OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Yaxshi odam (hikoya)

Qo‘limdagi piyola bexosdan tushib ketib, ichidagi choy to‘kildi, dasturxon ho‘l bo‘ldi. Irim-sirimlarga unchalik ahamiyat beravermayman-u, ammo ba’zan ertalabdan shunday hodisa bo‘lsa, ko‘nglimning bir chetida jindakkina g‘ulg‘ula uyg‘onib qoladi. Mana, bejizga emas ekan, ishxonamga kelishim bilan noxush xabar bitilgan telegramma oldim. "Farhod, Zamon muallim qazo qildi, ertaga soat o‘n birda so‘nggi manzilga kuzatamiz. Ilojing bo‘lsa yetib kel", deb yozilgan edi qog‘ozda. Shu lahzada birdaniga Zamon muallimning har qanday odamni sergaklantiradigan o‘tkir nigohi, hamisha o‘zgarmaydigan tund qiyofasi va keksayganda ham egilmagan alp qomati ko‘z o‘ngimda gavdalandi.
Shu barobarida esa xayolimning narigi yarim pardasida ko‘kraklaridan oqayotgan sutga qorishib ko‘z yoshlari ham duv to‘kilayotgan yalang‘och ayol paydo bo‘ldi. 
E-ha, bunga ko‘p yillar bo‘lgan. Qancha suvlar oqib ketdi. Lekin qachonki Zamon muallimni eslasam, u bilan birga o‘sha ayol ham xayolimga kelaveradi. Binobarin, u hayotimdagi unutib bo‘lmaydigan voqealardan biri edi. Har gal esimga tushib qolsa yuragim achishib, ko‘nglim behuzur bo‘lar, qo‘yib bersa ko‘zimga yosh qalqib chiqay deydi. Mana, hozir ham kutilmaganda qo‘llarim qaltirab, yelkam achishib ketdi. Har gal ana shu xotira uyg‘onganda ich-ichimdan yig‘lagim kelib, vujudim ozorlanadi. Achinish, nafrat, kuyunchaklik hislari bilan bir qatorda yuragimning eng tubida alangaga aylangan mamnunlik uchquni ham namoyon bo‘ladi. 
Ehtimol maktabda o‘qishlarim kutilmaganda jadallashib, to o‘qishni bitirgunimcha hamma sinfdoshlarimdan o‘zib ketganim, keyin institutga kirib, yaxshi natijaga erishganim va undan so‘ng tez fursatda dissertatsiyamni himoya qilib, olimlik maqomiga yetishganim hamda endilikda katgagina muassasaning rahbari bo‘lganim, umuman barcha-barchasiga o‘sha muallim va o‘sha ayol sababchi bo‘lgandir, deya o‘ylab qolaman. Shu fikrim to‘g‘ri, deb hisoblayman va bu albatta, adolatdan bo‘lur edi. Ana shu intilishlarimga, favqulodda paydo bo‘lgan g‘ayrat- shijoatimga boshqa biron sababning turtki bo‘lganini eslay olmadim. 
Aslida Zamon muallim meni maktabda o‘qitmagan (lekin hayotda yaxshigina dars berib qo‘ydi). Men birinchi sinfga borganimda u kishi nafaqaga chiqib ketgan ekan. Lekin to umrining oxirigacha ham hamma uni muallim deb bildi, muallim deb chaqirishar edi. Qahri qattiqligi, salobati, ko‘z va so‘zi o‘tkirligi bois ko‘cha-ko‘yda uni uchratganlar o‘zlaricha sergak tortib qolishardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men tengi bolalar ham Zamon muallimning salobati haqida ko‘p eshitaverib ko‘nglimizda allaqanday taassurotlar paydo bo‘lgan, ko‘cha changitib o‘ynab yurganimizda u kishiga duch kelib qolsak qo‘rqa-pisa salom berib, tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishga shoshilardik...  Xuddi hozir ko‘rib turgandek, aniq-tiniq mana, bor bo‘yi bilan ko‘z oldimga keladi: ko‘zlaridan yosh, ko‘kraklaridan sut oqayotgan o‘sha yalang‘och ayol. Men ko‘rgan bu manzarani agar birorta rassom ko‘rganida, chizgan surati bilan, albatta  Leonardo da Vinchidan o‘zib ketardi va bu bir lahzalik xilqat shunchaki xotira sifatida birgina guvohning o‘zi bilan yo‘q bo‘lib ketmasdan, balki buyuk asarga aylanib, bashariyatning bebaho mulki bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Afsuski, men  rassom ham,  shoir yoki adib ham bo‘lmadim. 

