OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Notinch ruh (hikoya)

Davron Davlatovich o‘zini go‘yo havoda muallaq suzib yurgandek his qildi. Ko‘zini ochgan edi, tip-tiniq moviy osmonni ko‘rdi. Keyin o‘zini oppoq choyshabga o‘ragan va qandaydir yog‘och zambilda yotgan holda ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi. "Yana zambilda olib ketishayapti shekilli", — deb o‘yladi u va bir qancha vaqt oldin yuragi qattiq xuruj qilib, qiynalib, azob tortganini, so‘ngra vrachlar zambilda ko‘tarib chopishganini esladi. O‘shanda nihoyatda qattiq og‘riq turgan edi. Endi esa og‘riqdan asar ham yo‘q, u o‘zini mutlaqo yengil his etardi.
Mana, nihoyat "yog‘och zambilni" yerga qo‘yishdi. Shunda u atrofiga tumonat odam yig‘ilganligini ko‘rdi. Ularning ko‘pchiligi boshlariga do‘ppi kiyishgan, oldingi qatordagi besh-o‘n chog‘li odam bellariga belbog‘ ham bog‘lab olishgan edi. Davron Davlatovich ularni tanimadi. Orqa qatorda esa o‘zi avvaldan taniydigan kazo-kazo odamlar qo‘l qovushtrib turishardi. U mana shu holatni birdaniga tushunib ololmadi. Anglagan zahoti esa benihoya dahshatga tushib, vujudi qaltiradi, ko‘zlari olazarak bo‘lib atrofga alangladi. Olomonning oyoqlari orasidan, huv narida so‘ppayib turgan katta-kichik qabr toshlari sovuqqina ko‘rindi. "Galvarslar, nahotki meni o‘lgan deb o‘ylashayotgan bo‘lishsa, axir, men tirikman-ku", — deya Davron Davlatovichning beixtiyor kulgisi qistadi va shu bilan birga g‘azabi ham qaynadi.
Odamlar lahadni hozirlash bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda sal nariroqqa boshqa bir to‘da odamlar yana bir marhumni olib kelib qo‘yishdi. Bu marhumning atrofida bashang kiyinib, salobatini ko‘z-ko‘z qilayotgan odamlar yo‘q edi. Uni ko‘tarib kelganlarning hammasi nihoyatda oddiy kishilar bo‘lib, yig‘idanmi yoki oftobdanmi qorayib ketishgan edi. Davron Davlatovich o‘z odamlari qolib, o‘shalarni kuzatishga qiziqib ketdi. Shunda narigi mayit ham asta boshini ko‘tarib Davron Davlatovichga qaradi. Keyin bir narsadan hijolat bo‘lgandek shoshilgannamo o‘rnidan turdi-da, u tomonga yurib kela boshladi. Odamlar chamasi uning turganini ham, yurganini ham payqamay qolishdi. Marhum to‘g‘ri Davron Davlatovichning tepasiga kelib, unga egilib salom berdi.
— Xayrli hordiq, Davron Davlatovich.
Davron Davlatovich odatiga ko‘ra kibr bilan yuzini o‘girdi. "Kim bu, nega menga mulozamat qiladi? — deya o‘ylardi u. — O‘zi bir past tabaqaga mansub oddiy ishchi bo‘lsa. Tag‘in uyalmay tepamda turishiga balo bormi".
— Sen kimsan, — dedi keyin u baribir o‘ng‘aysizlanib, — nega tepamda bezrayib turibsan?
Tanimadingiz-a, Davron Davlatovich, — dedi oppoq, nurli qiyofadagi haligi kishi samimiy jilmayib. — Ha, albatta, xotirangizdan uzoqlashgan bo‘lishim mumkin. Harholda men siz bilan har kuni bir dasturxondan tuz totib yurgan, idorangiz eshigidan kirib-chiqib turgan amaldorlardan emasman. Lekin butunlay unutib yuborgan bo‘lishingiz mumkin emas, bunga aql bovar qilmaydi.
— E, buncha va’z o‘qiding, kimsan o‘zi, gapira qolsang-chi? Seni tinglab o‘tirishga mening bekorchi vaqtim bor ekanmi?
— Uzr, ming bor uzr. Men kamtarin qulingiz Shopo‘latman.
Bu ism Davron Davlatovichning xayolida nimanidir yarq etkazib yubordi. U chuqur o‘yga tolib, nimanidir eslashga urindi. Va nihoyat topdi. Shopo‘lat deganlari Davron Davlatovichning oldingi idorasidagi shofyori edi. U ko‘p yillar Davron Davlatovichga halol-pokiza xizmat qilgan, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demasdi, issiq-sovuqni pisand etmas, biror marta hayotidan ham nolimas edi. Davron Davlatovich, uning oilasi, bola-chaqasi, hatto uyi ham bo‘lmasa kerak, mening mana shu xizmat mashinam unga boshpana vazifasini o‘taydi, deb o‘ylab qo‘yardi. Davron Davlatovichning zuvillab yuqori idoralarga qatnashi, bundan tashqari, to‘y-ma’rakalarga, ishdan keyin turli maishatlarga ham qatnashi ko‘p edi. Ba’zan ulfatchiliklar ertalabgacha ham davom etar, Shopo‘lat shunda ham churq etmay xizmat qilardi. Davron Davlatovich shunday sodiq haydovchisi borligidan ba’zan faxrlanib qo‘yardi. Agar qish kechalarining biridagi dilni xira qiladigan voqea ro‘y bermaganida shunday bebaho haydovchisi bilan uzilishib ketmagan bo‘lardi.
