OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Sulaymonov. Bu safar o‘zim (hajviya)

Qo‘ng‘iroq tovushidan cho‘chib tushgan kotiba «dik» etib o‘rnidan turdi-da, eshikni asta ochib rahbar huzurida paydo bo‘ldi.
— Namunaxon, bugun xodimlar o‘z o‘rinlaridami?
— Ha, Berdivoy aka.
— Unday bo‘lsa, soat o‘n biru nol-nolda hammani shu yerga yig‘ing.
— Xo‘p bo‘ladi.
Kotiba qiz bir zumda hammani yig‘ilishdan xabardor qildi.
— Bugun sizlarni yig‘ishdan maqsad bitta. Xo‘sh, gap shundaki, hammangizga ma’lum, necha yildan beri tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanadigan, gapga chechan, ushlagan joyini uzib oladigan, oyoq-qo‘li chaqqon yigit bo‘lsa, deb yurar edik. Shunday yigitni topdik. Uni tanishtirib qo‘yish uchun sizlarni yig‘dim. Ismlari ham ishlariga mos — Qilichbek. Muammolarni shartta-shartta hal qilib tashlaydi. Ana endi kimning tashkiliy ishi bo‘lsa, Qilichbekka murojaat qilishi mumkin. -Hammangizga ruxsat, yaqindan tanishish ish jarayonida davom etaveradi. Qilichbek, siz qoling, maslahatli ish bor...
— Qani o‘tiring-chi. Xo‘sh, jamoamiz sizga ma’qulmi?
— Rahmat, xo‘jayin. O‘zingiz aytganday, yaqindan tanishish ish mobaynida bo‘laveradi-da.
— Gap bunday, yigit. Bu joyga ko‘z tikkanlar juda ko‘p edi. Sizga nasib qildi. Buni nishonlash kerak. Jamoamiz u qadar katta emas, ko‘rdingiz. Tushlik vaqti ham bo‘lib qoldi. O‘n-o‘n besh kishilik choy tashkil qilsangiz. Menda bir shisha tozasidan bor. -Qolgani o‘zingizga havola. Nimani lozim ko‘rsangiz, shu-de...
Qilichbek, «Xo‘p bo‘ladi, tushundim», dedi-da tashqariga chiqdi.
Kotiba qizga yuzlanib:
— Hech kim tushlikka chiqmasin, men bir soatga qolmay kelaman. Bugun tushlik mening hisobimdan, — deb yo‘lga tushdi.
Bozorga borib, sara meva-cheva, qand-qurs, shirmoy non va bir tog‘ora kokildek to‘g‘ralgan norin sotib oldi-da, ishxonaga oshiqdi. Ziyofat barchaga manzur bo‘ldi. Hamma Qilichbekka omad tiladi. Qilichbek ishlari yurishib ketganidan ancha mamnun edi.
Kunlarning birida uni xo‘jayin chaqirtirdi.
— Xo‘sh, uka, ishlar yaxshimi, hammasi joyidami?
— Ha, rahmat.
— Bayramga ham yaqin qoldi, xabaringiz bor, albatta.
— Ha, shunday.
— Kichikroq bir dasturxon tuzasak. Menda bir shisha qo‘lbola vino bor. Qolganini o‘zingiz tashkillashtirib yuborsangiz. Nima deysiz?
— Bo‘ldi, xo‘jayin, buyog‘idan xavotir olmang. Qoyil qilamiz.
Bu tadbir ham juda zo‘r o‘tdi. Hammaning og‘zida: «Qilichbek zap tadbirkor yigit ekan-da», degan gap. Qilichbekning uyida esa har kuni janjal. Xotinining og‘zidan bir gap tushmaydi: nima emish, hamma uyim-joyim, bolam-chaqam, deb topganini uyga tashisa, bu kishim ishonchga kirib olay, deb bor-budini ko‘chaga sovuradilar.
Bir kuni boshliq bilan Qilichbek yo‘lakda ro‘baro‘ kelib qoldi.
