OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Bir majlisda (hajviya)

Bir do‘stim gapirib berdi.
Bo‘lim boshlig‘imizning momosi o‘lib qolib, janozasiga ketar chog‘i mendan iltimos qildi. 
- Akajon, iltimos, kechqurun mening o‘rnimdan hokimiyatda bo‘ladigan majlisga qatnashib kelsangiz. 
-Biron narsa so‘rab qolmaydimi?
-He, sizdan hech narsani so‘ramaydi. Bizda ish yaxshi ketyapti. Faqat yo‘qlama vaqti “borman” deb qo‘ysangiz bo‘ldi. Biron kitob oboring, zal oxirida o‘qi-ib o‘tirasiz. Iltimos, yordam qiling...
“Bo‘lim boshlig‘i iltimos qilib turganda yo‘q deb bo‘ladimi. Mendan biron narsani so‘ramasa, nimadan qo‘rqaman, borsam borayin” deb kechqurun bordim. 
Eh-he-e. Majlislar zalida odam tirband. Bo‘sh o‘tirgichlar ham kam. Nihoyat bir chetdagi stulga o‘tirib, atrofimga qarasam, bari tanish odamlar: tumanning bosh hakimi , SES bosh vrachi, bo‘lim boshliqlari, maktab direktorlari o‘qituvchilar bilan, tumandagi boshqa har xil tashkilotlarning boshliqlari, hatto madaniyat uyining direktori bir-ikki artistlar bilan kelgan. Mahalla raislari ham kotiblarini ergashtirib yuribdi. Ancha-muncha milisa ham bor. Ha-a, bugun qandaydir madaniy-ma’rifiy mavzuda majlis bo‘lsa kerak, chunki bu yerga kelganlarning aksariyati ziyolilar ekan-da.
Bir-ikki tanish o‘qituvchilar bilan ko‘rishib so‘rashdim.
-Ha duxtur, avvallari biz sizni ko‘rmas edik. Kepsiz-da...
-Ha-a, keldik. Bo‘lim boshlig‘imiz iltimos qilgan edi. O‘shaning o‘rniga...
-Ha-a, yaxshi, yaxshi. Sizlarda ishlar yaxshimi o‘zi? Tag‘in yemagan somsa uchun pul to‘lab yurmang, duxtur aka-deb ular kulib quyishdi.
-Bizda ish yaxshi-deb qo‘ydim –u, lekin ichimdan zil ketdim. Obbo, Qodirov tushmagur-ey, sizdan so‘ramaydi degan ed-ku, bu yerda savol-javob bo‘ladi deyishyapti. Bilganimda-ku, tayyorlanib, bo‘lim ko‘rsatkichlarini o‘rganib kelardim-a, deb o‘ylanib qoldim. 
Majlis boshlandi. Majlisni tumanimizga viloyatdan vakil sifatida berkitilgan tepakal, gavdalik, burni so‘ppaygan odam o‘tkazadigan bo‘ldi. Hokim muovinlari uning yonida jimgina o‘tirishibdi. Qarasam vakil qo‘lidagi allaqanday ro‘yxatga qarab zalda o‘tirgan odamlarni birin-ketin to‘rg‘aza boshladi. Zaldagilar jim, pashsha uchsa bilinadi. 
Ko‘plar oldinda o‘tirgan odamning panasida boshini egib qo‘lidagi daftariga nimalarnidir hadaha yozishmoqda. 
Men minbardagi odamga quloq tutdim. Avval oldingi qatorda o‘tirgan tuman bosh hakimini turg‘azdi. 
- Ishlar qanday ketyapti?-
- Yaxshi:-dedi bosh hakim qo‘lidagi daftariga qaraganicha. 
- Kamchiliklar yo‘qmi? 
- Yo‘q. Bugun suvni tugatdik. 
Yaxshi. O‘tiring. Nazoratni susaytirmang. 
Bosh hakimimiz “suv” dedimi, kasalxonadagi kanalizatsiyalar to‘g‘risida gapirdimikan? Uncha tushunmadim.
Yaxshi eshitmay qoldim, shu payt yana kimnidir turg‘azishdi. 
U oldinda o‘tirgan odamning yelkasiga suyanib, chayqalib turibdi. Zalda o‘tirganlar piqillab kula boshladi. Minbarda o‘tirganlar ham miyig‘ida kulib turishibdi. Tavba! 
- Siz o‘zi biror kun trezvi kelasizmi? – dedi viloyatdan kelgan vakil unga qovog‘ini uyib, so‘ng yonidagilarga qarab;-buning ishda qolish – qolmasligi haqida viloyatga chiqish kerak - dedi. Qarasam haqiqatdan mastga o‘xshaydi. Ko‘zlari yumilib ketayapti. Obbo, bu nima yurish endi?! 
