background
logotype

To‘lqin Eshbek. Javob (hajviya)

Uchqun Bo‘ronovich ko‘chaga otlangan mahal xotini zorlandi:
— Kun bo‘yi so‘rayverib odamni xunob qilib yuborishadi. Jilla qurisa, qo‘lidagi raqamini ayting, deb qistashgani qistashgan... Endi qo‘l telefoni olmasangiz bo‘lmaydi chog‘i...
— Keyin nima bo‘lishini bilasanmi? — zardaliroq ohangda chiqdi erining ovozi. — Bo‘lar-bo‘lmasga chaqiraverib, bemalol ishlashga qo‘yishmaydi. Ikki-uch joyda ishlashdan tashqari, qancha tahririyat bilan “Mehnat shartnomasi” tuzib qo‘yganimni bilasan-ku...
— Xo‘p, bugun so‘raganlarga nima deyin?
— Fakultetdan so‘rasalar, boshqarmadan chaqirib qolishdi, degin, xo‘pmi?
Xotini, to‘xtang, deya ichkaridan daftar bilan qalam olib chiqdi-da bosh irg‘adi:
— Yozib qo‘ymasam, adashib ketyapman. Xo‘sh, boshqarmadan so‘rab qolishsa?
— Vazirlikdaman.
— Vazirlikdan so‘rashsa?
— Xalqaro anjumanga taklif qilishgandi, de.
— Bu yerdan ham topa olmayapmiz, deb qolishsa-chi?
— Tahririyatdaman.
— Qaysi birida?
— Jurnallar joylashgan soatli binoda.
— Bu yerda yo‘q ekan, deyishsa?
— Gazetalar binosida, de.
— Bu yoqlarni ham qarab chiqdik, deyishsa-chi?
— Nashriyotdaman.
— Nashriyotdan ham topolmadik, deyishsa?
— Uyushmadaman.
— Uyushmadan so‘rashsa?
— Milliy matbuot markazida.
— Markazda ham qorasi ko‘rinmayapti, deyishsa?
— Internet klubida.
— Internet orqali ham topolmayapmiz, deyishsa-chi?
— Axborot xizmatidaman.
— U yerdan har kuni kamida to‘rt-besh marta so‘rashadi,– dedi xotinining quti uchib.– Bugun nima deyin?
— Tobi qochib qoldi, shifoxonaga ketdi, de. So‘nggi gapni aytganda Uchqun Bo‘ronovich o‘ziga-o‘zi g‘o‘ldirab qo‘ydi: Xudo ko‘rsatmasin...”.
— Qaysi shifoxonada ekanini ayting, ko‘rgani boramiz, deyishsa?
— Do‘xtirlar tuzata olmagandi, noiloj tabibga ketgan, deyaver.
— Tabib og‘ayningiz so‘rab qolsa-chi? — afti bujmaydi ojizaning. — U ham so‘ragani so‘ragan...
— O‘zi sizga qo‘ng‘iroq qilar ekan, de, — Uchqun Bo‘ronovich o‘zining gapiga o‘zi kulib qo‘ydi. — Hayot deganlari teatr sahnasining o‘zginasi. Qara, hozirgi holatim xuddi Ergash Karimovning intermediyasiga o‘xshab ketyapti-ya! Unga o‘rtoqlari “sen bilan kecha kutubxonada edik”, “ikkimiz falonchini ko‘rgani borgandik” degan qabilda hadeb to‘qib-bichavergach, axiyri u “men bu yerda ham yo‘qman!” deb qichqirib yuboradi, hi-hi-hi...
Eri atay kuldirish uchun aytgan bu gapga ojiza hatto tishining oqini ham ko‘rsatmadi. Aksincha, ranggi-quti o‘chgancha dilidagini tiliga chiqardi:
— Xo‘p, qaerga borishingizni loaqal o‘zim bilsam bo‘ladimi?
— Mutlaqo!
— Nega? — qoshlari chimirildi uy bekasining. — Mendan nega yashirasiz?
— Gaplashganda og‘zingdan lop etib chiqib ketishidan qo‘rqaman, — degancha o‘zi lip etib ostonaga chiqqan uddaburon erining qolgan gaplari “she’riy” usulda bo‘ldi:

Men oqimga qarab oqsam bo‘ldimi!
Bolajonlarga ham yoqsam bo‘ldimi!
Bo‘yningga marjonlar taqsam bo‘ldimi!
Hech kimdan kam qilmay boqsam bo‘ldimi!
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

U shunaqa qofiyasini keltirib yana biror satr aytgancha uchqundek uchib ketdi...
Sochiga qirov qo‘nib ham quyulmagan erining so‘nggi satrlaridan duv qizargan xotini bugungi javoblar ro‘yxatiga qayta-qayta ko‘z yugurtirarkan, o‘sha qo‘ng‘iroq qiladiganlarning holini o‘zicha tasavvur qilgancha “qah-qah”lab kulib yubordi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.