OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ayoz

O‘tgan zamonda Xundarxon degan bir podsho o‘tgan ekan. Uning Malikaxon degan xotini bor ekan. Podsho bu xotinidan to‘qqiz qiz ko‘rgandan keyin, xotini yana homilador bo‘libdi. Bir kun podsho xotiniga:
— Men sen bilan shuncha yil umr qilib, oh-voh bilan o‘tdim. Har safar homilador bo‘lganingda, bu gal o‘g‘il tug‘ar deb yuraman, lekin qiz tug‘asan. Bu safar ham qiz tug‘sang, jahl ustida seni o‘ldirib qo‘ymayin deb, ovga chiqib ketyapman. O‘g‘il tug‘sang, mening orqamdan xabar yubor, bordi-yu, qiz tug‘sang, kelgunimcha uyni bo‘shatib qo‘y, — deb otiga minib jo‘nabdi.
Shu kuni yarim kechada podshoning xotini yana qiz tug‘ibdi. Malika momo xotinga:
— Otasi: “Qiz tug‘sang, kelgunimcha uyni bo‘shatib qo‘y”, degan edi. Menga bolani yo‘rgaklab bering, men boshim oqqan tomonga ketayin, — debdi.
Kampir:
— Ey, jon bolam, shunday saltanat-dabdabani tashlab, ikki ko‘zingni yoshlab, qayoqqa borasan? Sen mening gapimga kirgin-da, o‘n besh tilla pul bilan qizingni menga ber. Shu atrofda besh-oltita homilador xotin: “Momo, bizdan xabar olib turing”, deb aytgan edi. Shulardan birontasi o‘g‘il tug‘gan bo‘lsa, o‘n besh tillani berib, qizingni alishtirib kelaman, — debdi.
Malika suyunib o‘n besh tilla berib:
— Ilohim, toleimga birortasi o‘g‘il tug‘gan bo‘lsin, — deb kampirni jo‘natibdi.
Kampir bola bilan o‘n besh tilla pulni olib, bir eshik yonida to‘xtab uni taqillatibdi. Uydan bir bola chiqib:
— Ey, ena, nimaga chaqirdingiz? — deb so‘rabdi.
— Sening onang ikkiqat edi, “Mendan xabar olib turing”, degan edi. Onangdan xabar olgani keldim, — debdi. Bola:
— Dadam bir yoqqa ketgan edi, onam inqillab yotibdi, yaxshi kelibsiz, ichkariga kiring, — debdi.
Kampir ichkariga kiribdi, homilador xotin qiynalib yotgan ekan, unga qarashibdi. Keyin xotin bir o‘g‘il tug‘ibdi. Kampir unga:
— Ey bolam, sen o‘g‘il tug‘ding. Mana bu qiz podshoning qizi edi. Sen o‘n besh tillani ol, o‘g‘lingni menga ber. Ering kelsa, qiz tug‘dim deysan-qo‘yasan. Men o‘g‘lingni podshoning xotiniga olib borib beraman, — debdi.
U xotin ham to‘rtta o‘g‘il tug‘gan ekan. Eri: “Bitta ham qiz tug‘mading”, deb yurar ekan. Xotin xursand bo‘libdi, o‘n besh tilla bilan qizni olib, o‘g‘lini kampirga berib yuboribdi. Kampir o‘g‘ilni olib, qo‘yniga solib, malikaning yoniga boribdi. Podshoning xotini bolani qo‘liga olib quvonibdi, podshoga chopar yuboribdi.
Podsho malikaning tug‘ganini eshitib, borgan kishiga ko‘p suyunchi beribdi, ovdan qaytib: “Men ham o‘g‘il ko‘rar ekanman”, deb xursand bo‘lib, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib beribdi. Bola uch yashar bo‘lganda, podsho xatna to‘yi qilibdi.
Bola olti yashar bo‘lganda podsho katta dasturxon qilib, bolani qo‘lidan yetaklab maktabga olib boribdi. Domlaga: “Eti sizniki, suyagi bizniki, yaxshi o‘qiting”, deb tayinlabdi.
Domla, “Bolani urib-so‘ksam, ko‘ngliga ozor bersam, borib otasiga aytadi, podsho meni hukmikushga buyursa, hech kim meni ajratib ola olmaydi”, deb o‘ylabdi. Bolani yetti qavat ko‘rpachaning ustiga o‘tqazib, ko‘p izzat-ikrom bilan o‘qitib yuribdi.
