OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sodiqjon Inoyatov. Dehqonboyning tanishi (hikoya)

Dehqonboyning to‘ng‘ichi O‘ktam o‘qishga kirdi. Toshkentdagi, Dehqonboyning aytishga tili ham aylanmaydigan “pedinstitut” degan katta o‘qishga. Tamomlab chiqsa, qishloqqa muallim bo‘lib keladi. Bay-bay, Dehqonboyning quvonganini ko‘rsangiz. Bor-yo‘g‘ini qoqishtirib shartta uchta-to‘rtta ulfatini mehmonga chaqirdi. Jindakkina otib olgach, O‘ktamning maktabda yaxshi o‘qigani-yu, imtihonlarni “a’lo”ga topshirgani qolmay maqtandi. Ulfatlari Dehqonboyning omadi kelganini alqay-alqay bir-ikki kun unikidan tuz-nasiba terdilar. Dehqonboy qarasa ro‘zg‘orda hemiri ham qolmabdi. Hali Toshkentga ketadigan bo‘lsa, bolasining qo‘liga uch-to‘rt so‘m tutqazishi kerak. Joniga buqasi oro kirdi. Mana, kecha o‘g‘lini poezdga o‘tqazib, bugun xotirjam o‘tiribdi. Hali terim boshlanmagan, bir-ikki kun dehqonning qo‘li bo‘sh. Shu orada uyning u-bu yumushlarini qilib olmasa bo‘lmas. Ishni nimadan boshlashni o‘ylab, choynakdagi choyni qaytarayotuvdi, xotini ship-ship yurib kelib supaning chekkasiga cho‘kdi.
— Voy, bu odamlarni, — dedi u supurgisini chekkaga qo‘ya turib, — qishloqda desangiz duv-duv gap emish. Emishki, Toshkentda sizning katta bir propisirmi, olimmi, tanishingiz bor ekan-u, O‘ktamimizni o‘sha odam o‘qishga joylab qo‘yganmish. Yo tavba! Bola bechora o‘qishga kiraman deb erta-kech kitobdan bosh ko‘tarmaganini hech kim bilmaydi...
Dehqonboy bu gapni eshitib bir qalqib tushdi. “Ol-a, Dehqonboy o‘zi ikki pullik suvchi bo‘lsa, propisirni qaerdan taniydi?”
— Kimnan eshitding buni? — u choydan xo‘plab xotiniga tikildi.
— Qumri opadan, — Fotima qo‘li bilan qo‘shnining uyiga ishora qildi, — kecha Nazir qassobning to‘yida Ro‘zim bo‘g‘oltirning ayoli Norjon bir to‘p xotinlarning oldida aytganmish. “Hozirgi zamonda bolamni o‘qitaman desang yo puling yo katta tanishing bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa bolang ming a’loga o‘qisin — bir tiyin. Dehqonboy aka balo ekan” debdi.
Yo qudratingdan! Bunday gap odamga namuncha yoqmasa. Bu gapni kimsan katta bo‘g‘oltirning uncha-muncha odamni nazar-pisand qilmaydigan tannoz xotini aytib o‘tirganidan keyin.
Dehqonboyning eti qizib, salgina iljaydi. Sir boy bergisi kelmadi-da, xotiniga mensimaganday qaradi.
— Men ketdim. Bir guzarni aylanib kelaman. Bu gapni yana kimdir aytsa yo so‘rasa, “Bilmadim, Dehqonboy akamning shunaqa jo‘rasi bor edi, shekilli” de. Xo‘pmi?
Uydan sal uzoqlashgach, niyati o‘zgardi. “Ke, qo‘y, guzarga chiqib nima qilaman. Harna bo‘lsa-da uyning ishini qilay”.
U bog‘ etagidagi yo‘ng‘ichqani o‘rayotib xayoli o‘g‘liga ketdi. Ich-ichidan quvondi. E, xudoga ming qatla shukur, mana, O‘ktamjon eson-omon o‘qishga kirib oldi. Kambag‘alning baxti shu-da. Bola paqir rosa g‘ayrat qildi-da, o‘ziyam. Sigirga o‘t o‘rgani ketayotib ham qo‘ltig‘iga kitob qistirib olardi. Endi yaxshi o‘qib, o‘qishini tamomlab olsa, Dehqonboyning peshonasi yarqiraydi.
