OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Jamilova. Begona odam (hikoya)

— Xayr, dadajon, kechqurun yana o‘zingiz keling. Kutib o‘tiraman!
Papkasini yelkasiga osib maktabga ketayotgan Hamida tovush kelgan tomonga o‘girildi. Sal naridagi bog‘cha darvozasi yonida bir qizaloq dadasining bo‘ynidan qattiq quchib olgan, dadasi esa: ”Xo‘p, qizim, seni olib ketgani albatta o‘zim kelaman”, deb qayta-qayta takrorlardi.
Hamida ota-bolaning bu holatidan ta’sirlandi. Negadir ma’yus tortdi. Bog‘chaga qatnab yurgan paytlarini esladi. O‘shanda qandoq yaxshi edi-ya! Dadasi har kuni ishga ketayotib uni bog‘cha eshigi yonida qoldirar, u ham xuddi manavi qizaloqqa o‘xshab dadasini hech qo‘yib yuborgisi kelmasdi. Kechqurun esa “Hamida, men keldim!” degan qadrdon tovushni eshitsa bas, irg‘ishlab dadasi tomon yugurardi. Dadasi bayramlarda, ba’zan dam olish kunlaridayam uni parkka olib borardi. Yo‘l-yo‘lakay u Hamidaning hamma savollariga javob qilar, bunday gashtli suhbatlar kech kirganda uyda ham davom etardi. Onasi esa ularning gap-so‘zlariga aslo qo‘shilmas, ukasi Sherzodning parvarishi bilan band edi. Yaxshi kunlar doim yaxshiligicha davom etavermas ekan. Keyin hammasi o‘zgarib ketdi. Dadasi bilan oyisi tez-tez janjallashadigan bo‘lib qolishdi. Ayniqsa bir kuni... O‘shanda Hamida boshini ko‘rpaga burkab, o‘zini uxlaganga solib yotdi. Ichkarida esa qattiq-quruq gap-so‘zlar tobora kuchaymoqda edi.
— Atrofimdagilar shama qilishganda ishonmagandim. Aniqladim, sen menga xiyonat qilib yuribsan, — dedi dadasi.
— Birovlarning gapiga ishonib, hammadan rashk qilaverasizmi? Men arxitektorman, erkaklar bilan ishlayman. Bo‘lganim shu! — dedi oyisi.
— Kecha ikkovingni yana birga ko‘rdim. Buyam yolg‘onmi? Ayt!
Oyisi gap topib berolmay hiq-hiq yig‘lay boshladi.
“Mana endi barisi joyiga tushadi” deb o‘yladi Hamida hamma gapni eshitib yotarkan. Chunki ilgarilari ham ular urushishganda doimo oyisi yig‘lar, shunda dadasi: “Bo‘ldi jonim, ko‘z yoshlaringga hech toqat qilolmayman. Mendan o‘tgan bo‘lsa kechir”, derdi. Shu-shu ikkalasi yana apoq-chapoq bo‘lib ketishardi. Hozir ham oyisining yig‘layotganidan Hamida quvondi. Ko‘nglining chekkasida bir umid “yilt” etdi. “Hozir ular yarashishadi!” Biroq dadasi shashtidan tushmagandi.
— Bas, yig‘lama! Baribir seni endi kechirolmayman! — dedi u qahr aralash.
Oyisi shart o‘rnidan turdiyu narigi xonaga chiqib ketdi. Dadasi boshini changallaganicha uzoq o‘tirdi. Og‘ir “uh” tortdi. So‘ng kiyimlariniyam yechmasdan divanga cho‘zildi. Bularni eshik tirqishidan ko‘rib turgan Hamida oyoq uchida divan tomonga yurdi.
— Ie, hali sen uyg‘oqmiding qizim? — dedi dadasi allaqanday sergak tortib.
— Yo‘q, uxlayotgandim. Haligi... chanqab ketdim-da.
— Kelaqol yonimga...
Dadasi uning sochlarini siladi. “O‘zimning dono qizim” deb erkaladi.
— Dadajon, siz judayam yaxshisiz, — dedi Hamida.
— Men ham seni juda yaxshi ko‘raman, qizim. Buni hech vaqt yodingdan chiqarma, xo‘pmi?