Oradan bir oy o‘tgandan keyin podsho o‘g‘lidan:
— O‘g‘lim, domlangiz qalay? —deb so‘rabdi. O‘g‘li:
— Ey, ota, domlam meni yaxshi ko‘radilar, yetti qavat ko‘rpachaga o‘tqazib o‘qitadilar, — debdi. Podsho bolaning gapiga razm solib:
— O‘g‘lim, endi domlaning oldiga sira bormang. U sizni o‘qita olmas ekan, — debdi. Ertasigayoq o‘g‘lini boshqa maktabga olib boribdi.
Podshoning o‘g‘li maktabga borib yuribdi. Oradan besh-olti kun o‘tgandan keyin podsho o‘g‘lidan:
— O‘g‘lim, u domlangiz qalay? — deb so‘ragan ekan. Bola:
— Bu domlam u domladan ham yaxshi ekan, — debdi. Podsho:
— Bo‘lmasa endi bu domlangiznikiga ham bormang, — debdi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin podsho dasturxon qildirib, bir piyola tanga olib, yana bir domlaning darsxonasiga olib boribdi.
Domla podshoga:
— Fuqaroingizning bolalarini qanday o‘qitsam, sizning o‘g‘lingizni ham shunday o‘qitaman. Ilm degan narsa qiyinchilik bilan egallanadi. Shunga rozi bo‘lib, qo‘lingizdan qog‘oz bersangiz o‘qitaman, bo‘lmasa yo‘q, — debdi.
Podsho rozi bo‘libdi, o‘g‘lini maktabga berib ketibdi. Bola maktabga bormay desa, otasidan qo‘rqadi, maktabga borsa, domla zax yerga o‘tqazib qo‘yib, “Tez-tez o‘qi”, deb qistaydi.
Shu ahvolda bola olti yil o‘qib, o‘n ikki yoshga kiribdi. Bir kuni bola otasiga domladan shikoyat qilib:
— Domlaning qiynog‘idan zerikdim, men endi o‘qib bo‘ldim, shu ilm ham menga yetadi, — debdi.
Podsho:
— E, o‘g‘lim, hali yoshsiz, ko‘p o‘qishingiz kerak, — desa, o‘g‘li:
— Men o‘zim katta mulla bo‘lib qoldim, endi o‘lsam ham o‘qimayman, — debdi.
— Agar mulla bo‘lib qolgan bo‘lsangiz, maktabga borish, bormaslik sizning ixtiyoringizda. Dunyoda to‘rt yomon narsa bor, shu narsalarni aytib bersangiz, sizning mulla bo‘lib qolganingizni e’tiborga olaman, aytib bera olmasangiz, yana shu domlangizda o‘qiyverasiz, — debdi podsho.
Bola maktabga bormay: “Shu to‘rt yomon narsani bilib, otamga aytib bermasam, domladan qutulmas ekanman”, deb dalaga chiqib qo‘sh haydab yurgan bir dehqonning yoniga borib:
— Yur bu yoqqa! — debdi. Dehqon:
— Sen o‘zing kimsan, menga ”Yur bu yoqqa”, deyishga nima haqqing bor!? — debdi.
— Meni bilmaysanmi? Men podshoning o‘g‘li bo‘laman! — debdi.
— Podshoning o‘g‘li bo‘lsang bo‘libsan-da, nega menga “Yur bu yoqqa”, deysan, — debdi.
— Otam “Dunyoda to‘rt yomon narsa bor, shuni bilib kelgin”, degan edi. Shuning bittasini topdim. Bu — sen. Agar yaxshi odam bo‘lsang, silliq yerning yuragini yorib, g‘adir-budir qilarmiding, yur bu yoqqa! — deb dag‘dag‘a qilibdi.
Shunda dehqon:
— Sen meni otangning oldiga olib bormagin. Тo‘rt yomon narsani o‘zim aytib beray. Ammo otang mening aytganimni bilmasin. Otang: “Тopib keldingmi, qani ayt!” desa, qushlarning ichida kalxat yomon, hayvonlarning ichida xachir yomon, to‘qayda to‘ng‘iz yomon, odamlar orasida laqmasi yomon, degin, otang xursand bo‘ladi, — debdi.
Bola bularni bilib ketgan ekan, otasining oldiga yetgan ekan.
— E, o‘g‘lim, nimaga kelding? — deb otasi so‘rabdi.
