OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Tillayev. Hazin (hikoya)

U vaqtini kitobga muk tushgan ko‘yi o‘tkazardi. Odamlardan yotsirar, o‘zicha zavqlanib, allaqanday sirli ma’volarda sayr etardi. Mutolaa qilayotgan kitoblardagi turfa voqealarni aytmaganda, kunlari ikki tomchi suvdek bir-biridan farq qilmasdi. Olam yakrang edi.
Qay kuni tuyqusdan muqovasi yo‘q allaqanday qo‘lyozmani topib oldi-yu, uning halovati yo‘qoldi. Qo‘lyozmada allambalo bir xazina haqida yozilgandi. Qizig‘i, unda tasvirlangan makon juda tanish tuyuldi. Ha, ishonasizmi, xuddi qo‘lidagi barmoqlaridek tanish tuyuldi. Ko‘z o‘ngidan mubhamlik tumani chekinib, o‘sha joyni aniq-tiniq tasavvur eta boshladi. Shundan keyin u uyda o‘tira olmay qoldi. Ketmon va belkurakni ko‘tarib dalaga otlandi.
...mana o‘sha ajin bosgan keksa qayrag‘och.
Mana o‘sha tinmay nimanidir chuldirayotgan anhor.
Mana o‘sha tuyaning o‘rkachiday g‘o‘dayib turgan sho‘r bosgan do‘nglik. Qo‘lyozmada bitilgan makonning o‘zginasi! Bir tusi ham ortiqcha yoki kam emas. Tavba! Devonaning ishini xudo o‘nglabdi, degani shudir-da!
To‘g‘ri, ortiqcha hovliqishning mavridi emas hozir. Ishga tezroq kirishgan ma’qul. Hademay qorong‘u tushib, ishning beliga tepadi.
U qo‘lyozmadagi qaydda yozilganidek, qayrag‘ochdan do‘nglik tomon o‘n uch odim tashlab, yerni kavlashga tushdi. Hali tizza bo‘yi chuqur qazib ulgurmay, qora terga botib qoldi. Ko‘ylagi badaniga chippa yopishib, g‘ashini keltira boshladi. Egnidagini yechib, qayrag‘och shoxiga ilib qo‘ydi va yana ishga sho‘ng‘ib ketdi. Ketmon urib qo‘li qovarmagani bois, azobga giriftor bo‘ldi: nafasi siqilib, joni halqumiga keldi.
Sillasi qurib, biroz tin olish uchun o‘rniga cho‘kkaladi. Shu payt tomog‘i quruqshab, chanqaganini sezdi-yu, nogahon chashmaga duch kelgan tashna yo‘lovchiday, ariqda oqib turgan suvdan hovuchlab-hovuchlab ichdi. Yutoqib-yutoqib ichdi. Kaftlari orasidan to‘kilgan suvdan ko‘ksini qoplagan qalin jun ho‘llandi. Shunda ham qanoat qilmay, bag‘rini yerga berib ichdi. Hovuri biroz bosilgach, xayollar uni o‘z izmiga oldi. Shu ko‘yi qancha o‘tirdi, bilmaydi. Bir mahal tok urganday ilkis o‘rnidan turib, yana ishga berildi.
Ko‘p o‘tmay atrofga qorong‘ulik cho‘kdi. U qotib qolgan belini zo‘rg‘a tikladi — og‘riqdan yuzlari burishib ketdi. O‘raning ichidan turib osmonga unsiz termuldi. Endi bodrab chiqayotgan yulduzlar hozir unga juda yaqindek tuyuldi. Go‘yo qo‘l uzatsa yetguday. Ammo u tillarang jilo taratayotgan bu yulduzlar o‘zidan nechog‘li olis ekanini tasavvur etolmasdi.
...Qazilgan uch-to‘rt quloch xandaqni aytmaganda bir kuni zoe ketdi. Lekin u umidini uzmadi. Ko‘nglidagi miltirab turgan ilinj uchqunining butkul so‘nib qolmasligi uchun ham astoydil harakat qildi.