O‘shanada bir moviy ko‘z, mallasoch xonim Davron Davlatovichning yuragini vaqtincha zabt etib yurgan edi. Davron Davlatovich kunora ishdan keyin, qoq yarim tunda, uyga qaytar chog‘ida yo‘l-yo‘lakay mashinani o‘sha xonim yashaydigan ko‘chaga burishni buyurar va: "Shu ko‘chada yuqoridagi rahbarlardan biri yashaydi, kirib salom-alik qilib ketmasak xafa bo‘ladi", — deya Shopo‘latga sir bermaslikka urinar edi. Ammo u shu o‘rinda yanglishardi — haydovchi ahli ko‘chaning piri bo‘ladi, ko‘chada yurgan odam borki, kim, qanday niyatda ketayotganligini qadam tashlashidanoq payqab oladi. Yuqori rahbarlardan, degani o‘zlarining yonginasida oddiy xodim bo‘lib ishlaydigan mallasoch ayol ekanligini Shopo‘lat allaqachon bilgan, lekin bu haqda hech kimga churq etmagan edi.
Davron Davlatovich o‘sha mallasochga ilakishgach, oradan bir yilcha o‘tgandan keyin, odatdagidek tunlarning birida u o‘sha uydan kattagina tugun ko‘tarib chiqdi. Ko‘cha bo‘ylab lapanglab yurib kelarkan, atrofga olazarak qarab, xalloslab nafas olardi. Avval tugunni mashinaning orqa o‘rindig‘iga qo‘ydi, keyin o‘zi shosha-pisha o‘tirdi. U Shopo‘latga mashinani shahar tashqarisidagi aylanma yo‘l orqali haydashni buyurdi. Katta yo‘l yoqasidagi axlatlar uyumi oldidan o‘tayotganlarida mashinani to‘xtatdi. Haligi tugunni axlatlar yoniga avaylabgina qo‘ydi-da, keyin mashinaga o‘tirib, chuqur nafas oldi.
Shopo‘lat xo‘jayinni uyiga eltib qo‘ygach, azbaroyi qiziquvchanligidan, qaytishda mashinani yana o‘sha axlat uyumi tomonga burdi. Mashina chirog‘ini yoqib, haligi sirli tugunni topdi va ehtiyotkorlik bilan paypaslab ko‘rdi. Bir payt tugundan ingragan ovoz chiqqanday bo‘ldi. Shopo‘lat qo‘rqa-pisa tugunni yechdi. Ne holki, tugun ichida bir go‘dak yotardi. Shopo‘latning ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozdi. U go‘dakni mashinaga soldi-da, yeldek uchib ketdi.
Shundan so‘ng ikki oy o‘tgach esa g‘alati voqea ro‘y berdi. Qishning qoq o‘rtasi, bo‘ralab qor yog‘ayotgan edi. Davron Davlatovich kechasi soat o‘n birlarda idorasidan chiqdi. Mashinasiga o‘tirarkan, yana o‘sha "yuqori rahbarnikiga" kirib o‘tish lozimligini aytdi. Shopo‘lat har galgidek ko‘cha boshida qolarkan, uzoqdan xo‘jayinning qizil darvozali hovliga kirib ketganligini aniq ko‘rdi. So‘ng nihoyatda chiroyli yog‘ayotgan qorni biroz tomosha qilib turdi-da, o‘rindiq suyanchig‘ini orqaga yotqizib, boya kelgan uyqusini qolgan joyidan davom ettirdi.
Bir mahal u qattiq sovqotib uyg‘ondi. Ko‘zlarini uqalab atrofga qaradi, soat allaqachon ikkidan ham oshib ketibdi. Odatda Davron Davlatovich o‘sha uyda bunchalik ko‘p qolib ketmas,  nari borsa bir yarim-ikki soatda qaytib chiqar edi. Shopo‘latning ko‘ngliga shubha oraladi. Shundan keyingi daqiqalarni u butunlay xavotir bilan o‘tkaza boshladi. Muzlab qolmaslik uchun mashinani tez-tez o‘t oldirib qo‘yaverdi. Soat uch bo‘ldi, keyin to‘rt bo‘ldi. Davron Davlatovichdan esa hamon darak yo‘q edi. Buyog‘iga endi u toqat qilib o‘tirolmadi.
Mashinani ko‘chada qoldirib, o‘sha tanish hovli tomonga ketdi. Atrofda jimjitlik hukmron, ko‘cha sukunatini yog‘ayotgan qorning shitirlashi-yu, Shopo‘latning "g‘arch-g‘urch" qadam tashlashigina buzmoqda edi.
U o‘sha hovliga yetgach, chor atrofga bir qur ko‘z tashlab oldi. Keyin darvozani taqillatdi. Hadeganda hech kim sado bermagach, yon tomonga aylanib o‘tdi. Bir sakrab devorga osildi-da, ichkariga nazar tashladi. Hovlida tirik jon borligi sezilmaydi. Lip etgan shu’la ko‘rinmaganidan uy ichkarisida ham biron kishining borligi dargumon. Shopo‘lat devordan oshib hovliga tushdi. Qorga ko‘milib qolgan axlat chelagi ustiga tushgan ekan, chelak taraqlab ketdi. Chap oyog‘i biroz lat yeb, bir muddat oyog‘ini changallagancha oqsoqlana-oqsoqlana uy oldiga bordi. Derazalardan ichkariga mo‘raladi. Uy ichi zim-ziyo, hech zog‘ ko‘rinmasdi. Faqat nimaningdir pishillagan ovozi quloqqa chalinardi. Shopo‘lat ehtiyotkorlik bilan eshik tutqichini pastga bosdi. Eshik ochildi va uning dimog‘iga gaz hidi gupillab urildi.
— Xo‘jayin, xo‘jayin, — deya chaqirdi u burnini bekitib ichkariga mo‘ralarkan.
Hech kim javob bermadi. Shopo‘lat kamzuli bilan burnini bekitib, ichkariga kirdi va devorlarni paypaslab, chiroqni yoqmoqchi bo‘ldi. Shu payt xayoliga yarq etib bir fikr keldi-yu, dahliz burchagida g‘ira-shira ko‘zga tashlanayotgan gaz plitasiga qaradi. Boyadan beri pishillayotgan ovoz o‘shandan chiqayotgan edi. U chaqqonlik bilan plitaning qulog‘ini buradi. Shunda pishillagan ovoz to‘xtadi. U shosha-pisha eshik va derazalarni ochib tashladi. Qorong‘ida ivirsib, chinni idishlarga surinib ketdi. Tashqariga yugurib chiqib nafasini biroz rostlab oldi. Keyin yana o‘qday otilib kirib, ochiq turgan eshikdan ichkari xonaga mo‘raladi.
