OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Sangardak qo‘shig‘i

Ulkan daryolar ham kichkina irmoqdan boshlanib, irmoqlar esa qordan oziq oladi. Daraxt ko‘kka intiladi. Biroq, pishgan mevasini yerga tup etib to‘kadi. Archalar ming yildan buyon shamol bilan tillashadi. Huv, yelkasini osmonga tirab turgan tog‘lar kunduzi quyoshni, kechasi oy-u yulduzlarni yelkasiga mindirib yuradi. Xuddi bolasi yo nabirasini yelkalab olgan otaxon singari. Momolarning ro‘moli yanglig‘ yoqimli is taratuvchi keng va adirliklarda yilqilar, qo‘y-qo‘zilar, tog‘ning qatlarida esa kiyiklar o‘tlaydi.
Bir qarashda qal’a darvozasini eslatguvchi mana bu tog‘ning tepasiga qarayman desang, do‘pping yerga tushadi. Men bu tog‘larni aka-ukagami, ota-bolagami yoki mehmonni kuzatayotgan mezbongami o‘xshatgim keladi. Mana, biri qo‘liga suv quyyapti, biri qo‘l yuvishga chog‘lanyapti. Bilmadim, negadir xayolimga shu narsa o‘rnashib qolgan: Bular egizak. Birining etagidan suv oqib o‘tsa, birining ko‘ksidan sachrab chiqadi. Bu mo‘‘jiza emasmi?
Tilingiz chiqqan kunni eslolmaysiz. Chunki u vaqtlar es bo‘lmaydi-da.
Birinchi bergan savolingiz ham esingizda yo‘q.
Osmonga boqib, quyosh bilan oyni ham tushunmagansiz. Biri chiqsa yorug‘lik, biri ketsa qorong‘ulik.
Otangizni yelkasiga qachon minib olgansiz? Buyam esingizda yo‘q.
— Dada, meni toqqa olib boring.
— Osmon nima degani?
— Nega quyosh deydilar?
— Otga mindiring…
— Katta bo‘lgim kelayapti...
Ko‘chani changitib yurgan har bolaning tilida, dilida shu savol bo‘lsa ne ajab: nega osmon deydilar?
Shunga o‘xshash savol bera boshlaganimizda, sal bo‘lsa-da, esimiz kirib, ko‘cha changitib yurishdan tiyilgan bo‘lamiz. Zero, o‘yini o‘yimizda, lekin savollar ham xuddi bobomizning qalin soqoli yanglig‘ shunchalik ko‘p edi-da.
Men dengizni yaxshi ko‘raman, ammo buloqni sevaman. Dengizning to‘lqinlariga maftunman, biroq buloqning shildirishi yuragimda kakliklarni sayratadi.
Bu ta’riflarning barchasi Surxon vohasining tog‘li hududlaridan biri bo‘lmish Sangardak degan so‘limgina qishloqqa atalgan. Tog‘larida qishu yoz, bahoru kuz kakliklar sayraydi. Bog‘larida kuzning kech kunlarigacha daraxt shoxida olmalar bo‘ladi. Bahorda daryolar toshadi, qorlar eriydi, sellar keladi. Xuddi o‘n sakkiz yoshli yigitcha kabi daryolarning kuchi bilagiga sig‘maydi. Yozida ham daryo katta bo‘ladi, biroq sal tiniqlashadi. O‘ttiz yoshli og‘ir-bosiq odam singari. Kuzida suvlar dokaday mayin tortib qoladi. Ellikdan o‘tib, oqu qorani tanib olgan odam yanglig‘ sekin oqadi. Hatto, birinchi sinf o‘quvchisi ham uni mensimay kesib o‘tadi. Qishda esa... muzlaydi. Usti muz, pastida suv oqib turaveradi. Yuzi kulib tursa-da, qarilikka chora topolmay qalbi azob chekayotgan otaxon misol.
