OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Ho'kiz mehmonlar (hajviya)

Mashinam svechasini ho‘llaydigan odat chiqardi. Svechalarni olib, tozalab, qaytarib o‘rniga qo‘yib tursam, No‘’mon aka kelib qoldi.
Odam mavjudod olamining sarvari hisoblandi. Shu boisdan bo‘lsa kerak uning asli-naslida hayvoniy xislatlardan ayrimlari saqlangan. Mol, qo‘y, eshak, ilon, tulki, cho‘chqa va hokazo laqablarning ishlatilishi buning yorqin isboti!
Nima deyotgandim?
Ha, mashinani kovlab tursam, No‘’mon aka kelib qoldi. U kishini «ho‘kiz» deb atashadi. Balki bunga ikkinchi piyoladan keyin hali bog‘dan, hali tog‘dan og‘ziga kelganini gapirib, miyani achitib yuborishi, to‘ntarilgan shishalar safi ortgan sayin u kishining hayvoniy xislatlari namoyon bo‘lib, qutirgan ho‘kizday ulfatlarini tepishi, tishlashi, suzishi sababdir. 
Nima deyotgandim?
Ha, mashinani kovlab tursam, ana shu No‘’mon ho‘kiz aka kelib qoldi.
— Mashinangni yurgaz! — dedi u. — Qizim to‘y qilyapti. Ho‘kizni olib borib, to‘n kiyib, belbog‘ bog‘lab, ziyofatning quyug‘ini yeb kelamiz.
Eng yomon ko‘rganim mana shunaqa, rulda boradigan ziyofat! Icholmaysan. Ichmaganingdan keyin qatlamani quymoqqa o‘rab, asalga botirib ye — bari bir joyiga tushmaydi. Uning ustiga menga xotinimning sog‘lig‘i kerak. Kechagi kuni ana shunaqa quruq ziyofatdan kelib, shunday yoniga yotsam, xotin voy-voylagancha, sakrab o‘rnidan turib ketdi. «O‘l, eringni ham tanimay qoldingmi?» dedim hayron bo‘lib. «Voy, sizmidingiz? Og‘zingizdan aroqning hidi kelmaganiga sizni begona erkak deb o‘ylabman!» deydi. Quruq ziyofatga borib, ichmay kelib, xotinboyni yurak o‘ynog‘i qilib qo‘ysam yaxshimi?
Nima deyotgandim?
Ha, mashinani kovlab tursam, No‘’mon ho‘kiz, «Qizimning to‘yiga ho‘kiz olib borib, ho‘kiz mehmon bo‘lib qaytamiz», deb kelib qoldi. Bahona xaltamni obdon kovlashtirib, suyagi butunroq bahona topolmadim. Xullas, mashinaga ho‘kizni ortdik. Boshqalar Jo‘ravoyning «Jiguli»siga o‘tirdi. Ta’ziyaga odam aytish, fotihaga, kasalxonaga borib kelish bo‘lsa, Jo‘ravoyning yo benzini bo‘lmaydi, yo biror muruvvati ishlamay qoladi. Ammo to‘y, ziyofat desalar uchadi. Mashinasining xujjatlari, Jo‘ravoyning esa, haydovchilik guvohnomasi yo‘q. To‘kin dasturxon bo‘lgach, Jo‘ravoy qayoqdagi bahonalarni ro‘kach qilarmidi!? «Temirning ham pirlari bo‘ladi. Qo‘ni-qo‘shnining hojatini chiqarmasangiz, pirlarning jahli chiqadi, mashinada ketayotib bir baloga yo‘liqasiz!» deb ham qo‘yadi Jo‘ra-voyi tushmagur o‘zini oqlab.
Nima deyotgandim?
Ha, ho‘kizni mashinamga ortdik. No‘’mon aka biqinimdan joy oldi, yo‘lga tushdik.
— Qo‘rqmay ichavarasan, yaqin joy-ku, — dedi No‘’mon aka osilgan qovoq-tumshug‘imga qarab.
Sal ko‘nglim yorishdi. To‘yxonaga borgach esa, mezbonlarning gap-so‘zlaridan yayrab ketdim:
— Kelinglar, kelinglar, ho‘kiz... mehmonlar!