— Hoy, kim bor bu yerda? — dedi u va umidvor bo‘lib javob qaytishini kutdi.
Xona ichida hamon gaz hidi anqiyotgan edi. U tavakkal qilib ichkariga kirdi-da, xona derazalarini ham ochib tashladi va qo‘liga ilingan latta bilan xonani shamollatdi. Qor uchqunlari aralash muzday havo ichkariga yopirilib kirdi. Shunda xona ichidagi divanda ikki kishining g‘alati tarzda ayqashib yotgani g‘ira-shira ko‘rindi. Lekin ular chamasi nafas ham olishmayotgan edi.
Gaz hidi susaygach, Shopo‘lat devorlarni paypaslab ko‘rdi-da, qo‘rqa-pisa chiroqni yoqdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, Davron Davlatovich mallasoch ayol bilan sharmandali ahvolda yotar, xonani qoplagan gaz hidi ularni behush qilib qo‘ygan edi. Shopo‘lat darrov fahmladi: oshiq-ma’shuqlar ishq daryosiga g‘arq bo‘lib uxlab qolishgan-u, gaz plitasi ustiga qo‘yilgan choynakdagi suv tashib olovni o‘chirib qo‘ygan va shundan so‘ng gaz chiqib yotavergan.
Ammo shu lahzada ularni aybsitib o‘tirishning mavridi emas edi. Shopo‘lat ularning qip yalang‘och tanlarini choyshablar bilan o‘rab-chirmadi. Keyin yugurib borib mashinani darvoza oldiga keltirib qo‘ydi-da, ularni birin-ketin mashinaga olib chiqdi va shifoxonaga shoshildi. Ko‘chalarni qoplagan qalin qorda yolg‘iz mashina iz qoldirib borardi.
Aslida Davron Davlatovichning umri o‘shanda payoniga yetgan bo‘lardi. Shopo‘latning sodiqligi uning hayoti yana ancha yillar davom etishiga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng bu voqea hech kimga ovoza bo‘lmadi, sir sirligicha qoldi-yu, biroq Davron Davlatovich Shopo‘latning oldida o‘zini noqulay sezib yurdi. Nima qilishni bilmay boshi qotdi. Bu borada ham omadi bor ekan, sal o‘tmay Davron Davlatovich yanada yuqoriroq amalga ko‘tarildi. Shu bo‘ldi-yu, u Shopo‘latdan qutuldi. Shopo‘lat esa, xo‘jayin u yerga ham meni o‘zi bilan olib ketadi, deya umidvor bo‘lgan edi. Qayoqda, qaytanga Davron Davlatovich ketgach, har doimgi mashinasidan ham ayrildi.
Davron Davlatovich ana o‘sha voqealarning hammasini aniq-tiniq esladi. Lekin oradan ko‘p yillar o‘tgan, endi uning oldida hijolat bo‘lishni, o‘ng‘aysizlanishni xayoliga ham keltirmadi. Binobarin ko‘p yillik mansab cho‘qqilarida yurish uning dimog‘ini yaxshigina ko‘targan, "sen kim-u, men kim" degan aqida unga doimo quvvat berib turardi. To‘g‘ri-da, Shopo‘lat kim bo‘pti. Davron Davlatovichday katta amaldorning obro‘siga tahdid qilishga  nima haqqi bor? O‘zi bunga haddi sig‘armikin? Yo‘q, haddi sig‘ib ham ko‘rsin-chi, Davron Davlatovich bir kiprik qoqish bilan uni pashshaday ezib tashlaydi. Qolaversa, martabasi ulug‘ odamlar bilan bo‘lgan o‘shanday voqealarni o‘sha lahzaning o‘zidayoq unutib yuborish Shopo‘latga o‘xshaganlarning burchi.
Davron Davlatovichning xayolidan ana shunday fikrlar o‘tdi va u xotirjam tomoq qirib qo‘ydi. Shopo‘latning hamon tepasida jilmayib turishi battar g‘ashini keltirdi.
— Nega buncha tirjayasan-a, nima, ochib qo‘yibdimi? — dedi u zarda bilan qoshini chimirib.
— Uzr, xo‘jayin, ming bor uzr, — dedi Shopo‘lat o‘ng‘aysizlanib, — men sizga kulayotganim yo‘q. O‘zi azaldan tabiatim shunaqa. Xo‘mrayish menga xos emas.
— Nega kelding o‘zi, xo‘sh, xizmat?
— Eh, xo‘jayin, afsuski, endi sizning oldingizga hech kim biror xizmat bilan kelmaydi. Aksincha, siz bilan biz, umuman, jamiki osiy bandalar, bu yerga birgina yumush bilan — oxir-oqibat jonsiz qolgan tanimizga yaratgandan bir qarich joy so‘rab kelamiz.
— Esing joyidami? Nima, sen o‘zingni men bilan teng tutib gapirayapsanmi?
Shopo‘latning kulgisi qistadi.
— Istaysizmi, yo‘qmi, bu yerda barcha barobar bo‘ladi. Bu yerda na mansab, na urug‘-aymoq, na molu davlat ahamiyat qiladi. Bularning hammasi narigi hayotimizda qoldi.
— Sen menga, rostdan ham o‘lgansiz, demoqchimisan?
— Ijozatingiz bilan.
— Bunga qanday hadding sig‘di, nobakor.