O‘shanda dadasi uydan ketishga qaror qilgani, ayriliq oldidan Hamidaga shu gaplarni uqtirganini qiz ancha kech tushundi. Keyin dadasi uyga kelmasdan ishxonasida yotib qoladigan bo‘ldi. Lekin kunduzlari birrov bog‘chaga kirib Hamidadan xabar olib ketardi.
“Hiyonat degani nimaykin? U shunchalik yomon narsami?” o‘ylardi Hamida. Biroq go‘dak ko‘nglida bu savolga hech javob topolmaydigandek tuyulardi. Bir kuni onasi ishga ketayotib Hamida bilan Sherzodni bog‘chada qoldirdi. So‘ng “Kechqurun ikkovingni Noila xolang olib ketadi, buvingnikida o‘tira turinglar. Men ishdan kechroq qaytaman”, dedi. Shu kuni kechki ovqat mahali buvisi Hamidadan sekingina so‘radi:
— Dadang uyga kelyaptimi?
— Yo‘q...
— Ha, mayli. Ikkoviyam bir kuni insofga kelib qolar.
Shunda Hamida anchadan beri o‘ylab yurgan gapini buvisiga aytdi.
— Haligi... Xiyonat degani nima, buvi?
— Bu gapni qayoqdan olding, qo‘zim?
— Dadam oyim bilan urishganlarida “Sen menga xiyonat qilding” dedilar.
— Yo‘g‘-e, yanglish eshitgandirsan?
— Ikki-uch marta aytdilar.
— Voy, sho‘rim!
Buvisi boshini chayqab yana allanarsalar deb pichirladi. Shu kuyi ancha vaqt jim bo‘lib qoldi. So‘ng Hamidaga ko‘zi tushib, unga taskin bergandek dedi:
— Sen xafa bo‘lma, jon bolam. Mana ko‘rasan, yarashib ketishadi hali.
Ertasiga buvisi o‘zgacha shaxt bilan Hamidalarnikiga kirib keldi. Ichkarida ona-bolaning qattiq-qattiq gaplashishgani eshitilib turardi.
— O‘sha bilan qanday tanishib qoluvding?
— Firma uchun qurilayotgan ofis loyihasini chizish menga topshirilgandi. Ish bilan borganimda uni o‘sha joyda ko‘rib qoldim. U maktabdaligimizdayoq meni yaxshi ko‘rardi, oyi. Qizimni qarindoshlarimga beraman deb sovchilarini quvib solgansiz, esingizdami? Ancha vaqt gaplashmadik. Uylangan ekan, ko‘p yashamay ajrashibdi. Shundan so‘ng tez-tez ko‘rishadigan bo‘lib qoldik. Seni haliyam yaxshi ko‘raman deb o‘z holimga qo‘ymadi. Keyin o‘zim ham uni...
— Bas qil! O‘zing ham juda bezbet bo‘lib ketibsan.
Bir payt buvisi Hamidani ko‘rib qolib, eshikni shartta yopdi. Keyin ular nimalar haqida gaplashishdi, qiz buni bilolmadi. Faqat buvisi eshikdan chiqayotib qiziga:
— Gulday bolalaringni o‘yla. Yalinib bor, kechirar axir, — deganini eshitdi.
— Oyijon, endi turmushimiz bo‘lmaydi. Buyog‘ini o‘zim hal qilaman, — dedi oyisi.
Ko‘p o‘tmay, dadasi va oyisini sudga chaqirishdi. Ularning ajrashganini Hamida xolalaridan eshitib bildi. Bir kuni kichik xolasi oshxonada ovqat qilayotib onasiga: “Opamning o‘zi yomon-da. Tavba, oilali ayol ham boshqa erkakka ko‘ngil qo‘yadimi? Endi pochchamga o‘xshagan kishini topib bo‘pdi!” deyotganida... ostonada turgan Hamidaga ko‘zi tushdiyu indamay qoldi. O‘shandan so‘ng qiz hammasini tushundi. Demak, ayb dadasida emas. Xiyonat deganlari yomon narsa... Juda-juda yomon!