— Qabulxonadagi tabrikni o‘qidingizmi?, — so‘radi boshliq.
— Ha, ko‘zim tushdi.
— Poshshaxon bizning eng obro‘li xodimlarimizdan. Qanchadan-qancha takliflar bo‘lganda ham «Shu joydan nafaqaga chiqaman, undan keyin ham ishlayveraman», deb sadoqatini ko‘rsatib kelayapti. Shu ayolning ham sazasi o‘lmasin. Kichikroq bir sovg‘a olsak, keyin bir piyola choyni... Nima deysiz? Tunov kuni bir do‘stim xorijdan keluvdi. Shishasi allambalo bir ichimlik tashlab ketgan.
— Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin. Tushundim. Bajaramiz, — dediyu, Qilichbekning xayoli qochdi. Uyda yana mashmasha boshlanishi aniq.
Qilichbek xonasida boshini ikki qo‘li bilan changallab o‘tirarkan, eshik ochilib, kotiba qizning sertabassum chehrasi ko‘rindi.
— Sizni boshliq yo‘qlayaptilar.
— Tinchlikmi, ishqilib?..
Qilichbek boshliqning xonasiga bosh suqdi:
— Assalomu alaykum, yo‘qlagan ekansiz...
— Keling, Qilichbek. Men aytmasam ham o‘zingiz ishni boshlab yuborgandirsiz dedim-u, yana bir surishtiray, deb chaqirtirgandim.
— Nima gap, Berdivoy aka?
— Ana, xolos, esingizdan chiqdimi? Axir, indinga ayollar bayrami-ku!
— Ha, darvoqe, yoddan ko‘tarilayozibdi.
— Iya, axir, jamiyatimizni, oilamizni ayollarsiz tasavvur qilib bo‘ladimi?! Shunday bayramni esdan chiqarish... Men tushunmadim. Xullas, ayollarga ko‘ngildagidek sovg‘alar, albatta, guli bilan tashkil qilasiz. Keyin quruq bo‘lmasin, ixchamroq bir dasturxon atrofida suhbat qursak yomon bo‘lmasdi. Menda sovg‘aga kelgan bir shisha «Mona Liza» degan zo‘r ichimlik bor. Qolganini o‘zingiz... Sizga nima bo‘ldi, Qilichbek?
— Haligi, sal tobim yo‘qroq, shekilli. Siz xavotir olmang, xo‘jayin. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi.
Bayram tadbiri hamma havas qilgudek xushchaqchaqlik bilan o‘tdi. Oradan hafta o‘tmay, Qilichbek boshliq qabuliga kirdi.
— Bir taklif bor edi. Shu desangiz, ertaga jamoa bilan birga tushlik qilsak.
— Nishonlaydigan biror... sana bormi deyman-a?
— Shunday desak ham bo‘laveradi. Ertaga tavallud kunim. Shunga...
— Bo‘ldi, bo‘ldi, Qilichbek. Hammasi tushunarli. Demak, ziyofat deng. Unday bo‘lsa, menda...
— Agar xo‘p desangiz, bu safar o‘sha bitta shishani ham o‘zim...
— Ha, barakalla yigit, mana bu boshqa gap. Bir-birimizni endi tushuna boshladik, chog‘i. Mayli, nima ham derdik. Demak, ertaga tushlikda birgamiz.
Ertasiga boshliq ishxonaga ancha erta keldi.
— Namunaxon, kimlar kelgan?
— Hozircha, Qilichbek aka kelganlar. Aytgancha, stolingiz ustiga uzun bo‘yli quticha qo‘yib, chiqib ketdilar.
— Bu Qilichbek degani juda chaqqon chiqdi-da. Nima bor ekan qutichada?
Boshliq baland bo‘yli quticha ustidagi yozuvni tovush chiqarmay o‘qidi: -«Dobraya». Keyin quticha tagidagi oq qog‘ozga ko‘z yugurtirdi: «Ariza... Meni o‘z xohishimga ko‘ra...»

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.