OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘lqin Eshbek. Ostonaqul buvaning daftari (hikoya)

Hammasi Taisa degan ayolning «yoz-yoz»idan boshlandi. Birinchi qavatdagi Ostonaqul buvaning «boyliklari» orasidan sichqonlar chiqayotgan emish. Hatto to‘qqizinchi qavatdagilarning ham tinchini buzayotganmish...
— Ishonmasayiz, uyimga chiqingiz, bir ko‘ringiz, — dedi ayol ko‘kish ko‘zlarini javdiratgancha. — Tun bo‘yi «chiy-chiy»idan jonim hiqildog‘imga keladir. Sanepidstantsiyaga yozdim, natija bo‘lmadi. Ular kelganida sichqon kuti-ib o‘tirarmidi? Aslida chol hammasini «tinchitib» yuborayapti, hujjatini pesh qilgani qilgan. «Frontovik» emish. Nima, uyimiz bo‘sag‘asini musorga to‘ldirma, deyishga haqqimiz yo‘qmi, a? — U qo‘lini beliga tiragan ko‘yi tahdid ohangida so‘zlardi. — Xat qildim yuqoriga, shunga qo‘l qo‘ydirib yuribman. Axir, bizning ham dodimizni eshitadiganlar bordir-ku?..
Birinchi yo‘lakdan atay kelgan opaxonning sarg‘ish chehrasiga boqib, achindim. Bir hisobda unga rahmat deyish kerak. Qachongacha «dunyoni suv bossa, to‘pig‘imga kelmaydi», deb yuraveramiz? Biroq hozir imzo qo‘ydirish uchun uzatilgan qog‘ozni olmasdan avval dilimdagini aytdim:
— Birdaniga kattalarga yozish shartmikan?..
— Shart, o‘rigilay, shart! — Gapimning oxirigacha eshitmay bobilladi opaxon. — Ulardan boshqaning kuchi yetmaydir bu injik cholga!
— Bunaqa ishning yo‘l-yo‘rig‘i bor. — Tushuntirdim yotig‘i bilan. — Avvalo mahalla faollari bilan gaplashish kerak! Xatni oqsoqolning nomiga yozing!..
Ushlagan joyini qo‘ymaydigan qo‘shnimiz ko‘z oldimda xatning tepasiga oqsoqolning ism-sharifini yozdi-da, boshqa qog‘ozga ko‘chira boshladi.
— Qani, tag‘in nimalar deb yozamiz? — Savol nazari bilan qaradi menga aji-buji xatini ko‘rsatib. — Siz ustaroq ko‘rinasiz, buyog‘iga qarashvoring.
Mahalla oqsoqoli ongiga «etib boradigan» bir-ikki jumla aytdim.
— Ha, o‘lma-ang! — Yozayotganlari nishonga tegishiga umid paydo bo‘lgani qo‘ng‘ir sochli ayolning yuzidan ayon bilindi. — Endi g‘ing deb ko‘rsin-chi!..
Opaxon qog‘oz-qalamini menga uzatdi:
— Qani, qo‘l qo‘ying-chi...
Besh yo‘lak naridagi janjalga burnimni tiqishni istamasam-da, hozir undan osonlikcha qutulishning iloji yo‘q edi. Qo‘lim qaltirab, noiloj imzo chekdim. Keyin barmog‘imni tishlab qoldim; axir, nega men birinchi bo‘lib... Afsus, xushim o‘zimga kelganida baqaloq opamiz zinadan lapanglab tushgancha sakkizinchi qavatdagi eshikni jiringlatayotgandi...
