OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bo‘ston Rahmonova. Yalpizlar ifori (qatra)

Oq atirgul

Bir dona gul edi u.
Hali ochilib ulgurmagan. Urinmagan, barglari qatida shudring tomchilari yaltiraydi. Nimadandir bezovtadek yaproqlari titraydi. Boshi bir tomonga salgina egilgan, uyalgandek...
Men uni to‘satdan ko‘rib qoldim. Ochiq deraza chambaragidan o‘tkazib, tokchaga kimdir qo‘yib ketgan ekan. Ha, uzganu o‘sha zahoti olib kelgan. Uning tuyg‘ulari pokizaligi sezilib turibdi. Balki u mening sodiq shogirdimdir, balki yillar davomida aytilmay qolib ketgan muhabbat egasidir, balki yonimdagi do‘stim, farzandimdir.
Ko‘zlarimni yumib to‘yib-to‘yib hidladim. Xayolan oq gullar og‘ushida edim.
Gul — noyob sovg‘a. Uning iforidan ko‘nglim ko‘tarilib ketdi, osmonlarda uchib yurgandek bo‘ldim. Darvoqe, bugun bayram-ku!
Qalbimga shodlik olib kelgan ey, oq atirgul, senga tasanno! Dunyo shodligini in’om qilgan ey, aziz inson, senga ofarin!
Bir-birimizga gul sovg‘a qilaylik, oppoq atirgul, degim keldi yaqin-yiroqlarimga...

Pushtirang lola

Borliq gulga ko‘milgan, ko‘ngillar yayragan bahorning ajib bir kuni edi. Ha, o‘sha kuni Jasur birinchi marta Ra’noga gul berdi. O, u gullar. Tabiat bunday gullarni faqat bir marta yaratgan bo‘lsa kerak. Ra’no gullarni ko‘p ko‘rdi, lekin o‘shanday gulni boshqa uchratmadi. Chunki... chunki u gullar og‘ushida... bir kishining qalbi ham bor edi-da.
Bahor o‘tdi. Pushtirang lolalar qurib, xazon bo‘ldi. Ammo ular o‘zi bilan birga Ra’noning qalbiga olib kirgan sertashvish bahor abadiy qoldi.

“Bahor senga o‘xshaydi”

Bahor yaqinlashayotgan edi. Osmon yorishib, iliq shabadalar ko‘ngilga iliqlik olib kirgan, qalin kiyimlar og‘ir tuyula boshlagan kunlar edi. Sayyora shamollab yotib qoldi. Isitmasi ko‘tarilib, o‘zini yomon his qila bashladi. Do‘xtir chaqirishdi.
— Gripp, — xushqomat do‘xtir qiz stulga omonatgina o‘tirib, qog‘ozga kerakli dorilarni yozib berdi. Dori-darmonlar o‘z kuchini ko‘rsatdi. To‘rtinchi kun deganda Sayyora sog‘aygandek his qildi o‘zini. “Ishga chiqib ketgunimcha uylarni yig‘ishtirib olay”, degan o‘y bilan shkaflarning changini arta boshladi. Javondagi kitoblarni tartibga keltirarkan, qaysidir kitob orasidan bir guldor rasm qog‘oz sirg‘alib, gilam ustiga tushdi.
Sayyora avval rasmni tomosha qildi: bahorning ilk kunlari manzarasi tasvirlangan. Endi kurtak yozayotgan daraxtlar va yashillanib kelayotgan dalalar. Sayyoraning qalbiga ilk bahor shabadasi urilgandek bo‘lib, yuzi yorishib ketdi. Beparvolik bilan orqadagi yozuvni o‘qidi. Bir jumla yozuv: “Bahor senga o‘xshaydi”. Sayyoraning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib, javonga suyanib qoldi. Eh-he, qachonlardir yozilgan bu olovli so‘zlar. Ming yillar oldin. Ming yillar oldin unutilgan xotiralar uyg‘ondi. Ha-ha, Azamat 8 martda bergan edi buni. Olam gullar og‘ushiga ko‘milgan jozibali kun edi, hamma narsa boshqacha edi. Hatto, quyosh ham yorqinroq edi o‘sha kuni.
Talabalar lola sayliga chiqishdi. Bir quchoq lola ko‘tarib kelayotgan Azamat lolalarni tashlab yubordiyu Sayyoraga qarab qichqirdi: ”Sayyora, qimirlama, to‘xta, shu turishingni chizay!”. Binoyiday rasmlar chizadidigan bu shoirtabiat yigit anchadan beri Sayyorani zimdan kuzatar, nimadir demoqchiga o‘xshab yurardi. Azamat Sayyoraning boshiga gulchambar kiyib, kattakon xarsang ustida jilmayib turgan rasmini chizdi. Rasmni Sayyoraga bermay, o‘z xonasi devoriga osib qo‘ydi.
Ular baxtli bo‘lishlari mumkin edi, hatto, baxtli ham edilar. Mana shu otkritka o‘sha sog‘inchlarga to‘liq kunlarda yozilgan edi. Lekin, Azamat... eh, Azamat. U yana ko‘p qizlarning rasmini chizdi. Oxiri bittasi bilan...
Sayyora juda ko‘p kuydi. Dunyo ko‘ziga tor bo‘lib, olam rangini yo‘qotganga o‘xshab qoldi...
Eshik taq etib ochilib, Sayyoraning xayoli bo‘lindi. So‘ng o‘g‘li Ilhomjonning ovozi eshitildi:
— Onajon, qarang, nima olib keldim.
Sayyora dahlizga yugurib chiqdi. O‘n yetti yoshga qadam qo‘ygan bo‘lsa-da, har narsaga yosh boladek quvonadigan Ilhomjonning dadasinikiga o‘xshash jingalak sochlari to‘zg‘ib ketgan, qulida bir siqim yalpiz ushlab, kulib turardi. Xonani yalpizlar ifori tutganday bo‘ldi.
Sayyora shu qadar sevinib ketdiki, hozirgina uni dilgir qilgan xayollar o‘rnini musaffo tuyg‘ular chulg‘ab oldi. Entikkancha yalpizni hidladiyu o‘g‘lining peshonasidan o‘pib, shivirladi:
— Sen bahordan ham, yalpizdan ham, hamma narsadan yaxshisan, o‘g‘lim!
Sayyoraning ko‘zlaridan sevinch yoshlari oqar edi. Ilhomjon esa dam oyoqlari ostida yirtilib yotgan otkritkaga, dam onasiga qaragancha hech narsaga tushunolmay hayron turardi.