— Bir yo‘la poda bo‘lib kelibsizlar-da, xush ko‘rdik.
— Eng katta ho‘kiz... mehmon yuqoriga o‘tsin!
— Tortinmasdan olishib o‘tiringlar, ho‘kiz... mehmon akalar, bu noz-ne’matlarning hammasi sizlarga atalgan.
Zimdan No‘mon akaga qarasam, achchiqlanish o‘rniga lab-lunjini yig‘ishtirolmay, kulib turibdi. Rosa yedik, ichdik, sarpolar kiydik... Bir qop go‘shtga aylangan bosh ho‘kiz mehmon — No‘’mon akani kabinaga yuklab berishdi, ortga qaytdik. Menam ichganmanu, ammo yo‘lni ko‘rib turibman. Birorta gai-pai to‘xtatmasa bas, uyga yetib olaman.
Mashina chayqaladi, unga qo‘shilib ho‘kiz akamlar ham. Hayolimda bu ho‘kizni qanday yo‘llar bilan kabinadan tushirib olishu, uyiga kiritib qo‘yish: orqalasam — ko‘tarolmayman, yumalatsam bu bochka emas, ho‘kiz.
Nima deyotgandim?
Ha, kallada mingta xayol, yo‘lda ketyapmiz. Avvaliga qizil kaltak, keyin qo‘l, oxirida formada turgan uning egasi ko‘rindi. Yonida mashinasi ham bor. Uff! G‘iyq! To‘xtadim. No‘’mon akaning peshanasi oynaga tegdi.
— Nimaga to‘xtading, hayda! — dedi u ko‘zini bir ochib, bir yumarkan.
— Ichaver, ichaver, dedingiz mana oqibat: GAI to‘sdi.
Gapim javobsiz qoldi: aka uyquni qolgan joyidan davom ettirishga kirishdi. Yurakdan chiqarib uffni tortgancha, mashinadan tushdim.
— Aka, tros bormi? — yuzlari gul-gul yashnab kelayotgan nazoratchi so‘radi.
 — Tros?.. — nazoratchining xushmuomalaligidan dovdirab qoldim. Kalovlanib bortga chiqdim. Kallamdan aylanay, ho‘kiz so‘yilgach, arqonini mashinaga tashlab qo‘ygandim. Nazoratchiga uzatdim.
— E, arqon bo‘lsayam pishiqqina ekan, — dedi nazoratchi uni siltab. 
— Ho‘kizniki! — deb qo‘ydim kabina tomonga ishora qilib.
— Mayli, mayli, bo‘laveradi, — nazoratchi qo‘li ko‘ksida iltimos ohangida davom etdi. — Mashinaning motori suv qo‘yib yubordi, ustaxonagacha sudrab ketsangiz.
Voqealarning bunday rivojidan boshim osmonga yetdi. G‘ayratim jo‘shib, zumda mashinalarni bir-biriga bog‘ladim.
— Ammo sekinroq yurasiz-da, — nazoratchi qo‘li ko‘ksida ogohlantirdi.
— O‘nda yuraman, beshda yuraman, nolda yuraman, — javob qildim menam o‘sha holatda.
Eshigini qarsillatib yopgandim, No‘’mon aka seskanib ko‘zini ochdi.
— Keldikmi? — so‘radi u tushishga chog‘lanib.
— Endi ketyapmiz.
— Unda hayda! — dedilar qo‘llarini oldinga ishora qilib. Uyqu sal o‘zlariga keltirib qo‘yganmi, meni alqay ketdi. — Zo‘r bolasan! Seni yaxshi ko‘raman. Ke, bir o‘pib qo‘yay. 
Ruxsatimni kutmasdan, o‘ng yuzimdan cho‘lpillatib o‘pdi.
— O-o-o! Asalsan, asal! — dedi labini kafti bilan artib. — Ammo ziyofat ham zo‘r bo‘ldi-da! Qudamga gap yo‘q, o‘g‘il bola, nima deding?
— Bo‘ladi, — javob qildim beparvo.