— Siz aytgan to‘rt yomonni topib keldim: qushlarning ichida kalxat yomon, hayvonlarning ichida xachir yomon, to‘qayda to‘ng‘iz yomon, odamning ichida laqmasi yomon, — debdi.
— O‘g‘lim, bu gapni o‘rgatganning o‘zi yomon. Kimki senga bu gapni o‘rgatgan bo‘lsa, yoningda turgan navkarni olib borib, o‘sha odamni ko‘rsat, bu yerga uni olib keladi, — deb o‘g‘lining yoniga bir odam qo‘shib yuboribdi. Bola navkarni dalaga olib chiqib qo‘sh haydab turgan odamni ko‘rsatibdi:
— Ana shu odam, — debdi. Podsho yuborgan odam dehqonning yoniga boribdi:
— Bu bolaga gap o‘rgatganingiz uchun podsho sizni chaqiryaptilar, yuring, — debdi, dehqon navkar bilan podshoning oldiga boribdi.
— Bizning o‘g‘ilga to‘rt og‘iz gapni siz o‘rgatdingizmi?
— O‘g‘lingiz so‘ragan edi, aytdim.
— Sizning otingiz nima?
— Mening otim Ayoz.
— Ey, Ayoz, o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y. Men o‘qishdan qolmasin deb, undan hech kim bilmaydigan gapni talab qilgan edim. Sen shunday gapni bilar ekansan. Sendan ancha maslahat chiqadiganga o‘xshaydi. Mening o‘nta vazirim bor, seni ham vazirlikka oldim, — deb o‘ziga vazir qilib olibdi.
— O‘g‘lim, sizning birovdan o‘rganib olgan gapingiz e’tiborga olinmaydi, endi siz maktabingizdan qolmang, — deb podsho o‘g‘lini yana maktabga jo‘natibdi.
Ayoz podshoga vazir bo‘lib qolgan ekan.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin podshoning xizmatchisi uning otini sug‘orish uchun yetaklab olib o‘tib ketayotgan ekan, podsho ichida “Yangi vazirni bir sinab qo‘yay”, debdi-da:
— Ayoz, bu ot qalay, senga yoqadimi? — debdi. Ayoz:
— Otingiz otjon ekan-u, enasi moljon ekan-da, — debdi.
— Buni otjon deganing yaxshi, enasi moljon ekan, deganing nimasi? — debdi podsho. Shunda Ayoz:
— Тaqsir, shu otni sizga kim olib kelgan bo‘lsa, o‘shandan so‘rang. Bu otning enasi otmi, molmi ekanini keyin bilasiz, — debdi.
Podsho darrov otni tortiq qilgan odamni chaqirtirib kelib, undan so‘rabdi:
— Bu otning enasi otmi yoki molmi?
Otning egasi aytibdi:
— Rostini aytsam, bu otning otasi ham ot, onasi ham ot. Ammo, onasi tug‘gandan keyin, uch-to‘rt kun o‘tgach, o‘ldi. Тoy enasini emolmay qoldi. Shunda nima qilishimni bilmay, sigir suti berib boqdim. Katta bo‘lgandan keyin, kambag‘alchilik asar qilib, sotmoqchi bo‘ldim.
Bozorga olib borib sotishga ko‘zim qiymay, sizga tortiq qildim. Ozdir-ko‘pdir in’om berdingiz, oldim, — debdi.
Podsho unga javob berib, Ayozdan so‘rabdi:
— Bu otning sigir suti ichib katta bo‘lganini qanday bilding?
— Xizmatchingiz otni ariqqa olib borib sug‘ordi. Qarab tursam tumshug‘ini bu yoqqa burib, keyingi oyog‘ini ariqqa qarab silkidi. Ot bolasi bunday qilmas edi-ku, deb taxmin qildim, — debdi. Podsho bu javobdan qanoat hosil qilib:
— Xazinachi, xazinadagi ikkita gavhar shamchiroqni olib chiqib, Ayozning oldiga qo‘y! — debdi.
Xazinachi shamchiroqni olib chiqib, Ayozning oldiga qo‘yibdi. Podsho:
— Buni senga in’om qilib qo‘yganim yo‘q, buning qaysi biri toza, qaysi biri past ekanini aytib ber, — debdi.
Ayoz gavharga qarab turib, ular past deb yurganini toza, toza deb yurganlarini past degan ekan, podshoning achchig‘i kelib:
— Ey, Ayoz, sen shunga qolganda ayniding. Qizil, sariq bo‘lib tovlanadigan gavharni past deb, nega past gavharni toza deysan? — debdi.