- Tuzuk ishlamaydigan bo‘lsang seni ishdan bo‘shatamiz,- deb baqirdi vakil. 
- Ne-eg-ga endi? Ishim yaxshi. Boshqasi... – U qo‘li bilan pashsha qo‘riyotgandek ishora qildi: - Fu-u... Bizning ishimiz yaxshi...
- O‘tir. O‘tir-e bezbet, basharang qursin. Sen bilan alohida gaplashamiz...
Haligi odam nimadir deb g‘uldiradi-da yonidagi kishining yordamida yana joyiga o‘tirdi. Vakil navbatdagi odamni turg‘azdi. Qo‘shni qishloqdagi maktab direktori biroz rangi o‘chib o‘rnidan turdi. 
- Hoy, domullo, nega haligacha paxtangni suvdan chiqarmading? 
 Hoynahoy bularning maktabida tajriba yer maydoniga paxta ekkan bo‘lsa kerak-da. Vakil shuni so‘rayapti shekilli. Qarang-a, rahbarlar hamma narsadan xabardor, hamma narsa bilan qiziqishadi-ya. 
Direktor nimadir deb to‘ng‘illagan edi, vakil dag‘dag‘a qildi: 
- Ishlasang to‘g‘ri ishla, eplamasang arizangni yoz dedi va qaerdadir oldinda o‘tirgan maorif bo‘limining mudiriga qarab:-Ertadan ishni topshirsin – deb qo‘ydi. 
Mudir o‘rnidan yarim turib, “xo‘p” degandek boshini liqillatdi. Ha-a, bu direktorning kamchiligi ko‘p bo‘lsa kerakdir-da, ishdan olish kerak deyishyapti. Lekin shu gaplarni maktabiga borib aytsa ham bo‘lardi. Buncha odamning oldida uyaltirmasdan. 
Men hali ham hech narsaga tushunmay o‘tirardim. Qanday majlis bo‘lishi kerak o‘zi? Ikki soatdan beri faqat duxturlar-u, o‘qituvchilarni turg‘izib so‘roqqa tutishadimi-ey. 
- Qachon majlis boshlanadi?-deb so‘radim yonimda o‘tirgan o‘qituvchidan. U pastga engashib,
- Shu majlis-da, - deb kuldi.
Tavba! Hech tushunmadim. 
Shu payt odamlar men tomonga qarashayotgandek bo‘lishdi. Men ham o‘girilib, orqamdagilarga qaradim. Ular ham menga qarab turishibdi. Qarasam vakil va boshqalarning ham ikki ko‘zi menda. Oldingi o‘rinda o‘tirgan bosh hakim o‘rnidan turib, menga qaraganicha, 
- Qodirib qani, Qodirib? – deb so‘rayapti. 
 Ha-a, menga ham navbat kelibdi-da deb o‘rnimdan turdim. 
- O‘rniga men kelganman – dedim bosh hakimga qarab.
- Ishlar qanday ketyapti, o‘rtoq duxtur?-dedi minbarda turgan vakil menga tikilib turib:-duxtirmisiz o‘zi? 
-Ha, do‘xturman. O‘ttiz yildan beri ishlayman. 
-Xo‘p, ishdan gapiring. 
-Ishimiz yaxshi. Tez yordam mashinalarimiz barisi soz. Yaqinda g‘ildiraklarini almashtirdik. Chaqiriqlarga o‘z vaqtida borib turibmiz. Shikoyatlar tushmayapti. Hozir gripp ko‘paygan. Kuniga yetmish-saksonta chaqiriqqa borib, bemorlarga baholi qudrat yordam beryapmiz. 
Gapira turib qarasam yonimdagi o‘qituvchilar yerga qarab kulgani-cha, meni turtib qo‘yishyapti. Zalga qarasam ko‘pchilik menga qarab kulib, bosh chayqashmoqda. Obbo, gripp kasalligini ko‘payganini bekor aytibman. Axir bu degani tibbiyot xodimlari aholi o‘rtasida sanitariya maorif ishlarini yaxshi olib bormayapti degan tushunchani beradi-ku... deb o‘ylab bir oz xijolat tortdim. Viloyatda kelgan vakil menga yeb qo‘ygudek bo‘lib tikilib turibdi. Yonidagilarning ham avzoi yomon. 
-Ha endi, gripp kasalligi bir ko‘paygandek bo‘ldi-yu, hozir ancha kamayib qoldi. Tinmay ishlayotibmiz. Faqat bizga mana bosh hakimning ham xabari bor. Bir martalik shpritslar bilan grippga qarshi tabletkalardan ko‘proq bo‘lsa, ishimiz yanada samarali bo‘ladi. Bu ham yaqin kunlarda hal bo‘lsa kerak. Kasalni kamaytiramiz...