*   *   *

Bola ko‘targan yoshgina ayol paydo bo‘lib qolganligi butun qishloqqa bir zumda tarqaldi. O‘shanda men endigina yettinchi sinfni tugatayotgan edim va kattalar orasida og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradigan bunday mish-mishlaru olag‘ovur gaplarga unchalik e’tibor bermasdim. Lekin bu galgi duv-duv tarqalayotgan gap esini tanigan odam borki, og‘ziga ko‘cha boshladi. Bunday olganda, bola ko‘targan daydi ayol qishloqlarga hadeganda kelib qolavermaydi-da. Buning ustiga u anchagina chiroyli ham ekan. 
Hammadan oldin uni shaharga qatnaydigan avtobuslar to‘xtab o‘tadigan bekat yonidagi choyxonada mayxo‘rlik qilib, o‘tgan-ketganga gap otib o‘tiradigan betayin kishilar ko‘rishgan. Aslida har qanday mish-mish birinchi bo‘lib o‘shalardan tarqaladi. (Ular har qanaqa gapga o‘zlari bichgan to‘nni kiygizib, keyin hammaga ovoza qilishadi). Ayol bir-ikki kun hali unikida, hali bunikida qo‘nim topib yurdi. Tez orada uning kimligi, qaerdan kelganligi ma’lum bo‘lgach, u mutlaqo ko‘chada qoldi. Kimning ostonasiga bosh urib bormasin, eshiklar taqa-taq yopilardi. 
O‘sha paytlar bahor fasli bo‘lishiga qaramasdan, saharlarda shudring o‘rniga yerga un elagan kabi yupqagina qirov to‘shalardi. Ayol go‘dagini opichlab, goh bekat ayvonidagi tosh o‘rindiq ustida, goh do‘kon omborxonasining yonida tong ottirardi. Lekin har kuni albatta uxlash joyini o‘zgartirardi menimcha, u kechalari odamlardan qochib yurardi.     
 
Men uni birinchi marta Samad tog‘amnikida to‘yda ko‘rdim. Kechqurun to‘y boshlanganda biz bolalar bilan to‘yxona tashqarisida quvlashmachoq o‘ynamoqda edik. Ayol qayoqdandir keldi-da, qo‘rqa-pisa to‘yxonaga yaqinlashdi. 
— Jo‘ralar, qaranglar, haligi ayol kelibdi , ana, qo‘lida chaqalog‘i ham bor, — dedi bolalardan biri baqirib. 
Hamma u tomonga qaradi. Chiroqning xira tushib turgan yorug‘ida ko‘rdimki, ayol yoshgina, haqiqatan ham chiroyli edi. Shirakayf bo‘lib olib, qorong‘ida sigareta chekib o‘tirgan bir necha bebosh yigitlar uni ko‘rishlari bilan atrofini o‘rab olishdi va tegajoqlik qilib qorong‘ilikka sudray boshlashdi. Ayol ularga yolvorib, yig‘lamoqqa tushdi. Ayolga rahmim kelganidanmi, bilmadim, ichim achishib, sal bo‘lmasa yig‘lab yuboray dedim. Shu tobda o‘rtoqlarimni ham unutib, ichkariga chopib kirdim-da, buni hammamga aytdim. To‘rt-besh chog‘li xotinlar shosha-pisha ko‘chaga yugurib chiqib: "Hoy, benomuslar, nima qilayapsizlar, bir imonli odamning to‘yini buzayapsizlar-ku",— deya yigitlarni koyib, daydi ayolni ularning changalidan ajratib olishdi. Keyin uni o‘zlari bilan birga ichkariga olib kirib ketishdi.      
