OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mavluda Ibrohimova. Kayfiyat (hajviya)

Yozuvchining ikki ko‘zi muharrirda. U esa jiddiy, go‘yo hozir mahbus ustidan hukm o‘qiydigan sudyaday, qovoqlarini uyib hikoya o‘qirdi.
— Lekin, yomon emas, chyort! — tantanali e’lon qildi muharrir. — Syujet yaxshi. Ammo... — bir zum sukut saqladi u. Yozuvchi naq uning og‘ziga kirib ketguday bo‘ldi. — Nimadir yetishmayapti... Shu, bilasizmi? — Uning ko‘zlari qisildi. O‘zicha nimanidir chamalagan bo‘ldi. — Imm... holat kerak... manzara! — Bir nimani kashf qilganday portladi u. Keyin qulochini yozib, manzarani tasvirlagan bo‘ldi. — Masalan, qarang, hozir bahor-a! Daraxtlar gullagan, bir qarasangiz quyosh charaqlab chiqadi, bir qarasangiz gumbir-gumbir yomg‘ir quyib beradi. Siz esa sevishganlar haqida yozyapsiz. Sevgi bu... Bilasizmi! — muharrir endi g‘azal o‘qiyotganday to‘lqinlanib gapirdi. — Yurakning momaqaldirog‘i! Guldir-guldir, gumbir-gumbir... — u yanada qizishib ketdi. Jala bo‘lib tarnovlardan oqib tushdimi-ey, keyin o‘rnidan turib, bir-biriga yaqin joylashgan ko‘zlarini olaytirib:
— Tushundingiz-a! — dedi. — Kayfiyat kerak. Asosiysi — manavi yerda, — qog‘ozga sharaqlatib urdi u. 
Yozuvchi garchi hech baloga tushunmagan bo‘lsa-da, bosh silkidi. Yana muharrir tutaqib ketsa, ora buzilmasin dedi-da! 
U avtobusda ham muharrirning aytganlarini o‘ylab ketdi. Bahor manzarasini qaerga tiqsa ekan?! Endi bu muharrir bahorsiz hikoyasini bostirmaydi. Aytdimi — qonun! E, ha! Uyiga yetay deb qolganida, deyarli darvozani ochayotganida, miyasiga bir fikr urildi. Hikoyada yigit yig‘lab muhabbat izhor qiladigan joyi bor-ku, shu yerga jalani qo‘shsa, uh, dahshat ketadi!
Yozuvchi eshik ochib, uyga kirishi bilan xotini uni: 
— Uyda non yo‘q! — deya kutib oldi.
Yozuvchi tabiiyki, buni eshitmadi. Yechinmayoq yozuv stoliga yopishdi. Hikoyada yigit qizga avvalgi mahbubasi o‘lganini aytadi. Shu paytda osmon qarsillaydi-yu, jala quyib yuboradi... uh! Adib ishtaha bilan qo‘lini qo‘liga ishqab qo‘ydi-da, yozishga kirishdi: “Osmonni qora bulut qoplagandi. Qaerdandir olis-olisdan bo‘g‘iq gumbirlash eshitilar, tramvayning simidan olov chiqqanday, atrof birdan yorishib ketardi. Bulutli osmon esa...”
Shu payt hikoyadagi yomg‘ir yog‘ib ham ulgurmay, xonaga bulutday bo‘lib xotini kirdi. Vajohati ob-havodan battar:
— Non yo‘q! — dedi u chertib-chertib. — Gramm yog‘ qolmagan! Bu kishimning o‘tirishini qarang. Ovqat qilaman desam na un bor, na guruch! Tureeng, do‘konga chiqib keling! Foyda bo‘lsaykan bundan! Pul bersa ham mayli edi! — dahlizdan vaysadi xotini.
Yozuvchi kayfiyatini asrab qolish uchun indamadi. Sumka, pul olib zipillab do‘konga chiqib keldi-da, hujrasiga sho‘ng‘idi. Qaerga kelgan edi. E, ha, yomg‘ir! 
“... bulutli osmon esa naq to‘kilay deb turardi. Shu payt birov shundoq tepasida katta xarsangni qars etib ikkiga bo‘lganday ovoz keldi-yu, olov xivchin osmon bag‘rini tilib o‘tdi. O‘sha zahotiyoq osmon ho‘ngrab yubordi...” Manzara dahshat chiqdimi? U o‘z-o‘zini “chinakam talant” deb maqtab qo‘ydi ichida. Endi yigit bilan qizning dialogini yozmoqchi bo‘lib turgandi, yana oshdan chiqqan toshday bo‘lib xotini keldi. 