-Xo‘-o‘, duxtur, sendan kasalni kim so‘rayapti?-vakil menga g‘azab bilan tikildi. 
-Unda nimani so‘rayotibsiz?-dedim men ham unga tikilib,-
-Ie, bu garangmi?- deb vakil yonidagilarga qarab qo‘ydi.-hoy do‘xtur, kasalingni ishxonangga borib davolaysan. Bu yerda sen bizga, o‘zingga berkitilgan fermer xo‘jaliklardagi ahvol to‘g‘risida axborot ber. G‘allaning o‘sishi qanday? Gul davrida dori berildimi? Paxtani navbatdagi suvdan chiqardilaringmi? Suvni sharbat usulida beryapsilarmi? Menga ana shulardan gapir, o‘rtoq do‘xtur. 
-Tushunmadim. Bu gaplarning menga nima dahli bor? Bu ma’lumotlarni paxta, g‘alla ekkan fermerlardan so‘ramaysizmi. Men do‘xtur bo‘lsam ...-dedim ensam qotib.
-Ie, bu o‘zi osmondan tushganmi? Kim chaqirdi uni bu yerga? –vakil bir menga, bir bosh hakimga qarab ko‘zlarini olaytirdi.
-Qodiribning o‘zi qani ? –dedi yana bosh hakim o‘rnidan turib, menga qaragancha. 
-Qodirovning momosi o‘lib qolibdi.
Orqa tomondan birov “piq” etib kulib yubordi.
-Siz nega keldingiz?
-Menga iltimos qilgan edi, o‘rniga keldim-da. Qaerdan bilibman...
-He-e, shunday demaysizmi, do‘xtur,-sal muloyimlashdi vakil va menga qarab yana gapira ketdi:-Siz o‘zi yoshingiz anchaga borgan odam ekansiz, bilishingiz kerak-da... Bo‘pti. Birinchi marta sizga indamaymiz, yanagi kelishingizda yaxshi tayyorlanib keling. Berkitilgan fermer xo‘jalikka boring, dalasi bilan tanishing, kerak bo‘lsa usha yerda yotib uxlang, amaliy yordam qiling. Bo‘pti, o‘tiring .
Boshimga tayoq tekkanday karaxt bo‘lib joyimga cho‘kdim. Bir kulgim keladi, bir jahlim chiqadi. Yonimdagi o‘qituvchi kulib bir nima degan edi, qulog‘imga kirmadi. He, ablah Qodirov-ey. Meni boplab aldabdi-da. Aytdimov, u har kuni ishxonaga bir kelardi-da, yana zip etib yo‘q bo‘lib qolardi. Men u qo‘shimcha ish topib, pul ishlab yuribdi, shekilli deb yurardim. Ha-a, gap buyoqda ekan-da. Demak qaysidir fermer xo‘jalik unga ham berkitilgan. He, kuning qursin, Qodirov. Bo‘limga rahbarlikni talashib olgan eding, battar bo‘l... 
To‘g‘ri, viloyatdan kelgan vakilning gaplariga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Lekin bugungi majlisda bironta ham fermer xo‘jaliklarining rahbarlari ko‘rinmadi-ku. Ha –a, men tushunmagan narsalar hali ko‘p ekan. “Yuz yil yasha –yuz yil o‘rgan” deganlari bejiz emas-da. 
Shunday qilib majlis yana ikki soatlar cho‘zildi. Paxtasini suvga bostirib zaxlatgan bir-ikki maktab direktori va terapiya bo‘limining boshlig‘iga “Hayfsan” e’lon qilindi. Bir artist ishdan haydaldi. Bir maktab direktori paxta ko‘chatlari tekis o‘sib chiqmaganligi uchun chigitni ekmay sotgan degan gumonda ishi prokuraturaga oshirildi.
Majlis oxirida viloyatdan kelgan vakil paxta va g‘allaning ahamiyati haqida yana bir soat va’z aytib; 
-Ishga ma’suliyat bilan yondoshmagan kishilarni jinoiy javobgarlikgacha tortishimiz mumkin. Hamma ishini yig‘ishtirib dalaga chiqsin. Kerak bo‘lsa, o‘sha yerga ko‘chib borib yashaysizlar ham...-deb dag‘dag‘a qildi. 
Shu bilan majlis tugab tashqariga chiqqanimizda soat tungi uchni ko‘rsatayotgan edi. Yo‘limiz bir bo‘lsa ham bosh hakim meni kutmay jo‘nab qopdi. Zarda qilganda. Esnay-esnay uyga piyoda yetib keldim. Xo‘rozlar qichqirayotgan edi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.