OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurahim Mahsumov. Xo‘p bo‘ladi (hajviya)

Idoramizga yaqinda ishga kelgan Vaqqosboyni “juda xushbichim yigit” deyishadi. Gaplari biram muloyim. Ayniqsa, dastlabki kelgan kezlarida uning har bir so‘zi hammamizga asalday yoqib tushdi.
“Uka, mana bu ishlarni qilib qo‘ying”, desangiz “xo‘p bo‘ladi”, “anavi ishlarni qilib yuboring”, desangiz “xo‘p bo‘ladi” deb javob beradi. Ana gapu mana gap. Hech vaqt “yo‘q” demaydi.
— Vaqqosboy, ish tugadi, uyga ketamiz!
— Xo‘p bo‘ladi!
Ammo, “Xo‘p bo‘ladi”ning tagida ko‘p gap bor ekan.
— Uka, sizga muhim bir topshiriq bor, — dedi bir kuni boshlig‘imiz unga.
— Xo‘p bo‘ladi, — qulluq qildi u. Lekin bir hafta o‘tdi hamki, topshiriq bajarilmadi.
— Sizning xizmatingizga muhtojmiz. Ertadan qoldirmang!
— Xo‘p bo‘ladi, — dedi yana Vaqqosboy. Shundan keyin ham ikki-uch topshiriqni “Xo‘p bo‘ladi!” deb bajarmadi. Bundan boshlig‘imizning sabr-kosasi to‘ldi chog‘i, yig‘ilishda unga tanbeh berdi.
— Ishni o‘z vaqtida bajarmaganingiz uchun sizga “hayfsan” e’lon qilaman, — dedi boshliq.
— Xo‘p bo‘ladi, — deb yuborganini Vaqqosboyning o‘zi bilmay qoldi.
— Yana shuni aytib qo‘yay, — dedi boshliq — Xalqda “xo‘p bo‘ladini yeb bo‘ladi”, degan gap bor. Ammo bizning sohamizda “xo‘p bo‘ladi” dedingizmi, bajarishingiz kerak! Bulmasa, “xo‘p”ga qo‘shilib o‘zingiz ham yo‘q bo‘lib ketasiz.
— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Vaqqosboy beixtiyor.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.