Ayol chamasi ertalabgacha shu yerda idish-tovoq yuvdi, to‘yxonani saranjomlab, supurib-sidirdi. Men ham o‘sha kuni to‘y sohiblarining uyida yotib qoldim. Nima uchundir allamahalgacha o‘sha ayolning harakatlarini, yurish-turishini kuzatdim. Unga azbaroyi rahmim keldi chamasi. U oshxona poygagidagi isqirt sholcha ustiga eskigina ko‘rpachani to‘shab, yig‘layotgan chaqalog‘ini yotqizdi va engashib uni emizdi. Go‘dak uxlab qolgach, u chaqqonlik bilan idishlarni yuvdi. 
Tong mahali o‘rnimdan turganimda ayol xizmati evaziga olgan tugunni ko‘targancha hovlidan chiqib ketayotgan ekan. U toliqqanidan bo‘lsa kerak, oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosardi. 
Shundan so‘ng ancha vaqtgacha bu ayolni qayta uchratmadim. Lekin u haqidagi bo‘lar-bo‘lmas g‘iybat gaplar tez-tez qulog‘imga chalinaverardi. Bir kuni tuz olib kelgani choyxonaga borganimda (bunaqa mayda-chuydalarni uyimizga yaqin bo‘lgani uchun choyxonachidan sotib olardik) ayni o‘sha g‘iybatning ustidan chiqdim. Shu paytda o‘sha ayol ko‘chaning narigi tomonidan o‘tib borayotgan edi. Vino ichib, qarta o‘ynab o‘tirganlardan biri pixillab kuldi: 
— Qaranglar, anavi suv parisi haliyam daydib yuribdi, — dedi u boshqalarniyam tilini qichitish uchun. 
— Qanaqasiga suv parisi bo‘lsin, it tekkan qovun-ku, — dedi boshqasi aftini bujmaytirib. 
— O‘zi nega bu yerlarda tentirab yuribdi? — dedi yana biri o‘zini go‘llikka solib. 
— Haliyam xabaring yo‘qmidi. Surishtirib bildik, u Bo‘ronlidan ekan-ku.  Bo‘ronlining yigitlari uni aldab, rosa ermak qilishgan ekan. Uni deb bir yigit ham o‘lib ketan emish. Qisqasi, u bilan don olishganlar ko‘p ekan. Bo‘ronliliklar ham o‘zimizga o‘xshab origa mahkam odamlar. Otasi nomusga chidayolmay, qizini oq qilibdi. Qishloq ahli ham shuni kutib turgan ekanmi, sharmisor qizni Bo‘ronlidan badarg‘a qilishibdi. Shuning uchun bizning qishloqqa kelib qolgan ekan. Suv parisining dostoni mana shunaqa, Boqivoy. Dunyodan bexabar yurgan ekansan-da shu paytgacha, he omon bo‘lgur. 
Ularning g‘iybatlari bolalagandan-bolaladi. Bir payt haligi ayol to‘g‘ri choyxonaga kirib keldi. Choyxonachidan bir kosa ovqat so‘rab, poygakka yaqin joydagi stol yoniga o‘tirdi. Qarta o‘ynayotganlar piching qilib gap ota boshlashdi. Ayol esa go‘dagini bag‘riga mahkam bosgancha, ularga e’tibor ham bermasdan ovqatini yeyaverdi. Chamasi bunday qochirim gaplarni eshitaverib  allaqachon uning diydasi qotib ketganga o‘xshardi. Nogahon u menga termulib qaradi. Falati bo‘lib ketdim. Shunda qachondan beri undan ko‘zimni uzmay tikilib qolganimni sezib, o‘z-o‘zimdan uyalib ketdim. Ayol bamaylixotir ovqatlanib bo‘lgach, endigina o‘rnidan qo‘zg‘algan edi hamki, boyadan beri unga gap otib jag‘i og‘rimayotganlardan biri nihoyat joyidan turib, u tomonga yurdi va tegajoqlik qila boshladi. Ayol avvaliga muloyim gapirdi. Erkak uning bilagidan ushlaganda esa ko‘zlaridan o‘t chaqnagandek bo‘lib: "Hech bo‘lmasa qo‘limdagi go‘dakka rahming kelsa bo‘lardi, iymonsiz", — deya uning yuziga chunonam tufladiki, erkak bir zum karaxt bo‘lib qoldi. Keyin mushtini do‘laytirib ayolning ustiga bostirib borayotganida boshqalar uni ushlab qolishdi. 
