OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shahlo Hoshimova. Kutish (hikoya)

O’ttiz yillik qadrdoni bilan uchrashish maqsadida Komil N. shahriga bir kun oldin uchib keldi. Aeroportdan taksi tutib do‘sti ta’kidlagan mehmonxona nomini aytganida, taksi tezgina olib kelib qo‘ydi.
Mehmonxona ko‘p qavatli bo‘lib, shaharning qoq markazida joylashgan ekan. Komil yuqori qavatning xonalaridan biriga joylashib, chiroyli va ko‘rkam shaharni uzoq tomosha qildi.
Iyun oyi emasmi, havo ertalabdan issiq va dim.
Komil shaharni aylanish maqsadida mehmonxonadan chiqdi. Tirband tor yo‘laklardan o‘tib, keng, serqatnov yo‘lda uzoq yurdi. Yana qaysidir yo‘llarga o‘tib, kelgan yo‘lini unutdi. Ammo taksiga o‘tirib mehmonxonaga qaytish imkoniyati borligi uni hech narsadan cho‘chitmasdi. Bir mahal xuddi o‘zining mahallasiga o‘xshagan mahallaga kirib qoldi. Tartib bilan qurilgan uylar, keng, ravon, toza va ozoda ko‘chalar, uning bu shaharda musofir ekanligini ham biroz bo‘lsa-da xotirasidan ko‘tardi.
“Odamzod hamma joyda garchi tili, irqi, zamoni boshqa bo‘lsa-da, bir xil tirikchilik qiladi. Quyosh nuridan bahra olib, tabiat manzaralaridan zavqlanadi. Sevadi, seviladi, xiyonat qiladi, alda-nadi... kichkinagina yuragiga hamma his-tuyg‘uni joylashtirib, qisqagina umrida barchasini boshidan kechiradi. Ammo hayotni anglagan vaqtda o‘lim unga yuzma-yuz kelgan bo‘ladi...” Komil shunday o‘ylar girdobida borar ekan, ortidagi qaysidir temir eshik qattiq sharaqlab ochildi. Undan ayol kishining yurakka og‘ir botadigan nolaga o‘xshash alamli qichqirig‘i eshitildi. Nima bo‘ldi ekan-a, deb Komil ortiga qayrilganida, unga tomon shu eshikdan chiqib kelayotgan baland bo‘yli, qora shim, kul rang ko‘ylak, kul rang shlyapa kiyib boshini xam qilib kelayotgan kishini ko‘rib, yo‘lini davom ettirishga majbur bo‘ldi.
“Tanimagan, bilmagan odamni eshigi oldida to‘xtatish noqulay... ammo nimadir bo‘ldi shu xona-donda”, deya qoshlarini chimirgancha o‘ylanib boraverdi Komil.
Hali soat ertalabki o‘ndan oshmagan bo‘lsa-da, kun juda isib ketgan. Saraton quyoshi atrof-muhitni o‘z hukmiga buysundirib olgandi. Oftob tig‘idan hech kim qarshisiga tik qaray olmasdi. Komil ichkari ko‘chalarni ancha aylanib chiqdi. Endi katta ko‘chaga amallab chiqib olsa, taksi to‘xtatib to‘g‘ri mehmonxonaga boradi. Shu alfozda uni bir narsa o‘ylantirib turardi. Haligi eshikdan chiqqan notanish kimsa uning ortidan soyadek ergashib kelardi. Vaziyatni aniqlash maqsadida Komil mehmonxonaga qaytish fikrini o‘zgartib, yana ixtiyorini yo‘lning yo‘nalishiga topshirdi. U katta yo‘lni kesib o‘tib, ikki qavatli imoratlar orasidagi kichkina yo‘lakchaga kirib oldi. Haligi notanish hamroh ham uning harakatini takrorlab, boshini xam qilgancha ortidan ergashib kela boshladi. “Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-yu, begona yurtda tanimagan odam hamroh bo‘lib olsa. Yo‘q, buni hamroh deb ham bo‘lmaydi... U meni ortimdan kuzatib kelmoqda. Ammo nima uchun bu tarzda oshkora... axir ko‘r ham sezadi-ku uning bu tarzdagi ergashishini. Hozir to‘xtab, mendan nima istashini so‘rayman”, deya Komil turgan joyida to‘xtab ortiga qayrildi. Kutilmaganda haligi kimsa ham beorlarcha to‘xtab ortiga qayrildi. Komil unga tomon bir-ikki qadam tashlagan edi, u ham oldinga intildi. Qiziq, juda ham qiziq.
