kafti bilan peshonasini sidirar ekan, yo‘lni mo‘ljalladi. Tepalikka oz qolibdi. Demak, yetishdi, degan gap. Bir soatlarda qaytishsa, qorong‘igacha trestga kirib borishadi.
— Kelib qoldik, — dedi u ovozini chiqarib.
— Yo‘lni yaxshi bilar ekansiz-a, Samad aka! — dedi yigit. — Adashmayapsiz. Bo‘lmasa, bir marta kelgansiz. Men topolmasdim.
Yigitning bu gapi uni quvontirdi.
— Ha, endi shofyor bo‘lgandan keyin yo‘l bilish kerak-da. Yo‘l bilmagan shofyor — shofyormi! Men shu paytgacha hech adashmaganman. Bir marta ko‘rdimmi, tamom, har qanday yo‘l miyamga press bo‘ladi-qoladi.
— Faqat shu prokladka chatoq bo‘ldi-da, — dedi yigit miyig‘ida kulib.
— Labbay?
— Zo‘r ekansiz, — dedi yigit baland ovoz bilan.
— Ha, endi tuzuk.
Ular tepalikka ko‘tarilishdi. Oldinda daraxtzor qorayib ko‘rindi.
— Aytmadimmi! — dedi Samad aka. — Mana shu o‘rikzorning orqasi qishloq. Endi tinchidingmi?
Yigit iljaydi. Yana yo‘lga tushishdi. Ko‘p o‘tmay tepalik orqada qolib ketdi. O’rikzorga yetay deb qolishganda, birdan oldilarida katta ariq ko‘rindi.
— Iy-e! — hayron bo‘ldi Samad aka. — Ariq yo‘q edi-ku?! Yigit kiftlarini uchirdi.
— Ariq yo‘q edi ilgari, — dedi yana Samad aka.
— Yangi qazishgandir-da, — dedi yigit parvosizlik bilan. — Bir yilda hozir shahar qurib yuborishyapti-ku!
Ular ariqqa yetib kelishdi. Bu — hatlab o‘tib bo‘lmaydigan, hayqirib suv oqayotgan rasmana kanal edi.
— Ha, durust, — dedi Samad aka loyqa suvga tikilib.— Endi bu yerlarni tanib bo‘lmay qoladi.
Yigit uning gapini eshitmadi. U atrofga olazarak bo‘lib qarardi.
— Samad aka dedi bir mahal. — Bundan qanday o‘tamiz?
— Labbay?
— Qanday o‘tamiz, deyapman, ko‘prik yo‘q-ku?! — dedi yigit.
— Darvoqe, — Samad aka kanalga yangitdan razm solib chiqdi. — Ko‘prik yo‘q. Yaqinda qazishibdi-da.
— Yaqinda qazishsa ham ko‘prik bo‘lishi kerak edi-ku, — dedi tashvishlanib yigit. — O’zlik-o‘zi qanday o‘tishadi?
— O’tishmaydi bu yerdan narigi yoqda yo‘l bor.
— Endi nima qilamiz?
— Xunob bo‘lma, — dedi Samad aka — Ilojini toparmiz. Sen o‘ngga yur, men chapga yuray. O’tadigan joy chiqib qolar...
— Ko‘rinib turibdi-ku, ko‘prik yo‘q, — dedi qizishib yigit.
— Ko‘raylik avval.
Yigit nimalarnidir g‘o‘ldiraganicha kanal yoqalab o‘ng tomonga ketdi. Samad aka ham yo‘lga tushdi. Yuz qadamcha yurdi. Ko‘prikdan asar yo‘q. Kechib o‘tishga to‘g‘ri keladi, Qaror qildi u. Shu top yigitning ovozi eshitildi:
— Bu yoqqa keling! Bu yerdan o‘tamiz!..