Shig‘-shig‘ o‘roq tortarkan, Norjonning gapini eslab kulimsiradi. “Ha, boyvuchcha xotin-a, Dehqonboyning kambag‘algina ekanini bilasan. Pulim yo‘qligi ma’lum, o‘g‘lim ozib-yozib o‘qishga kiruvdi, darrov tanishim borga chiqdim-qo‘ydim. Bu yog‘ini so‘rasang, qirq olti yoshga chiqib Dehqonboy hali Toshkent deganini ko‘rmaganu, unda tanish nima qilsin?”
Shularni xayolidan o‘tkazib Dehqonboy o‘z-o‘zidan hayratlandi. “Ey, lekin chindan ham tanishim bo‘lganda nima bo‘lardi-a? Rosa mazza bo‘lardi-ku. O‘g‘ling, qizing qiynalmay o‘qishga kirib ketaversa. Ora-sira qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilarning bolalariga ham sal qarashib deganday...”
Xom sut emgan banda-da, Dehqonboy o‘z o‘yidan o‘zi rohatlandi. Eh, rostdanam tanishi bo‘lganda qishloqda ko‘krak kerib, uncha munchani og‘ziga qaratib yurarmidi?
— Hoy, otasi, ne yerdasiz?
Yo‘rg‘alab kelayotgan Fotimaning ovozi xayolini bo‘ldi. Xotini bezovtaroq ko‘rindi.
— Omonlikmi, ne gap?
— Omonlik, sizni so‘rab Ro‘zim bo‘g‘oltir keldi. Supada o‘tiribdi...
Umrida uyiga yaqinlashmagan odam-a? Qo‘lidagi o‘roqni chekkaga tashladi-da, ust-boshini qoqib hovliga yurdi.
Ro‘zim bo‘g‘oltir xuddi so‘riga bemalol yonboshlab olgan, chag‘ir ko‘zlari hovliga o‘rlagan uzum zangida edi. Dehqonboyni ko‘rdi-yu, chekayotgan sigaretini o‘chirib chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi.
— Assalomu alaykum, Dehqonboy aka, — qo‘lini uzatayotib xiringlab kuldi. — Bormisiz aka? Eson-omonginamisiz? O‘g‘ilcha o‘qishga kiribdi, bir og‘iz indamaysiz-a? Indamasangiz indamang, mana, chaqirmasangiz ham ziyofatga keldim.
Dehqonboyning ko‘zi ko‘rpacha ustida yotgan qog‘ozga o‘rog‘lik narsaga tushdi. Ro‘zim bilan so‘rashar ekan, miyasini bir o‘y parmalab o‘tdi: “Uyda go‘sht bormikin o‘zi?”
— Ammo lekin zo‘r ish bo‘libdi, — hisobchi bolishga yanada bemalolroq yonboshlab shang‘illashda davom etdi, — Dehqonboy akaning o‘g‘li o‘tibdi, deb eshitgach, juda quvondim. Ming qilsayam, bir elning odamimiz-da axir!
Bu orada Fotima dasturxon yozdi, bor-yo‘g‘ini o‘rtaga qo‘ydi. Kimsan kolxozning hisobchisi keldi-da! Dehqonboy xotinining puxtaligiga ichidan sevinib o‘tirdi.
— Xafa bo‘lmasangiz bir narsani so‘rayman, — dedi hisobchi mezbonga kulimsirab, — sir bo‘lmasa ayting, o‘sha domla bilan qanday tanishgansiz, o‘zi?
— Qaysi domla bilan?
— Juda mug‘ombir ekansiz-ey, Dehqonboy aka, sizni shunday deb o‘ylamovdim. Qaysi domla bo‘lardi, o‘sha O‘ktamjonga yordam qilgan domla-da!
Dehqonboy bir muddat jim qoldi. Nima desin. Tanishim bor, yordam qildi desa, o‘g‘lining yuziga oyoq qo‘ygan bo‘ladi. Umrida yolg‘on gapirmagan. Yo‘q, desa baribir ishonmasa kerak, chunki bular hamma narsani o‘zining qarichi bilan o‘lchab o‘rgangan.
— Endi gapning rosti, Ro‘zimboy uka, mening unaqa tanishim yo‘q. Mana o‘tirish-turishim, — qo‘li bilan hovliga ishora qildi.