— Qo‘yib yuboringlar, o‘ldiraman fohishani, — dedi haligi odam o‘shqirib. 
— Fohisha bo‘lib hech biringiz bilan shakarguftorlik qilganim yo‘q. Hartugul sizdan ko‘ra pokizaroq bo‘lsam kerak, — deya ayol ko‘zlariga yosh qalqib, choyxonadan chiqib ketdi.
Yuziga tuflangan odam bo‘kirib so‘kingancha yulqinardi. Lekin sheriklari to ayol ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha uni qo‘yib yuborishmadi. "Shu fohisha bilan tenglashib o‘tirasanmi, o‘zingni bos", — deb taskin berishdi ular. 
Bu voqeadan keyin ayol qishloqda ko‘rinmay qoldi. U haqdagi g‘iybatlar ham asta-sekin unutila boshladi. Biroq yozning o‘rtalarida uning yana qishloqda paydo bo‘lib qolganligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Nima uchundir o‘sha ayolni dabdurustdan uchratib qolgim kelardi. Nihoyat bir kuni biqinim og‘rib, otam bilan kasalxonaga borganimda uni uchratdim. Doktorning qabulida bemor borligi sababli biz yo‘lakda navbat kutib turgan edik. Shunda haligi ayol chinqirib yig‘layotgan bolasini ko‘tarib kirib keldi. U ham yo‘lakda biroz navbat kutib turdi. U sochlari to‘zg‘igan, ko‘ylagi unniqib ketgan, kalishi yirtiq, butunlay abgor ahvolda go‘dagini ovutolmay diydirab turardi. Unga yana uzoqroq tikilib qolgan ekanman, otam tirsagimdan asta turtib, tomoq qirib qo‘yganida cho‘chib tushdim. 
Qabulxonada turganlarning go‘dakka rahmlari keldi shekilli, ayolni benavbat ichkariga kiritib yuborishdi. Qiya ochik, eshikdan ayolning yig‘lab-yolvorishlari eshitilar edi: 
— Shu go‘dakkinaning hayotini saqlab qoling, doktor. Mening bu hayotda boshqa umidim qolmagan. Faqat shu bola borligi uchun yashab yuribman. Umrbod eshigingiz tagida xizmatkor bo‘lay, yordam bering. 
— Ertaroq qaerda eding, qizim, — dedi oppok, sochli, ozg‘indan kelgan keksa doktor. — Vaqt o‘tganidan keyin yalinib-yolvorganing nimasi. Tinchingni o‘ylagandirsan-da. 
— Bolam betob bo‘lsa, menda halovat bo‘larmidi?! Tabiblarga ham bordim, doktorlarga ham uchrashdim. 
— Xo‘sh, ular davolasholmadimi? 
— Tabiblar, puling bo‘lsa kelarsan, deyishdi. Doktorlar o‘zlarini olib qochishdi. 
— Afsus, qizim, vaqtida kelganingda ehtimol yordamim tegib qolardi. Sen o‘zingni qo‘lga ol.  Har kim Xudo bergan umrni yashaydi. Shu lahzada men mutlaqo  ojizman. 
Ayol o‘ksib-o‘ksib yig‘lab, go‘dakni mahkam quchoqlab chiqib ketdi. Hamma unga qarab turardi. Lekin u hech kimni ko‘rmadi, hech kimni ko‘rishni istamasdi ham chamamda. 
—Ha, o‘g‘lim, nega yig‘layapsan? — dedi otam kutilmaganda. 
Og‘riqni ham butunlay unutib, shu tobda faqat o‘sha ayolga diqqatimni qadagan, unga qo‘shilib yum-yum yig‘layotgan ekanman. 
— Ichim og‘riyapti, — dedim sir boy bermaslik uchun biqinimni ushlab. 
O‘shandan keyin har kuni o‘sha ayol tushimga kirib chiqadigan bo‘ldi. Har kuni deyarli bir xil tush: ayol sochlarini yulib, yoqasini yirtib yig‘lar, yo‘qolib qolgan go‘dagini axtarar edi. 