— E, xo‘jayin, kibru havo ham evi bilan-da. Narigi hayotimizda-ku sizga "churq" etishga uncha-muncha odam botinolmas edi. Ayniqsa menga o‘xshagan oddiy xizmatchi odamning yaqiningizga yo‘lashi dargumon edi. Taqdirning hazilini qarang-ki, yaratgan o‘z omonatini ikkovimizdan bir paytda qaytarib olayapti. Bu mendek qo‘li kalta fuqaro uchun bir sharaf, ta’bir kelsa, yaratganning suygan bandasiga eng so‘nggi lahzada hadya etgan yana bir in’omi bo‘lsa kerak. Ammo bu sizdek muhtaram zot uchun bor-yo‘g‘i bir haqorat bo‘lib tuyulishi mumkin. Haddim sig‘ishiga kelsak, istiholayu tafovutlar ortda qoldi, Davron Davlatovich. Ayni daqiqalardan boshlab biz tenglik manzilidamiz. Hartugul u dunyoni tark etdik. Ishonmasangiz, keling, o‘rningizdan turing, bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Qolaversa, hayotligingizda oyog‘ingiz ostida o‘ralashib, poyingizga egilib ta’zim qilib  yurgan mana bu odamlarning endi tepangizda g‘o‘ddayib turishlari menga erish tuyulayapti. Turing, turavering, qo‘rqmang.
Davron Davlatovich ishonqiramay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. O‘zini qushday yengil sezdi. Go‘yo hozir bir sapchisa oyga yetgudek edi. Ajablanib atrofiga qaradi. Olomon hamon qo‘l qovushtirib turar, nimanidir sabrsizlik bilan kutayotganga o‘xshardi.
— Ie, anavi oqqa o‘ranib yotgan men-ku, — dedi u butunlay hayratga tushib.
— Ha, u sizning jasadingiz. Huv anavinisi esa meniki.
— Nahotki, nahotki rostdan ham o‘lgan bo‘lsam? Bo‘lishi mumkin emas. Men, kimsan — Davron Davlatovich, he yo‘q, be yo‘q, birgina yurakning hazilchalish xurujginasidan o‘lib ketaveramanmi? Men-a?!
— Ha, taqsir, ajal hatto sizday yuksak rutba sohibini ham ayab o‘tirmadi. Qarang-a, sizdan hamma qo‘rqsa ham ajal deganlari qo‘rqmas ekan.
— Aql bovar qilmaydi. Axir, men hali yashashim kerak edi-ku. Shuncha ish, obro‘, molu davlat yetimday qolib ketaveradimi?
— Yo‘q, bu ashqol-dashqollarning tashvishini qilmasangiz ham bo‘ladi. Shu choqqacha hali hech kim bunday dahmazalarni o‘zi bilan olib ketolgan emas. Bular o‘sha hayotning omonatlari. Ular endi yangi sohiblarining qo‘liga o‘tadi. Kuyunmang, bunga arzimaydi. Undan ko‘ra yangi dunyoga qadam ranjida qilganingizga iymon keltiring.
— Sen nima qilsang qilaver, lekin men hali yashashim kerak.
— Qanday qilib? Yana buning imkoni bor deb o‘ylaysizmi? Unda marhamat, bir urinib ko‘ring-chi, eplay olarmikansiz. Siz allaqachon haqiqiy hayotga qaytdingiz. Anavi kafan ichidagi vujud esa sovub bo‘lgan, endi sizni qabul qilmaydi.
Shu payt go‘rkovlar mayitni so‘rashdi. Odamlar bir hamla bilan jasadni uzatishdi. Bir lahzadan so‘ng qiyomat qo‘pgandek chang-to‘zon ko‘tarildi. Odamlar galma-galdan qabrga tuproq tortishdi.
— Mana, bo‘ldi. Shuncha yil bizni ko‘tarib yurgan jasadlarimiz yer bag‘ridan mangu qo‘nim topdi, — dedi Shopo‘lat xotirjamlik bilan.
Davron Davlatovich esa hamon o‘limini tan olgisi kelmas edi. U odamlarning yuz-ko‘zlariga birma-bir tikilib qaradi, ba’zilarini turtkilab ham ko‘rdi. Ammo hech bir inson uni payqamadi.
— Ey, janoblar, meni ko‘rayapsizlarmi? — deya hayqirdi u nihoyat sabri tugab. Hech kimdan sado chiqmadi.
— Behuda urinyapsiz, Davron Davlatovich, endi biz ular bilan boshqa-boshqa olamdamiz. Biz ularni ko‘rib, eshitib turibmiz, lekin ular bizni ko‘rishmaydi ham, eshitishmaydi ham. Ayni paytda ulardan hiyla balandda uchib yurganimizni sezayapsizmi? — dedi Shopo‘lat.
Davron Davlatovich og‘ir xo‘rsindi. Bir muddat sukutga cho‘mdi. Nihoyat, o‘lganligini tan olishdan  o‘zga chorasi yo‘qligini tushungach, qiyofasi o‘zgardi. Atrofga yana sinchkovlik bilan nazar soldi.
— Qara, Shopo‘lat, — dedi u yuziga ayyorona tabassum yugurib, — meni kuzatishga qanchalar odam to‘planibdi. Tag‘in hammasi kazo-kazo, yuksak rutbali odamlar. — U obro‘yimni ko‘rayapsanmi, degandek viqor bilan gapirardi. — Bu deyman, senikilarning chog‘i kamroqmi? Menikilarning chorak qismichayam kelmasov.
— Ha, xo‘jayin, men sizday martaba sohibi bo‘lmaganman-da. Harholda menikilar izzat-obro‘ ortidan kelishmagan. Ular shunchaki bir birodarini tuproqqa qo‘yish, so‘nggi manzilga bir kalima qur’on tilovat qilib, haqqiga duo o‘qib kuzatib qo‘yish ham qarz, ham farz ekanligini yaxshi bilishadi. Ular ham menga o‘xshagan oddiy, ishchi-xizmatchi odamlar. Ular umr  bo‘yi hech kimdan hech narsa ta’ma qilishmagan. Hayotda neki ish qilishmasin, hammasi oddiy va samimiy bo‘ladi. Binobarin, sizning qabringiz tepasida turgan mana bu odamlarning ham ko‘pchiligi meni yaxshi tanishadi. Sizga xizmat qilib yurgan chog‘larimda ular bilan bitta idorada ishlaganman. Lekin mening o‘lganim ularning parvoyiga ham kelmaydi. Ular uchun men kim edim — hech kim. Ular esa o‘zlarini amaldor, izzat-obro‘li odamlar hisoblashadi. Ular hatto mana bu kabi marosimlarga ham sovobga bosh qo‘shay, deb emas, falonchi falonchievichlar qaysi davradan ekanligimni ko‘rsin, nufuzdan qolmay, deb kelishgan.
