OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Tadbirkorlik (hajviya)

Ishdan olingan, bo‘shatilgan odamlar haqida eshitgansiz, bilasiz. Ammo men hikoya qilmoqchi bo‘lgan ishdan ketish voqeasi tushingizga ham kirmagan bo‘lsa kerak. Voqea maktab bog‘i bilan oshxonani tutashtiruvchi chorrahada ro‘y berdi. 
Direktor o‘rinbosari Olimjon (nima bo‘lganlarda ham rahbar-da) oldinda, biz esa, orqada (oddiy o‘qituvchilarmiz-da) oshxona tomondan kelardik. Bog‘ tomondan qorovulimiz Soli buva aravasiga o‘t yuklab chiqib qoldi.
— Ha, boboy, — kovlayotgan cho‘pini tishidan olib, og‘zidagi go‘sht qoldig‘ini yo‘lga tuflab olgach, Olimjon gapini davom ettirdi. — Uygami? Bu o‘tlarni bizning hovlidagi mol-qo‘ylar yemasmikan, a?
O‘zi oshxonadan jinday-jinday tomoq xo‘llab, askiya qilib chiqayotgandik. Olimjonning gapi uncha kulgili bo‘lmasa-da, «xo-xo»ladik, rahbarimiz, hurmatlarini joyiga qo‘yish kerak.
Boboy tishsiz og‘zini ochib, kulgimizga qo‘shildi: uyam maktabda ishlaydi-da.
— Bizdayam mol-qo‘y bor, ammo uni maktabning bog‘idagi o‘t-o‘lan bilan boqmaymiz, — dedi Olimjon jiddiy.
— Endi, o‘g‘lim, begona o‘tlar... Turaversa yog‘in-sochinda chirib, yo‘q bo‘lib ham ketadi, — dedi Soli buva gunohkorday.
— Chirib ketmasdi, maktabniyam yeyman-ichaman degan qo‘ylari bor, — dedi Olimjon.
Direktorimiz Dadaxon aka bundan ikki oylarcha burun yordamchi xo‘jalik tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqandi. Endi bir narsani bilmasa, rahbar bo‘lmaydi, bir narsani boshlamaydi, deb fikrlarini ma’qullagandik. O‘qituvchilardan, o‘quvchilardan oz-ozdan pul to‘pladik. Dadaxon akaning o‘zlari borib ikki bosh qo‘y, to‘rtta qo‘zichog‘i bilan olib keldi, yordamchi xo‘jalik tashkil bo‘ldi. 
E, boboy bularni qayoqdan ham bilsin! U yordamchi xo‘jalikning taqdimot marosimi — «yuvdi-yuvdi»si kuni qorovul sifatida ish boshlagandi.
Olimjon ana shu yordamchi xo‘jaligimizdagi qo‘ylarni nazarda tutib, gap qilgandi, biz uning gapini ma’qullab, «To‘g‘ri, to‘g‘ri», dedik, bosh qimirlatdik.
— Buning otini, — Olimjon har so‘zini urg‘ulab davom etdi, — tashmachilik, o‘g‘irlik, deydilar, boboy! 
Soli buvaning kulib turgan yuzi joyida qotdi. Olimjonga xo‘mrayib tikildi. So‘ng: 
— Hali senlar to‘g‘ri-yu, men o‘g‘ri, muttaham, tashmachi bo‘lib qoldimmi? E, o‘rguldim senlardan! Makta-bingni yelkamning chuquri ko‘rsin! Ishlamaganim bo‘lsin, ketdim! — dedi-da, aravasidagi o‘tni oldimizga ag‘darib, shartta ortiga burilib, bizdan uzoqlashdi. 
— Ketsa, ketib o‘lsin, — dedik o‘rinbosarimizni qo‘llab-quvvatlab. — Qishloqda qorovul bo‘laman deb yurganlar son mingta.
Ammo buva yordamchi xo‘jaligimiz — qo‘yxona tomon yurdi. Uning eshigini ochib, ichkarga kirdi. Keyin... Qo‘ylarni oldiga solib haydagancha ishdan... keta boshladi!
Angrayib qoldik. Albatta, Olimjon rahbarligida uning yo‘lini to‘sib:
— Bu nima qilganingiz? Qo‘ylarni qayoqqa olib ketyapsiz? Nima haqingiz bor? — dedik.
Ammo miyasini yegan chol, savollarimizga javob berish o‘rniga:
— Qoch! Yo‘limni to‘sma! Senlar to‘g‘ri, men o‘g‘ri! — deya qo‘lidagi xipchin bilan solib qolishiga sal qoldi. 
Soli buva ketdi. Qo‘y-qo‘zilarni oldiga solib haydagancha ishdan ketdi!
Biz esa yelka qisib, lab burib, o‘z taajjubimizni bir-birimiz bilan o‘rtoqlasha ketdik.
Eng ajablanarlisi, tumandagi yig‘ilishdan qaytgan direktorimiz Dadaxon aka voqeani eshitib, bir so‘z demadi. Boshi bilan imo qilib, Olimjonni xonasiga boshlab kirib ketdi. Ular o‘rtasida qanday gaplar o‘tgan, bizga qorong‘u. Ammo muammoning o‘ta zukkolik va tadbirkorlik bilan hal etilganiga ertasiga hammamiz guvoh bo‘ldik: ikki bosh qo‘y, to‘rtta qo‘zichoq, ranglari boshqacharoq bo‘lsa-da, yordamchi xo‘jaligimiz binosida kavsh qaytarib turardi, tepalarida yangi qorovulimiz bilan.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.