Bu paytda u endigina maktabga borayotgandi. O‘sha kunlari oyisi uyiga begona bir kishini boshlab keldi. Ikkisi allamahalgacha suhbatlashib o‘tirishdi. Hamida kichkina xontaxtaga kitob-daftarlarini yoyib dars qilayotgandi. O‘sha odam xuddi o‘z uyida yurgandek ichkariga kirib ust-boshini almashtirib chiqdi. So‘ng televizor kanallarini birma-bir aylantirdi, oshxonaga borib choyni yangilab keldi, keyin divanga yastanib o‘tirganicha xo‘rillatib choy icha boshladi. Hamida ko‘z qiri bilan bularning barisini ko‘rib o‘tirar, negadir g‘ashi kelardi. Haligi odam qizning noxush kayfiyatini sezgandek o‘rnidan turib, uning yoniga keldi. “Oting nimaydi, qizaloq!” dedi. Hamida indamasdan xo‘mraydi. Notanish odam go‘yo hech narsa bo‘lmagandek cho‘ntagidan bir quti konfet chiqarib xontaxta ustiga qo‘ydi.
— Bu senga! Manavi mashinacha ukangga.
O‘zi yurar o‘yinchoq mashinaga ko‘zi tushgan Sherzod yugurib keldi:
— Qani, bir ko‘riy...
Oyisi laganda ovqat olib kirarkan, bular uchovini bir joyda ko‘rib suyunib ketdi.
— Qani kelinglar, ovqat soviydi.
Hamida ovqat paytida ham “ochilmadi”. U shu topda faqat dadasini o‘ylar, mana bu odam dadasi o‘tiradigan stulga bemalol joylashib olganini ko‘rib, ich-ichidan g‘azabi qo‘zirdi.
Begona kishi bularnikiga tez-tez kelib turadigan bo‘ldi. Har kelganida Hamidaga konfet, Sherzodga o‘yinchoq berishni unutmasdi.
Hamida uning qo‘lidan shirinlikni olgisi kelmas, lekin oyisining chimirilib turishiga ko‘zi tushib, beixtiyor qo‘l cho‘zar, so‘ng “rahmat” deb pichirlardi.
Ikki hafta avval bir voqea bo‘lib o‘tdi...
Begona odam eshikdan chiqishi bilan oyisi Hamidaga o‘shqirdi:
— Nega uyga birov kelsa qovog‘ingni ochmaysan?! A?! Nega?!
— U odam... kelmasin! Dadamni chaqiraylik, — dedi u qo‘rqa-pisa.
— Dadang yo‘q endi! U o‘lgan, bildingmi?! Mana shu odam endi sening dadang bo‘ladi!
— Yolg‘on aytayapsiz, dadam o‘lmagan!
— Ovozingni o‘chir! Mahmadona! Shu odam uyimizga kelsa “dada” deysan!
— Aytmayman!
— Aytmasang, mana senga!
Hamida yuziga tushgan tarsaki zarbidan chinqirib yubordi.
O‘sha kundan beri ona-bola deyarli gaplashishmaydi. U maktabdan qaytarkan, uyga borgisi kelmas, oyisining qahrli nigohidan cho‘chirdi. Kecha o‘sha begona odam yana keldi. Oyisi bilan pichirlashib nimalarnidir gaplashdi. So‘ng odati bo‘yicha Hamidaga konfet uzatarkan, “qizim, o‘qishlaring qalay?” dedi. Bu so‘z qizning qulog‘iga juda sovuq eshitildi. “Qizim demasin u. Men faqat o‘zimning dadamning qiziman! — dedi u ich-ichidan g‘ijinib. — Bo‘ldi, ertaga buvimnikiga qochib ketaman!”
Hamida buvisinikida bir haftacha yashadi. Lekin ko‘nglidagi g‘ashlik bu yerda ham tarqalmadi. Xolalarining hazil-huzul gaplari, buvisining erkalashlari ham Hamidaga taskin berolmas, yuragi iztirobga to‘la edi. U dadasini qattiq sog‘inardi.
— Ertaga kechqurun uylaringga ketamiz, oying seni kelsin, deyapti... Ko‘rgisi kelibdi, — dedi buvisi unga.
