OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Yong'oq-yong'oq (hajviya)

Choyxona oldida turgandik.
— Yong‘oq qoqtirmoqchi bo‘sang‚ Shokir buvangga xabar berib qo‘y! — Siddiq aka velosipedidan tushar ekan so‘z qotdi. 
Arofimdagilar kulishdi. Siddiq aka hamma bilan bir-bir:
—Tuzukmisiz? Yaxshimisiz? Toshkentlar qalay? — deb so‘rashib‚ gapida davom etdi. — E‚ odamlar azonlab Shokir buvaning eshigida ochretga turyapti. Zo‘r qoqyapti‚ uchida bir donayam yong‘oq qoldirmayapti ekan. Vaqtliroq aytmasang‚ yong‘og‘ingni qoqish qishga qolib ketadi. 
— E‚ senga gap topilmay ketsin! — Mirzakbar aka kulimsirab‚ qo‘l siltadi. So‘ng menga tushuntirgan bo‘ldi: — Shokir buvangiz yong‘oq qoqaman deb chiqib‚ yiqilib tushibdi‚ shuni aytyapti.
Qahhor domli Don Kixotga‚ bo‘yi ham‚ qo‘li ham‚ oyog‘i ham‚ yuzi ham‚ burni ham‚ soqoli ham uzun‚ faqat aqli qisqa bo‘lgan‚ deb ta’rif bergan. Bu ta’rifni Shokir buvaga nisbatan ham ishlatsa bo‘ladi. Faqat u kishining aqli qisqa emas. Bo‘yiga mos. Yana uni ustiga deng‚ kulgining ishqibozi. Qishloqda bo‘lgan‚ o‘zining boshidan kechgan voqealarni aytib bermaydi‚ yurib‚ turib‚ o‘tirib‚ yotib‚ oyoq-qo‘llarini harakatlantirib‚ labini‚ ko‘zini yumib‚ ochib‚ burib‚ o‘ynatib — ko‘rsatib beradi:
— Bir kuni degin‚ Arslonboy rais ko‘chadan o‘tib boryapti: ikki qo‘l orqasiga chirmashgan… Mana, bunday, qara… Qorin qanorday, oldida osilib turibdi. Qovoqlar bir qarch: ko‘zlarini yopib qo‘ygan. Har qadam tashlaganda yer zirillaydi: gup‚ gup… Eski uylar shuvog‘i ko‘chib tushyapti, har qadam tashlaganda! 
 Nosir buvaning eshagida mudragancha sekin kelayotgan ekan. Bilardingu‚ Nosir buvangni‚ eshakka minishi bilan, man bunday qilib, yerga qarab mudrashni boshlardi. Eshagi aytgan joyiga o‘zi olib borib qo‘yaverardi. Xullas‚ Nosir buvang mudrab kelayotgan ekan. Eshagi haligi qadam tovushidan hurkib‚ shart orqasiga qarab burilvordi! Nosir buvang «gup» etib yerga quladi‚ eshagi dumini xoda qilgancha qochib qoldi! 
E, uncha-muncha aktyor Shokir buvaning oldida ip esholmaydi. Aktyorlikka ishqibozligidanmi‚ meni ko‘rsa darrov velosipedidan tushadi.
— Ie‚ toshkanlik kelib qolibdi-yu? Qachon kelding? — deya birin-ketin savollarni yog‘dira ketadi. Ammo javoblarimni kutib o‘tirmaydi. — Ergash Karim qalay‚ yuriptimi? Ko‘rib turibsanmi? Abduholig‘ingam tinchmi? Sur’at Po‘latov olamdan o‘tibdi deb eshib‚ juda xafa bo‘ldim‚ Xudo rahmat kilsin. Nima u kasalmidi? – deya asosiy savollariga o‘tadi. 
 Javob berganim sayin‚ savollari bolalayveradi. Lekin yetarlicha javob olmaguncha‚ qo‘ymaydi. 
— Xabar olib qo‘ygin‚ uyida yotibdi‚ seni yaxshi ko‘radi, — Siddiq aka bilagimdan tutdi. — Yur‚ birga ko‘rib chiqamiz‚ menam kirolganim yo‘q. 
— Ha‚ kirib qo‘yinglar‚ xursand bo‘ladi‚ — Mirzakbar aka bizni quvvatladi.
Oldinma-ketin‚ uylariga kirib bordik. Shokir buva ayvondagi so‘rida yotgan ekan. Bizni ko‘rib‚ o‘mganini ko‘tardi:
— E‚ kelinglar‚ kelinglar! Ie‚ toshkanlik ham kelibdi-yu!
— Turmang‚ turmang! – shoshib borib so‘rashdik.
 — E! – buva qo‘l siltab‚ bizga tushuntirgan bo‘ldi: — Oyoq ketgan‚ bel ketmagan. Siddiq‚ anovi bolishni orqamga tirab qo‘y. Tiramasa turmaydigan bo‘lib qolgan! Bel! Ha-ha-ha!