Samad aka orqasiga qayrildi. Yigitning oldiga kelganda kanal ustiga ko‘ndalang tushib yotgan daraxtni ko‘rdi. Kanalning bir yog‘i o‘pirilib, daraxtning qip-qizil ildizlari qovjirab yotardi. Samad aka uning qora tanasidan o‘rikligini bildi.
— Mana shuning ustidan o‘tsak bo‘ladi, — dedi yigit quvonch bilan.
U sherigining javobini kutmay, o‘rikning ustiga oyog‘ini qo‘ydi va dorbozdek qo‘llarini yozib, kanaldan o‘ta boshladi. O’rtaga yetganda, bir tomonga og‘ib, yiqilay dedi-yu, o‘zini ushlab oldi, keyin siltanib, kanalning narigi betiga sakradi.
— Qoyilmi? — yigit o‘zida yo‘q shod edi. — Samad aka!
Iigit sherigiga qaradi-yu, hayron bo‘lib qoldi. Samad aka, yo‘g‘onligi qo‘qon arava shotisidek o‘rikka ko‘zlarini tikkanicha, qimir etmas, moshkichiri mo‘ylovi, qalin, ajin bosgan lablari titrardi.
— Samad aka! — dedi yigit uning jim turganini o‘zicha tushunib. — Qo‘rqyapsizmi? Nega nidamaysiz?
Samad aka boshini ko‘tardi.
— Labbay, — dedi bo‘g‘iq ovozda.
— O’tmaysizmi?
— Hozir.
U shunday deb o‘rikka oyoq qo‘ydi. Lekin qo‘llarini yozmadi. Bitta-bitta qadam bosib, kanalning o‘rtasiga yetib keldi. Yigit uni kuzatar ekan, hozirgina undan kulganidan ichida achindi.
— Tuzuk ekansiz-ku! — dedi havas bilan.
Lekin shu payt kutilmagan hodisa yuz berdi. Samad aka to‘xtab qoldi. Ko‘zi tindi shekilli, boshini ko‘tardi, ammo bu foyda bermadi, tebrana boshladi. Qo‘llarini yozgan edi, muvozanatni yo‘qotdi va shalop etib suvga ag‘darildi.
— Samad aka! — qichqirib yubodi yigit va yugurib borib lapanglab qirg‘oqqa intilayotgan sherigining qo‘lidan torta boshladi.
Samad aka uning yordamida bir amallab qirg‘oqqa chiqqanida, hamma yog‘i jiqqa ho‘l, qo‘llari va tizzalari loy edi, plashining yenglari, etaklaridan sharillab loyqa suv oqardi. U o‘ziga boshdan-oyoq bir qarab chiqdi-da, ensasi qotib kulib qo‘ydi.
— Yechining! — buyurdi uning qimir etmay turganini ko‘rgan yigit.
Samad aka bosh qimirlatib, kanal labiga bordi, qo‘llarini yuvib, yechina boshladi. Uning baxtiga kun iliq, quyoshning botishiga hali ancha bor edi. U bitta ishtonda qolib, yigit bilan kiyimlarini siqib, yerga yoydi, keyin yigit yozib bergan yengil palto ustiga o‘tirib, og‘ir xo‘rsindi. Yana mo‘ylovi, lablari titray boshladi. Yigit uning bu avzoyini ko‘rib, qo‘rqib ketdi.
— Samad aka! Sizga nima bo‘ldi? — so‘radi u sherigining oldiga cho‘kkalab.
— Eslab ketdim... — dedi Samad aka.
— Nimani?
— Xuddi shunaqa ko‘prikni...
Samad aka jimib qoldi. Yigit hech narsaga tushunolmay, angrayib turardi.