Kundan kun o‘ra chuqurlashib boraverdi.
Ammo xazinadan darak bo‘lmadi.
Endi uning g‘azabi qo‘ziy boshladi. Kimdir meni kalaka qilayapti, degan gumonga ham bordi. Yuragining tub-tubida g‘imirlagan bu shubha, baxtga qarshi, vaqt o‘tgan sayin teranroq ildiz ota boshladi. Shunda ham u bo‘sh kelmas, tun-kun tinim bilmas: qaziyverar, qaziyverar, qaziyverardi... biroq xazinadan darak yo‘q edi.
Odamlar uning telbanamo ishini ko‘rib, o‘zlarini kulgidan tiya olmadi. O‘tgan-ketgan ermak qilib gap otadi. Lekin u e’tibor bermaslikka tirishadi. Bariga tishini tishiga bosib toqat qiladi. Bora-bora bu holga qishloqdagilar ham ko‘nikib qoldi — uni ortiq masxaralamay qo‘yishdi. Shu zayl, tasbeh donalariday, kunlar ketidan kunlar o‘tib boraverdi.
Tushkunlik umidga, umid esa yana tushkunlikka evrildi.
Xazinadan hali-hamon darak yo‘q edi.
...Mana, u hozir ham o‘ra ichida.
Yana tashnalab.
Yana terdan ko‘ylagi badaniga yopishgan. Yuzida ajin-egatlardan reza-reza tomchilar quyiladi. Og‘riqdan bellari zirqiraydi...
Taqqq!!!
Vo darig‘, kutilmaganda belkurak qattiq bir narsaga urildi. Ishonish qiyin. Nahotki?!..
U sal bo‘lmasa quvonchdan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Tuproq sathida bo‘rtib turgan temir parchaning atrofini shosha-pisha kovlay boshladi. Nihoyat uni qo‘llari bilan tutib, asta tepaga tortib ko‘rdi. Temir qilt etmadi — yerga chuqur botgan ko‘rinadi. Bu gal u bor quvvatini bilaklariga berib siltab tortdi. Shunda o‘raning devorida “tirs-tirs” etib ildizga o‘xshash yoriqlar paydo bo‘ldi. Yana bir oz kuch ishlatgudek bo‘lsa, xandaq ustiga o‘pirilib tushishi tayin. U nafasini ichiga yutgancha murdadek tosh qotib qoldi. Go‘yo nafas chiqargudek bo‘lsa, o‘ra o‘pirilib tushadigandek tuyulardi. Quloqlari tom bitgan, boshi tinmay g‘uvillardi. Vujudini chirmovuqdek chirmab olgan vahmdan badanini sovuq ter qopladi. Bir necha soniya ichida u barcha urinishlari, ilinj-umidlari intihosining fojea ko‘lamini idrok etdi. Hammasi tamom bo‘layotganga o‘xshar, ammo qalbining bir chetida kulga aylanib so‘nayotgan cho‘g‘ misoli nimadir miltillardi.
U odamlarni chaqirmoqchi bo‘ldi. Biroq ovozi bo‘g‘ziga tiqilib qoldi. Tovushi bo‘g‘zida vahimali aks-sado berdi. Tag‘in baqirishga og‘iz juftladi-yu, tuyqus bu fikridan qaytdi. Ajal changalida turgan esa-da, behad olisdagi o‘sha mazaxxo‘r odamlarga elangisi kelmadi. Ulardan imdod tilab, ajalidan ilgari o‘lishni istamadi.
Cho‘g‘ ham so‘nib bitdi...
U kaftlaridan qon sizgan qo‘llari bilan temir parchani mahkam tutamlab bor kuchi bilan siltab tortdi!
O‘ra o‘pirildi...
Yiroqlik yaqinlikka, qattiqlik yumshoqlikka aylandi — bo‘g‘zidan vulqonday otilgan so‘zni esa ustiga o‘pirilib tushgan tuproq ko‘mib tashladi:
“HA-Z-I-I-N...”

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.