Ostonaqul buva to‘y-ma’rakalarda hamisha bosh-qosh. O‘z ta’biri bilan aytganda: qo‘ni-qo‘shnilarning «boshini qovushtirib» yuradi. Urishganlarni yarashtirib, «yarash oshi» degan udumni ham yodga solib turadi. Kayvoni cholning hamma ishi yaxshi-yu... shunaqa «boylik»ka ruju qo‘yganini hech kim xazm qila olmaydi. Ya’ni har kuni kallai saharlab to‘kindi qutisini titadi... Yo‘q, u yo‘qchilikdan yo biror narsaga zoriqqanidan qilmaydi buni. O‘zining aytishicha, isrofgarchilikdek gunohi azimdan qo‘rqib... avval nonlarni uvog‘igacha terib olarkan, so‘ng boshqa narsalarga ham ko‘zi qiymaskan. Bo‘sh shisha, temir-tersak, idish-tovoq, latta-putta...
Qutilardan terib olganlarini qoplarga joylab, uyiga olib kirarkan. Uch xonali uyining shiftigacha to‘lgach, balkoni oldiga — yo‘lak chetiga joylashga tushgan. Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur, deganlaridek, qoplardan ham ajabtovur tepalik paydo bo‘lgan. To‘g‘ri, otaxon kun bo‘yi «ermak» deya shahar chetidagi eski-tuski narsalarni bozorga oborib sotadi.
Odamlar keksa kishi deya «soqolining oqi»ni ham hurmat qiladilar. Chol bo‘lsa, chiqitlarning qadriga yetadi-yu... qo‘shnilarga jabr qilayotganini tushunmaydi. Tushunishni ham istamaydi! Hadeb gapirishga qo‘shnilarida til, unda quloq, mutasaddi kishilarda esa jur’at yetishmaydi.
Nihoyat, Taisa opa niyatiga yetdi! Beshta yo‘lakdagi to‘qson qo‘shnining (hatto Ostonaqul buvaning kampiri ham so‘rab-surishtirib o‘tirmasdan qo‘l qo‘yib yuboribdi!) imzosi bilan to‘lgan xatini ko‘targancha oqsoqolni yetaklab keldi.
Kechki payt majlisga to‘plandik. Aftidan hech gapdan bexabar Ostonaqul buva ham davra to‘rida! Chamasi, biror oshning maslahati bo‘ladi, deb o‘ylayapti, shekilli.
Hozir bo‘lajak g‘alva haqida o‘ylaganim sari yuragim bezovta uryapti...
Oqsoqol o‘rtaga chiqib salom berdi-da, «kun tartibidagi yagona masala» haqida so‘z ochganida qo‘shnilar shamolda chayqalgan qamishlardek qimirlab qo‘yishdi. Hozir Ostonaqul buvamiz «portlashini» kutgandik. Yo‘q, parvoyi palak o‘ltiribdi!
Shikoyat xatini o‘qigach, oqsoqol odamlarga savol nazari bilan qaradi:
— Xo‘sh, kim so‘zga chiqadi?
Birinchi bo‘lib tashabbuskor ayol o‘rnidan turdi. Iymanibroq boshlagan gapi tezlashib, kutilmaganda qo‘lini men tomon bigiz qilsa bo‘ladimi:
— Bu xatni sizga ana shu yangi qo‘shnimizning gapi bilan yozdim! — dedi go‘yo men uni qistovga olgandek. — Yo‘l-yo‘rig‘ini bilaman, oqsoqolga yozish kerak, dedi, to‘g‘rimi, uka? — U boshini irg‘agancha gapini o‘zi tasdiqladi. — Keyin, aytib turdi, birinchi bo‘lib qo‘l qo‘ydi... Ishimiz oqsoqolning o‘zi bilan bita qolsa — olam guliston, degan gapiga men ham qo‘shildim...
Hamma guv etib menga qaradi.
Bu gapni qo‘shnilar qandoq tushunganlari ularning olazarak va hatto tahdidli ko‘zlaridan ayon sezilib turardi. Ular nazdida go‘yo men g‘alva ko‘targan, qo‘shnilarni «qayragan» bo‘lib qoldim.
Shu tobda yer yorilsa-yu, jimgina kirib ketsam...
Otaxon ham harakatga tushdi. Qo‘ynidan allaqanday daftarini chiqarib, nimadir yoza boshladi. Chamasi, u ham «jang»ga tayyorgarlik ko‘rardi.