— Ey, podsho, achchig‘ingiz kelmasin. Buning tovlanishiga sabab, uning ichida qurti bor. Qurt u yoqqa-bu yoqqa ag‘anaganda, gavhar tovlanganga o‘xshab ko‘rinadi, u gavhardan bu gavhar past, — debdi.
Podsho vazirlariga:
— Shu gavharning ichida qurti bor degani uchun sindiringlar, ko‘raman, — debdi.
Vazirlar bir-birlariga qarab, sindirishga yuraklari betlay olmay turishganida, Ayoz bir toshni olib, gavharning o‘rtasiga urib, ikki bo‘libdi. Gavharning ichidan bir qurt chiqib, o‘rmalab ketayotganini podsho ko‘ribdi, lekin gavharning singaniga achinib:
— Gavharni nimaga sindirding?! — debdi.
— Gavharni men sindirganim yo‘q, vazirlaringiz sindirdi, — debdi.
Shunda podsho.
— O‘zing sindirib, men sindirganim yo‘q, vazirlaringiz sindirdi, deganing nima deganing? — debdi.
Ayoz aytibdi.
— Тaqsir, men sindirsam nihoyati bir dona gavharni sindiribman. Sizning so‘zingizni sindirganim yo‘q-ku, bular sindirdi.
Podsho uning so‘zini e’tiborga olib:
— Kamol top, Ayoz!— debdi. Shunday qilib uch-to‘rt kun o‘tganda vazirlarning rashki kelib, Ayozni podshoga yomon ko‘rsatish uchun:
— Kecha kelgan vaziringizni bizdan ortiq ko‘rasiz, biz buning bilimdonligini sinaymiz, — deyishibdi. Podsho:
— Qanaqasiga sinab ko‘rsalaring, ko‘ringlar, — debdi.
Shunda vazirlar Ayoz o‘tiradigan ko‘rpachaning tagiga bir yupqa qog‘ozni tashlab, askiya-safsata qilib o‘tirishganda, Ayoz kelib, ko‘rpachaga o‘tiribdi. U sukutga ketibdi. Podsho buni ko‘rib:
— Nega xayoling parishon? — deb so‘ragan ekan, Ayoz:
— Bilmayman, yer piyozning po‘stidek ko‘tarildimi yoki osmon sal pastga tushdimi, deb o‘ylayapman, — debdi.
Shunda vazirlar:
— Тaqsir, endi sizning oldingizda Ayoz tursin, biz turmaymiz, — deyishibdi. Podsho:
— Mening ishim bir Ayoz bilan bitmaydi. Sizlar Ayozni g‘ash ko‘rsalaring, men ham Ayozning vazirligidan kechdim, — degan ekan.
Podsho vazirlarining ko‘ngli uchun Ayozni zindonga solgan ekan.
Bir kun ertalab vazirlar podshoning oldiga salomga kirishganda podsho chalqancha yotgan ekan. U vazirlarga qaramay:
— Olib keling! — debdi.
Vazirlarning nimani olib kelishga aqllari yetmabdi. Uch kun o‘ylashibdi. Oxiri to‘g‘ri Ayoz yotgan zindonga borib Ayozni chaqirishibdi. Ayoz zindonda turib:
— Kimsizlar, — debdi.
— Biz vazirlarmiz. Podsho bizga “Olib keling” dedi, ammo nimani olib kelishni aytmadi. Biz uch kundan beri nima olib borishni bilmay, uning ro‘parasiga bora olmayapmiz. Podshoga nima olib borsak ekan, deb sizdan so‘ragani keldik.
— Podsho yerga qarab “Olib keling” dedimi, osmonga qarab “Olib keling” dedimi? — deb so‘rabdi Ayoz. Vazirlar:
— Chalqancha yotgan vaqtlarida, uyning atrofi, shiрiga qarab aytdilar, — debdi.
Ayoz:
— Chalqancha yotib, uyning atrofi, shiрiga qarab aytgan bo‘lsa, bitta duradgor, bitta sirchi, bitta suvoqchi, sartarosh olib boringlar. Ammo men aytganimni bilmasin, — debdi.
Vazirlar Ayoz aytgan to‘rtta ustani podshoning oldiga olib borishibdi. Тo‘rt usta podshoga ta’zim qilibdi. Podsho:
— Sizlar kimsizlar? — deb so‘ragan ekan.