— Obbo, — yalpayib yotgan hisobchi chordana qurib o‘tirib oldi, — qo‘ying shu gapni endi. Zamonning borishini ko‘ryapsiz-ku. Institut degani kolxo‘zning klubi emaski, duch kelgan ipirisqi kirib ketaversa. Hozir yo zaring bo‘lsin, yo zo‘ring! Sizning zo‘ringiz bor ekan, qaddingizni uring! — Ro‘zim senda zar nima qiladi, deganday supadagi uniqib ketgan eski polosga chimirilib qarab qo‘ydi.
Fotima ikki kosada rayhon isi ufurib turgan sho‘rvani dasturxonga qo‘ygach, suhbat bir zum uzildi. Ro‘zim boyagi qog‘ozga o‘rog‘lik narsani ochdi. Aroq ekan.
— Shuni chatoq qilibsiz-da, Ro‘zimboy, — Dehqonboy astoydil hijolat tortdi, — aroq uyda bor edi-ku...
— Qani, — Ro‘zim uning so‘zini bo‘ldi, — mana shu yigitchaning o‘qishga o‘tganini bir yuvaylik.
O‘z uyingda ichmay o‘tirish uyat, tag‘in bunaqa nozik mehmonning oldida. Dehqonboy piyolasini bir ko‘tarishda bo‘shatdi-da, ovqatga qo‘l cho‘zdi. Fotimaning sadag‘asi ketsa arziydi. Sho‘rvani boplabdi. Erib ketdimi, ilkis o‘rnidan turib ichkaridan bitta aroq olib chiqdi. Hisobchi pishillab, ovqatdan bosh ko‘tardi. Mezbonning o‘rniga o‘zi piyolalarga to‘latib aroq quyib, bittasini uy egasiga uzatdi. Ko‘zlarini xiyol qisib sinovchan nigoh bilan unga qaradi.
— Yordamingiz kerak, aka, — dedi ovoziga yalinchoq tus berib, — mana o‘g‘lingizning mushkuli oson ko‘chibdi, malades. Xudo xohlasa, bizning bolayam kelasi yil maktabni tamomlaydi. O‘qishi... ha, endi el qatori. Ana shu o‘g‘ilchani o‘qishga kiritishga tanishingiz yordam qilsin. Bir og‘iz aytasiz, so‘zingizni sindirmas.
“Eh-a, boyadan beri shirin so‘zlab “aka-aka”lab o‘tirishining sababi bu yoqda ekan-da”. Dehqonboy negadir ich-ichidan g‘urur, quvonchga o‘xshagan tuyg‘uni his etib tamshandi. Lekin sir boy bermadi.
— Shu gapni kim aytdi o‘zi? Axir men bir...
— E-e-e, bu yog‘ini surishtirib nima qilasiz? — Ro‘zim yana shishaga qo‘l cho‘zdi. — Men oddiygina dehqon bo‘lsam, demoqchisiz-da. Angladimmi? Qo‘ying shuni, gap undamas. Omadingizning kelgani shu, tanishingiz bor ekan, ko‘maklashibdi, malades, vsyo. Endi bizga ham bir akalik qiling.
Ro‘zimning gapi xush yoqdimi yo ichgan arog‘ining ta’sirimi, harqalay, Dehqonboy allanechuk havolandi. Nazarida o‘ziga ham chindan tanishi borday tuyuldi. Olib chiqqan arog‘ini ochib o‘ziga ozroq, mehmonga ko‘proq quydi. Bu gal Ro‘zim manziratni kutib ham o‘tirmay piyolasini bo‘shatdi. Gazak chaynab turib:
— Bu, Dehqonboy aka, sholi-poli ekasizmi? — deb so‘radi.
— Yo‘g‘-e, — rosti bu savol mezbonga sal malol kelganday bo‘ldi, — qishloq har qarich yer hisobda-yu, menda sholi nima qilsin?
— Tashvishlanmang, — hisobchi ovozini sal balandlatdi, — bahorda yigirma sotix yer o‘zingizniki. Gapim gap. Shu, aka, mening ham uncha-munchaga gapim o‘tmaydi. Xudo xohlasa, menga yordam etsangiz, quruq qo‘ymayman, aka.
Dehqonboy bu gal ham e’tiroz bildirmoqchi edi, lekin gapi og‘zida qoldi.
— Qani, quying, bugun o‘zi ichadigan kunim ekan.
