OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uchqun Nazarov. To‘y (qatra)

Yarim yilcha bo‘ldi: Yodgor akaning boshi aylanadi, gangiydi, toliqadi, oyoq-qo‘li qaltiraydi, o‘tirib olgisi keladi; anchadan beri qo‘liga ketmon olmaydi, engashsa ko‘zi tinadi, madori quriydi. Endi 65 ga kirgan Yodgor aka avvaliga parvo qilmay yurdi, o‘tib ketadi, deb o‘yladi, keyin yotib qoldi. Terakzor qishlog‘iga uzatgan qizi doktor olib keldi — qon bosimi oshipti, shifokor dori yozib berdi. Biroq dori kor qilmadi. Qishloq chetida turadigan Azamat o‘g‘li Fozil bilan bir maktabni bitirishgan, ikkalovi Toshkentda o‘qishadi. Shu yigitdan aytib yuborish kerak — Fozil kelib, dadasi ko‘zi ochiqligida duosini olib ketsin, g‘aflatda qolmasin. Faqat... afsus, o‘g‘lining to‘yini ko‘ra olmaydi, chog‘i. Kelini qo‘lidan choy ichishni orzu qilar edi — nasib qilmaydi, shekilli. Balki, yengil-elpi bo‘lsa-da ko‘zi ochiqligida, to‘y o‘tkazishsinmikin? Qishloqda kim ko‘p — bo‘yga yetgan qiz ko‘p. Bu ishni o‘z holiga tashlab qo‘yishsa, Fozil shaharda bironta tannozning tuzog‘iga ilinadi.
Yodgor aka hassasini eshikka urib, xotinini chaqirdi.
— Choyni ko‘p ichmang, yugurasiz, — dedi Shamsi xola.
— Azamatnikiga borib kel, — dedi Yodgor aka hansirab. — Shaharga birontasi borsa, Fozilga aytsin, kelsin. Gapim bor.
— Qanaqa gap? — so‘radi Shamsi xola.
— To‘y qilamiz, — dedi Yodgor aka. — Qiz-piz tanlab tur.
Uch kundan so‘ng Toshkentdan Fozil keldi. Yodgor aka qaddini arang rostlab, o‘g‘li bilan ko‘rishdi. Fozil yarim oy avval kelganida, hassada bo‘lsa-da, ayvonga chiqib, o‘g‘li bilan achomlashib ko‘rishgan edi.
Fozil dadasi yoniga o‘tirdi. Shamsi xola dasturxon yozdi.
Fozil dadasining gapini eshitmaganga oldi, ikki kundan keyin shaharga qaytdi.
— To‘y haqida o‘g‘ling nima dedi? — toqatsizlanib so‘radi Yodgor aka xotinidan.
— Indamadi? — dedi Shamsi xola.
“Ilinipti”, o‘yladi Yodgor aka shaharlik qizlarni ko‘z oldiga keltirib. Niyati ushalmagandek bo‘ldi — hayhotdek hovlida xotini ikkovi tanho qolishadi, chog‘i.
— O‘g‘lim bechora ikki kun tinmay ishladi. Bog‘dagi daraxtlarni kallakladi, sug‘ordi, yerni chopib tekisladi. Hammayoqni saranjom-sarishta qilib ketdi, — dedi Shamsi xola dasturxonni yig‘ishtirarkan.
Bu xabardan Yodgor aka, “rahmat”, dedi. U kimga va nimaga “rahmat” dedi, buni Shamsi xola uqmadi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.