OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rinboy Usmon. Qorachiq tubidagi mung (hikoya)

Agar yana bir zum, bor-yo‘g‘i bir zumgina suratga qarab tursa, ko‘ksini changallab yiqilishiga uning ko‘zi yetdi. Kulgi deganiyam shunchalik o‘tkir, shafqatsiz bo‘ladimi! Ko‘zlardan otilayotgan xanjar Erkinning o‘ng-so‘lida yaltirar, xanjardan uzilgan sirtmoq tomog‘iga yopishar, bo‘ynini ayovsiz qitiqlab, biroz chekinganday bo‘lardi-yu, «a» deyishlik vaqt o‘tmasdan yana qaytadan hujumga o‘tardi. Erkin xonaning qaysi tomoniga ko‘zini olib qochmasin, xanjar yashindek quvib yetardi. To‘rt tomon devor, shift, eshik, deraza, xonadagi katta-kichik narsalarning hammasiga yopishib olgan, kulayotgan ko‘zlar ta’qib etardi. Sassiz-ovozsiz kulgi shunchalik dahshatli bo‘ladimi-ya? Bundan ko‘ra quloqlarini qomatga keltirib, uzib-uzib olgudayin baqirib kulsa yaxshi emasmi?
Erkinning qo‘lidagi bo‘yoq cho‘tka titray-titray yerdan najot izladi. Tezroq ilojini topmasa bo‘lmaydi, yana bir lahzagina kechiksa, xanjar va sirtmoq sheriklashib olib, uni yerparchin qilishadi. Tezroq! Erkin qo‘liga ilashgan matoni surat ustiga yopdi. Sirtmoqni yig‘ishtirib olgan xanjar qop-qora mato ortiga yashirinar ekan, Erkin holsizlanib, liqildoq kursiga cho‘kdi.
Norozi g‘ijirlayotgan kursida besh daqiqa o‘tirdimi, o‘n daqiqami, o‘zining aftoda holidan g‘ashi kelgan Erkin peshonasiga ustma-ust shapatilab urdi-da, qora mato yopilgan rasmga qaramasdan o‘tishga urinib, xona burchagida qapishib yotgan suratlar tomon yetib oldi. Qidirgan rasmini osongina topdi. Boshdan-oyoq yarmi qorong‘ulikka kirib bo‘lgan odam ortidan soch-soqoli o‘sib ketgan, uzun choponi yerda sudralib borayotgan yigitning iltijo to‘la nigohi quvlardi. Yigitning ortida yam-yashil maysalar qoplagan yo‘l, ikki qadam ortda toshlar turtib chiqqan o‘nqir-cho‘nqirlik, oldinda taram-taram yorilgan cho‘l, bir qadam narida qumloq sahro yo‘li… Erkin ba’zan bu rasmni o‘zi chizganini ham unutgan holda unga soatlab termulib o‘tirardi. «Vaqti kelib bu surat seni dunyoga tanitadi. Yigitning ko‘zidagi iltijoning o‘zi bir olam. Har gal tomosha qilganimda bir o‘ylanaman: bu beg‘ubor nigohdagi iltijo nima uchun? U qorong‘ulikka singib borayotgan insonni to‘xtatmoqchimi? Yo yigit o‘zidan ancha oldinda borayotgan insonga yetib olish, u kabi zulmat qo‘ynidan nur, haqiqat qidirish uchun iltijo qilyaptimi? Balki… yo‘q, bu rasmni sharhlash og‘ir. Men inson ko‘zlarini, undagi ma’no, ifodani bunchalik ustalik, mahorat bilan chiza olmasdim. Esingdami, ko‘p rassomlar aynan inson ko‘zini tasvirlashdan cho‘chishadi, deganlarim?!»