Taisa opadan so‘ng o‘n chog‘li kishi gapirgan bo‘ldi.
Faqat gap nishabi ikki tomonga qaratilardi: birinchisi, Ostonaqul buva hovlidan o‘sha «boylik»larini yo‘qotsa yaxshi bo‘lardi, ikkinchisi, Bo‘ri Botirov (ya’ni, men!) katta joyda ishlaganini pesh qilmasin, qo‘shnilari ustidan xat uyushtirmasin!.. 
Cho‘qqisoqol kishining gapi qiziq bo‘ldi:
— Bo‘riboy uka, haqiqiy bo‘ri ham o‘z atrofidagi qo‘tonga tegmaskan. Siz yozuvchiligingizni kep-kep sakson yashar otaxonga ko‘rsatasizmi? Buvangiz tengi odamni shunaqa izza qilishingiz insofdanmi? O‘zlariga yotig‘i bilan aytsangiz bo‘lmasmidi?.. Qilg‘ilikni qilib qo‘ygach, nega endi hadeb bu ayolga (Taisa opaga ishora qildi) yomon qaraysiz? Ojizaning qo‘li bilan birovni urishga ustaligingizni xaspo‘shlamoqchimisiz? Shu ishingiz insofdanmi?!
Burni yapasqiroq kishining gapi undan ham oshib tushdi:
— Shuncha dardiyiz borakan, domkom o‘lgani yo‘q-ku?! — Ko‘kragiga urib qo‘yganiga qaraganda o‘zini aytayotgandi, shekilli. — Yigirma yildan beri domimizdan bunaqa bema’ni gap chiqmagandi...
— Ilon chiqmagandi, deng! — Luqma tashladi piyonista bashara odam. 
Bu gapga kimdir kuldi, boshqasi taassuf ila bosh chayqadi. Kuygan basharasi ko‘rshapalakka o‘xshab qolgan barzangi so‘yloq tishlari orasidan papirosning tutunini purkagan kuyi ilondek vishilladi:
— Biz uchun o‘sha musordan ko‘ra shunaqa buzg‘unchilar xavfliroq...
Voy tavba, to‘kindi qolib, qo‘shnilar meni muhokama qilishyaptimi?!
Ta’nali qarashlarga dosh berolmasdim shu tobda.
Nihoyat, Ostonaqul buva odob ila qo‘l ko‘tardi. Go‘yo mahalla raisining marhamati bilan davraga chiqdi-da hammaga bir-bir bosh irg‘ab salom berdi. Qandaydir daftarini varaqlashga tushganida nechundir ko‘pchilikning dami ichiga tushdi.
— Aziz qo‘shnijonlar, — dedi chol bosiqlik bilan. — Soqolim oqarganda shu g‘alva menga kerakmidi? O‘zi g‘alva ko‘tarishga arzigulik gap bormikan? Axir, nima masala bo‘lsa, guzarda, bir cho‘qim osh ustida hal etsak bo‘ladi-ku! Modomiki, Bo‘riboy, yozishga usta ekansiz, — dedi chol men tomon o‘girilib, — endi boshqa gaplarni ham yozasiz! Muammolarni bir boshidan hal etishga yordam bersangiz, koni savob-ku! Mana, yozing, — dedi u qo‘limga qog‘oz-qalam tutqazib. O‘zi esa boya so‘zga chiqqanlarga bir-bir qarab olgach, daftarini hijjalab o‘qishga tushdi. — Do‘st-do‘stga oyna, deganlaridek, xatolarimizni yuzimizga ochiq aytganimiz yaxshi. Menga ta’na qilganlar, avvalo, o‘zlarining qusurlarini tuzatsalar, men ham aytganlarini bajo keltirishga tayyorman! Xo‘-o‘sh, Taisa Murtazina paqildoq degan portlovchi modda sotmoqda. Urushda ham bunchalik bangillagan tovushni eshitmagandik. Quloqning pardasini yirtib, yurak o‘ynog‘i qip qo‘yyapti-ku bu qizitaloq! Tinch yotgan musordan