— Manavi kishini o‘tirishini qarang! Ha-a?!
— Nima, ha? Obkeldim, ana! 
— Nimani obkeldingiz? Obkelgan narsangizni bir ko‘rdingizmi o‘zi? Nima bu?
— Nima bo‘lardi, momaqaldiroq! 
— A?! 
— Yo‘g‘-e, un! 
— To‘g‘ri, un! — boshini tahdidli likillatdi xotini.
— Guruch uni deng, sechka! Shundan ovqat qilib bo‘ladimi? Qani, shu guruchdan o‘zingiz bir ovqat qiling-chi, men ko‘ray... Turing, turing! Tura qoling! 
Er indamay oshxonaga o‘tdi. Kayfiyatni saqlash kerakmi, axir. Boshqa payt bo‘lganida bo‘ralatardi-yu... sabzini bir pasda to‘g‘rab tashladi. Apil-tapil go‘sht-piyozni qovurib, sabzini bosdi. Chaqqonlik bilan qozonga suv solib, sechkani ivitdi-da, pildirab uyga kirib ketdi. Yozishda davom etdi: 
“Yomg‘ir qizning yuzlarini yuvib tushardi. Yuzidan u yig‘layaptimi-yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi.
— Meni tashlab ketma, Madina? — o‘tindi yigit. — Tushun, axir, u o‘lgan, u endi yo‘q. Sening muhabbating meni hayotga qaytardi. Azizam, dilbarim...
Yomg‘ir sharillab quyar, uning zarbidan giyohlarning boshi egilar, go‘yo shu o‘t-o‘lanlar ham Madinaga “qol, qol!” deyayotgandek tuyulardi. Qiz ko‘zlarini jovdiratdi. Nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi. Samandarning iltijoli ko‘zlari yuragini o‘rtab yubordi...” Eshikda esa qo‘lini beliga tiragancha jangovar kayfiyatda xotini paydo bo‘ldi. 
— Ovqat tagiga ob ketibdi-yu! Qaramaysizmi? Hech bo‘lmasa, bir og‘iz aytmaysizmi, sabzi-piyozni bosdim, deb! 
U oshxonaga chopdi. Hartugul, ovqat tagiga olmabdi. Essiz-e, suvi bug‘lanib ketibdi-da! Yozuvchi shosha-pisha guruchini soldi, oshni damlab, yana o‘zini uyga urdi. “Asosiysi kayfiyatni buzmaslik!” — o‘z-o‘ziga dalda berdi u. Ammo yozganlarini o‘qib ensasi qotdi. Hayotiy chiqmabdi-da! Yigitni qarang, yigitmi — lattami? Namuncha yalinadi. Ketsa ketavermaydimi! Xotinlarning hammasi bir go‘r! U behafsala yozishga tutindi: “Samandar qizga ilk bor sinchkov nazar tashladi, — deb yozdi u xotinidan o‘ch olayotganday. — Uning go‘zal chehrasini doim nimadir buzib turganga o‘xshardi. Endi topdi: burni qanqaygan ekan! O‘zi ham qorachadan kelgan. Bahor bo‘lib, battar mo‘ndisi chiqib ketibdi. Avvallari zulukday qoshlarini ko‘rsa, etlari jimirlab ketardi. Endi esa qizning qoshlarini chuvalchangga qiyosladi. Biram mijg‘ov qiz ekanki... ikki yildan beri o‘lgan Sayyorani gapiradi. O‘lgan desa ham tushunmaydi. 
Qiz kaftlari bilan yuzini to‘sdi. Yomg‘ir esa beayov savalardi. Go‘yo o‘chakishganday, yurakdagi so‘nggi cho‘g‘ni o‘chirmoqqa chindan-da ahd qilganday, sharros quyardi. 
— Yanami?! — jerkidi Samandar. — Yana yig‘imi?
— Sizni qanchalar sevmay, lekin Sayyora...
— Nima, Sayyora?...
Shu payt eshik taraqlab ochilib ketdi-yu, ostonada xotini paydo bo‘ldi. Qor malikasiday sovuq.