Ustozining hayrat to‘la kӯzlari Erkinning yelkasidan tortib, yerda mung‘ayib yotgan bo‘yoq cho‘tka tomon yetakladi. Erkin bundan uch kun oldin, tashqarida yomg‘ir sim-sim yog‘ib turgan mahal boshlab qo‘ygan surati nusxasini qo‘liga oldi. Osmonni qora bulut qoplagan, oq ro‘molini tomog‘idan aylantirib tang‘ib olgan oltmish yoshlardagi ayol qo‘lida bir tutam yam-yashil ko‘kat, ko‘zlari kulib qarayotganday tuyulsa-da, qorachiqlarining tub-tubida og‘ir bir mung yashiringan…
 Erkin surat nusxasini chizib bo‘lar ekan, qorachiqlardagi mung so‘rog‘i nigohiga qadalib oldi. Qaerda ko‘rgan edi bu mungni? Balkim, hech qaerda, hech qachon ko‘rmagandir. Shunchaki xayol mahsulidir? Xayoliga kelgach, chizdi-qo‘ydi-da. Mung yashiringan qorachiqni o‘zi ifodalab, o‘zi undan qochishga panoh izlaydimi? Erkin ko‘zini qattiq yumgan ko‘yi bor narsani unutishga urinar ekan, to‘satdan g‘ira-shira manzara bostirib keldi-yu, haligacha yolg‘on tasalli izlab, o‘z-o‘zini aldayotganini tan oldi…
… Shahar o‘rtasidagi daryoga tutashib ketgan xiyobon. Hali barg yozishni xayoliga ham keltirmagan atirgul ko‘chatlari atrofini yam-yashil maysalar qoplagan. Osmonni egallab olgan qop-qora bulutlar qiytig‘idan sizayotgan bir tutam nur maysalar betini erkalab silaydi. Qo‘lida jimit pichoqcha tutgan, oq ro‘molini tomog‘idan o‘rab tang‘ib olgan ayol maysalarga ozor berishdan cho‘chigandayin ohista qadam qo‘yib, jag‘jag‘ terib, ipini yelkasiga tashlab olgan xaltachasiga avaylab solardi. Maysalar uzra engashganicha zo‘rg‘a zarur giyohni izlayotgan ayol besh-o‘n qadam narida to‘xtagan qop-qora «Mersedes»ga, undan tushib, o‘zi tomon yaqinlashib kelayotgan yigitga va ikki qadam tashlar-tashlamas, labini burgancha to‘xtagan juvonga e’tibor ham bermadi.
- Oyi, oyijonim-ey, izlamagan joyim qolmadi-ya. Bir og‘izgina aytib ketsangiz bo‘lmaydimi-ya! Uyqudan turib xonangizdan chiqib qolarsiz, deb qancha poyladim. Yo‘qsiz. Tong saharlab nima qilib yuribsiz bu yerda? Ie-ie, yelkangizga nima osib olibsiz? Oyijonim-ey, - o‘g‘il xotirjam, shirin gapirishga urinayotgan bo‘lsa-da, ovoz ohangida bilinar-bilinmas ranjish sezilardi.
Ayol o‘zi izlayotgan navbatdagi maysani pichoqchasi bilan ohista qirqib olgach, yelkasidagi xaltachasiga soldi-da, o‘g‘liga yuzlandi:
- Bolam, ko‘nglim jag‘-jag‘ somsa tusab qoldi. Ko‘kka yetkazganiga shukr, deb…
- Obbo, oyijonim-ey, - o‘g‘il onaning kulimsiragan ko‘zlaridagi o‘tinchga e’tibor ham bermasdan, so‘zini shartta bo‘ldi. – Ko‘ksomsa yegingiz kelgan bo‘lsa, menga aytmaysizmi! Hozir bozorda odamning jonini ham topsa bo‘ladi.
- Men, men… o‘z qo‘ling bilan terganing boshqacha-da, bolam. Nevaralarimga o‘zim pishirib berayin deb…
- Nevaralaringiz… bolalarim shu sassiq o‘tga qarab qolishgan emas, - bu gal ayolning so‘zini yupqa lablari to‘xtovsiz ochilib-yumilayotgan juvonning shang‘illashi bo‘ldi. – Yeganingiz oldingizda bo‘lsa, odamlarning qozoni oylab go‘sht ko‘rmayotgan mahal kuniga uch marta sergo‘sht ovqat pishirsak! Sizning maqsadingiz boshqa – o‘g‘lingizni, meni yomonotliq qilish! Odamlar anov kampirning qorni nonga to‘ymasdan o‘t terib yuribdi, deb aytishsin-da, kimsan O’tkirbekning onasi-ya, deyishsin-da…
- Xonim, o‘zingizni bosing, uyimizda emasmiz, - o‘g‘il onasining qo‘lidan avaylab yetaklar ekan, xotiniga o‘qraydi.