Ulardan biri:
— Тaqsir, vazirlaringiz olib keldi. Birimiz duradgor, birimiz sirchi, birimiz suvoqchi, birimiz sartarosh, — debdi.
Shunda podsho:
— Sen duradgor bo‘lsang, anavi uyning to‘rtta vassasi egri bo‘lib qolgan, shu vassalarini olib tashla, o‘rniga to‘g‘ri vassa qo‘y. Sen sirchi bo‘lsang, darrov o‘shani sirla. Sen suvoqchi bo‘lsang, anavi g‘adir-budur bo‘lib turgan joyni tekislab, u devor bilan bu devorni suvab qo‘y. Sen sartarosh bo‘lsang, shu uchovi ishni bitirguncha mening sochimni olib qo‘y, — debdi.
Тo‘rtta usta ishni bitirib ketganda, nariroqqa yetganda, podsho vazirlaridan so‘ragan ekan:
— Kimning aqli bilan mening oldimga bu to‘rtta ustani olib keldinglar, aniq aytinglar!
Vazirlar aytibdi:
— Тaqsir, biz o‘z aqlimiz bilan ularni olib keldik.
Podsho:
— Rostini aytinglar, sizlardan bunday maslahat chiqishiga hali ko‘p qovun pishig‘i bor, — debdi, ularga ko‘p dashnom beribdi: — Buni sizlarga Ayoz o‘rgatgan, sizlardan bunday fikr chiqmaydi.
Vazirlar:
— Тo‘g‘ri, shohim, Ayoz aytdi. “Mening aytganimni podsho bilmasin”, degani uchun sizga aytmagan edik, — deyishibdi. Podsho:
— Unday bo‘lsa, Ayozni zindondan ozod qilinglar, u sizlarning yeydiganlaringni yeb, ichadiganlaringni ichib qo‘ygani yo‘q, — debdi.
Podsho Ayozni o‘sha topda oldirib kelib, yana o‘z o‘rniga vazir qilib qo‘ygan ekan.
Ayoz vazir bo‘lib yurganda, besh-olti kun turganda vazirlardan bittasi: “Ayoz ketadi, uyiga borib yotadi. Buni bir poylay-chi, uyida nima ish qilar ekan”, deb o‘ylab, Ayozni poylabdi.
Ayoz uyiga borgandan keyin, vazirlik libosini yechib, sandiqqa solib, sholi poxolga chalqancha yotibdi, qoziqqa ilib qo‘ygan eski chorig‘iga qarab naql o‘qibdi:
— Ey, Ayoz, vazir bo‘ldim deb, o‘tgan kuningni unutma, eski chorig‘ingni quritma.
Ayoz orqasidan poylab yurgan vazir uning bu naqlini eshitib olib, to‘g‘ri podshoning oldiga boribdi:
— Ey, taqsir: go‘shtning asli qartadir, asl zotiga tortadir. Vaziringiz Ayozning eshigini qo‘yib, teshigidan poylab qarab tursam, ishdan uyiga qaytgach, siz bergan kiyimlarni yechib, sandiqqa solib, tagiga bir bog‘ sholi poxolni solib, chalqancha yotgan joyida qoziqqa ilib qo‘ygan eski chorig‘iga qarab: “Ey, Ayoz, podshoga vazir bo‘ldim deb, o‘tgan kuningni unutma, eski chorig‘ingni quritma”, deb vaysab yotar ekan, — deb chaqibdi.
Ertasiga Ayoz podshoning oldiga ta’zimga kiribdi. Podsho:
— Ey, Ayoz, sen qo‘sh haydab yurganingda kiyadigan chorig‘ingni uyingning qozig‘iga ilib qo‘ygan ekansan, kechqurun o‘rdadan uyingga borib, mening bergan kiyimlarimni bu yoqqa qo‘yib, bir bog‘ poxolni tagingga solib, chorig‘ingga qarab vaysaganing nimasi? Shu gap rostmi? —deb so‘rabdi.
— Ha, taqsir, rost, — debdi Ayoz.
Podsho:
— Rost bo‘lsa, senday vazirning menga keragi yo‘q, bor ket! — debdi-da, vazirlik kiyimlarini ustidan yechtirib olib, eski choponini egniga solib jo‘natib yuboribdi.