Baland bo‘yli bu kimsa juda ham ozg‘in bo‘lib, shlyapani bostirib kiyganidan uning yuzi ko‘rinmasdi. Haligi kishi sekin oldinga yura boshladi. Komil biroz ergashgan kishi bo‘ldi-da, “Ortimdan ergashsa ergashibdi. Nima, men favqulodda bir odammidimki, yurgan yo‘limni kimgadir bersam yoki bir millionermidimki, o‘zimning soyamdan o‘zim qo‘rqib yashasam”, deb qo‘ydi. Komil ortiga qayrilib yo‘lida davom etar ekan, “aslida hech narsasi yo‘q va hech narsaga qodir bo‘lmagan kishi juda qo‘rqoq va hammaga hisobot berib yashaydi”, deya miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Komil chamasi bir soatcha yangi-yangi ko‘chalardan yurib charchadi. 
“Sen ham charchadingmi?” deya o‘zicha ichida “hamrohi”dan so‘rab qo‘ydi. Notanish hamroh esa hamon boshi egilgancha uning ortidan ergashib kelardi. Komil binolar orasidan yurib bolalar maydonchasidan chiqib qoldi.
Vaqt tushga yaqinlashganligi sababli maydonchada hech kim ko‘rinmaydi. Atrof jimjit. Quyosh yerni qizdirgandan qizdirmoqda.
Komil o‘zidagi charchoqni his qilib, maydoncha chetida, daraxt soyasida joylashgan o‘rindiqlardan biriga borib o‘tirdi. Notanish hamroh ham boshini oldingidan ham battarroq egib o‘rindiqning bir chekkasiga omonatgina o‘rnashib oldi.
“Qiziq, hech bo‘lmasa qilayotgan ishidan ozgina noqulaylik ham sezmaydi-ya... Ha, bu hayotda odamzod ongi hazm qila olmaydigan jumboqlar juda ko‘p”, deya o‘yladi u baland chinorga tikilgancha.
– Chanqadim, ertalab nonushta qilmaganligim uchun qornim ham ochib ketdi. Sen ham qorning ochib, chanqadingmi? – deya yana odatdagidek ichida hamrohidan so‘radi Komil. – Yoki mening sabrim qay darajada ekanligini bilishni istaysanmi... Men juda sabrli odamman. Hayotda hech narsani birinchi bo‘lib boshlamayman. Hamisha kutaman. Gohida yuragim to‘xtab qolishini ham kutaman. To‘g‘risini aytsam, menda bu holat juda ko‘p bo‘ladi. Ba’zida hamma narsalardan to‘yib ketaman, odamlarni umuman ko‘rgim kelmay qoladi. Chunki ko‘pincha ularni ko‘z qarashlaridan nimani o‘ylashi, nima haqida gapirishlarini bilaman. Ammo ularni hamisha jimgina eshitishga majburman. Ayniqsa ahmoq boshliqni – siz aqllisiz, – deya u bilan birgalikda ishlash yoki uning bir chaqaga arzimaydigan hayot falsafasini ma’qullab o‘tirish qanchalik og‘irligini bilsayding?.. Ba’zida hammasini basharasiga aytib, saviyasi past odam ekanligini isbotlab, kreslosidan irg‘itib, ishxonadan chiqib ketging keladi. Ammo nima o‘zgaradi? Ayanchlisi, hech kim, hatto do‘stlaring ham seni tu-shunmaydi. Balki tushunar... buning qanday ahamiyati bor. Biroq yomon tomoni – tirikchilik uchun undan ham battarroq boshliq bilan ishlashga majbur bo‘lasan.