Buvaning kampirlari chiqib‚ biz bilan so‘rashib‚ chollaridan noliy ketdi:
 — Buvalaringni ko‘rmaysizmi‚ o‘g‘illari yo‘qday o‘zlari tirmashib chiqib ketishdi. «Vey‚ qo‘ying‚ Mahmud kelsa, qoqib berar! Yo ana‚ Qosimjon uyida‚ aytib chiqaman!» deganimga parvo ham qilmadi.
 — Vey‚ sen javramasdan choy-poy olib chiq! — Shokir buva jerkib berdi. So‘ng: — He-heh! – deb kuldi kampirining orqasidan imo qilib. — Endi xolangga xudo berib yotibdi: qoqqan yong‘oqlarimni boshimga qo‘yib chaqyapti! Yong‘oqni ko‘rgansizlar-a?
Ko‘zimiz hovli etagidagi tanasi bir quloch keladigan yong‘oqqa qadaldi.
— Pastdagimas‚ tepadagi ayriga qaranglar‚ ana shu yerdan yiqildim. Bitta bilakday shox turgan ekan. O‘shani ushlab hov, tepadagi ayriga o‘tib olaman, debman-da. Qurib qolgan ekan‚ hamshira‚ shunday ushlashimni bilaman‚ pastga qarab ketdim-da! Yaxshi‚ ostiga bostirma qurib qo‘ygan ekanman‚ oldin bostirmaga tushdim‚ keyin yerga! Xudo saqladi. To‘g‘ri yerga tushganimda bormi‚ buvangni lahadda ko‘rarding!
— Ammo yaxshi yer bor edi-da, — Siddiq akam luqma tashladi. — Mirzali go‘rkov ham maqtagandi, shu kunlarda kim o‘lsayam zo‘r joy bor deb!..
— Gaping qursin! — buva Siddiq akaga qo‘l siltab, menga yuzlandi. — Buni qo‘yaver, Toshkandan gapir. Baxtiyor Ixtiyorov haliyam bormi? Nimaga sira televizorda ko‘rmayman-a?..
Suhbatimiz qizib ketdi. Choy keldi‚ non keldi‚ yegan, ichgan bo‘ldik. Ketishga ruxsat so‘radik.
— Shoshib qayoqqa borasan‚ har kuni kelib yuribsanmi? Sho‘rva bo‘lyapti…
— Boshqa safar…
— Boshqa safar yana bo‘laveradi‚ – buva o‘mganini sal ko‘tarib‚ kampiri tomonga yuzlandi. – Hov‚ haligini olib chiq.
Siddiq akam bilan ko‘zlarimiz to‘qnashdi: jinday-jinday otib turishimizni buva biladi. U kishining oldida «haligi»dan ichib o‘tirsak, noqulay bo‘ladi‚ degan gaplar o‘tdi ko‘nglimizdan.
— Unaqa narsalarni qo‘ying‚ buva‚ tuzalib oling keyin bo‘laveradi‚ – Siddiq akam keskin rad etdi. – Bu yerga sizni ko‘rgani chollar kelib turibdi. Ularning oldida noqulay bo‘ladi-da!
— Nima bo‘pti? Ay‚ chollar kelsa kelib, ketaveradi‚ – buva yana kampirlari tomon yuzlanishdi. – Opchiqyapsanmi?
— Hozir!
— Seni azondagi hoziring‚ tushda hozir bo‘ladi! Obke tezroq!
— Shuni bekor qilyapsiz-da‚ buva! – menam Siddiq akamni quvvatlagan bo‘ldim. 
— Nimasi bekor! O‘tirimiz-da, gaplashib. Opchiq!
— Qaerga qo‘yovdingiz, topolmayapman?
— E, sandiqning orqasida turibdi, opchiq!
Siddiq aka menga qoshini uchirib, piyolalarni chayqab, olma archishga kirishdi.
— Mang‚ zormandangizni! — xola zarda bilan qog‘ozga o‘ralgan uzunchoq narsani uzatdi. 
— Bor‚ ekansan-ku! — buvaning yuziga tabassum yugurdi. So‘ng qog‘ozga o‘ralgan shishani qo‘lida siltab davom etishdi. — Mana shu qurib ketkur-da‚ hammasiga sabab. Mana shu bo‘lmaganda men bunaqa qilib yotmasdim.
— Ha‚ buva‚ qildi rasvo ichkilik‚ deyishadi-yu! Bizga aytmaysizmi «yarimta» bor deb‚ o‘zimiz qoqib berardik o‘sha yong‘oqni. Ichvolgandan keyin‚ yong‘oqqa chiqmaslik kerak edi-da! — dedi Siddiq aka qo‘llarni siltab.
— Kim ichvolib yong‘oqqa chiqibdi‚ kim ichar ekan!? – buva Siddiq akamga o‘dag‘aylay ketdi. – Yong‘oqning qurigan shoxini gapirdimmi‚ sen kallaga! Mana o‘sha qurigan shox. Ko‘rib qo‘ygin deb, ko‘rga xassa qilib olib o‘tiribman! 
Buva o‘ramni Siddiq akamning oldiga otdi. O‘ram ochilib ketdi: bir tomoni yo‘g‘on‚ ikkinchi yog‘i ingichkalashib ketgan yaqin yarim metrlik yong‘oqning shoxi bizga jilmayganday qarab turardi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.