yuz marta battar asabni buzadi-ya! Mirto‘ra Shoqosimov ikki o‘g‘lini armiyadan olib qolish uchun propiskadan o‘chirtirgan. Mahzuna voyaga yetmagan bolalarga papiros sotadi. Qo‘zivoynikida talabalar ijarada turishadi. Bu qonunga zid! Maryam Inog‘omova va Guli Sotivoldievalar antisanitariya holatida holva yasab, pullaydi... Sa’dullaeva xonadoniga kiraverishdagi qo‘shimcha devorini buzdirib tashlagan. Axir, birinchi qavatdagi qo‘shnimiz devorini buzishiga yo‘l qo‘yish mumkinmi? Xudo ko‘rsatmasin, yer salgina qimirlab ketsa, butun «dom» adoyi tamom bo‘ladi-ku?! Bunyod beburdlik qilib, bolalarga uyatsiz rasmlar tarqatmoqda. Anora ikkinchi eri bilan benikoh yashayapti. Hakimova o‘qimagan bolalarga attesstat sotadi. Mansur montyorga kim pora bersa, tok hisoblagichini orqaga qaytarib beradi. Qo‘zivoy sog‘ ko‘zini kasal deb hujjat to‘g‘rilab, tramvayda tekin yuribdi. Suyunov uch joyda ishlashini soliqchilardan yashirgan. Qalbaki «propiska» bilan yurgan yetti kishini aniqladim. Xonadonida yashirin tsex tashkil qilgan soxta tadbirkorlar, islovotxona ochganlarni ham oshkor qilishim mumkin... Aytib qo‘yay, hamma faktlarim aniq tasdiqdanadi!..
Choli tushmagur sal oshirib yubordi. Yarim yildan buyon bitta quvurdan suv ichayotgan qo‘shnilarimning qancha yaxshi fazilatlarini anglab yetganman! Hammasi juda bama’ni insonlar. Har bir odamning yutug‘i ham, kamchiligi ham bo‘lishi tabiiy. Besh qo‘l barobar emas-ku. Illat izlaganga illatdir dunyo, deganlaridek, nuqson axtarsang, har qanday kishidan ham nimadir topish mumkin ekan-da... Gap — unga qay ko‘z bilan qarashda!.. Ko‘nglimdan shunday o‘ylar kechib turgan edi hamki, otaxon ismi sharifimni tilga olib qolsa, deng. Gal o‘zimga yetganini eshitgach, beixtiyor sapchib tushdim. Shu on vujudim quloqqa aylandi. Mendan ham biror «ayb» topishi mumkinmikan? Umrim bo‘yi vazifamni vijdonan bajarayotgan bo‘lsam, savob ishlardan sira chetda turmasam, birovning mushugini «pisht» demasam...
Chol daftarining yangi sahifasini ochdi. Chamasi, fikrini «faktlar» bilan mustahkamlab olgach, o‘ziga xos «taktika» bilan hujumga o‘tdi:
— Uka, siz quvlab yurgan quyonlarning onasini allaqachon o‘zim qovurib yeganman! — Uning tagdor gapini kim qandoq tushunarkin? Shu tobda sekin atrofga boqdim. Hamma taajjubga tushgandek bosh chayqardi. — Falon joyda ishlaganman, deb pesh qilayotganingiz o‘shalarning qulog‘iga yetib borsa, holingiz ne kechishini yaxshi bilasiz-a? — O‘zicha «nozik» joyga urdi u. — Biz ham vaqtida shundoq joylarni gullatganmizki, hatto nomini eshitsangiz, labingizga uchuq toshadi, bildingizmi! Faqat, sizga o‘xshab pesh qilmaymiz! Birovning orqasidan tosh otmaymiz! Ayolning qo‘li bilan ish qiladigan xotinchalish emasmiz!..