Allamahalda mehmonni kuzatib uyga kirarkan, Dehqonboyning hiyla kayfi oshgan edi. “Yo tavba, sira gapirgani qo‘ymadi-ya, enag‘arning bo‘g‘oltiri, u desam bu dedi, bu desam u dedi, xullas yordam berasizga chiqarib ketdi. Koshki, o‘sha propisir Dehqonboy qachon kelar ekan, deb qarab o‘tirgan bo‘lsa”. Dehqonboy bo‘layotgan ishlardan hayratga tushib ayvonda serrayib turib qoldi. “E, nima bo‘lsa bo‘lar, aytdim-ku tanishim yo‘q deb”.
Tomoshaning zo‘ri shunda boshlandi. Umrida Dehqonboyning ko‘chasidan o‘tmaydigan Ro‘zim har gal uchrashib qolganda qo‘sh-qo‘llab salomlashadigan, bola-chaqadan tortib mol-holgacha qoldirmay so‘rashadigan bo‘ldi. Bir kuni...
Dehqonboy daladan barvaqtroq qaytsa, hovlida o‘ttiz-qirqtacha qovun, besh-oltita katta tarvuz uyulib yotibdi. Xotinining og‘zi qulog‘ida.
 — Boyagina Matyusuf traktorchi tashlab ketdi, — dedi u erining hayron bo‘lganligini sezib. — Ro‘zim bo‘g‘oltir Dehqonboy akamga ataylab berib yubordi, dedi. Baraka topsin, bolalarning nasibasi. Hay bo‘g‘oltir siz bilan nega munaqa qalin bo‘lib qoldi?
Dehqonboyning peshonasiga shu topda birov qulochkashlab musht tushirganday bo‘ldi. Umrida hech his etmagan, nomusdan ham kuchli bir tuyg‘uni tuydi. — “Hov, Dehqonboy, nima qilyapsan o‘zi? Bo‘g‘oltir ammangning o‘g‘limidiki, senga bekorga qovun berib yuborsa, o‘likdan kafan ta’ma qilganday, sendan o‘g‘lini o‘qishga kiritishga yordam so‘rayapti. Sen kimsan-ki...” Shunda uzzu-kun kitobdan bosh ko‘tarmaydigan o‘g‘li O‘ktamning rangpar yuzi ko‘z oldiga kelib o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. “Men nima qilayapman, axir bu gaplarni eshitsa O‘ktamjon ne holatga tushadi?” Qishloqda mish-mish tarqatgan Norjon satang ham, chag‘ir ko‘z Ro‘zim hisobchi ham ko‘ziga baloday ko‘rinib ketdi. “He, attang, o‘shanda shartta-shartta “Qo‘y jo‘ra munaqa gapingni”, deb aytsam bo‘larkan”.
U Fotimaning hay-haylashiga qaramay qovun-tarvuzlarni qo‘shnining eshak aravasiga yukladi-da, bir zumda Ro‘zimnikiga yetib bordi. Serhasham darvoza oldida jinday hayalladi. Sigaret burqsitib eshikni ochgan hisobchi Dehqonboyni, qovun-tarvuzlarni ko‘rib ko‘zlari olaydi.
— Keling aka, tinchlikmi? — u Dehqonboyga boshdan-oyoq hayrat bilan tikildi.
— Tinchlik, — Dehqonboyning sal muddat ovozi chiqmay qirindi, — shu, qovunlaringizni obkeldim.
— Ie, nimaga, axir men bolalaringizni yesin deb...
— Yo‘q! — Bu gal Dehqonboyning ovozi shahd bilan chiqdi, — mening bolalarim qovun yemaydi. Keyin uka, o‘g‘lim o‘zi o‘qib o‘zi o‘qishga kirdi. Mening hech qanday propisir tanishim yo‘q, bildingizmi? Mabodo bo‘lgan taqdirda-yam, men unaqa harom savdoga bosh qo‘shmayman.
Hisobchi kirpini ko‘rgan ilonday baqrayib qoldi. Sigaretini jahl bilan chekkaga uloqtirdi-da, to‘ng‘illadi:
— Shuni oldinroq aytmaysiz-mi? He sadqai odam...
— He, sendaqa... — Dehqonboy vajohat bilan bir qadam oldinga yugurdi-yu, shaytonga hay berdi. Eshakning qorinbog‘ini yechib aravani bo‘shatdi-da, shartta iziga qaytdi. Ruhi allanechuk yengil tortib, umrida qo‘shiq aytmagan odam hirgoyi qila boshladi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.