Ayoz yo‘lda ketayotganida saksonga kirgan bir chol uchrab qolibdi. Cholning yonidan o‘tib, uni qoldirib ketish odobdan emas, deb o‘ylabdi. U chol bilan barobar ketayotib:
— Ota, yo‘l bo‘lsin? — debdi.
Chol:
— Nima bo‘lsa pul bo‘lsin, — debdi.
— Ota, uzoq yo‘lni yaqin qilib ketaylik, — desa, chol indamabdi.
Yana biroz yurib:
— Ota, ot bo‘lmasa ham, toy minib ketaylik, — debdi. Cholning g‘ashi kelib, indamabdi. Sal yo‘l bosgach, chol eshikka kirib ketibdi.
Ayoz yo‘lida davom etibdi.
Cholning o‘n sakkiz yashar bir qizi bor ekan, qiz otasidan:
— Ota, qayoqqa borib keldingiz? — deb so‘rabdi. Otasi:
— Ko‘chalarni aylanib, tomosha qilib keldim, — debdi. Qiz:
— Xo‘sh, ko‘chada nima gaplar bor? — deb so‘rabdi.
— Hech gap yo‘q. Yo‘lda bir betamiz odam bilan hamroh bo‘lib qolgan ekanman: “Uzoq yo‘lni yaqin qilib ketaylik; ot bo‘lmasa ham, toy minib ketaylik”, deb, to uyga kelgunimcha gapirib keldi, — debdi.
Qizi aytibdi:
— Ey, ota, “Uzoq yo‘lni yaqin qilib ketaylik”, degani gapirishib ketaylik, degani. “Ot bo‘lmasa ham, toy minib ketaylik”, degani keksa ekansiz, bitta-yarimta yog‘ochdan hassa qilib beray, degani. Siz o‘sha yigitni taniysizmi?
— Uning aytgan gapiga g‘ashim kelib, aftiga ham qaramabman, ko‘rsam ham tanimayman.
— Bo‘lmasa siz mana bu ikki pulni oling, bozorga boring, “Ikki pulga uch xil yeydigan ovqat bormi?” deb boqqolma-boqqol yuring.
O‘sha yigit bozorda yurgan bo‘lsa, ikki pulga uch xil yeydigan narsa olib beradi, olib keling. O‘sha narsani olib bergan odamga: “Siz mana bu choyxonada turing”, deb tayinlab keling, — debdi.
Chol ikki pulni olib, bozorga borib: “Ikki pulga uch xil yeydigan ovqat bormi?” deb so‘rasa, odamlar cholga dashnom berib. “Nari bor, chol, ikki pulingga nima keladi”, debdi. Shu vaqtda Ayoz kelib:
— Ota, menga bering. Sizning aytgan narsangizni men olib beray, — deb ikki pulga bitta handalak olib, cholga beribdi. — Ota, ikki pulga uch xil yeydigan ovqat mana shu.
Chol:
— Bu handalakni bir kishi yeydi, handalak bir xil narsa, yana ikki xili qani? — debdi.
Ayoz:
— Ey, ota, shu ikki pulga uch xil yeydigan narsa olib keling, degan odamga olib borsangiz! “Mening aytganim mana shu edi”, deb etini o‘zi yeydi, po‘chog‘ini echkiga beradi, urug‘ini tovuqqa beradi, — debdi. Chol:
— Xo‘p, bolam, bo‘lmasa, siz hech qayoqqa ketib qolmang, mana shu choyxonada turing, otingiz nima? — debdi. Yigit:
— Otim Ayoz, — debdi.
Chol handalakni olib uyga borgandan keyin qiz handalakni so‘yibdi, otasi bilan yeb to‘yibdi, po‘chog‘ini molga, urug‘ini tovuqqa beribdi. Shu bilan darrov bir tandir patir bilan ancha chuchvara qilib pishirib, bir laganga tushirib, zich qilib terib, ustidan moy quyib, betiga patirni qoplab, dasturxonga o‘rabdi. Bir kampir qo‘shnisini chaqirib:
— Xolajon, mana shu dasturxonni olib, bozor boshiga borib, choyxonadan: “Shu yerda Ayoz degan yigit bormi?” deb so‘rang. “Ha, men” desa, shuni bering. Qo‘lingizdan dasturxonni olayotganda siz unga: ”Havo qorong‘i, yulduz zich, oy butun”, deb qo‘liga bering, deb tayinlabdi va kampirni jo‘natibdi. Kampir yo‘lda ketayotib o‘z-o‘zicha: ”U u yoqda, bu bu yoqda, bilib o‘tiribdimi”, deb dasturxonni ochib, chuchvaradan yeb, siyraklatib, moyni ichib, patirning yarmini yeb boshqatdan dasturxonni o‘rab choyxonaga boribdi. Ayozni so‘rabdi:
— Ayoz degan yigit kim? — debdi.
