OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘sarali Nishonov. Siz ham to‘yga boring (hajviya)

O‘g‘il uylantirish taraddudida yurgan Abdurazzoq aka kechki payt choyxonada ulfatlari bilan «qittak-qittak» dori qilib, uyiga keldi. Kelishini kutib, ko‘zi to‘rt bo‘lib turgan xotini Sharofatxon:
— Bu ayroni achimagan erkakdan dod degim keladi-da! — deya koyib berdi. 
— Tinchlikmi, xonim? — dedi shakarguftorlik bilan Abdurazzoq aka. 
— Axir to‘yga hech qancha kun qolmadi, qarindosh, yor-birodarlarni aytganimiz yo‘q. Vaqt o‘tyapti. Siz bo‘lsangiz imillaysiz, xolos. 
— Ertadan astoydil kirishamiz, vahima qilaverma, baribir, to‘y bo‘ladi, xotin.
— Yo‘q, hozir «Jiguli»ni yurgizing. Hech bo‘lmasa to‘rtta-beshta qarindoshga taklifnoma tashlab kelamiz.
Abdurazzoq aka qarasaki, xotinning fe’li chatoq. Darrov kiyindi. Oyog‘iga «kim ham qarar edi» deb, tufli o‘rniga kalishni ilib, xotinini orqa o‘rindiqqa o‘tqazib yo‘lga chiqishdi. 
Katta yo‘ldagi birinchi burilishdayoq xuddi birov oldindan aytib qo‘ygandek, avtonazorat xodimi tayoqchasi bilan Abdurazzoq akaga to‘xtashni ishora qildi. 
Mashina to‘xtadi. 
DAN xodimi hurmat bajo keltirib, o‘zini tanishtirdi. Hujjatlarini ko‘rib qo‘yish maqsadida to‘xtatganini aytib ulgurmagan ediki, Abdurazzoq aka o‘zidan hadiksirab gap boshladi:
— Okang aylansin, shoshib turibman, to‘qson yoshli kampirimiz olamdan o‘tib qolibdi. Hozir tilpon qilishdi. Shoshib, mana kalishda ketyapman, uka, endi... — deya yana gapni cho‘zayotgan edi, orqa o‘rindiqda o‘tirgan xotini sabri chidamay eshikni ochib:
— Aylanay uka, tezroq qo‘yib yuboring, hali to‘yga aytadigan joyimiz ko‘p, — deb qoldi. 
DAN xodimi darrov hushyor tortdi. 
— To‘ymi, yo...
 Bu savolni er-xotin chala eshitdi. Xotin endi baland ovozda:
- Siz ham to‘yga boring-a, aylanay — dedi.
DAN xodimi miyig‘ida kulib qo‘ydi va ruxsat ishorasini qildi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.