OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurahim Mahsumov. Gapning nishabi (hajviya)

Haydar mo‘ylovning ishlamagan joyi qolmagan. Xotini esa mo‘ylovning qaerda ishlayotganini so‘rab o‘tirmaydi. Gap-so‘ziyu muomalasidan biladi-qo‘yadi.
— Azizim, — deb kelardi bir vaqtlar mo‘ylov, — sizning qaddingiz ko‘zaga, ovozingiz piyolaning jarangdor musiqasiga, kulishingiz birinchi nav chinni kosaga o‘xshaydi.
Xotini mayingina kulardi. Bilardiki, eri chinni zavodda ishlayapti.
Yana bir kuni Haydar muylov gapga boshqacha to‘n kiydirardi.
— Xotinjon, sening sekin-sekin yurishingni yuk mashinasiga, kulib peshvoz chiqishingni “Mersedes”ga o‘xshataman. Oh-oh, ba’zan “Neksiya”dek lip-lip qilib yengil uchasanki, qani endi, doim shunday bo‘lsang?!
Demak Haydar mo‘ylovning “mashina saroyi”ga ishga kirgani yolg‘on emas ekan.
— Hi-hi, — deb keldi yana bir kuni, — tiling biram po‘lat qaychiga o‘xshaydiki, har gapirganda qiyib-qiyib gapirasan. Ayrim xotinlarga o‘xshab umrning egovi bo‘lma, deyman... Hay-hay, har gaping xuddi qisqichga o‘xshaydiki, uzib-uzib gapirishingni...
Haydar mo‘ylovning xo‘jalik do‘konida ishlayotganini ro‘kach qilib, har kuni xotini bilan shunday «arralashayotganini» ko‘rgan kishi ajablanmasa ham bo‘ladi.
Mo‘ylovning odati ko‘p qiziq... Kecha, deng bolalariga qarab baqiryapti.
— Sanlar cho‘ltoq supurgisanlar, cho‘ltoq supurgi!
Shunda xotini hayrat bilan tikilib undan so‘radi:
— Dadasi, nahotki farrosh bo‘lib ishlayotgan bo‘lsangiz?!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.