Oradan bir haftalar o‘tgach, bir kuni sigirimiz yaylovdan qaytmadi. 
Cho‘pondan so‘ragan edim: "Xabarim yo‘q, ehtimol kolxozning dalasiga oralab ketgandir. Judayam qaysar, rasvo mollaring bor o‘zi", — dedi qo‘rslik bilan. Keyin sigirni qidirib yaylovga qarab ketdim. Quyosh ufqqa kirayotgan mahal edi. Qorong‘i tushmasdan topib kelish uchun tez-tez qadam tashlab borardim. Qirdan oshib o‘tib, bahorgi sellardan hosil bo‘lgan qup-quruq soy ichidan yurib borayotgan edim, bir payt kutilmaganda soy ichida cho‘k tushib o‘tirgan ayolga duch kelib qoldim. U nima uchundir ingrab-ingrab ko‘kraklarini ezg‘ilayotgan edi. Meni ko‘rishi bilan bir zum angrayib qoldi. Bunday g‘alati manzarani birinchi marta ko‘rib turganim bois oyoqlarim qaltirab, "shilq" etib qum ustiga o‘tirib qoldim. U tipratikan singari g‘ujanak bo‘lib tizzalarini quchoqlab olgan, qarashida alam, iztirob va qo‘rquv aralash ajablanish mujassam edi. Balki u mening kutilmaganda osmondan tushgandek paydo bo‘lib qolganim va benihoya hayratdan chaqchayib ketgan ko‘zlarimdan qo‘rqib talvasaga tushgandir. Binobarin, men o‘zimning o‘sha lahzadagi holatimni tasvirlab berolmayman. Bir-birimizga qancha vaqt tikilishib turdik, bilmayman. Shu qarashda har ikkimiz ham "Nega bunday bo‘ldi, nega bunday o‘tiribmiz?" deya bir-birimizga unsiz savol berar va unga nigohlarimizdan javob axtarayotgan edik, chamamda. 
Bir payt ayol o‘rnidan turib, qomatini adl tutdi. Shu ko‘yi ham mendan ko‘zini uzmasdi. Bir qadam oldga yoxud orqaga tashlamadi ham. U butunlay yalang‘och edi. U ana shu holatida silliq oppoq marmardan o‘ta mahorat bilan ishlangan nafis haykalga o‘xshardi nazarimda. To‘zg‘igan qora sochlari uning noyob go‘zalligiga naqadar yarashib tushgan edi. Tim qora ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan yoshlar ikki irmoq hosil qilib, yuzi va bo‘yni uzra oqib tushib, ikki ko‘kragidan sirqirab oqayotgan sutga tutashib ketgan va bu irmoqlar uning badani, oyoqlari uzra yo‘l solib, qumga singib borayotgan edi. Bu manzarani ko‘rganim zahot yuragim qinidan chiqqudek "duk-duk" urib, quloqlarim shang‘illay boshladi. Nazarimda, ulkan marmar tog‘ qoyalaridan oppoq sutga to‘la ikki daryo shovullab oqib tushib, yer qa’riga singib ketayotganga o‘xshardi. 
— Nega menga bunday qarayapsan? — dedi ayol o‘rnidan jilmay. — Yalang‘och ayolni ko‘rmaganmisan? 
Men o‘ng‘aysizlandim. Qayoqqqa o‘girilishimni bilmasdim. Gapiray desam tilim lol, o‘rnimdan turay desam, oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmas edi. Lekin baribir ko‘zimni undan uza olmasdim.      
— Mening mana shu tanamdan boshqa hech narsam qolmadi. Endi na biror yaqinim, na orzu-umidlarim va na hayotim bor, — dedi ayol hamon unsiz yig‘lab. 