– Birda, unda hali endi oliygohni tugallab kelgan edim. Kutilmaganda yaxshi ish taklif qilib qolishdi. Xursand bo‘lib ish boshladim. Adashmasam bir oylar ishlaganimdan so‘ng boshliq xonasiga chaqirib qo‘lingdagi hujjatlaringni shunday qilginki, to‘rtni to‘rtga qo‘shsa besh bo‘lsin, deb qoldi, men unga hayron bo‘lib qaragan edim: «Men senga mana shu qalam osmonda uchadi desam sen ham uni uchadi, deb aytasan, tushunarlimi?» dedi menga qisiq ko‘zlarini battarroq qisib. Oldiniga ancha vaqt o‘ylanib yurdim, hisob-kitob aniqlik talab qiladi. Axir bu siyosat emas-ku bir narsani o‘n xil yo‘l bilan yechimini topsang.
Shu voqeadan bir oz vaqt o‘tgach boshliq o‘rinbosari bilan suhbatlashib turganimizda men unga “mana shu qalam osmonda uchadi”, dedim. U esa ko‘zlarini katta-katta qilib “issig‘ing yo‘qmi?”– deya savol berdi. Men ham bo‘sh kelmasdan buni menga boshliq aytdi, dedim. U bo‘lsa hech ikkilanmasdan boshliq aytgan bo‘lsa uchadi, faqat pastroq uchadi dedi jiddiy ohangda.
Ana shunaqa, do‘stim. Bu hayotda har toifa boshliqlarga hisobchi bo‘lib, kutishni o‘rgandim. Chunki o‘zim uchun bundan o‘zga chorani qidirib topolmadim.
Bu safar kutishni istamadim. Do‘stim bilan uchrashishni o‘zim taklif qildim. Sababi birinchidan u ayol kishi, ikkinchidan esa bu ayol meni necha yillardan beri o‘ziga ohanrabodek tortib kelmoqda. Ammo men bu ayolni ayolligi uchun emas, uni ich-ichimga yashiringan, hatto o‘zimga ham sirli ravishda ko‘rinadigan noma’lum bir qiyofamga o‘xshataman. Ertaga uchrashganimdan so‘ng, balkim, uning tashqi ko‘rinishi shu kungacha bo‘lgan xayollarimni tarqatib yuborar... To‘g‘rirog‘i, ana shun-dan qo‘rqib shu vaqtgacha uchrashishni ortga tashlab keldim. Ammo shu vaqt davomida uning o‘zi ham men bilan uchrashishga intilgani yo‘q.
– Mana endi yoningda nima uchun o‘tirganligimni tushungandirsan. Sen bo‘lsang bemaqsad ortimdan ergashib yuribsan.
Men oddiy bir idora hisobchisiman, umrim birovlarning pulini sanash bilan o‘tdi. Gohida o‘yla-nib qolaman, arzimagan mana shu qog‘ozlar odamzodni turli qiyofaga kiritib, hayotining asosiy mazmuniga aylanib qoladi.
Sening kasbing nima? – Komil odatdagidek hamrohiga ovoz chiqarmasdan savol berdi-da, uni oshkora kuzata boshladi. Ozg‘indan kelgan bu kishi, qirra burun, kipriklari qalin va qop-qora bo‘lib, qirq beshlarda edi. U boshini bir oz ko‘tarib, ro‘parasida nimagadir burgut qarash qilib, nimanidir o‘ylab o‘tirardi. – Axir men bir oddiy musofir bo‘lsam, bu yerda hech kimni tanimasam, hatto hozir qaysi manzilda o‘tirganligimni ham bilmasam, nega menga bunchalik yopishib olding? Mendan nima istaysan? Ochiq aytsang, o‘zing ham biroz yengillashasan... – deya Komil ichida o‘ziga o‘zi gapirib, xo‘rsinib qo‘ydi. Atrof jimjit, quyosh tikka ko‘tarilgan, kun qizigandan qizib borardi.
