OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Allayorov. Besh uchrashuv (hikoya)

Gulruh opaning ajinlari qoshlariga tutashib ketgan chehrasi-yu, egilgan gavdasiga ko‘zi tushgan kishi shubhasiz uni saksondan oshgan kampir deb o‘ylardi (ayol hozir 56 yoshda). Va albatta, uning hayoti bilan qiziqqan odam ayol kishi uchun eng og‘ir jazo bo‘lgan – yolg‘izlikdan o‘zga hech narsa uni bunchalik tez xarob qila olmagan bo‘lardi, deya xayolidan o‘tkazardi. 
Doktor bir million to‘rt yuz ming so‘m evaziga uning oyog‘ini operatsiya qilishga rozi bo‘ldi. Gulruh opa kasalxonadan faromush qaytarkan, shundoqqina ro‘parasiga kelib to‘xtagan taksining shovqini xayolini bo‘ldi. Mashina haydovchisini ko‘rgach, negadir ayolning vujudi jimirlab ketdi. Xuddi doktor qabulidagi kabi. Taksichi aytilgan manzilga yetib kelgach, ikki baravar haq talab qildi. U bu qari kampirdan hech qiyinchiliksiz yanada ko‘proq pul undirishiga ishonardi. 
Gulruh opa uyining yaqinidagi oshxonada ovqatlanishga qaror qildi. Ofitsiant unga chetroqdan joy ko‘rsatdi. Ayol chalop va non buyurdi. Ammo ketayotib xizmatchi yigit undan ikki hissa pul undirib oldi. 
Gulruh opa katta yo‘l yoqalab barcha devor va tirqishlarigacha yolg‘izlik hamda sukunat in qurib olgan o‘z uyi tomon odimlarkan, kimdir sumkasidan hamyonini sug‘urib olayotganini sezdi. U o‘g‘rining ortidan na yugura oldi, na unga qarshilik ko‘rsata oldi. Faqat orqaga burilib qaragandagina bu navqiron yigitning chehrasi o‘ziga naqadar tanish ekanini xayolidan o‘tkazdi. Ayol o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uyning ro‘parasidagi piyodalar yo‘lakchasiga yetganida yurishdan to‘xtadi. Har safar shu yerga kelganda uzoq turib qoladi. Chunki uning kundan-kun nursizlanib, xira tortayotgan ko‘zlari uzoqni ko‘ra olmas, tez qadam tashlagan sari oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmasdi. Ayolning yoniga sochlari o‘rilgan, istarasi issiq bir qiz keldi va ohista uning qo‘lidan ushladi. U ayolga qarab chiroyli jilmaydi. Gulruh opa go‘yoki avliyoning qo‘lidan tutib turgandek birdan seskanib ketdi. Qizning ko‘zlari esa ayolga kimnidir eslatardi. Qiz uni yo‘ldan o‘tkazib qo‘ydi. 
Gulruh opa uyiga qadam qo‘yarkan, har doimgidek 28 yildan buyon devorga osig‘liq turgan besh nafar chaqaloqning surati yonida tiz cho‘kdi. Suratdagilarning har biri uning farzandi bo‘lib, ularni yoshligida bir xushtoridan orttirgan hamda katta pul evaziga bolasi yo‘qlarga sotib yuborgan edi. Gulruh opa ayni lahzada ich-ichidan hasrat chekarkan, bugunning o‘zidayoq beshta farzandi bilan tasodifan uchrashganini xayoliga ham keltirmasdi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.