Binafsha

Dilbar shu bahor o‘n sakkizga to‘ldi. Uning orziqib kutganini sezgandek, bu yil bahor erta keldi. Fevralning o‘rtalaridayoq ko‘klam hidi dimoqqa urila boshladi. Og‘ir, tund qish bulutlari uvadadek to‘zib, osmon kulrang tusdan feruza rangga o‘tdi. Qish kunlari nechog‘li rutubatli, qoramtir bo‘lsa, bahor yaqinlashgan sayin hammayoq yorishib ketdi. Osmonning uzoq-uzoq ufqlarga tutashgan etaklarigacha tozardi. Kunlar uzayib, tong qish kunlaridagidek bemalol emas, shoshib-pishib, ertaroq otadigan bo‘ldi.
Ana shu kunlar, yaqinlashayotgan ko‘klam nafasi yurakni qitiqlaydi. Kishida ajib hislar uyg‘otadi. Ayniqsa, o‘n sakkiz yoshli qiz qalbida. O, olamda uning orzularidan go‘zalroq, uning qalbidan qudratliroq kuch topilarmikan?
Dilbar shu bahor o‘n sakkizga to‘ldi. Uning nozikkina gavdasi xiyol to‘lishdi, qop-qora shahlo ko‘zlarida jiddiylikmi, intiqlikmi, shunga o‘xshash yangi ma’nolar paydo bo‘ldi. Yelkasiga tushirib qirqilgan qalin sochlarini ixchamgina turmaklay boshladi. Eng so‘nggi urfda beli tor, etagi keng ko‘ylaklar tiktirdi. Avvallari dugonalari bilan ko‘cha aylanish, kinoga tushishni yaxshi ko‘rardi. Endi esa ko‘proq hayol surishni, bo‘sh qoldi, deguncha kitob o‘qishni odat qildi.
Dilbarning bugun tongda uyqusi qochib, saharlab turib oldi. Kiftiga issiq koftasini tashlab, deraza oldidagi stulga o‘tirib, hovlining yarmini egallagan bog‘larni kuzatgancha xayolga toldi. Uning ko‘z oldiga yana o‘sha qop-qora tutash qoshli, ko‘zlari kulib turadigan shoir yigit keldi.
Dilbar uni bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rgan. Birinchi marta maktabni bitirayotgan yili o‘tkazilgan adabiy kechada ko‘rgandi. O‘shanda u shunday she’rlar o‘qigan ediki, go‘yo she’lar Dilbarga bag‘ishlangandek edi. Ikkinchi marta avtobusda, shundoqqina yonma-yon, kiftlari kiftlariga tegay, deb turgan. Ammo Dilbar shunchalik o‘t bo‘lib yonganki, hayajonlanganidan loaqal biror marta yuziga tikilib qaray olmagandi. Boshqa uchratolmadi. Toshkentga ketgan diyishdi. Balki o‘sha yoqlarda...
Dilbar o‘rnidan sakrab turdi-da, eshikni shaxd bilan ochib, hovliga yalang oyoq tushdi. Shundoq deraza tagiga ekilgan binafshalar yoniga kelib, tiz cho‘kdi. Endigina lab ochayotgan binafshalar orasidan kichkinagina bo‘lsa ham to‘liq ochilgan bir donasini uzib, lablariga bosdi.
— Sen keldingmi, men seni qanchalik kutdim. Sog‘inib kutdim.
Dilbarning ko‘zlarida yosh yiltilladi. U binafshani avaylab tutganicha uyga kirdi. Kichkinagina guldonga solib, unga termulib qoldi. Binafsha emas, aziz kishisi bilan diydor ko‘rishgandek ko‘ngli yorishdi, xushnud kayfiyatda ko‘zi ilinganini sezmay qoldi. Tush ko‘ribdi. Tushida o‘sha shoir yigit Dilbarga bir dasta binafsha tutib turganmish.
O‘n sakkiz yoshli qiz tushiga nimalar kirmaydi deysiz. Umrning go‘zal fasli shirin hislar, go‘zal tuyg‘ular bilan hamohang, deb shunga aytsalar kerak-da.
Dilbar shu bahor o‘n sakkizga to‘ldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.