Maydonchada hech kim ko‘rinmaydi. Hamma issiqdan uyiga berkinib olgandi.
Ulardan bir oz narida bolalar o‘ynab-o‘ynab tashlab ketgan teshik charm to‘p issiqning zo‘ridan hid chiqarmoqda edi. Komil o‘rnidan turib to‘pni bir tepdi. To‘p dumalab suvsiz ariqchaga tushib ketdi. Uning bu harakatini kuzatib o‘tirgan hamrohining yuzi qilt etmadi. Ularning nigohlari bir-biriga to‘qnash kelgan bo‘lsa-da, notanish kishi ko‘zlarini hattoki pirpiratmasdan o‘sha-o‘sha Komilga burgut qarash qilib o‘tiraverdi. 
– Tavba, odam ham shunchalik surbet bo‘ladimi? – deya Komil undan ko‘zini olib qochdi. – Juda g‘alati odam ekan. Agar hozir ketsam ortimdan ergasharmikin? ... aniq ortimdan ergashadi. Qarashidagi surbetligidan mendan ayrilgisi yo‘q.
Komil joyiga o‘tirar ekan, uni suhbatga tortmoqchi bo‘ldi. Nima deb gap boshlasam ekan, deya o‘ylanib turganida, notanish hamrohi go‘yo sen bilan gaplashadigan gapim yo‘q degandek, yuziga shlyapasini bostirgancha boshini o‘rindiqning orqa suyanchig‘iga tashladi. Bu holatdan Komilning jahli chiqqan bo‘lsa-da, so‘ng o‘zini qo‘lga olib, mehmonxonada nima ham qilaman, uchrashuvim ertaga bo‘lsa, u yerda o‘tirdim nimayu bu yerda o‘tirdim nima. To‘g‘ri, u yer salqin, suv ichish, biron narsa yeb olish ham mumkin. Umuman olganda bu yer ham unchalik yomon joy emas. Nima, sahroning o‘rtasimidiki, issiqdan, suvsizlikdan nolisam. Qolaversa yolg‘iz emasman. Hamrohim ham chanqagan, yana issiqdan yuzini ham berkitib oldi.
 Bu hayotni sabr bilan yengish kerak, mayliga sabr yurakni, umrni egovlasin. Baribir nima bo‘lganda ham eng to‘g‘ri yo‘l – kutish, – deya Komil og‘ir xo‘rsindi. So‘ngra hamrohiga qarab shu yerdan birinchi bo‘lib ketishingni kutaman, deya pichirladi. Bu vaqtda quyosh g‘arbga oldingidan biroz yonboshlagan bo‘lsa-da, ammo uning tafti hali qaytmagan, ayniqsa shaharda hamma joy beton emasmi, kun qizigandan qizirdi.
Komilni issiq ilitib ko‘zi ilindi. Tushida katta bir shaharga mehmonga borgan emish. U yerda uni bir qadrdoni kutib olibdi. Ular uzoq suhbatlashganlaridan so‘ng, uning qandaydir bir bedavo dardi xususida maslahat qila boshlabdi. Qadrdoni uni shahardagi eng zo‘r ruhiy kasallarni davolaydigan tabibga olib borishini aytibdi. Ular yo‘lga tushishibdi. Yo‘l balchiq emish. Yo‘lning ikki chetida har xil mashinalar loyga botib yotgan emish. Komil dunyodagi eng katta shaharning yo‘llari shunaqangi balchiqligidan hayron bo‘lib borayotsa: – Nima bo‘lsa ham bu yerda adashib qolma, – deya, o‘rtog‘i uning qo‘lidan mahkam ushlab olibdi. – Agar adashib qolsam nima bo‘ladi? – deb so‘rabdi Komil o‘rtog‘idan. O’rtog‘i unga shunaqangi sovuq nigoh tashlabdiki, bundan Komilning eti uvishib ketibdi. – Bu yerda adashsang to‘g‘ri qabristonga kirib qolasan. So‘ngra men senga hech qachon yordam bera olmayman. Shuning uchun atrofga e’tibor bermasdan meni mahkam ushlab ol, – debdi. Shu vaqt qattiq shamol ko‘tarilib atrofdagi yalang‘och chinorlarni ildizi bilan qo‘porib tashlabdi.