Shu payt otaxonning gapini bo‘lib, kimdir luqma tashladi:
— Hali yoshimga yetasanmi-yo‘qmi, deng!..
Ko‘nglidagi gap aytilganiga chol tashakkur ma’nosida o‘sha tomonga bosh irg‘ab qo‘ydi-da, so‘ng men tomon ko‘zini lo‘q qilgancha «otashin nutqi»ni davom ettirdi:
— Yangi qo‘shnimizning davlatga keltirayotgan zararini cho‘tga tashlasak, hammanikidan oshib tusharkan, — dedi u kekirdagini cho‘zib. — Mehmondo‘st bo‘lish yaxshi, biroq, evi bilan-da. Me’yor degan narsa bo‘lishi kerak-ku, axir. Bo‘riboyning uyiga o‘tgan oyda kam emas — o‘ttizdan ortiq mehmon kelganini sanadim. Bular hali men ko‘rganlarim! Ko‘rmay qolganlarim-chi? Ba’zilari uch-to‘rt kunlab yotib yurishdi-ya. Besh-o‘n nafari qarindoshdir, qolganlari-chi? Qancha odamga «boshpana» bo‘lyapti bu to‘rt xonali uy! Yoki «Mehmonxona» ochganmisiz? — U inspektorga qarata buyruqomuz ohangda gapirdi. — O‘z uyingni o‘zing asra, deganlaridek, shunga e’tibor bersangiz bo‘lardi. Nima balo, shahar bedarvoza bo‘lib qoldimi? Qancha issiq suv, ichimlik suvi, gaz behudaga sarflanyapti?! Uyida propiskada bo‘lgan besh kishi uchun pul to‘lansa-da, amalda o‘ttiztalab odamga suv, gaz va boshqa narsalar isrof bo‘laverishini qandoq izohlash mumkin? Eng ko‘p musor tashlaydiganlar ham shular!
Cholning so‘nggi so‘zlari uchun isbot talab qilishimga hojat yo‘q edi!..
U, gapim tamom, degandek daftarini yopdi.
Yo, alhazar! Aybim hammanikidan ziyodaga o‘xshaydi-ya?! Nahot, shunchalik zararkunanda bo‘lsam?! Shu tobda o‘zimdan nafratlanib ketdim...
Qo‘shnilar ham yeb qo‘ygudek tikilishar edi. Ringda nakaut bo‘lgan bokschining holiga tushdim...
Endi qo‘shnilar ham biri olib, biri qo‘yib muhokama qilishardi. Har xil luqmalar go‘yo olis-olislardan eshitilayotgandek tuyulardi:
— O‘zingdan chiqqan baloga — qayga borasan davoga?
— Tuppa-tuzik odamga o‘xshaydi, deb yursak, ichiqora ekan, a? 
— Katta ketadigan kishidan har narsani kutish mumkin.
— Avval o‘zingga boq, keyin nog‘ora qoq-da!..
— Otasi tengi odamning nafsoniyatiga tegib nima qilarkin?
— Hali shu kishining yoshiga yetadimi, yo‘qmi?
— Qilg‘ilikni qilib, Taisa opaga to‘nkamoqchi bo‘ladi-ya?!
— Birovning qo‘li bilan boshqalarni urishga usta ekan!
— G‘alamis deganlari shunaqa bo‘ladi-da!..
— Tinchgina ko‘chib ketmasa, o‘zini musor yashikda ko‘radi!
— Va-ha-ha-ha...
Tavba, deyman o‘zimga o‘zim. Hozir ularga: «Cholning musori xalal beryaptimi yo Bo‘ri Botirov?» deyilsa, hech ikkilanmasdan meni ko‘rsatishlari aniq! Yo alhazar, xotinlar muncha yomon qarashyapti?..
Yonginamda o‘tirgan cho‘tirbasharaning luqmasidan seskanib tushdim:
— Shunaqa buzg‘unchidan Ostonaqul buvaning musori tuzukroq!