- Menga ko‘zingizni olaytirmang! Siz uchun odamlarning gap-so‘zi bir tiyin bo‘lsa, ana, boring, onangiz bilan birga-birga sassiq o‘t tering!
Juvon shartta burilib, chopganicha mashinaga o‘tirib oldi. Qarsillab yopilgan eshik ingragancha og‘ir xo‘rsindi…
Erkinning yarim soatcha ilgari o‘ksinib turgan xotirasi yengil nafas oldi-da, bundan besh yil burungi manzarani bor bo‘yicha tasvirladi. O’ng qo‘lida jimit pichoqcha, chap yelkasida xaltacha, oq ro‘moli tomog‘idan tang‘ib o‘ralgan ayolning kulimsiragan ko‘zlari qorachiqlari tubida mung. Yuraklarni teshib yuboruvchi mung!
Hali tayyor bo‘lmagan suratning nusxasi o‘z nomi bilan nusxa. Erkin nusxaga qaramaslikka urinib, xotirasi araz qilmasdan burun yangi rasm chizishga tutindi. Ko‘pincha yangi asarni boshlashdan oldin injiqlik bilan rang tanlar, tanlagan ranglaridan ko‘ngli to‘lmasdan, boshqasini izlar, qayta-qayta almashtirardi. Bu gal zarur ranglar osongina topilganidan o‘zi ham hayron, faqat ko‘zlariga qadalgancha nari ketmayotgan mungli qorachiqlarni aslidayin tasvirlay olishni o‘ylab xavotir tortar edi.
Ikki soat ishladimi, uch soatmi, eshik ohista taqilladi. Erkinning norozi nigohi ostonada choynak tutgan xotinining hurkak ko‘zlariga to‘qnashdi. 
- Eshikni yop! Men sendan choy so‘radimmi? – Erkin baqirib aytishi zarur bo‘lgan gapni pichirlayotganidan hayron edi.
- Dadasi… anov… buyurtmachilar kelishuvdi. Sizni ko‘ramiz deb… ikki oyoqni bir etikka… ha, bir etikka…
- Chaynalma buncha. Choynakni qo‘ygin-da, eshikni yop!
Ayol kichik xontaxta ustiga choynakni qo‘yarkan, ichkariga hech qanday takallufsiz ikki yigit kirib keldi.
- Assalomu alaykum, akajon! Bu sizning oldingizga kirish xo‘jayinning huzuriga kirishdan o‘n baravar qiyin ekanmi…
Erkin qo‘shqo‘llab ko‘rishgan birinchi yigitga xuddi Azroilni ko‘rganday olaygandi, ikkinchi yigit sadaqa uzatayotganday qo‘l cho‘zdi.
- Bizni xo‘jayin yubordilar, - Erkinning tiliga ko‘chayotgan alamli nafratini qo‘shqo‘llab so‘rashgan yigit to‘xtatib qoldi. - Borib, bir xabar olinglarchi, surat bitdimikan, dedilar. Endi, akajon, erta o‘tib, indin yubiley. Onaxonimiz hayot bo‘lganlarida yetmishga kirardilar. Kim o‘lgan onasining yubileyini qilib, odam to‘playdi, ayting. Xo‘jayinning vallomatliklarini butun shahar biladi. Agar siz ham onaxonning suratlarini ko‘ngillaridagiday chizgan bo‘lsangiz, agar to‘yga kelganlar qoyil qolib ketishsa, bilasizmi, xo‘jayin sizni zarga ko‘mib tashlaydilar…
« E, keling, keling, nima deydilar, shahrimizning, nima deydilar, Behzodi, yo‘q, Moniysi siz ekansiz-da…»
Hali eshikdan kirmasdan oldin ham Erkin o‘zi o‘zidan o‘pkalab kelayotgan edi. Avvaliga shaharda O’tkirbek deb nom chiqargan, qo‘li uzoq-uzoqlarga yetadigan odam yuborgan vakilni quruq qaytarmoqchi bo‘ldi. Ishi bo‘lsa, o‘zi kelsin edi, manovi vakil ko‘zini lo‘q qilgancha, agar xo‘jayin o‘ta muhim ishlar bilan band bo‘lmaganlarida , o‘zlari kelardilar, deganda, shartta nima men bekorchilikdan pashsha qo‘rib o‘tiribmanmi, deya tarsakilashga chog‘landi-yu, ostonasiga birinchi marta qadam bosgan mehmon hurmati shashtiga suv sepdi. «Borganingizda o‘zlari aytarlar, lekin mening eshitishimcha, onaxonimizning suratlarini chizdirmoqchilar. Xo‘jayinning ta’blari nozik, uncha-muncha narsani yoqtirmaydilar. Manaman degan rassomlarning suratlarini ko‘rib, sizni ma’qul topdilar», vakil negadir cho‘chinqirayotgandayin so‘zlardi.