— Ha, men, — debdi Ayoz. Kampir dasturxonni berayotib:
— Shu dasturxonni sizga birov berib yubordi. Havo qorong‘i, yulduz zich, oy butun, — debdi. Ayoz ichkariga kirib, dasturxonni ochib qarasa, chuchvara juda siyrak, moyi yo‘q, patir yarimta. Ayoz laganni bo‘shatib, kampirning qo‘liga berib aytibdi:
— Bu dasturxonni sizga kim bergan bo‘lsa, unga borib ayting: “Havo yorug‘, yulduzlar siyrak, oy yarimta ekan”, deng, — debdi.
Kampir laganni olib, qizning oldiga boribdi. Qiz: “Nima dedi?” deb so‘rabdi. Kampir aytibdi:
— Yigit laganni bera turib: ”Havo yorug‘, yulduz siyrak, oy yarimta”, deng, dedi.
— Shu yuborgan narsamni yo‘lda ochib, chetroq joyga qochib, yog‘ini ichib, chuchvara, patirning yarmisini yebsiz. Shunday ham badnafslik bo‘ladimi? — degan ekan. Kampir hayron bo‘lib, uyalib uyiga chiqib ketibdi. Qiz Ayozni chaqirtiribdi, unga tegmoqchi bo‘libdi, Ayoz olmoqchi bo‘libdi.
Ayoz to‘y qilib, cholga kuyov bo‘lgan ekan. Cholning biroz yeri bor ekan, Ayoz yana eski chorig‘ini kiyib, ekin ekib, dehqonchilik qilib yura bersin, indamay tura bersin. Endi ikki og‘iz gapni podshodan eshiting.
Podsho otxonaga chiqib, otlariga qarab: “Olib kelinglar!” deb, dahshat bilan vazirlariga buyruq beribdi. Vazirlar nima olib kelishini bilmay, podshoning oldiga bora olmay qo‘rqib yurishibdi. Shunda bir odam vazirlarga aytibdi:
— Ayozning oldiga borib maslahat qilinglar. U Iqon degan qishloqda dehqonchilik qilib yuribdi. Bu buyruqning tugunini hech kim yecha olmaydi, Ayoz yechib beradi, — debdi.
Vazirlar shoshilgancha qishloqqa borib, Ayozning hovlisini topib, eshigini qoqib chaqirishgan ekan, Ayoz chiqib:
— Xo‘sh xizmat?! — debdi. Vazirlardan biri:
— Podsho bizga dahshat bilan “Olib kelinglar!” dedi. Nima olib borishimizni bilmay hayronmiz, shunga nima maslahat berasiz, so‘ragani keldik, — debdi.
Ayoz:
— Podsho qayoqqa qarab turib “Olib kelinglar” dedi, — deb so‘rabdi.
Vazirlar:
— Otxonadagi otlarga qarab aytdi.
— Gapingizga qaraganda podsho ovga chiqib kelgan. Shunda otning uzangisi, yo ayili, yoki yuganining biror joyi uzilgan. Endi sizlar bitta sarroj olib borsalaringiz bo‘ladi, — debdi.
Bular podshoning oldiga bir sarrojni olib borishibdi.
— Mana, taqsir, bu kishi sarroj, — deyishibdi. Podsho:
— Xo‘p bo‘lmasa, uzangi uzilib, ayillar to‘zib ketgan edi, ot abzalining butun kam-ko‘stini tayyorlab qo‘ying, — deb sarrojga tayinlabdi. Sarroj ketgandan keyin podsho vazirlarga qarab:
— Sizlar buni o‘z aqllaring bilan olib kelganlaring yo‘q.
Ochig‘ini aytinglar, buni sizga kim aytdi, — debdi.
Shunda vazirlar turib:
— Тaqsir, rostini aytsak, ilgarigi vaziringiz Ayoz Iqon qishlog‘iga ketib qolgan ekan. Daraklab uni topib, shuning aqli bilan olib keldik, — deyishibdi.