— Nima, ochlik e’lon qilganmisiz? Bir marta ovqat qilganingizga arazmi? Ha, o‘lmagan mening jonim. Boshqalarning xotiniga o‘xshab bersang yeyman, bermasang o‘laman, deb o‘tirganim yo‘q-ku! Rahmat deng menga! Uyda xotin, ko‘chada erkakman, — xotini yig‘laguday bo‘ldi. — Hech bo‘lmasa dasturxonda birga o‘tiring bolalaringiz bilan. Yo bularni ko‘chadan ergashtirib kelganmanmi?! 
Yozuvchi indamadi. Bo‘ynini qisib tamaddixonaga o‘tdi. Kayfiyatni asrash kerak-ku! Bolalari ovqat yeyishni allaqachon boshlab yuborishgandi. “Bismilloh”ni aytib, yarimlab qolgan laganga qo‘l uzatdi. Ammo shu ham xotiniga yoqmadi-da! Tavba-ey! 
— Nima, mum tishlaganmisiz? — kesatdi ayoli chuvalchang qoshlarini chimirib. — Nega gapirmaysiz?
— Nima dey, axir?! — baqirib yubordi u. — Ovqatimni ham tinch yeyolmaymanmi?!
— Shunchalik bizdan begonalashib ketgansiz. Gapirgani so‘z topolmaysiz. Sizga nima yomonlik qiluvdim?! Boshqasini topgan bo‘lsangiz ayting, qiynamang... — xotini shunday deb yig‘lagancha chiqib ketdi. Yozuvchi angrayib qoldi. Bir balo bo‘lganmi, bunga?! Qachon qarama buniki asar topshiriladigan paytda qo‘ziydi. Hamma diydiyosini bugunga tiqqan! Hikoyani esa ertaga topshirish kerak. 
Yozuvchi qoshiqni otib o‘rnidan turdi.
— Ovqatmas, zahar bo‘ldi! Padaringga... yo‘q yerdan ayb qidiradi, — u vaysay-vaysay xonasiga ketdi. Ichkarida xotini ingichka ovozda bir narsalar deb, izillab chunon yig‘lardi. Bundan asab tarang, dili xun bo‘lsa-da, yozishga kirishdi. Endi u hikoya yozmayotgandi, albatta. Go‘yoki xayolida xotinidan o‘ch olmoqqa kirishgandi. 
“Madinaning ingichka lablari titradi. Yomg‘irdan ho‘l bo‘lib ketgan sochlari peshonasiga yopishib qolgan, sovuqdanmi, alamdanmi, ko‘karib-gezarib ketgandi.
— Siz baribir uni sevasiz... umrbod. Men esa ... men shunchaki bir ermak...
— Yana eski xarxashani boshladingizmi? — chidayolmay dedi Samandar. — U desam — bu deysiz, bu desam — u deysiz. Yana nima deb ovutay, yana nima deb oqlay o‘zimni?! Og‘zingizdan chiqqanini ham, chiqmaganini ham miq etmay muhayyo qilsam. Nima qilay yana? 
Madinaning qoshlari ilonday bilangladi:
— Ho, shunaqami hali? Qadim zamonda oshiqlar mahbubasining bitta xoliga ikkita shaharni berib yuborishgan ekan. Siz nima qilib qo‘yibsiz?
— Qaysi kallavaram bitta xolga ikkita shahar beradi? Hozirdan shahar talab qilsangiz, ertaga nima bo‘ladi? Tinch okeani kerak emasmi, mabodo?!
— Voy, savil. Hali olib bermasdan dag‘-dag‘ani qarang. Avtobusga chiqsak, yo‘l chiptangiz bormi, deb turasiz-ku, Tinch okeani emish. G‘irt masxaraboz ekansiz-ku!
— Hammasining urug‘i bir, — ming‘irladi Samandar qanday alam olishni bilmay, — chap qovurg‘adan bo‘lgan!
Madinaning ko‘zlari olayib ketdi. Shu dam chindanam zanjirli portlash yuz berdi: 
— O‘zing kimsan-a, o‘zing kimsan? Xotinboz! Kazzyol... Eshshak, — dedi qiz. Samandar chiday olmadi. Qizning yuziga shapaloq tortib yubordi...” 
Shu payt shapaloqqa hamohang eshik sharaqlab ochildi-yu, ostonada ko‘zlari qizargan xotini paydo bo‘ldi. 
— Hmm! — qo‘lini beliga tiragancha tahdidli im qoqdi u. — O‘rningizni boshqa qilib yotmoqchimisiz? Bekorlarni aytibsiz! Qani oldimga tushing-chi! Mening birovlarga berib qo‘yadigan erim yo‘q!
Shu dam quloq-chakkasining tagida bir narsa qars etib ketdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.