OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Shapaloq (hajviya)

(Eridan kaltak yeyish baxtidan mosuvo xotinlarga bag‘ishlangan hangoma)


 Hech narsadan hech narsa yo‘q So‘tqul xotini bilan urishib qoldi. Yo‘qqulobod tomonlardagi er-xotin janjalida g‘alvani hech mahal er birinchi bo‘lib boshlamaydi. Bu safar ham xotinning o‘zi boshladi.
 - Voy, dadajoniey, sizga ham bir mansab bitsaydi, amaldor bo‘lsangiz hukumat berib qo‘ygan mashinada biz ham yayrab yurarmidik,-deb orzu qilib qoldi.
 Aslida, bu yomon gap emas, xotinning shunchaki xom xayoli. So‘tqul indamay qo‘ya qolsa bo‘lardi, ammo shayton uning ko‘ngliga ham g‘ulg‘ula soldi-yu xotining orzusiga o‘zinikini qo‘shdi:
 - Qaniydi, xotin, xukumat bergan mashina bo‘lsa, men ham bilardim ertalabki oshlarga qanaqa kerilib borishni. Saxar soat uchda ko‘chaga chiqib yo‘lovchi mashina poylab, sarg‘ayib turmasdim. Yon telefonimdan garajga shart telefon qilardim.
 - Yon telefoningiz nimasi, uyda oddiy telefon ham yo‘q-ku,-deb gapning beliga tepdi nodon xotin.
 - E, kallavaram, tagimga mashina berib qo‘ygan xukumat cho‘ntagimga telefon solib qo‘ymaydimi? Sen gap qo‘shmay, tek o‘tir.
 Xotin bosh irg‘ab, jim o‘tirishga rizolik bergach, So‘taqul kelgan joyidan davom ettirdi:
 - Ha, garajga telefon qilaman: «Allo, Galxon!»
 - Qanaqa Galxon?-dedi xotini betoqatlanib
 - Senga tek o‘tir, dedim. Galxon bo‘lmasa, Valxondir, shunaqa bittasi o‘tiradi-da. Xullas, o‘shanga aytaman: shopirim erta saharmardonda soat uchu nol-nolda eshik tagida tursin. Mening gapim - gap! Aytgan vaqtimda mashina keladi, bitta signal chalib qo‘yadi.
 - Voy, chalmasin, dadajoni, saharda hammani uyg‘otib yuboradi-ya,-dedi zorlanib xotini.
 - Uyg‘onsa uyg‘onar, qo‘ni-qo‘shnilar bilib qo‘yishsin bizning kimligimizni. Shu gaping uchun mashinaga o‘tirgach, yana bitta signal chaldirib qo‘yaman.
 - Unda burilishda ham bitta chaldirib qo‘ying, Duz satang bir kuyib o‘lsin.
 - Xo‘p, sening ham sazang o‘lmasin. Soat uchda Jorqulning oshiga boraman. Mashinadan tushishim bilan «keling, akajon, keling», deb turishadi. Bir tomonda tumonat odam navbat kutib turibdi, lekin meni alohida izzat bilan ichkari olishadi. U yerda ikki cho‘qim osh yeb... Yo‘q, ichkarida oshdan oldin yuzta-yuzta konyakdan olinadi. Keyin irimiga ikki cho‘qim osh yeb, yana savlat bilan chiqaman. Keyin Sotqulning oshiga boraman. U yerda ham ahvol shu: keling-keling, oling-oling...
 - Dadajoni, u yerda ko‘p ichmang, ishga boradigan odamsiz, yana hidi kelib tursa...