Po‘rim kiyingan, salobatidan ot hurkadigan odam bozor oralab mol tanlamoqda. Atrofdagi xilma-xil mollarga nopisandlik bilan ko‘z qirini tashlab o‘tdi, nihoyat, bittasiga qo‘lini bigiz qildi: menga mana shu ma’qul, narxi qancha?
Bormaydi! Shaharni so‘rab turgan boy bo‘lsa, o‘ziga!
Vakil titrab-qaqshab qo‘lidagi telefon raqamini terib, pichirlaydi:
- Aka, xo‘jayin siz bilan gaplashmoqchilar. – Vakil telefonni Erkinga uzatgach, titrayotgan qo‘llarini orqasiga yashirdi.
- Assalomu alaykum. Erkin aka, bezovta qilganim uchun uzr, - Erkin telefonda gapirayotgan odamning faqat shaharga emas, butun muzofotga nomi ketgan O’tkirbek ekanligiga o‘zini ishontirishga urindi. – Agar o‘ta sertashvish bo‘lmaganimda, o‘zim bosh urib borgan bo‘lardim. Bilaman, ijodkor odamning ortiqcha vaqti bo‘lmaydi, bo‘sh yurganlaringda ham xayollaring yangi mavzu bilan band. Shu… onajonimizning hurmatlari uchun birrov kelib-ketsangiz, sizdan minnatdor bo‘lardim…
Erkin «mayli, vaqt topib borarman», deganini sezmay qoldi.O’tkirbekka «borarman», deb aytgan bo‘lsa-da, Erkinning hech oyog‘i tortmadi. Agar o‘sha kuni uyidagi qadimiy arabi gilamiga xaridor kelmaganida va qaynisining achchiq-tiziq maslahatlarini eshitmaganda edi, O’tkirbekka sim qoqib, uzrini aytib, yuragida olishayotgan itlarni quvib chiqargan bo‘lardi.
Lekin o‘sha kuni avvaliga kun oralab eshik qoqadigan, eski buyumlarni qidirib yuradigan qo‘shnisi keldi va yana o‘n marta takrorlagan eski gapini boshladi: «Bozori kelganda sotib qoling bu eski matohingizni, o‘rniga o‘nta yangi gilam olib tashlaysiz. Erta-indin hech kim so‘ramasa, pushaymon ich-etingizni yeb qo‘ymasin, qo‘shni. Qiyomat qo‘shnidan deganlaridek, bir yarim baravar narxini aytyapman. O’ylab o‘tirmang.» Qo‘shnining gaplaridan g‘ashi kelsa-da, Erkin g‘azabini ichiga yutdi. «Qo‘shni, qochib ketayotganingiz yo‘q-ku, sotadigan bo‘lsam, o‘zim uyingizga chiqaman» - Erkin bu so‘zlarning tiliga qanday kelganligiga taajjubda edi. 