Tepakal kishi ham «muhokama»dan chetda turmadi:
— Uyini «kolxoz» qivoribdi-ya. O‘zim ko‘rdim, ko‘pchiligi ko‘rinishidan soddagina kishilar.
Uning tilini qichitish uchun kimdir atay savol berdi:
— Sodda bo‘lsa nima qipti?
— Ularni laqqillatish oson-da! Dushxonani «hammom» deb aldasa kim bilib o‘tiribdi? Cho‘milganlarining rosa pulini shilayotgandir?!
— Cho‘milgisi kelganlarga baribir emasmi. Bu atrofda boshqa hammom bo‘lmaganidan keyin...
Ta’na va tuhmatlardan esankirab qoldim. O‘zimni oqlash uchun tilim bazo‘r aylandi:
— Ax-axir, issiq suv bir kun kelsa, ikki hafta kelmaydi-ku? Sovuq suv ham...
Shunda Taisa opa yana «portladi»:
— A-ha, borakansiz-ku! Ana shularni yozingiz! Mayli, o‘zim yozaman. Siz ustidan bir ko‘rib bersangiz bas! Gapga ustaligingiz ish berarkan! Hamma jon deb qo‘l qo‘yadi! Buniyam birinchi oqsoqolga yozamizmi yo kattarog‘iga?..
Gur-r kulgi ko‘tarildi...
Bir alfozda uyga chiqsam, kecha mehmonga kelishgan sobiq sinfdoshlar bamaylixotir o‘tirishibdi. Biri dushga tushayotgan ekan (ichkarida suvning shaloplagan tovushidan yuragim bir qalqib tushdi), ikkinchisi sochiqni yelkasiga tashlagancha navbat kutyapti. Boshqalari balkonda papiros tutatib, xumoridan chiqishyapti...
Jimgina oshxonaga o‘tdim. Gazning to‘rtta «ko‘zi»da ham olov porillab turibdi. Birining ustida qozon, ikkinchisida choynak. Qolganlari ermakka yoqib qo‘yilganga o‘xshaydi. Ularni shartta o‘chirib qo‘ydim. Negadir ikkala jo‘mrakdan ham suv oqizib qo‘yilgan. Sababini so‘rasam, xotinim muncha maydakash bo‘lmasangiz, degandek g‘alati qarash qildi-da, sekin ming‘irladi: «quvurlarni tozalash uchun atay shunday qildik...» O‘zimni zo‘rg‘a bosdim. Ko‘z oldim tundlashib, qoramtir parda ichra Ostonaqul buvaning ko‘lkasi paydo bo‘ldi. U go‘yo: «Noinsof!» deyayotganga o‘xshardi. Seskanib tushdim. Nima balo, tush ko‘ryapmanmi yo aqldan ozyapman?!
Ijodxonamga kirgach, katta ko‘zguga boqdim. Har kuni ishga ketishdan avval bo‘yinbog‘imni taqayotib, o‘zimga bag‘oyat bama’ni, salobatli kishidek ko‘rinardim. Hozir esa, qandaydir pandavaqiga o‘xshardim... Oyna oldida sochilib yotgan bir talay «Tashrifnoma»larimga ko‘zim tushgach, hamma ayb o‘zimda ekanini angladim; eh-he, bularni kimlarga tarqataman?! Tag‘in qanchasini boshlab kelmoqchiman? Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, deganlari shumi? Axir, katalakdek xonadonimni ko‘z-ko‘z qilishni qachon bas qilaman o‘zi?.. Malomat qilishganicha bor ekan-u...
Qo‘llarim beixtiyor o‘sha «Tashrifnoma»larni g‘ijimladi. Hammasini chiqitlar tashlanadigan chelakka uloqtirdim...
Ertasi kuni Ostonaqul buva odatiga ko‘ra qora qutilarni titkilayotgan mahalda kamina katta yo‘l bo‘yidagi bekat ustuniga «Uy sotaman» degan e’lonimni yopishtirayotgan edim...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.