— Buni qaraya, juda g‘aroyib tomosha ekan-ku, — Davron Davlatovich azbaroyi qiziqib ketganidan odamlarni yanada diqqat bilan kuzata boshladi.
— Mana bu kishilarning hammasi sizga achinganidan, qadrdon insonini yo‘qotib kuyunganidan kelgan deb o‘ylaysizmi? — deb gapida davom etdi Shopo‘lat. — Xato qilasiz. E’tibor bering-a, ular shu yerning o‘zida ham uch guruhga ajralib turishibdi. Anavi qora kostyum-shim, oq ko‘ylak kiyib, bo‘yinbog‘ taqqan janoblar siz bilan deyarli bir xil mavqeda turib ishlashgan, shunday emasmi? 
— Ha, ular shaharning eng katta amaldorlari. Ko‘rdingmi, ular men bilan vidolashishni bugun kun tartiblariga alohida kiritishgan. Bu hammaga ham nasib etavermasa kerak.
— Ular doimo siz bilan murosa qilib kelishgan. Faqat mansab tufayli bir-biringiz bilan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgansizlar. Ana shu vajdan bitta davraga mansub bo‘lgansizlar. Amaldan tushgan kishi ana shu davradan ham shafqatsizlarcha haydaladi — bu sizlarning yozilmagan qonuningiz. Bugun ular mana shu davrada borligini ko‘rsatish uchun ham bu yerga kelishgan. Ular o‘zlarini go‘yoki siz uchun qayg‘urayotgandek ko‘rsatishmoqda, ammo bu soxtakorlikdan boshqa narsa emas. Ular hech qachon hech kimga qayg‘urishmaydi. Anavi ikkinchi guruhda turganlar esa ko‘p narsadan norozi va juda ko‘p narsadan umidvor kishilar. Menimcha, siz ularni ham yaxshi taniysiz.
— Bo‘lmasam-chi. Ayrimlarini tanimayroq turibman-u, lekin ko‘pchiligi mening qo‘l ostimda ishlashgan.
— Ular har doim birinchi guruhdagilarning davrasiga kirishga intilishadi, lekin bu oson emasligini yaxshi bilasiz. Ular sizdan qo‘rqib yashashgan. Ishonmasangiz ko‘zlariga e’tibor bilan qarang — ular qayg‘urishmayapti, bilaks quvonchlari ichlariga zo‘rg‘a sig‘ayapti. To o‘zlari ustingizga tuproq tortmaguncha o‘lganingizga ishonishmagan. Shuning uchun ular bu yerga kelishgan. Aslida tirikligingizda ular sizga o‘zlarini imkon qadar yaqin tutishga, laganbardorlik qilib, ko‘nglingizga yo‘l topishga ko‘p urinishgan. Bu urinishlarning hammasi besamar ketgan deb bo‘lmaydi. Ba’zan-ba’zan ana shu xushomadlari tufayli sizning xayru saxovatingizdan bahramand ham bo‘lishgan. Endi mana bu uchinchi guruhdagi odamlarga kelsak, ular bu yerga hech qanday ta’ma ilinjida kelishmagan. Ular har qanday insonning hayotdan ko‘z yumishini hamisha mana shunday qayg‘u bilan qarshi oladilar. Hatto ko‘chada birorta gadoy o‘lib-netib qolsa ham yelkalarida ko‘tarib kelib, qabr kovlab ko‘mishadi. Boshlariga do‘ppi kiyib, bellariga belbog‘ bog‘lashlari esa musulmonchilik udumi. Ularni ehtimol tanimassiz?
— Rostdan ham tanimayman. Kim o‘zi ular? 
— Ular sizning qarindoshlaringiz, Davron Davlatovich. Ular siz bilan faxrlanishadi. O‘zimizdan chiqqan obro‘li odam, deb ismingizni tillaridan qo‘yishmaydi, garchi sizning ularga sariq chaqalik nafingiz tegmasa ham. Binobarin, bu odamlar hamma narsani pul bilan o‘lchashdan yiroq. Siz esa ularni nazaringizga ilmaysiz, allaqachon unutib yuborgansiz. Bir qishloqda, mana shu odamlar orasida tuproq yalab katta bo‘lganingizni endi eslashni ham istamaysiz. Xolbuki, umringiz poyoniga yetib, chin dunyoga ketar mahalingizda tobutingizni ham anavi o‘zingizga yaqin olib yurganingiz salobatli janoblar emas, mana shu kamsuqum insonlar ko‘tarishdi. 
— Nega buncha chaqib gapirmasang? Odamni ko‘ngliga botadiyam demaysan-a...
— Ha, haqiqat ana shunday achchiq bo‘ladi, xo‘jayin, siz buni bilmaysiz. Chunki hali hech kim haqiqatni yuzingizga aytmagan. Bunga jur’at qilisholmagan. Siz bunga imkon ham bermagansiz.
— Qarab tursam, juda ko‘p narsalarni biladiganga o‘xshaysan, qaerdan o‘qiy qolding?
— Men o‘qimadim, Davron Davlatovich, o‘qiganimda ehtimol sizday obro‘ va martaba sohibi bo‘lib yurardim. Bilganlarim esa, bularning hammasini menga hayot o‘rgatdi. Men doimo odamlar orasida yashadim, ozmi-ko‘pmi elga xizmat qildim, o‘zimni odamlar davrasiga urdim. Siz esa issiqqina kursingizdan qo‘zg‘almadingiz. Ana shu kursingizni, kabinetingizni yeru ko‘kka ishonmasdingiz. Hayotingiz to‘rt devor ichida o‘tib ketdi, xo‘jayin. O‘zingizni o‘zingiz bilib-bilmay maxbusga aylantirib qo‘ydingiz. Hayotga inson bo‘lib kelib, insonlar orasida yashamadingiz. Endi bunday imkoniyat boshqa berilmaydi. Siz qo‘lingizga tutqazilgan hayotni boy berdingiz, xo‘jayin.