Qo‘shnining ortidan qaynisi kirib keldi. Darrov qaerdan xabar topa qolibdi, opasidan eshitganmi yo, bir piyola choy ichar-ichmas, O’tkirbekning taklifidan gap ochib qoldi. «Pochcha, dangaliga ko‘chay, bunaqa imkoniyatni faqatgina g‘irt ahmoq odamgina qo‘ldan chiqaradi. O’tkirbekning marhamatini istab uning eshigida sarg‘ayib o‘tiradagin rassomu shoirlar, hofizu yozuvchilar son mingta. Ana, hamkasblaringiz mayda-chuyda boyvachcha-yu, amaldorlarning rasmini chizib, kun kechirishyapti. Pochcha, agar o‘zimdan orttira olganimda, jiyanlarimdan topgan-tutganimni ayamasdim. Erta-indin o‘g‘lingizni uylantirishingiz kerak. Nima, kelinni shu katalakdek ikki xonali uyingizga tushirasizmi? Kelin-kuyov opam bilan bir xonada yashashadimi yoki ustaxonangizda rasmlar bilan gaplashib yotishadimi? Agar O’tkirbekning etagidan tutsangiz, ko‘rgazmayam qilasiz, keyin, - qayni ikkita non, taqsimchadagi qand va choynak-piyoladan boshqa hech narsa yo‘q, bir chetida no‘xatdek teshik qorayib turgan dasturxonda ko‘z aylantirdi, - keyin ro‘zg‘oringizni butlab olarsiz.»
Ko‘ngli og‘rib, yuragi atrofi sim-simlayotgan bo‘lsa-da, Erkin tilini tishladi. Opa-sining o‘n yildan buyon eski paltosini almashtirmaganini, jiyanlarining yo‘lkira topa olmay, o‘qishga yayov borishlarini, kunda bir mahal arang qaynaydigan qozonlarining go‘sht nimaligini unutib yuborganligini yaxshi bilsa-da, qaynisi hech qachon og‘iz ochgan emas. Xotini-ku, nolish deganlaridan yetti chaqirim naridan o‘tadi. O’tgan oy o‘g‘lini universitet yo‘lida hamsaboqlari bilan uchratganda o‘zining nochorligidan birinchi marta oshkora o‘kindi: qimmatbaho kiyimlari o‘zlariga yarashgan yigitlar orasidagi o‘g‘li egnidagi rangi unniqib ketgan ko‘ylak-shimidan bo‘yin qisib jimgina borayotganday edi… Agar… agar O’tkirbekning ko‘ngliga yo‘l topsa, uning o‘g‘liyam boshqa tengdoshlari qatori boshini baland ko‘tarib, hech kimga gap bermay yurardi, ro‘zg‘ori yaxshilanardi, balki ikki azaliy orzusiga yetardi ham: alohida ustaxona ochib olardi va suratlarining ko‘rgazmasini tashkil etardi. O’tkirbekning oldiga borsa-boribdi, ustiga qaynisi aytmoqchi boshqalar eshigida sarg‘ayib o‘tiradigan odamning o‘zi yo‘qlayotgan bo‘lsa, u yalinayotgan bo‘lmasa…
… Behzod deyapti bu, Moniy deyapti… O’zini bilimdon ko‘rsatish uchun kitob varaqlaganmi? Aslida qo‘liga kitob olishga vaqti bormikan? Bir ishoraga mahtal shogirdlari so‘rab-surishtirishgandir balkim…
- Erkin aka, o‘tgan yili men shahar rassomlari ko‘rgazmasida sizni bir ko‘rgandim. O’shanda, ko‘nglingizga kelmasin, hamma suratlar oldida yo‘q deganda besh-oltitadan odam, faqat eng chekkadagi rasm oldida bittagina yigitcha turardi. Boshqa suratlarni tomosha qilayotganlar almashar, yigitcha esa, joyidan jilmasdi. Men yigitchani maftun etgan surat tomon yurdim. Unda bir odam qorong‘ulik qo‘yniga kirib borar, undan anchagina ortda kelayotgan uzun choponli inson izma-iz borar edi. Birpasda men haligi yigitcha holiga tushdim. Ana shunda shahrimizda shunchalik zo‘r rasm chizadigan rassom borligini bilmasligimni o‘yladim…
«Ko‘ngil topishga ustasi farang ekan. Bir zumda o‘ziga rom etdi-qo‘ydi-ya». Erkin hali dabdabali uyga qadam qo‘yganida ko‘kragidan itargan yotsirashning begona bo‘lganini tan oldi.