— Papirosingdan ol, — dedi bir mahal Samad aka. Yigit hozirjavoblik bilan unga «Belomor» uzatdi, shoshib gugurt chaqdi. Samad aka papirosni ustma-ust qattiq tortib, og‘iz-burni aralash quyuq tutun chiqardi-da, dedi:
— Qirq ikkinchi yil edi. Qish. Bizni Ukrainaning Martovaya qishlog‘iga olib borishdi. Mudofaa chizig‘i shu yerdan o‘tardi. Sovuq qattiq. Tuplasang, tupuging qotadi, qor tizzaga chiqadi. Qishloqning yonidan Shimoliy Donetskning bir irmog‘i o‘tgan edi. Katta emas, shu kanaldek keladi, balki bundan kichikroq hamdir. Polkning xo‘jalik qismi shu irmoqning berigi tomonida, biz esa narigi tomonida joylashgan edik. Irmoq muzlab qolgan, beti qalin qor edi. Shuning uchun bemalol, istagan joyimizdan o‘tib yuraverardik. Fevralning oxirlarida kun, kutilmaganda, isib ketdi. Qor eriy boshladi. Lekin erigani qanday deysan, yer ustida bilinmaydi, shakarga o‘xshab yaltirardi. Faqat irmoqda bilinardi. Uch-to‘rt kun ichida uning o‘rtasida qora ipdek ingichka chiziq paydo bo‘ldi. Keyin kengayib, jildiragan suv ko‘rindi. O’tish xavfli bo‘lib qoldi. Xuddi boyagidek bironta ko‘prik-po‘prik bormikin, deb u yoq-bu yoqni tekshirdik. Biz turgan joyda yuz qadamcha narida kimdir irmoq ustiga ko‘ndalang tushib yotgan bir narsani ko‘rib qoldi. Bu xodami, taxtami, qor tagida bo‘lganidan bilib bo‘lmadi. Lekin baquvvat, ustiga chiqib bir-ikki tepdik. Ikki kishilab u yoqdan-bu  yoqqa o‘tib ko‘rdik. Yo‘q, baquvvat, sinmadi. Shu yerdan o‘tib turadigan bo‘ldik. Shu yerdan ovqat tashiy boshladik, shu yerdan muzni yorib, suv oladigan bo‘ldik. Lekin polkning otliq otryadi bor edi, shu otryadning otlaridan bittasi ham uning ustidan o‘tmadi. Qadam qo‘yadi-yu, o‘tmaydi. Ursang ham, so‘ksang ham o‘tmaydi. Bir qadam bosib to‘xtaydi, keyin tisarilib, yonidan sakrab o‘tadi. Albatta, bunga hech kim e’tibor bermadi, sababini keyin bildik...
— Nima ekan? — sabrsizlik bilan so‘radi yigit.
— Hozir, — dedi Samad aka va shoshmasdan zihigacha chekilgan papirosini yerga ezg‘ilib botirdi-da, gapida davom etdi:
— Bir kuni ovqat kechikib qoldi. Komandir meni chaqirib, xabar olib kelishni buyurdi. Yo‘lga tushdim. Irmoqqa yetib kelganimda, suv ichgim kelib qoldi. Chanqaganimdan emas, suvning tiniqligidan ichgim kelib ketdi. Ko‘prikchamizning o‘rtasiga kelib engashganimni bilaman, shalop etib, ko‘prik-po‘prik bilan suvga tushib ketdim. Belimgacha jiqqa ho‘l bo‘ldi. Lekin meni bu cho‘chitmadi, men ko‘priksiz qolishimizdan qo‘rkdim. Haqiqatan ham u oqib ketayotgan edi. Shaloplab ketidan chopdim, bir uchidan ushlab olib qirroqqa suraman, qani endi surilsa?! Muz-da, sirpanadi. Hay, bir amallab olib chiqdim. Shu payt yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Biz ko‘prik qilib yurgan narsa — odamning murdasi edi.
—Odamning murdasi?! — hayrat ichida so‘radi yigit.
Yigit seskanib ketdi.
