OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Tavsifnoma (hajviya)

Kichkina xonada baqaloq, tepakal, ko‘zoynakli odam-kasaba uyushma raisi nimanidir yozib-chizib o‘tiribdi. Oldiga och sariqdan kelgan, o‘rta bo‘yli, sochlariga oq oralagan, kichkina qorinchasi bor odam asta salom berib kiradi. Rais bosh ko‘tarmay so‘raydi:
-Xo‘sh xizmat?!
-Tafsifnoma bersangiz degan edim. Tez olib kel deyishyapti.
- O‘zing yozib ol-da. Menga nega kelding?
-Qanday? Yozib olaman?
-Shunday. Tavsifnomani o‘zing yoz, men qo‘l qo‘yib beraman. Nima ko‘rmaganmisan. Hamma o‘zi yozadi. Birov senga yozib berarmidi? Tavba! Ey menga qara ikkovimizdan qaysi birimiz seni yaxshi biladi? O‘zingda, albatta... Ma, ruchka, qog‘oz. O‘tir. Yoz. Menga halaqit berma faqat. 
Ishxona xodimi uning qarshisiga o‘tirdi-da qo‘liga ruchka olib qog‘oz ustiga engashdi. 
-Xo‘-o‘sh, tafsif-no-ma... Berildi ushbu ...
“O‘rtoq... bizning jamoamizda yigirma yildan beri kichik xodim bo‘lib ishlaydi. Ish faoliyatida o‘zini...-
-Xodim ruchkaning boshini tishlab picha uylanib turdi-da, so‘ng raisga qaradi:-Rais bova?
-Xo‘sh, yana nima?
-Rais bova, men faoliyatimda o‘zimni qanday ko‘rsatdim?
-Qanday? Hech qanday. Nima xoxlasang shunday deb yozaver. 
- Ish faoliyatida o‘zini yomon ko‘rsatgani yo‘q deb yozsam bo‘ladimi? 
-Tovba! Kim shunday deb yozadi. Bu axir tavsifnoma-ku, galvars. Yoz, juda yaxshi deb yoz...
-Xo‘sh-sh, o‘ziga berkitilgan vazifani ... “-xodim yana yozishdan to‘xtab nimanidir o‘chirib-yozayotgan raisga qarab qoladi;-Uzr, Rais bova, bir sekund vaqtingizni olaman yana. Aytingchi, men o‘z vazifamni qanday bajaryapman! Sizningcha?
Rais bosh ko‘tarmasdan qayta so‘radi: 
-Qanday deysanmi? Ha-a, hech qanday. E.e yozavermaysanmi yaxshi deb. Muncha ko‘p gapirasan-a. Indamay yozsang-chi, halaqit beryapsan.
-Uzr. Demak, “O‘z vazifasini yaxshi bajaryapti” Shundaymi? 
-Uf-f. Qaerda shunday deb yozganini ko‘rgansan. Yoz, “sidqidildan juda yaxshi bajaryapti” deb yoz. Kim ko‘rib o‘tiribdi, sening ishga bir kelib, bir kelmay ichib yurishingni.
-Ha-ya, to‘g‘ri aytasiz. Xo‘-o‘sh, rais bova “jamoa o‘rtasida obro‘yi uncha yomon emas” desam bo‘larmikan-a?!
-Qanaqa obro‘? Senda obro‘ degan narsaning o‘zi bormi? Tovba, tovba! Qaysi go‘rdan kelding o‘zi? Menga halaqit beryapsan, axir. 
-Nima deb yozay bo‘masam?
-Uf-f, bir tafsifnomani yozishni bilmaydi-ya. Yigirma yil ishlab... He, o‘rgildim sendan. Yana tag‘in bu attestatsiya topshirmoqchi emish... Yoz,
-Rais o‘zining ishini to‘xtatib, unga ayta boshladi.
“... Intizomliligi va printsipialligi bilan o‘z jamoasi orasida obro‘ qozongan. Aql-zakovat talab qiladigan har qanday ishda o‘zini ko‘rsata oladi, dadillik bilan harakat qiladi. “Yozdingmi? Yana yoz “Ma’muriyat tomonidan bir necha marta hayfsan e-e to‘xta, “bir necha marta tashakkurnomalar olgan. O‘z ishining o‘ta ustasi, juda bilimdon. Xo‘sh-sh, Yoz, u har ishda tashabbuskor, jur’atli, to‘g‘ri so‘z va ma’naviy yetuk inson, Xi-xi-xi, agar ko‘p ichib ko‘chada ag‘anab yotganini aytmasa, xi-xi-xi, buni yozma-e, hazil bu, hazil. Xo‘sh, yozdingmi? Xo‘-o‘sh, yana nima qoldi? “O‘z o‘rtoqlariga mehribon, g‘amxo‘r. U buyuk, tengi yo‘q odam. Oilasining suyachig‘i”. Xotining bilan yarashdingmi? Yoki hali ham xotining bolalari bilan otasinikidami?
-Keldi, keldi. Yarashdik. xo‘o‘p, “oilasining tayanchi”.., yozdim, keyinchi...
-Keyinmi?- Bo‘ldi-da shunchasi. Nima, deputatlikka saylanarmiding. Bor yo‘g‘i kasbiga loyiqligi to‘g‘risida attestatsiyadan o‘tish uchun shu ham bo‘laveradi. Tugatdingmi. Xo‘p, opkel, qo‘l qo‘yaman....
Rais uning tafsifnomasiga qo‘l qo‘yar ekan aftini bujmaytirdi va qog‘ozni unga irg‘itdi.
-Voybu-u, bu nima yozuv? Kim aytadi seni oliy ma’lumotli xodim deb. Bor, qaytadan ko‘chirib kel. Anovi kompyuterchiga ber, chiroyli qilib ko‘chirib beradi. 
-E-e rais bova, men kechikib ketaman. Qo‘l qo‘yaqoling endi. 
-Yo‘q, bo‘maydi. Bunaqa aji-buji yozuvga men ham korxona boshlig‘i ham qo‘l qo‘ymaymiz. Kompyuterda yozdirib kel. Bor-bor. Vaqtimni olma. He o‘rgildim sendaqa...
Xodim norozi qiyofada xonadan chiqib ketadi. Rais esa yana yozishga tushadi. 
-Xo‘-o‘shsh, “U o‘n yildan beri shu korxonada kasaba uyushma raisi bo‘lib ishlab kelmoqda. Jamoa orasida alohida hurmatga ega... u to‘g‘ri so‘z, ko‘zbo‘yamachilikka toqati yo‘q, o‘ta printsipial odam...” , Xo‘sh-sh...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.