- Xullas, Erkin aka, rahmatli onamizning yetmish yoshlariga osh berish niyatidamiz. Shunga ikkiyu-uch hajmda portretlarini chizib bersangiz. Minnatdor bo‘lardim. Istagan paytingizda xizmatingizdaman. Eshitdim, portret ishlashni unchalik xush ko‘rmas ekansiz. Lekin «Jokonda – Mona Liza», «Madonna Konestabils», garchi bola bilan bo‘lsa-da, «Noma’lum ayol» kabi buyuk asarlar ham bor-ku…
Baribir Erkin O’tkirbekning onasi rasmini chizishga istar-istamas kirish-di. O’tkirbek mana shu suratga qarab chizsangiz, yaxshi bo‘lardi, deya o‘z qo‘li bilan bergan fotosuratni o‘rganayotgan paytda ustaxona eshigi taqilladi. «Onaxonning boshqa suratlarini berib yuborishdi. Bunisiga qarab ishlarkansiz», - deya fotosurat uzatdi qo‘shqo‘llab so‘rashadigan yigit. – Manovi pulga bo‘yoq, mato, boshqa kerakli narsalarni sotib olarkansiz!» Yigit Erkinning qo‘liga yuz dollarlik tutqazdi. «Suratni xo‘jayinning ko‘ngillariga yoqadigan qilib chiza olsangiz, mingta ko‘kidan olasiz. Agar vaqtida va xo‘jayin aytganlariday qilib chizmasangiz, siz mingta berasiz! – Sadaqa uzatayotganday qo‘l cho‘zadigan yigit beo‘xshov ishshaydi, - o‘n kun yetib-ortsa kerak bitta surat chizishga! Nima o‘n kunda ming dollarlik bo‘lib qolsangiz yomonmi?..»
«O’tkirbek onasining qiyofasini baxtiyor tasvirlashimni istabdi-da». Erkin «yugurdaklar» tashlab ketgan fotosuratni ko‘zdan kechirar ekan, miyasida shu fikr chaqnadi. Bu surat O’tkirbek oldin berib yuborgan suratdan butunlay farq qilardi. Oldingi suratda chehrasidan nur yog‘ilib turgan oltmish yoshlardagi onaxon ma’yusgina turardi. Yangi suratda suratchi «kuling», degan chamasi, ellik yoshlardagi ayolning zo‘raki tabassumdan ko‘zlari qisilgan.Erkin yaxshiroq qarab, fotosuratning keyinchalik qayta tayyorlanganini sezib qoldi. Ayolning bo‘yni va undagi tilla zanjir, atirgulli qora barqut ko‘ylak o‘ziniki emas edi…
«Onasini baxtiyor tasvirlashimni istabdimi, istagini yuz foiz bajarganim bo‘lsin. Jokonda, noma’lum ayol haqida safsata sotgan ekanda. Men laqma… laqqa tushaveribman-chi. Yo‘q, chizmayman bunaqa rasmni! Ana, eshigida sarg‘aygan rassomlar kammi, kimga istasa chizdiraversin!» Erkin surat va pulni cho‘ntagiga solib, eshik ochganida, yo‘lakda pastak kursida o‘tirgancha poshnasi yeyilgan tuflisini yechayotgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi. O’g‘liga ortiq qaramaslikka tirishib, oyog‘iga poyabzalini ildi. Surat uchun zarur ashyolar olishga ahd qilib bozorga yo‘l oldi…
Qo‘shqo‘llab so‘rashadigan yigit Erkin chizayotgan rasmga og‘zini ochgancha tikilib qoldi.
- Yo qudratingdan, onaxon tirilib qolibdilarmi?
- Najot, surat tayyor bo‘ptimi? Qani qoch, men ham bir ko‘ray, - sadaqa berayotganday qo‘l uzatadigan yigit suratga qarab aftini burishtirdi. – Kim bu kafanga o‘ralgan kampir? Hoy, akaxon, biz buyurgan surat qani? Yo fotosuratni yo‘qotib qo‘y-dingizmi? Quloqlaringizga paxta tiqilmaganmi? Agar ertaga kechgacha suratni tay-yorlamasangiz, ming dollarni sanab qo‘yavering.
Erkin ustiga qora mato tashlangan surat tomon yurdi. Mato ortidan o‘qdek otilgan kulgi cho‘zilgan qo‘lini qaytarib tashladi.
- Quloqdan paxtani oldingizmi? Ertaga boshqacha gaplashamiz! Biz sizga o‘xshab so‘zimizni havoga uchirib, bosh qashib o‘tiradigan emasmiz! Najot, nega anqayasan? Ketdik!