— Oltita qudam bor, — aka davom etdi. — Kattasini bilasan, Yo‘ldosh so‘pi. Odammas. Ellik yil kechasi-yu kunduzi nomoz o‘qigani, sakson sakkiz marta xojiga borib kelgani bilan gunohlarini yuvolmaydi. Uning gunohlari million qavat bo‘lib ketgan. Meni bitta aybim bor — ichaman, nima bo‘pti? Ichaman, ichaman, to‘ldirib-to‘ldirib ichaman! Ichaman, ichaman, bostirib-bostirib ichaman! 
Aka oxirgi gaplarini kuyga solib, xonish qilib yubordi. Birdan: 
— Nima deyotgandim? — deya qo‘qqis savol tashladi.
— Oltita qudam bor...
— Ha, oltita qudam bor, — aka og‘zimdan gapimni ilib ketdi. — Kattasini aytdim — ablah! Qolganlari... Ularam bo‘lmaydi. Ammo bugun to‘y qilayotgan qudamga gap yo‘q. Qaerda uchrab qolsa, yarimta ichirmaguncha qo‘ymaydi... Fozilxo‘janing do‘koni oldida Olim qiziq ikkovimiz endi uchtani bo‘shatib tursak, Yetovqo‘zi kelib qoldi. Yetovqo‘zi ichmaydi-yu, ammo qo‘li ochiq bola... Rahmatjon darrov bittani olib chiqdi. Pamildori sotib kelayotgan ekan... Shunday uyning oldiga kelib mashinadan tushdim. Qarasam, piyoz bozorida yuribman... Bu sigiring necha pul turadi, dedim. Yolg‘on gapirmadim men... Pul qistiryapman bo‘lmasa. O‘yinchiga ham, ashulachisiga ham besh yuzta-likdan qistirib qo‘ydim. Olimjon bir piyoli ichdi-yu, o‘chib qoldi. Kasalning o‘zi yo‘q bo‘lgandan keyin uni tepasida uch kun o‘tirarmidim, somsani stoliga qo‘ydimu, ortimga qaytdim. To‘g‘rimi axir? Nima deyotgandim?..
Gapni oltita qudasiga bursammi yo ziyofatga deb andak o‘yga cho‘mibman. Ortimdan mashinaning bosib-bosib chalgan signali eshitildi.
— O‘tavermaysanmi, kayfni uchirmasdan! — No‘’mon aka qo‘li bilan o‘t-o‘t deganday ishora qildi.
Oynadan qarasam, melisaning mashinasi!
 — Seni quvyapti, bos! — No‘’mon akaning kayfi qayoqqa uchdi bilmadim, menga buyruq qila ketdi. — Boriga bos! Yetib olsa, ichvolgansan, pravang qulog‘ini ushlab ketadi, bos! — Orqaga yuzlanib, bosh chayqarkan, gapini davom ettirdi. — Voy, ablahey, to‘xta deb chirog‘ini o‘chirib yoqyapti, signal chalyapti, bo‘shashma, bos!
Oynadan orqaga qarasam, haqiqatan melisa mashinasi quvyapti. O‘ngga burilsam o‘ngga buriladi, chapga yursam chapga. G‘alatiligi tezlasam tezlaydi, sekinlasam sekinlaydi. Ustiga ustak, No‘’mon aka aytganday, «To‘xta! To‘xta!» deganday chirog‘ini o‘chib-yoqadimiey, signal chaladimiey, kaltagini oynadan chiqarib siltaydimiey!.. 
— Anovi terakning oldidan chapga buril! — No‘’mon aka tor ko‘chaga imladi. — Sen burilasan, ammo u yo terakka uriladi, yo burilolmay o‘tib ketadi, qutilamiz. 
Buyrug‘ini so‘zsiz ado etdim. Aytganiday, melisa ortimizdan burildi-yu mashinasi terakka ro‘baro‘ bo‘ldi. Mashina unga zarb bilan urildi, orqasi bir ko‘tarilib tushdi va taqqa to‘xtadi. Militsioner kabinadan o‘qday otilib chiqib, jahl bilan kaltagini siltab yana, «To‘xta! To‘xta!» ishorasini qila ketdi. To‘xtab esimizni yebmizmi!
Aka-uka shodon qo‘l tashlashib, yo‘limizda davom etdik. GAIdan eson-omon qutilganimizni qaerda yuvish maslasini muhokama qilishga kirishdik.
Ha, aytgancha, o‘zi nima deyatgandim?

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.