— Odamning murdasi edi, — davom etdi Samad aka. — Dodlab yubordim. Darrov besh-olti soldat yugurib keldi. Nima bo‘ldi, deb so‘rashadi, javob berolmayman. Tishim-tishimga tegmay, dag‘-dag‘ titrayman. Nihoyat, o‘zimni tutib olib o‘likka ishora qildim. Hech kim avval hech narsa payqamadi, chunki murdaning hamma yog‘ini muz qoplagan, faqat oldinga chuzilgan qo‘llarining ko‘rsatkich barmoqlari muz ichidan chiqib turardi.
— Odam!.. Ko‘prik!.. — dedim zo‘rg‘a tilim tanglayimga yopishib.
— Qanaqa ko‘prik? Qanaqa odam? — hamon tushunmay so‘rashdi soldatlar.
— Anavi ko‘prik... odam ekan! — dedim men, keyin engashib o‘likning barmoqlarini ko‘rsatdim.
Shunda ularga hamma narsa ayon bo‘ldi.
— Olovga olib borish kerak, — maslahat kildi kimdir.
— Nima qilamiz hamma yoqni sasitib? — dedi yana kimdir.
— Sasisa ham odam-ku! — jerkib berdi boshqa bir soldat. — Qani, ko‘tarlaring!
Soldatlar murdani ko‘tarib ovqat pishiradigan arava yoniga olib borishdi. Darrov meni yerto‘laga tushirib yangitdan kiyintirishdi. Chiqqanimda, murdaning atrofi odamga to‘lib ketgan edi. Turtinib-surtinib o‘rtaga o‘tib oldim. Muzni eritishibdi. Murda yoshgina yigit ekan. Novcha, qirra burun, qora soch. U xuddi qattiq charchab yaqindagina uyquga ketgan odamni eslatardi. O’pkam to‘lib ketdi. Beixtiyor ko‘zimda paydo bo‘lgan yoshni yengim bilan berkitib artar ekanman, yig‘lab yubormaslik uchun, yonimdagilardan so‘radim:
— Biznikimi?
— Yoqasini ko‘rmayapsanmi?
Shundagina uning shineli yoqasidan serjantlik belgisini payqadim.
— Kim ekan?
— Bilib bo‘lmadi. Qog‘ozlari ivib ketibdi, — dedi yonimdagi soldatlardan biri.
O’sha kuni uning soqollarini qirib, beligacha qorayib ketgan yarador oyoqlarini yaxshilab o‘rab, qishloq chetidagi tepalikka ko‘mdik. Qabri yonida o‘ttiz kishi o‘n martadan o‘q uzdik. Unga bu ham kamlik qilardi. U faqat tirikligida emas, o‘lgandan keyin ham xizmat qildi, bizga ko‘prik bo‘ldi... Papirosdan ol!
Samad aka yana ustma-ust papiros tortib, jimib qoldi. Yigit ham jim edi. Uning yuzida qon qolmagan edi. Shu alfozda ular ancha o‘tirishdi.
— Unga nima bo‘lgan ekan? — nihoyat so‘radi yigit.
— Kim biladi, — dedi Samad aka o‘ylanib. — Urushda nimalar bo‘lmaydi?! Nazarimda, yarador bo‘lgan, ancha joygacha sudralib kelgan, holdan toyib, irmoqdan o‘tolmagan. Shunday qo‘llari qirg‘oqqa yetganu, joni uzilgan, muzlab qotib qolgan... Hay, ketdikmi?
Yigit javob bermadi. Samad aka o‘rnidan turib hali nam kiyimlarini kiydi. Yana papiros chekdi-da:
— Qani yur, — dedi va yigitning turishini kutmay, yo‘lga tushdi.
Yigit zo‘rg‘a qo‘zg‘aldi.
Ular ketma-ket og‘ir qadam tashlab borishar ekan, qosh qorayib, o‘rikzor orqasida miltillab chiroqlar ko‘rina boshlaganini ham, orqada, yo‘l ustida yuk ortilgan mashinalari qolib ketganini ham o‘ylashmas, ikkovining xayoli bir narsa bilan, noma’lum soldat bilan band edi.

1967
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.