— Ko‘kragimdan oqayotgan sut bolamning haqqi edi. U hozir tuproq ostida. Mening esa hech kimga keragim yo‘q, na yerga, na osmonga. Bu dunyoda yurishim faqatgina odamlarning g‘iybatlariga mavzu bo‘lishdan boshqaga yaramay qoldi. Ular g‘iybatdan huzur oladilar. Men haqimda nimalarni to‘qib-bichishmayapti. Hech narsani bilmay turib, fohishaga ham chiqarib bo‘lishgan. Sen ularga ishonma. Men nopok emasman. Faqat sevgi dardiga mubtalo bo‘lganman. U yigit olisda edi, juda ham olisda. Yovuzlar joniga qasd qilishdi. Bolam sevgilimdan yodgorlik edi. Yaratgan egam shuni ham ko‘p ko‘rdi. O‘smirgina ekansan, sevishga ehtiyot bo‘l. Yaxshisi, bu dardga men kabi mubtalo bo‘lmaganing ma’qul. Bu g‘iybatlarga to‘la biyobonda sevib ham, sevilib ham bo‘lmas ekan. Bu odamlar muhabbatni ham gunoh sanashadi. Bu juda yomon dard, ukajon. 
Ayol hamon tik turgan ko‘yi gapirardi-yu, kuz yoshlari shovullar, ko‘kraklaridan sirqirab sut oqar, ochofat qum esa ularni tamshanib-tamshanib yutib ketmoqda edi. 
Shu payt qoq tepamda kimningdir qahrli yo‘talgani eshitildi. Ilon chaqqandek seskanib yuqoriga qaradim. Zamon muallim qo‘llarini orqasiga qilib, ko‘zlarini menga o‘qdek qadab turardi. Qayoqdan kuch topdim, bilmadim, qumlarni to‘zg‘itib sakrab o‘rnimdan turdim. Bir ayolga,  bir muallimga qaradim. Ayol yana boyagidek g‘yjanak bo‘lib olgan, peshonasini tizzalariga qo‘yib, hiqillab yig‘lamoqda edi. 
— Buyoqqa chiq, — dedi muallim vajohat bilan. Sakrab yuqoriga chiqdim. 
Muallim qulog‘im ostiga shunday tarsaki tushirdi-ki, boshim g‘uv aylanib, uch-to‘rt  qadam nariga yiqilib tushdim. 
— Men... men... — dedim zo‘rg‘a o‘zimni o‘nglab. 
— Qolganini uyda otangdan olasan, — dedi muallim. 
— Otamga aytmang... Men hech narsa qilganim yo‘q. Tasodifan... 
Ayol juldur ko‘ylagiga o‘ranib, hamon ingrab yig‘lamoqda edi. Ammo muallim unga qaramadi, e’tibor ham bermadi. U ko‘zlari vujudimni teshib yuborgudek bo‘lib menga tikilib turardi. Bir zum o‘ylanib turgach, eshakka bog‘langan arava tomon yurdi. Arava ustiga bir g‘apam qurigan yantoq ortilgan edi. 
— Yaxshi, — dedi muallim arava yonida to‘xtab, — unday bo‘lsa seni o‘zim jazolab qo‘ya qolaman. Agar shu jazoga chiday olsang, bu sir o‘rtamizda qolishi mumkin. 
Shoshganimdan yiqila-surina uning oldiga bordim. 
— Ko‘ylagingni menga ber, — dedi u hamon vajohatidan tushmay. Darrov yechinib ko‘ylagimni uzatdim. — Endi engashib tur. 
Men uning buyrug‘iga itoat qilib engashib turdim. Maqsadini esa juda yaxshi tushungan edim. U panshaxa bilan arava ustidan kattakon bir dasta yantoqni oldi-da, yelkamga qo‘ydi. Ko‘zlarimdan o‘t chiqib ketay dedi. Ingrab yubordim. 
— Ha, og‘irlik qildimi? — dedi muallim bamaylixotir. — Shu paytda bundan  ko‘ra yengilroq jazoni topish mushkulroq. Hechqisi yo‘q, chidaganga chiqargan. Qani, endi oldimga tushgin-da, shu yantoqni uyimga eltib ber. Agar yo‘lda yelkangdan tushirib yuborsang, ustiga yana bir dasta qo‘shaman. Xavotir olma, kech kirib qoldi, hech kim ko‘rmaydi. 
Men indamay yo‘lga tushdim. U esa eshagini yetaklab ortimdan kelaverdi. 