Komilning ko‘ziga nimadir kirdi. Bir qo‘li bilan olib tashlayman, deya harakatlangan vaqtda nimagadir borib urilib, yiqilib, o‘rtog‘ining qo‘li qo‘lidan chiqib ketibdi. Uning ortidan qaray desa, ko‘zlariga nimadir kirgan, qo‘llari esa balchiqqa botgan holda uzoq o‘tiribdi.
 – Baribir o‘lar edim-ku, nima qilardim o‘zimga shunchalik azob berib. Kim bu dunyo bilan xayrlashgisi kelardi, qolaversa hali yosh bo‘lsam. Ko‘zguga bir ko‘z tashlagin, yoshligingni bilasan. Vaqt qushdek uchadi. Hech narsaga ulgura olmay qolasan. Ulgurgan vaqtingda ham hammasi tamom bo‘lgani alam qiladi kishiga.
Ko‘ngil esa qarimaydi. Hayotdan nimanidir izlashni bas qilmaydi. Tinchingni, halovatingni o‘g‘irlaydi. Unga quloq solmaslik lozim, ammo hidoyat yo‘lini ham ugina biladi, xolos, deya o‘ziga o‘zi qarama-qarshi fikr bildirib tursa, ko‘zlari yoshlanib, yoshlanib, so‘ngra ko‘ra boshladi. Bu ham Xudoning karomati, agar har tomonlama Komilga nur yetishmaganda u tushkun kayfiyatda bo‘lishi mumkin edi. Mana, uning ko‘zlari ko‘rmoqda, unga yana nima kerak? Agar shu vaziyatda ham pessimist bo‘lsa bu uning yengiltabiat ekanligini bildiradi. Nima bo‘lganda ham yashash kerak... faqatgina oldinga intilish lozim. Shu so‘zlarini o‘ziga-o‘zi ta’kidlab Komil o‘rnidan dast turdiyu yonida, og‘zi-quloqlarigacha balchiqqa botgan, ikki-uch yoshlar chamasidagi yig‘layotgan bolakayni ko‘rib eti junjikib ketdi. U bolani balchiqdan ko‘tarib olib, iflos qo‘llari bilan uning ko‘zlari atrofini tozaladi. Bolachaning katta-katta, qop-qora ko‘zlaridan tinimsiz yosh oqardi.
Komil uni bag‘riga mahkam bosgancha onasini axtara boshladi.
Shovqin-suron avjida, atrofda tashlandiq bolalar juda ko‘p bo‘lib, ba’zilar og‘ziga balchiq qoplanib qachonlardir jon taslim qilgan, qolganlari esa jon talvasasida edi. Kattalar esa bir-birlarini turtkilab bolalarni bosib-yanchib oldinga qarab yugurishardi. Bolalarning ayanchli, qo‘rquvdan yig‘-layotgan ovozi, erkaklarning so‘kinishi, ayollarning shang‘illashi, atrofning balchiqligi, yana qaerdadir suvning shildirashi, bag‘ridagi bolaning yig‘lab undan non so‘rashi Komilning yuragini ich-ichidan ezib yubordi. U bolachani yana ham mahkamroq bag‘riga bosib balchiqqa bulanib oldinga intilar ekan, Komil bu shaharga nimaga kelganini ham unutib, atrofidagi go‘daklarning birini yelkasiga, birini bo‘yniga, birini bag‘riga bosganicha bir joyda cho‘kkalagancha, qop-qora balchiqqa bulanib, ovozi boricha ularga qo‘shilib yig‘ladi. Bu uning erkak bo‘lib birinchi uvvos tortib yig‘lashi edi.