 - E, nodon, amaldorga buning aybi yo‘q. Sen jim o‘tir, omad kelgan davrda davru davron surib olish kerak. Shu paytgacha menga birov nahorgi oshda o‘n gram quyib beruvdimi?! Dod desang - demasang Sotqulnikida ham ellikta otvolaman. Undan Dotqulning oshiga boraman. Undan Netqulnikiga... Yo‘q, bugunga shu uchtasi yetar. Netqul sal betayinroq bola, unikiga bormasa ham bo‘ladi. Keyin qorinni sila-ab, uyga kelaman. Ishga borguncha bir soat mizg‘ib olaman, sen telefonlarni o‘chirib qo‘yasan. Balki... to‘g‘ri idoraga boraverganim ma’quldir, a? Idoramda ham uxlaydigan xonam bor-ku? Kotibamga telefon qilib qo‘ysam, choymi, qahvami damlab turadi.
 Bu gap xotinga yoqmadi, jim o‘tirib eshitishi lozimligini unutib, erining gapini bo‘ldi:
 - Idorada pishirib qo‘ygani yo‘q. Uyga kelasiz. Choyni o‘zim damlab turaman. Siz uxlab turguningizcha men mashinangizga o‘tirib, bozorga borib kelaman.
 - Urinib nima qilasan, shopir bolaga aytaman, bozorni o‘zi qoyillatib chiqadi. Sen sartaroshga borib, achigan qatiq xidi kelib turgan manavi sochingni shampun-pampunda yuvdirib, odam bashara bo‘lib ol.
 - Azonlab qaysi sartaroshga boraman?
 - Kotibamga telefon qilsang, qaerdaligini aytadi.
 - Ho...o,- xotin lab burib gap boshlamoqchi edi, So‘tqul yo‘l bermadi:
 - «Ho-o»lama. Bunaqa ishlarni yoshlar yaxshi bilishadi. Sen aytganimni qil.
 - Xo‘p, unda kunduzi mashinangizni berib turasiz, beshik to‘yiga borib kelaman.
 - Kunduzi mashina o‘zimga kerak. Majlis-majlisga chaqirib qolishadi.
 - Ishxonangizda mashina bittamasdir?
 - Bo‘pti, jonimga tegavermagin, o‘rinbosarimnikini berib turaman.
 - Ertaga ham berib turasiz, onamni ko‘rib kelaman.
 - Yaktoqqa borguncha mashinada ezilib ketasan, samolyotda bora qol.
 - Mashinada kirib borishning savlati boshqacharoq bo‘ladi.
 - Mayli, kotibam ham ammasini ko‘rgani bormoqchi edi, birga borib kelasan.
 - Kotibangizni tiqishtirmang. Bitta o‘zim boraman,-dedi xotin beliga qo‘lini qo‘yib.
 - Birga borasan,-dedi So‘tqul qat’iy.
 - Yo‘q,-dedi xotin o‘jarlik bilan.
 - Birga bormasang, tush mashinadan,-deb baqirdi So‘tqul.
 - Tushmayman, ana, kotibangiz tushsin,-dedi xotin bo‘sh kelmay.
 - Tush deyapman!
 - Yo‘q, yo‘q!
 Shu yerga kelganda So‘tqul chidolmay qaysar xotinining yuziga bir shapaloq urdi. Xotin «voy!» deb betini ushlagnicha eriga baqrayib qaradi:
 - Nega urasiz?
 - O‘zing nega mashinadan tushmaysan?
 - Qani, qanaqa mashina?
 Endi So‘tqul xotiniga baqrayib qoldi: darvoqe... nimalarni gapiryapti?
 Xomxayol er-xotin bir-birlariga baqrayganlaricha o‘tirishdi.
 Endi «So‘tqul kim o‘zi, biron vazirlikda bo‘lim boshlig‘i-yu erta-indin yangi amalga ko‘tariladigan odammi?» degan savol tug‘ilar? So‘tqulning manzilini aytib qo‘yaylik: o‘sha o‘zingiz bilgan egriko‘chaning boraverishda o‘ng, kelaverishda chap tomoniga joylashgan yamoqchilik ustaxonasidan topasiz. Faqat... amaldorlik orzusida xotiniga bir shapaloq urganini eslatib, u bechorani hijolat qilmang, xo‘pmi?

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.