Inqillab qadam tashlardim-u, tikanlar badanimga qadalib, jonimni syg‘ypib olgudek bo‘lardi. Shunday bo‘lsa-da, yantoqning yelkamdan tushib ketishidan juda- juda xavotirlanar edim. Chunki Zamon muallim bir so‘zli odam, aytganini qiladi: yelkamdagi yantoqni tushirib qo‘ysam, ustiga yana bir dasta qo‘shib, jazoni ikki hissa orttiradi. O‘zi shundog‘am yelkamga bahaybat dev minib olib, pichoq sanchib ketayotgandek tuyulmoqda. "Mayli, shunisiga ham shukr", — der edim baribir o‘zimga dalda berib. Axir, bu jazo borib otamga chaqib berishidan ko‘ra ming karra yengilroq edi. Agar otamga aytib berganida nima bo‘lardi? Hayotimning u yog‘ini tasavvur qilolmayman. Aniqrog‘i, tasavvur qilishga qo‘rqaman. O‘zimni oqlashga qanchalik urinmay, baribir hech kim menga ishonmas edi. Binobarin, hech ish qilmasam ham, o‘sha qip-yalang‘och ayolga ko‘zimni lo‘q qilib tikilib o‘tirganimning o‘ziyoq har qanday jazoga loyiq ulkan gynoh edi. 
Yovshanlarga qoqinib-surinib ketib borayapman. To‘xtab ortimga qaramoqchi bo‘lsam, Zamon muallim tahdidona tomoq qirib yo‘talib qo‘yadi. Inqillab, yana yurishda davom etaman. Tikanlar orqamni ilma-teshik qilib tashladi. Og‘riq jon-jonimdan o‘tib ketdi. Jiqqa terga botdim. Ko‘zlarimga yosh quyilib kelayapti. Ehtimol yelkamdan ter emas, qon oqayotgandir. Nima bo‘lganda ham chidashim kerak. Shu tobda qishloq ham million chaqirim olisda qolgandek tuyulardi. Oqshom cho‘kayotganidanmi yoki og‘riq azobidanmi, ko‘z oldim qorong‘ilashib bormoqda edi. Hatto nafas olishga ham qiynalib, hansiray boshladim. Endi ko‘zimga hech narsa ko‘rinmas, hech narsani o‘ylagim ham kelmasdi. Lekin o‘sha qorong‘i zulmat ichida ko‘z oldimga faqat haligi ayol, uning ko‘kraklaridan ikki irmoq bo‘lib oppoq sut oqayotgan oppoq marmardek tani bot-bot kelmoqda edi. Hammasi uni deb bo‘ldi. Uni deb mana shu azobga duchor bo‘lib o‘tiribman. Ammo shunda ham negadir undan olislanib borayotganim uchun o‘zimni koyiyotgan, qaytanga shunday nafis, pokiza hilqatga shafqat qilmagan odamlardan tobora nafratlanib borayotgan edim. 
— To‘xta, — dedi muallim, — yelkangdagini shu yerga tashlasang bo‘ladi. 
Zamon muallimning hovlisiga yetib qolgan ekanmiz. Yantoqni darvoza oldiga tashlab, qaddimni rostladim. Suyaklarim sirqirab ketdi. Yelkam qattiq achishdi. Badanimga minglab tikanlar sanchilib qolganini sezib turardim. 
— Barakalla, — dedi muallim miyig‘ida kulib, — mana endi o‘sha voqeani unutsak ham bo‘laveradi. Lekin butunlay unutib yuboradi deb xomtama bo‘lma. Agar yana biron nojuya ish qilgudek bo‘lsang mendan o‘pkalama. 
Men "xo‘p" degandek bosh qimirlatdim-da, uyga chopdim. Ikki kun isitmalab yotdim. Badanimdagi tikanlarni terib olishdi. Chuqurga yiqilib tushdim, deb bahona qildim. Ilma-teshik bo‘lib ketgan yelkamga bir hafta malham surtib yotdim. Ana shu bir hafta ichida ham ko‘z oldimga faqat o‘sha ayol kelaverdi. Uxlasam, tushimda ham o‘sha manzara. Lekin shundan so‘ng uni qayta uchratmadim. O‘sha yaylovga borishga hali-hamon yuragim betlamaydi. Zamon muallimni eslaganda esa yelkam uvishib ketadi. Biroq baribir undan minnatdorman. U bir so‘zli odam edi, yaxshi odam edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.