Sangardakning sharsharasi nihoyatda mashhur. Bahordan to kech kuzgacha odam arimaydi. Xuddi bozorga o‘xshab gavjum. Barchaning qalbida shirin bir entikish, ona tabiatga tasanno. Yaratganga shukronalik va jannatmakon yurtimizning shunday go‘shalari borligidan qalbing faxrga to‘ladi.
Suvning o‘ynashini, raqsga tushishini ko‘rganmisiz? Sangardak sharsharasi shunday raqsga tushadi. Dimog‘ingizda istagan kuyingizni hirgoyi qilib sharsharaga tikilsangiz, u sizni eshitgan kabi raqs tusha boshlaydi. Agar unga maftunligingizni oshkor etsangiz, u boshingiz uzra kamalak yasaydi, tomchilarini yuzingizga sepib sho‘xlik qiladi. Beparvolik qilsangiz shamol bilan yuzingizga chang soladi.
Bular rivoyat yoki afsona emas. Ko‘rganim, bilganim va his qilganlarim. Bir necha marta qo‘shiq aytib sharshara raqsini ko‘rganman. Maftunligigimni bildirib, sochlarimni silatganman. Va yana bir marta yuzimga chang soldirganganman. Odamni tushunadigan sharshara bu.

* * *

Bu bolaning o‘yindan boshqa o‘yi yo‘q edi. Maktabdan kela solib, ovqat ham yemasdan, onasining ko‘zini pana qilib, qo‘lbola o‘q-yoy olgancha tutzorga oshiqardi. Bo‘lmaganda uchta qushning yostig‘ini quritar, keyin tanishlariga qilgan “qahramon”ligini uzoq maqtanardi. Bir kuni chiroyli qushning ko‘zini nishonga oldi. Xayolida ming bitta o‘y. Shu chog‘, kutilmaganda qulog‘iga bir balo kelib tegdi. Tamom. Chingillab ketdi. Xuddi tog‘ning parchasi kelib tekkandek og‘riq berdi. Bola o‘girilib qaragandi, Olim sinfdoshining otasi, ko‘zlari g‘azabdan yonib, shunday dedi:
— Otangga ayt, otalik qo‘lidan kelmabdi…
Bola qishloqni boshiga ko‘tarib, yig‘lagancha uyi tomon chopdi. Bor gapni piqillab aytayotgandi, bir mahal otasi o‘rnidan irg‘ib turib, bog‘ tomon o‘tib ketdi. Bola: “Meni urganing uchun adabingni yeysan”, deb pichirladi. Ammo otasi bir xivchin ko‘tarib kelib, bolani shir yalang‘och qilib savaladi. Bola o‘sha voqeani tushunib yetguncha yigirma besh yil yashadi. Anglaganida o‘sha xivchinni qanchalar yaxshi ko‘rib qolganini ich-ichidan his etdi. O‘sha xivchin sabab qush-ku qush, chumoliga ham ozor bermaydigan bo‘lib ulg‘aydi-da. Mening Sangardagimda bu seni bolang, bu mening bolam degan tushuncha yo‘q. Yaxshi bo‘lsa boshiga ko‘taradi, sho‘x bo‘lsa erkalab, haddidan oshsa bir tarsaki bilan tarbiyalab qo‘yadi. Negaki, ular bir-biriga jondosh, qarindoshu qondosh va tuproqdoshligini, birinchi sinf bolasidan tortib, to‘qson yoshli bobo ham yaxshi biladi. Osh qilganda to‘rtta ulfatini chaqirmasa tatimas, qo‘shnisiga bir kun taom chiqarib qo‘shnichilik udumini o‘rniga qo‘ymasa, yuragi g‘ash bo‘ladi. Bir tandir non yopsa, yetti qo‘shniga ilinadi. Gohi o‘ylab qolaman: bu odamlar mehrning farzandlarimi yoki mehr ulardan andoza olganmanmikan?
Sangardak odamlarining dilida g‘ayrat, qo‘lida qudrat bor. Ular ko‘z ochguncha toshloq joydan ham bog‘ barpo eta oladi. Bog‘ning tashvishi esa sochidan-da, yuzidagi ajinidan-da ko‘p. Ammo quvonchi barchasidan bisyor.