Qarsillab yopilgan eshik «menda nima ayb», deganday g‘ijirlab Erkinning tiliga ko‘chayotgan g‘azab yo‘lini to‘sib, bo‘g‘ziga qaytardi.Madorsiz oyoqlar shalvirab egasini bo‘yog‘i qurimagan surat qarshisidagi liqildoq kursiga boshladi. Erkinning yuragi simillab og‘rir, umidvor nigohi yopiq eshik ortidan najot izlardi. Xotinining ruxsatsiz kirishga yuragi betlamasligini yaxshi bilsa-da, hozir uning bir piyola suv va yurakdori ko‘tarib kirishini istardi. Eshik ochilavermagach, o‘rnidan turayotgandi, mungli nigoh iltijosi yelkasidan bosdi. «Ona sutini unutgan bir yugurdak yigitchaning gaplariga aza ochyapsanmi, o‘g‘lim? Yorug‘ dunyoning g‘alvalari ko‘p, lekin bosh qotirishga arziydiganlari oz». Qorachiqlar tubidagi mung yurakdagi sim-sim og‘riqni sug‘urib oldi.
Yo‘q, bir dunyo zar bersa-da, ko‘ksiga zambarak tirasa-da, bu suratni o‘sha O’tkirbek deganlariga bermaydi. Agar, bordi-yu, O’tkirbek onasining suratini ko‘r-sa, qorachiqlardagi mungga chiday olarmikan? G’alati xayollarga boradi-ya! Shaharda faqat o‘zidan boshqaning nomini tilga olmasliklari uchun chiranadigan O’tkirbek deganlari suratdagi ifodani qanday his qilsin? Unga onasining asil qiyofasi emas. hayotidan mamnun, qo‘li osmonlarga yetguvchi o‘g‘lining to‘kin-sochin xonadonidagi baxtiyor tasviri kerak! Yo‘q, hech qachon qorachiqdagi mungni ko‘r yurakka topshirib qo‘ymaydi. Ming dollarmish-a?! Qorachiqdagi mungni bozorga solib bo‘larkanmi? Berib bo‘pti! Birpas to‘xta, O’tkirbek bu suratga emas. boshqa baxtiyor qiyofaga xaridor-ku!
Erkin ustiga qora mato o‘ralgan suratni avaylab ko‘tarib, yashirishga joy izladi. Xonaning to‘rt tomonida ancha kezindi, oxiri nusxa suratlar ortiga joyladi. O’n-o‘n besh daqiqadan so‘ng uyga eski buyumlarni sotib oluvchi qo‘shnisini boshlab keldi…
- Dadasi, sizni so‘rashyapti…
- Kim? - Erkin ostonada qimtinib turgan xotiniga norozi boqdi.
- Chiqsangiz ko‘rasiz…
Xotini ortga burilarkan, noiloj ergashgan Erkin yo‘lakdagi arabi gilamni ko‘rib to‘xtadi.
- Qo‘shni aynab qolibdimi, xotin? Pulini… haligi yugurdaklar olib ketishgandimi? Endi…
- Dadasi tashqariga qarang, kutib qolishdi, - xotini pichirlar, lekin shunday bo‘lsa-da, ovozidagi titroq cezilardi.
- Namuncha ichimdagini top, bo‘lmasang?! – Erkin g‘udrangancha eshik ochdi.
- Assalomu alaykum, Erkin aka…
Erkin kulimsiragancha qo‘l uzatgan O’tkirbekka baqrayib qoldi.
- Uyingizga kirsam bo‘ladimi, Erkin aka…
- E, mayli, mayli…marhamat, - Erkin O’tkirbekni ustaxonaga boshladi. – Aybga buyurmaysiz, hammayoq ivirsib yotibdi. Biz sizni…
«Nimaga kiritdi uni? Nega o‘g‘irlik qilgan yosh bola misol titrab-qaqshayapti?»
- Men… men onajonimni sog‘indim, - O’tkirbek Erkinning norozi, alg‘ov-dalg‘ov xayollarini titkilab tashladi. – Onajonimning qorachiqlaridagi mungni ko‘rgani keldim…

Ispisor, 
dekabr, 2003 yil.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.