— Buvi, silanikida yashasam, maylimi? — dedi Hamida sekingina.
— Voy, buviginang aylansin-ey, nega bunday deysan? Bu uy ham o‘zingning uying-ku. Oying, ukang seni sog‘inib qiynalishsa yomon-da. Qiz bola o‘z onasining yonida bo‘lgani yaxshi, bolam. Uqdingmi?
Hamida “ha” degandek bosh irg‘adi. Shu kuni uning uyqusi qochdi. Allamahalgacha dadasini o‘ylab yotdi. “Qaniydi, hozir yonimda bo‘lsangiz, dadajon. Siz bilan uzoqlarga ketardim. Uyimizga hecham qaytib kelmasdim. Men anavi odamni yomon ko‘raman. Uni dada demayman! Hech qachon! Nega kelmayapsiz-a? Yo chindan ham oyim aytganidek... yo‘q, yo‘q, siz o‘lmaysiz! Bilaman, ishingiz ko‘p...”
Hamida maktabga kelganda endigina dars boshlangan ekan. Joyiga borib o‘tirdi. “Nega kechikib yuribsan?” dedi yonidagi qiz shivirlab.
— Hozir buvimnikida yashayapman-ku... Maktabga yo‘llari sal uzoqroq-da.
— Ha, shundaymi.
Shu kuni Hamidaning qulog‘iga dars ham kirmadi. U bugun kechqurun buvisi bilan uylariga borishini o‘ylab yuragi siqilardi. Yana anavi begona odamga duch kelsa... “Yo‘q, uyga qaytib bormayman! Bormayman!” deb pichirladi o‘z-o‘ziga.
Darslar tugagach, sumkasini yelkasiga osarkan, partadoshi Sevara uni to‘xtatdi.
— Bugun ham buvingnikiga borasanmi, birga ketaylik.
— Hm-m, mayli, — dedi Hamida.
— Anavi do‘konga borib muzqaymoq obkelay. So‘ng senga yetib olaman, xo‘pmi?
U chopqillab do‘kon tomonga ketdi. Hamida buvisinikiga boradigan yo‘l tomon burildi. Katta ko‘chaning ikkala cheti tutzor, sal narida katta kanal suvi oqib o‘tardi. Avvalgi yili qo‘shnilarining to‘qqiz yoshli o‘g‘li shu kanalda cho‘milaman deb suvga cho‘kib ketgan.
— Suzishni bilmas ekan, girdobga tushib qolib chiqolmabdi, — dedi dadasi o‘shanda azadan qaytgach.
— Tavba, kechagina o‘ynab yurgan bola bugun yo‘q, — dedi oyisi bosh chayqab.
Hamida hozir o‘sha kunlarni eslarkan, yana yuragi siqila boshladi. Suv tinchgina oqar, atrofda hech zog‘ yo‘q edi. “Agar men ham shu kanalga tushib ketsam... ertaga yo‘q bo‘laman!” Shu fikr xayolidan o‘tishi bilan uning butun vujudi zirqirab ketdi. Dadasining chehrasi ko‘z oldiga keldi. Keyin buvisi, xolalari, oyisi, Sherzod, anavi odam... “U yomon odam! — titrab-qaqshab o‘ylay boshladi u. — Agar o‘sha bo‘lmaganida oyim bilan dadam ajralib ketishmasmidi!” Hamidaning kayfiyati buzildi. U bugun kechqurun yana o‘sha begona odamga duch kelishdan ko‘ra yo‘q bo‘lib qo‘ya qolishni afzal ko‘rardi, hozir.
Qiz kattalar cho‘miladigan tarafga o‘tdi. “Hali bu yerga hech kim cho‘milishga kelgani yo‘q. Demak, suv sovuq bo‘lsa kerak-da, deb o‘yladi. So‘ng suvga qo‘lini botirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Asta pastga egildi. Shunda oyog‘i toyib ketdiyu... darrov hushyor tortib o‘zini orqaga oldi. Biroq, kechikkan edi! U suvga qulab tusharkan, qulog‘iga uzoqdan tanish bir ovoz elas-elas kelib urilgandek bo‘ldi:
— Hami-i-da! Hami-i-y...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.