* * *

Komil o‘ziga kelganida, quyosh tafti oldingidan ancha qaytgan, maydonchada bolalar shovqin solib o‘ynashmoqda edi. Ularning yonidagi o‘rindiqlarda esa, shu atrofdagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi ayollar o‘rnashib olib kimnidir g‘iybat qilishmoqda. Qaerdadir unga noma’lum bo‘lgan bir qush cho‘zib-cho‘zib sayrab, qotib qolgan bo‘g‘iq havoni to‘zg‘itmoqda edi.
Komil ko‘zini ochishi bilan ro‘parasida sochi uzun yelim qo‘g‘irchoqni o‘ynab o‘tirgan chamasi uch yoshlar bolaga ko‘zi tushdi. U shunday hayrat bilan Komilga termulib o‘tirardiki, bundan u tushida yig‘laganligini bola ham sezganligini bildi. Bola biroz Komilga qarab o‘ylanib turgach, qo‘lidagi qo‘g‘irchoqni uning oldiga kelib, qovog‘ini uygancha Komilga uzatdi. U hayron bo‘lib, qo‘g‘irchoqni qo‘liga oldi. Bola esa shunday qilishi kerakdek ayollar oldiga yugurib ketdi. Komil nima qilarini bilmasdan malla soch yelim qo‘g‘irchoqqa termulib o‘tirib, so‘ng hamrohiga qaradi. U ham odatdagidek kiprigi pir-piramasdan surbetlarcha qarab turardi.
– Bu nima qiliq, nega u menga bunchalik yopishib oldi. Tavba, odam ham odamga shunaqangi yomon qaraydimi? – ko‘rgan tushidan yuragi ezilib o‘tirgan Komil hamrohining sovuq nigohidan fig‘oni falakka chiqib ketdi. – Mendan nima istaysan, gapir?
 Notanish kishi esa hech narsani eshitmagandek yuzini Komilga teskari qildi. Komil shart o‘rnidan turdi. Hamrohi ham o‘rnidan turib Komilga go‘yo nima qilay degandek, baqrayib tikilib turdi. Komil nimanidir o‘ylab yana joyiga o‘tirdi. Notanish kishi ham indamasdan o‘rindiqqa cho‘kdi. U ro‘parasidagi maydonchada ikki jamoa bo‘lib olishib to‘p surayotgan turli yoshdagi bolalarning o‘yinini tomosha qila boshladi.
Bolalar turli yoshda bo‘lib, gavdalari ham turlicha: biri ozg‘in, biri novcha, yana birlari baqaloq edi. Ikki jamoa darvozasini ham ko‘rinishdan nimjon, yoshi ham jamoadoshlariga nisbatan ancha kichikroq bolalar qo‘riqlab turishardi. To‘p darvozadan o‘tib ketsa jamoadagi bolalar ularga ovozlari boricha baqirishar, so‘kishar, ba’zida tepkilab ham olishardi. Darvozabon esa bu safar sezgirroq bo‘lishga harakat kilar, ammo foydasiz edi. Ajablanarlisi shundaki, darvozabonlar shuncha haqoratga ham indamasdan bardosh berib, o‘yinni davom ettirar, ularga faqat futboldan chiqarib yuborishmasalar bas edi.
Komil bolalarning o‘yinini kuzatib o‘tirib, o‘zining ham bolaligi yodiga tushdi. Bir vaqtlar o‘zi ham katta bolalar bilan futbol o‘ynashni yoqtirardi. Ammo ular Komilni faqat darvozaga qo‘yishardi. Komil ham xuddi shu bolalar singari qanchalik hushyor bo‘lsa-da, to‘pni darvozadan o‘tkazib yuborar, jamoadoshlaridan so‘kish eshitar, ba’zida o‘yindan chiqarib ham yuborishardi. Shularni o‘ylab miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Notanish hamroh yuziga shlyapasini bostirib, boshini o‘rindiq suyanchig‘iga tashlagancha uxlamoqda edi. Komil yonidagi odam uxlayotganini sezib, o‘rnidan turib ketib qolgisi keldi, ammo, nimagadir hamrohining uxlab yotganidan foydalanib qochib ketgisi kelmadi. – Biron-bir maqsadi bordirki, ertalabdan buyon ortimdan ergashib yuribdi. Agar hozir ketib qolsam uning harakati jumboqligicha qolib ketadi, – deya Komil sabr qilib o‘tirdi.