— Shu paytda qur’on tilovat qilindi va keyin hamma har yoqqa tarqab ketdi. Huvillagan qabristonda Davron Davlatovich bilan Shopo‘lat bir-birlariga yupanch bo‘lib qolaverishdi. Davron Davlatovichning o‘rindiqlariga oppoq jild qoplangan qop-qora mashinlarga o‘tirayotgan odamlar bilan ketgisi bor edi. Lekin nailoj, hayot uning ustidan so‘nggi hukmini o‘qib bo‘lgan, endi bu odamlar yashayotgan dunyo hatto Davron Davlatovichday qo‘li istagan joyga yetadigan baobro‘ odamni ham qaytib qabul qilmaydi. 
— Endi biz nima qilamiz? — dedi Davron Davlatovich horg‘in kayfiyatda. 
— Nima ham qilardik, joy-joyimizga kirib yotamiz, — dedi Shopo‘lat bamaylixotir.
Bu holat Davron Davlatovichga og‘ir botgan bo‘lsa-da, taqdir taqozosiga qarshi borolmasligini tushundi.
— Ehtimol... — dedi Davron Davlatovich kalovlanib, mening yonimga kelarsan? Zeriktirmay o‘tirarmiding...
— Buning sirayam iloji yo‘q, xo‘jayin. Erta-indin sizning qabringiz tepasiga ulkan marmartosh olib kelib o‘rnatishadi. Men bunday salobat ostida yotolmayman. Qolaversa, birovning go‘riga birov kirmaydi. Xo‘p, xayr, yaxshi yoting, xo‘jayin. Yangi dunyoning tinch kulbasi ikkimizga ham muborak bo‘lsin.
Davron Davlatovich noiloj o‘z o‘rniga cho‘zildi. U butun o‘tmishini xayolidan o‘tkazib yotardi. Shu alfozda necha kun o‘tganini ham sezmadi. Lekin alam qildi. Uning ko‘pdan-ko‘p rejalari bor edi. Shu rejalarni deb amal pillapoyalarida ehtiyotkorlikni unutmadi, behisob mol-davlat yig‘di. Biroq endi hammasi joy-joyida qolib ketdi. Amal-ku fohishadek gap — bugun sening qo‘lingda bo‘lsa, ertaga boshqaning qo‘lida. Ammo mol-davlatchi? Yillar davomida yig‘ilgan, daryoday oqib kelib xazinaga quyilgan pullarning taqdiri endi nima bo‘ladi? Xuddi mana shu joyiga kelganda Davron Davlatovichning tinchi buzildi. U yoqda shuncha orzu va tashvishlar qolib ketsa-yu, u endi bu yerda xotirjam yota olarmidi.
Davron Davlatovich o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qabriston sokin, atrofda hech zog‘ ko‘rinmaydi. Bunday jimlik battar g‘ashiga tegdi. U Shopo‘latni chaqirdi. Tinchgina orom olayotgan Shopo‘lat sekin unga qaradi. 
— Labbay, xo‘jayin, dedi u odatdagidek Davron Davlatovichga yoqadigan mulozamat bilan.
— Yaxshi yotibsanmi?
— Ha, endi, el qatori.
— Elni qo‘y, tur o‘rningdan, bir aylanib kelamiz. Men bu yerda zerikib ketdim.
— Qo‘ysangiz-chi, xo‘jayin, zerikishga na xojat. Bizning ishimiz yotib orom olish. Xalloslab yurt kezishning davri o‘tdi. 
— Shunday bo‘lsa ham bir aylanib kelaylik, turaqol endi.
Xo‘jayinning ra’yini qaytarishga Shopo‘latning ko‘ngli bo‘lmadi. Noiloj o‘rnidan turib, unga ergashdi. Ular yengilgina parvoz qilishardi. Davron Davlatovich dastavval uni qadrdon ishxonasi tomon boshladi. Bu yerda odatdagidek ish bir maromda davom etar, hamma o‘z yumushi bilan ovora edi. Davron Davlatovichning bir maqtanib qo‘ygisi keldi shekilli, Shopo‘latni o‘zining sobiq kabinetiga yetakladi. Ammo kirishi bilan Davron Davlatovich o‘zini yo‘qotib qo‘yay dedi. Bu yerda avvalgi manzaradan asar ham qolmagan, u kabinetini deyarli taniyolmadi. U yoqtirgan gullar, devorda osig‘liq turadigan, kishiga zavq bag‘ishlaydigan kartina, stol ustidagi ashqol-dashqollar, hamma-hammasi bu xonadan supurib tashlangan, faqat stol ustidagi qumsoat mung‘ayibgina turardi. Qisqasi, kabinetda endi Davron Davlatovichni eslatib turadigan deyarli hech narsa qolmagan edi. 
Davron Davlatovichning o‘rniga yangi amaldor hali kelmagan, ayni paytda esa bunga qizg‘in kurash borayotgan edi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha qadrdon kursi hozir bo‘sh emasdi. Bu kursida Alijon Turumov yalpayib o‘tirar, o‘zini yuksak martaba sohibidek his etib, shirin xayollarga berilmoqda edi. Turumov Davron Davlatovichning eng ishongan odami edi. U xo‘jayinning har bir ishidan xabardor bo‘lar, u qo‘ltig‘idan kirib, bu qo‘ltig‘idan chiqar edi.
— Axir bu bedodlik-ku, — deya tutaqib ketdi Davron Davlatovich. Nega u hali lavozimga tayinlanmasdan turib bu kursiga o‘tirib olibdi? Nahotki u mening yuzimga oyoq qo‘ysa?
— Parvo qilmang, xo‘jayin, bugun bo‘lmasa ertaga u albatta shu kursining egasiga aylanadi.
— U mening ishonchimni qozongan edi.
— Avzoyidan u sizning hamma narsangizga ega chiqqan ko‘rinadi. Ajablanmasangiz ham bo‘ladi, dunyo o‘zi shunaqa — unda mardlar ham, nomardlar ham yashayveradi. Shu ikkovi o‘rtasidagi kurash hech qachon ado bo‘lmaydi.
Davron Davlatovich bir muddat jimib qoldi. 