Odamlarning bir-biriga qilgan hazillari… Deydilarki, bir to‘yda oshpazga guruch yoqmabdi.
— Bor mening do‘konimdan ikki qop guruch olib kel. Pulini topganda berasan, — debdi oshpaz.
To‘y egasi ko‘rinishidan soddagina bo‘lsa-da, ancha pishiq ekan. Ukasini chaqirib:
— Guruchni mashinaga ortginu ko‘chani bir aylanib kel. Keyin oshpazga uyingizdan opkeldim, degin, — debdi. Uka aka aytganini qiladi. Guruch xaltani ochgan oshpaz:
— Mana, bu endi guruchning zo‘ri, — deb ishni boshlab yuboribdi.
Oshpaz hammasini bilib turgan, lekin to‘ydorning xursandchiligi uchun, qilgan hazilidan izza bo‘lmasin deb, shunday deganini oradan ancha vaqt o‘tib aytganiga nima deysiz? Ha, ular hazilniyam, xizmatniyam qotiradi. Shunday bir-biriga qadrdon odamlar bilan bir tuproq ustida, ular o‘tgan ko‘chalarda yalangoyoq chopib yurgan menday bola qanday qilib yaxshi ko‘rib qolmasligim, hatto saratondayam bir kunda uch mahal yomg‘ir yog‘ib, quyosh chiqadigan qishloqni qanday sevmasligim mumkin. Sangardakliklarning orzuyu maqsadlari bog‘idagi olmalaridan-da ko‘p.
O‘rmonda adashib qolgan odam qanday qilib bo‘lmasin uyiga qaytishni orzu qiladi. Ertalab bog‘igami, dalasigami ketayotgan odam quyosh botgach uyga qaytishga hozirlanadi.
Bu-ku, mayli, biror joyga mehmondorlikka borsa, yarim tun bo‘lsa ham uyiga qaytgan momomizga, “Yotsangiz bo‘lmaydimi”, desak: “Uyimni sog‘indim”, deydi.
O‘rmonda adashgan odam nega uyiga qaytishni istaydi? Axir o‘rmon ham yurtining bir hududi-ku. Dehqon bog‘u dalasidan daromad ko‘radi, lekin u ham kech bo‘lganda uyiga qaytadi. Undan ko‘ra osmonga termulib, dalada yotsa bo‘lmaydimi?
Chunki uy uning Vatani. Vatan — sen tanigan va seni taniganlarning go‘shasi. Seni tushungan va sen ham his qilganlarning makoni. Vatanning millionlab odami bo‘ladi, lekin millionlab odamning Vatani bitta bo‘ladi. Mening tushunganim shu…
Birinchi muallimimdan besh baho olganimda ko‘zimdan yosh chiqib ketayozgan. Chunki, bilardim uyga borib barchadan maqtov eshitaman. Shunday ham bo‘lgan. Rosa quvonishgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchim otamning oshnasi bo‘lgani uchun beshni menga “hadya” qilgan ekan. O‘shanda ming marta ikki olganim a’lo edi, deb o‘kinganman. Ammo, endi o‘sha besh bahoda bir hikmat ko‘raman: odamlar senga ishonch beradi, toki sen oqlamaguningcha. O‘sha baho sabab doim besh oladigan bo‘ldim. Ha, birinchi muallimim menga shunday saboq berdi: “Bugun senga men qarzga baho qo‘ydim. Sen shunday bo‘lki, hech qachon qarzga maqtov ham olma. Hammasi o‘z vaqtida bo‘lsin…”
Men yana nima deyin… Har bir odamidan tortib, tog‘i-toshigacha menga saboq bergan qishlog‘imni nima deb madh etayin?