Havo juda yoqimli, mayin shabada esmoqda. Kimlardir shoshilib ishdan qaytmoqda, yana kimlardir pardoz-andoz qilib, qaergadir ketmoqda. Maydoncha esa bolalar bilan band. Atrofdagi o‘rindiqlarga erkaklar-ayollar o‘rnashib olib, kimdir bahslashmoqda, kimdir shaxmat o‘ynamoqda, yana kimlardir hammani kuzatib xayol surib o‘tiribdi. Komil odamlarning ko‘pligidan vaqt allamahal bo‘lib qolganligini ham sezmay qoldi. Yonidagi hamrohi esa yuziga shlyapasini tashlagancha hamon uxlamoqda edi. «Hoy do‘stim, kechasi kim uxlaydi? Ko‘zingni och, odamlarga e’tibor ber, hamma o‘z tashvishi bilan band. Faqat sen nima qilayotganingni bilmasdan, bemaqsad, o‘zingni ham, meni ham qiynamoqdasan. Kel, undan ko‘ra mana shu huzurbaxsh havoda samimiy suhbatlashaylik, bir-birimizni yaqindan bilib olamiz. Sen ham o‘zingni qiynab yurgan dardlaringni ayt, men ham o‘ylanib o‘tirgan javobsiz savollarimni aytay...» Shu vaqtgacha hamrohining yoniga kalta bo‘yli, to‘lachadan kelgan ko‘zlari besaranjom kishi kelib joyni torligiga qaramasdan tiqilib o‘tirdi. Komil u kishining bu harakatidan bir oz taajjublandi. Chunki bu paytda odamlar uy-uylariga tarqagan, o‘rindiqlar esa bo‘shab qolgandi.
Komil bilan hamrohining orasida yana bir kishi o‘tirsa bo‘ladigan joy bor edi. U bu kishining maqsadi yomonligini sezgach, hech narsadan bexabar hamrohiga yaqinroq surilib, uni uyg‘otmoqchi bo‘ldi-yu, nimagadir bu ishi o‘ziga ma’qul kelmadi. Avvalambor, Komil hamrohining hatto ismini ham bilmaydi, qolaversa, ular orasidagi joy ularning bir-biriga mutlaqo begona ekanligini yaqqol ko‘rsatib turardi. Notanish kishi Komilga shunday yerqarash qilib tikilardiki, u boshini ko‘tarib hamrohiga qaray olmasdi. Komil o‘zini bu shaharda mutlaqo musofir ekanligini, musofirlik esa qanchalar nochorlik ekanligini ich-ichidan his qilib turardi. Begona kishi hech narsadan cho‘chimasdan, xotirjam hamrohining cho‘ntaklarini kavlashtirib nimalarnidir oldi. So‘ngra unga oshkora mensimasdan tikilib, o‘rnidan turib maydonchani kesib o‘tgancha ko‘pqavatli uylar orasiga kirib ko‘zdan yo‘qoldi.
Komil qisqa vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tgan voqeadan karaxt bo‘lib bir muddat o‘tirib, o‘ziga kelib olgach hamrohiga nazar tashladi. U esa dunyo bexabar yuziga shlyapasini yopib, boshini o‘rindiq orqa suyanchig‘iga tashlagancha uxlab yotardi. Tavba, shunaqangi ham g‘alati odam bo‘ladimi, bor budini kimdir shilib ketsa-yu, hech narsani sezmasa. Yoki sezib tursa-da indamadimikan? Yo‘q, sezib indamasligi mumkin emas. Ammo kissavurning harakatini ham bilmasligi mumkin emas.