— Qara-ya, Shopo‘lat, mana bu matohni shuncha payt ajoyib bir o‘yinchoqdek o‘ynab o‘tiribman-u, vaqtning shiddat bilan o‘tib ketayotganini, umrning tugab borayotganini xayolimga ham keltirmabman-a, — dedi keyin u stol ustidagi qumsoatni ushlashga chog‘lanib. Ammo ushlayolmadi. Bu makonda endi hech narsa, hatto, bir paytlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lgan mana shu qumsoat ham unga bo‘ysunmasdi. 
Ular tashqariga chiqishdi. Shahar ko‘chalari shovqin, odamlar har yoqqa shoshilishgan, mashinalar har yoqqa zuvillagan. Yuqoridan kuzatgan odamga goh zavqli, goh yoqimsiz tuyularkan.
— Shahrimiz chiroyli-ya, — dedi Davron Davlatovich o‘z kayfiyatini chog‘ qilishga urinib. — Senga bu yerdagi eng chiroyli uyni ko‘rsataymi? Bilasanmi u kimning uyi?
— Albatta, o‘zlariniki bo‘lsa kerak-da, taqsir.
— Barakalla, aqling zo‘r ishlaydi sening. 
Ikkovlon shaharning eng orasta ko‘chasidagi uch qavatli, go‘yo shohona qasrni eslatuvchi ko‘rkam uyga kelishdi va uy ichkarisiga kirishdi. Uydagi deyarli hamma jihozlar joyida edi-yu, lekin o‘rni bir qadar o‘zgargan edi. Negadir uyda biron tirik jon ko‘rinmasdi.
— Bolalarim ishga ketishgandir, lekin ayolim doim uyda bo‘lardi-ku, — hayron bo‘ldi Davron Davlatovich. 
Ular ancha vaqtgacha biron kimsa kelib qolishini kutib turishdi. Ammo hadeganda kutilgan kishilar darak beravermadi. Bir payt Davron Davlatovichga qandaydir nola eshitildi. Bu nolish olis-olislardan kelardi. 
— Axir, bu xotinimning ovozi-ku, — dedi u hayratlanib. — Qaerda ekan shu paytda? 
Ular ovoz kelayotgan tomonga shoshilishdi. Shahardan chiqib, bepoyon dalalar va qir-adirlardan oshib o‘tib, chekka bir qishloqdagi ovloq bir uyga yetib kelishdi. Haligi nola shu uydan taralgan, Davron Davlatovichning xotini joynamoz ustida o‘tirgan edi.
— O‘, tangrim, yomonlarning yuzini teskari qil, neki gunoh qilgan bo‘lsak o‘zing kechirgaysan, — deya iltijo qilardi ayol.
— Sho‘rim qurib qolgan ko‘rinadi, Shopo‘lat, — dedi Davron Davlatovich yig‘lagudek bo‘lib. — Men u bilan gaplashishim kerak. 
— Ha, mushtiparingiz siz qilgan gunohlar uchun ham yaratgandan kechirim so‘rayapti. Gaplashmoqchi bo‘lsangiz ayni muddao. Hozir ayolingiz duoga qo‘l ochib turibdi. Siz ham joynamozga o‘tiring-da, uning kaftlaridan ushlang. Keyin gaplashavering, u sizni ko‘rmaydi, ammo eshitadi. 
Davron Davlatovich xuddi shunday qildi. 
— Nega bu yerdasan? — dedi u.
Ayol avvaliga seskanib ketdi, atrofga alangladi. So‘ng yana ko‘zlarini yumib, javob berdi: 
— Begim, shaharga borib neki topgan bo‘lsangiz, hammasi o‘zingiz bilan birga ketdi. Faqat kindik qoningiz to‘kilgan mana shu makon, otangiz qurib ketgan shu ko‘hna uygina sizga vafo qildi.
— O‘zimizning uyimiz nima bo‘ldi? 
— Ishxonangizdan ko‘p kamomad chiqqan emish, uyimizni ham, jamiki mol-mulkimizni ham shuning uchun tortib olishdi. 
— Bo‘hton qilishibdi. Turumovdan yordam so‘ramadinglarmi?
— Bu ishlarning boshida uning o‘zi turgan edi.
— Xiyonat, naqadar razillik. O‘g‘lim qani, qizim-chi? 
— Shu ko‘rgiliklardan bezib, ikkalasi ham o‘rtoqlariga ergashib chet elga ketib qolishdi.
— Qo‘rg‘onimni qo‘riqlaydi, deb o‘g‘limga ishonib yurgan edim.
— Omonat qurilgan qo‘rg‘on vayron bo‘larkan, vayrona qo‘rg‘onga esa qo‘riqchi kerak bo‘lmas ekan, begim. 
Davron Davlatovich o‘rnidan sakrab turdi. O‘zini qayoqqa urishni bilmasdi, dunyoni larzaga solib hayqirgisi kelardi.
— Shopo‘lat, — dedi keyin u o‘zini biroz o‘nglab, — sen ham qo‘rg‘on qurganmisan? O‘ki tanholikda yashab o‘tib ketdingmi-a? 
— Nimalar deyapsiz, xo‘jayin, sizdan sakkiz yosh kattaligimni yaxshi bilasiz. Shuning uchun sizdan ancha avvalroq oila qurganman. To‘rt o‘g‘lim, to‘rt qizim bor. 
— Qo‘rg‘oning mustahkammi?
— Xudoga shukur, qo‘rg‘onim mustahkam va osoyishta. O‘zim bir umr mehnat qildim, bolalarim ham rizqini mehnatdan topishyapti. O‘rti nonim — rohati jonim, deb shuni aytsalar kerak. O‘g‘illarimdan ham, qizlarimdan ham tinchiganman, hammalari o‘z o‘rinlarini topib ketishdi. Har kuni mening haqqimga duo qilishayapti, baraka topgirlar.
— Baxtli ekansan, badavlat ekansan, buni bilmagan ekanman. Men esa avvalroq o‘lib ketsam bo‘larkan. Nega o‘shanda meni qutqarib qolgan eding? O‘ mendan qo‘rqqanmiding-a?