Gohi telefon qilgan onamning hazin ovoziga biroz dag‘al, jindek zarda bilan javob beraman. Ertadan kechgacha tinim bilmagan onam, kechga borib betobligini-da, bilmay uxlab qoladi. Televizorga tikilib, ikki yostiqni qo‘ltig‘i ostiga qo‘yadigan otam, onamga bir-ikki qarab qo‘yadi. Dilida nimalar bor: o‘zi va Xudo biladi. Narigi xonada kompyuter chuqilayotgan ukam, olis Toshkentni xayol qiladi. Borsam, tomosha qilsam deydi, biroq qo‘yningmi, sigirningmi bemahalda ma’rashi xayolini bo‘lib, kompyuterni ham unutib og‘ilxonaga yuguradi. Gohi sigir arqonidan bo‘shalgan bo‘lsa, goh biror qo‘ymi bolalagan bo‘ladi. Qo‘zichoqni issiqroq joyga qo‘ygan ukam, endi Toshkentni xayol qilmaydi: bu qo‘zi qachon katta bo‘ladi, sal garangmi deyman, chakki bo‘ldi-da, deb xayol suradi, uyqudan to‘yar-to‘ymas tong otadi. Yana tashvish va yumushlar boshlanadi.
U kindik qoni to‘kilgan go‘shasini yaxshi ko‘radi. Uning muhabbatiga ta’rif yo‘q. Lekin shu qishloqqa bo‘lgan mehri, butun bir mamlakatni sevishga qodirligini, kerak bo‘lsa, sevayotganini bilmaydi. Bilib nima ham qildi. Sevish ham yaxshilikdek bir gap. Yaxshilik esa elga oshkor qilinmaydi-ku.
Men ham qishlog‘imni yaxshi ko‘raman. Negaki, men kimni tanigan, ismini bilgan bo‘lsam, albatta, shu qishloqdan o‘rgandim. Shu qishloqda bobomdan dostonlar, momomdan ertaklar eshitdim. Otamning sochi qop-qora edi, endi oppoq. Ikkisiniyam shu qishloqda ko‘rdim. Shu qishloqda ot minishni o‘rgandim. Yiqilishniyam shunda bilib oldim. Sersavol edim, ammo har savolimga javob topardim. Onam aytmasa otam, otam aytmasa bobom, ular ham aytmasa shamolu tog‘lar javob berardi.
— Ona, nega suv ichamiz?
Sarg‘aygan o‘t-o‘lanlar “Bizlarga boq” derdi. Javob topardim.
— Eng zo‘r kim?
Daryo toshganda olib ketolmagan qoyani ko‘rsatib: “O‘sha” derdi.
— Nega sochingiz oq, bobo?
Shamol, quyoshga erimay tog‘ cho‘qqisida qolgan qorga qara, derdi. Keyin qulog‘imga shivirlardi: “Oqlik ulug‘larda bo‘ladi”.
Bular mening savollarim va topgan javoblarim edi.
Bugun tushunib turibman: men ulkan daryolarga qo‘shilgan bo‘lsam-da, o‘sha ilk bulog‘imni unutganim yo‘q. Unutmayman ham.
Qishlog‘imni yaxshi ko‘raman. Chunki, u menga oshiqlikni, shaydolikni o‘rgatdi. Oshiq bo‘ldim. Kichkina qishlog‘im siymosida buyuk bir Vatanni sevdim. O‘rmon qaer bilmayman, bilganim uyim — bu Vatanim. Tog‘im, dalam qaer, buniyam bilmayman, bilganim — yashayotgan zaminu boshimdagi osmonim. Sangardak ham yurtimning bir bo‘lagi, jonimning bir parchasi. Buloq bo‘lmasa, irmoq, irmoq bo‘lmasa daryo bo‘lmaydi. Bizlar buloqlardan daryoga qo‘shilganlarmiz. Yurtimda bulog‘u irmoqlar ko‘p. Ammo, men bilgan ummon bitta — uning nomi O‘zbekiston! Bulog‘imiz qancha tiniq bo‘lsa, daryo ham shuncha tiniq bo‘ladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 38-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.