Vaqt allamahal bo‘lib odamlar uy-uylariga tarqalishgan, hammayoq jim-jit, ulardan ozroq nari-dagi o‘rindiqda ikki yosh bir-birlariga chirmashib o‘tirib olgan. Komil kutishni bas qilib o‘rnidan turdi. Uni uyiga kuzatib qo‘yaman-da, o‘zim mehmonxonaga qaytaman. Yo‘lda bir-birimiz bilan tanishib olarmiz, o‘shanda, kissavur haqida aytarman.
Komil hamrohini tashlab keta olmasligini sezib: – Hoy o‘rtoq, tur o‘rningdan, uyingga kuzatib qo‘ymoqchiman, ko‘zingni och, vaqt ham ancha kech bo‘lib qoldi. Atrofingga bir qara, hech kim qolmadi. Hamma uyquga kirdi. Uyingdagilar ham kutib qolgandir, – dedi. Komil hamrohining qimirlamasdan o‘tirishini ko‘rib: – O’zi ham o‘likka o‘xshab uxlaydi shekilli, – deya, uning yoniga o‘tirib sekin bilagidan turtkilamoqchi bo‘lganida, bilagining muzdekligidan sakrab o‘rnidan turdi. Turgan joyida yuzini berkitib turgan shlyapasiga qarab biroz o‘ylanib turgach, shlyapasini ko‘tardi. Notanish hamrohining ko‘zlari yumuq, og‘zi esa qiyshayib ochilib qolgandi. Kunduzi e’tibor berganida hamrohining qosh-ko‘zlari tim qora edi, hozir esa sarg‘aygan, hatto terisi ham sarg‘ayib ketgandek edi. Komil nima qilarini bilmasdan qo‘lida shlyapa bilan biroz unga termulib turdi. So‘ngra uning yuzini qaytadan yopib, “qachon ulgura qolding?” – deya sekingina pichirladi o‘ziga-o‘zi.
Bir oz parishonlikdan so‘ng narida bir-biriga chirmashib yotgan yoshlar oldiga borib tomoq qirib yo‘taldi. Yigit boshini ko‘tarib “nima istaysan” degandek baqraydi. Yigit negadir unga achinish bilan qaradi: 
– Hoy boboy, o‘zing bir kelgindi bo‘lsang, qolaversa uni mutlaqo tanimasang, nima qilasan boshingni achitib? Hozir militsiyaga borib bo‘lgan voqeani aytib bersang, ular senga rahmat aytishmaydi. Birinchi bo‘lib o‘zingni tergov qila boshlaydi. Nima, senga shu kerakmi? Qolaversa, hozir zamon o‘zgarmoqda, hamma senga o‘xshab ko‘chadagi o‘liklarga hayratlanib o‘tirsa dunyoda rivojlanish bo‘ladimi? Nima qilibdi, o‘lsa o‘libdi... Hov ana narigi o‘rindiqda ham bittasi o‘lib yotibdi, bilmadim, balki mastdir. Ammo bu yer senga katta shahar. Ular bilan shug‘ullanadigan maxsus odamlar bor. Qo‘y, boshingni achitma, bor, yo‘lingdan qolma. 
Yigit yuzini ters burib sochi to‘zib yotgan “qo‘g‘irchog‘”ini quchoqlab hiringlay boshladi.
Komil nima qilarini bilmasdan negadir yana hamrohi yoniga borib uzoq o‘tirdi. So‘ngra yuragida nimadir ildiz-pildizi bilan gursillab qulaganini sezib o‘rnidan turdi. Mana, bemaqsad kutish nihoyat, tugadi, deya sekin o‘ziga-o‘zi pichirladi. Vaqt esa allamahal bo‘lsa-da, ko‘p qavatli uylarning ortidagi katta yo‘ldan bitta-bitta mashina qatnamoqda. Komil o‘sha tomonga qarab borar ekan, yo‘lida uchragan hayvon, qush, odam murdalariga qarab, bular bilan shug‘ullanadigan maxsus odamlar bor, dunyo rivojlanmoqda, deya o‘yladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.