— Yo‘q, taqsir, sizdan hech qachon qo‘rqmaganman. Men faqat yaratganning qahridan qo‘rqdim. Darvoqe, siz voz kechib, axlat uyumlari orasiga tashlab ketganingiz norasida go‘dakning ham hayotda rizqi bor ekan.
— Nahotki? U tirikmi?
— Ha, uni men asrab oldim. Xotinim ham bolajon ayol, uni o‘z bolalarimizdek oq yuvib-oq taradi. Hozir o‘sha qizaloq ka-atta muallima. Lekin bu sirni men va xotinim hamda tangrimdan boshqa hech kim bilmadi. Agar parvardigorning qahridan, uvol va gunohdan qo‘rqmaganimda bechora go‘dak o‘sha chiqindilar orasida xazon bo‘lgan bo‘lardi.
Davron Davlatovichning xo‘rligi keldi. U butunlay mulzam bo‘ldi. Lekin ayni lahzada o‘sha sharmandali voqeani eslashni sirayam istamas edi. Uni hozir bundan ham og‘irroq narsa tashvishga solayotgan edi. Nihoyat dilidagi bu iztirob tiliga ko‘chdi:
— Mening oilam bunday xoru zorlikda yashamasligi kerak.
— Buni avvalroq o‘ylashingiz kerak edi, xo‘jayin, endi hech narsa qilib berolmaysiz. 
— Yo‘q, mening hali yashirib qo‘ygan pullarim bor.
— Hammasi qo‘ldan ketdi, deb hisoblayvering.
— Yur, men o‘sha pullarni senga ko‘rsataman. 
— Xojati yo‘q. Qorong‘i tushayapti, xo‘jayin, endi tinchgina joyimizga borib yotaylik.
— Iltimos, yuraqol endi.
Shopo‘lat noiloj unga ergashdi. Ular yana shaharga qaytib, ko‘pqavatli uyning o‘rta qavatidagi bir shinamgina uyga kirishdi. Bu uyda Davron Davlatovich suyub-erkalab yurgan bir ayol yashar edi. Lekin endilikda bu yerda boshqa oila yashayotganligini ko‘rib Davron Davlatovich hayron bo‘ldi. U oshxonadagi tokchaga mo‘raladi. Lekin yashirib qo‘yilgan javohirlardan asar ham qolmagan edi. Demak, bu uy sotib yuborilgan, deya o‘yladi u. 
Keyin ular yana o‘sha Davron Davlatovichning qasrmonand uyiga borishdi. Kech kirayotgan, uyning chiroqlari porlab, yanada ko‘rkamlashib ketgan edi. "Xayriyat, odam bor ekan", — dedi Davron Davlatovich. Ular uy ichkarisiga kirishdi. Biroq...
Bir paytlar Davron Davlatovich ishdan, majlislardan horib kelib, xotirjam dam olgan divanda haligi suyub-erkalab yurgan ma’shuqasi va Davron Davlatovichning ishonchini zabt etgan Turumov shakarguftorlik qilmoqda edilar. Davron Davlatovich hammasini tushundi. Uning barcha sirlarini ham, yashirgan davlatini ham faqatgina o‘sha Turumov bilardi. 
Davron Davlatovich endi chidab turolmadi. Pishqirgancha Turumovning bo‘g‘ziga chang soldi. Keyin ayolni savalay ketdi. Ammo ular hech narsani sezishmay oshiq-ma’shuqlik o‘yinlarini davom ettiraverishdi. Davron Davlatovich o‘zini yo‘qotar darajada ularni savalashdan to‘xtamas, o‘kirar, hansirar edi. Shopo‘lat esa uni to‘xtatishga behuda urinardi. 
— Bunday qilmang, endi befoyda, — dedi Shopo‘lat. — Vaqt allamahal bo‘lib qoldi. Yaxshisi, bu yerdan ketaylik, har kim o‘z o‘rnida aziz.
— Bu yoqda shuncha ko‘rgilik turib, qanday qilib ketaman, birodar, xonumonim barbod bo‘libdi-ku.
— Ha, sizga achinaman, xo‘jayin, tashvishingiz ko‘p ekan. Men esa boraqolay. Bunday mashmashalarga toqatim yo‘q, ming bor, uzr. Endi tinchgina orom olishim kerak, xayr, xo‘jayin.
— Xayr, birodar, — dedi Davron Davlatovich yig‘lab, — senga havasim kelayapti — tinching bor. Mening kulfatlarim esa endi boshlanayotganga o‘xshaydi.
Shopo‘lat qabriston tomonga yengilgina uchib ketdi. Son-sanoqsiz chiroqlari miltillab turgan sershovqin shahar ortda qoldi. Ko‘plab qabrlar uzra porlayotgan g‘ayrioddiy nurlardan qabriston charog‘on bo‘lib turardi. Binobarin, tirikligida xayrli ishlar qilib oxiratini bezagan ko‘pdan-ko‘p aziz insonlar shu manzilga dafn etilgan edi. Shopo‘lat ham o‘zining so‘nggi makonidan oxista qo‘nim topdi. U cheksiz farog‘atni his etib orom ola boshladi. Qancha yotganini bilmadi, bir mahal ko‘zini ochganida, ortda qoldirgan savob ishlari va oqil farzandlarining tilovatlari sharafiga qabriga ko‘kdan rahmat nurlari yog‘ilayotganligini ko‘rib, yana shukronalik bildirdi. Keyin u yoniga o‘girilib, Davron Davlatovichning qabriga nazar tashladi. Bu qabrga zarracha yorug‘lik tushmaganidan qop-qora tuproq sovuqqina do‘mpayib turar, uning  bir chetiga o‘rnatilgan bahaybat marmartosh esa qabr ustiga yanada dahshatli soya tashlab turardi. Davron Davlatovich ana shu qop-qora marmartoshga suyangancha horg‘in nafas olar, goh-goh marhumlarning oromini buzgudek alamli o‘kirib yuborar, keyin qaysidir qorong‘i yo‘laklar bo‘ylab telbalarcha daydib yurardi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.