Podsho:
— Shu bir og‘iz gapning mazmunini yecha olmay, sarson bo‘lib, qishloqqa borib Ayozning gapi bilan ish qilibsizlar. U dedinglar, bu dedinglar, xullas, Ayozni mening oldimdan ketkazdinglar. Ko‘pdan ko‘p aql chiqadi, ozdan oz aql chiqadi. Hali ham bo‘lsa, Ayozni oldirib kelishimiz kerak, — debdi.
Podsho Ayozni oldirib kelgandan keyin, vazirlar yana uni g‘ash ko‘rib, nima qilishlarini bilmay qolishibdi. Kunlardan bir kun vazirlar yig‘ilib podshoga:
— Тaqsir, sizga Ayozning o‘zi vazir bo‘lib tura qolsin. Bizga javob bering! — deyishibdi. Podsho:
— Bo‘lmasa men Ayozga bir ish buyuraman. Ayoz u ishning uddasidan chiqmay, bu yerga kelmaydigan, hech narsa demaydigan bo‘lib ketadi, — debdi.
Ertasi ertalab Ayoz podshoning oldiga ta’zimga kiribdi. Podsho:
— Men senga bir ish buyuraman, agar shu ishning uddasidan chiqa olmaydigan bo‘lsang, bu yerga kelma, birov ish o‘rgatgin desa, o‘rgatma, — debdi. Ayoz:
— Xo‘p, —debdi.
Podsho:
— Menga tepasi osmonga yetmaydigan, tagi yerga tegmaydigan qilib imorat soladigan usta topib kel, — debdi.
Ayoz podshoning qilgan ishiga, aytgan gapiga xafa bo‘lib uyiga borganda, xotini:
— Muncha rangingiz olingan, qovog‘ingiz solingan. Sizga nima bo‘ldi? — deb so‘ragan ekan, Ayoz aytibdi:
— Ey, xotin, chaqimchilar gap chaqishtirib, meni podshoning ko‘ziga ko‘p yomon ko‘rsatib qo‘yishdi. Podsho meni shuncha ovora qilib, yana “Тagi yerga tegmaydigan, tepasi osmonga yetmaydigan qilib imorat soladigan usta topib kel”, — dedi.
Xotini:
— Bu gapga xafa bo‘lsangiz ham bo‘ladi, xafa bo‘lmasangiz ham bo‘ladi. Men sizga o‘sha podsho aytgan ustani topib beraman. Siz bugun dalaga chiqib, ikkita jo‘r to‘rg‘ayning bolasini topib keling. Men shuni o‘n besh kunda usta qilib beraman, — debdi.
Ayoz hayron bo‘lib: “Qani olib kela beraychi, nima qilar ekan”, deb dalaga chiqib ikkita jo‘r to‘rg‘ayning bolasini olib kelibdi. Xotini jo‘r to‘rg‘ayni olib, qafasga solib, kecha-yu kunduz qafasning yoniga o‘tirib: “loy, g‘isht, loy, g‘isht”, deb jo‘r to‘rg‘ayning qulog‘iga ayta bergan ekan, jo‘r to‘rg‘ay ham o‘n besh kun ichida “loy, g‘isht, loy, g‘isht” deydigan bo‘lib qolibdi. O‘n besh kundan keyin xotini Ayozning qo‘liga jo‘r to‘rg‘ayni berib:
— Mana, qafas bilan podshoning oldiga boring, jo‘r to‘rg‘ayning oyog‘iga iр bog‘lab uchiring, u yog‘ini o‘zingiz bilasiz, — debdi.
Ayoz xotinining so‘zi bilan podshoning oldiga borib, ta’zim qilibdi. Podsho:
— Nimaga kelding? —deb so‘rabdi.
Ayoz:
— Siz aytgan ustani topib keldim, — deb jo‘r to‘rg‘ayning oyog‘iga iр bog‘labdi-da, qafasdan chiqarib yuboribdi. Jo‘r to‘rg‘ay osmonga chiqib: “Loy, g‘isht, loy, g‘isht” deb sayray beribdi. Ayoz podshodan so‘rabdi:
— Тaqsir, bu nima deyapti?
— Loy, g‘isht, loy, g‘isht, — deyapti.
— Loy, g‘isht deyayotgan bo‘lsa, siz aytgan usta mana shu. Endi loy bilan g‘isht yetkazib beradigan mardikorni topib bersangiz siz aytgan imoratni solib beradi, — debdi.
Podsho noiloj, nima qilishini bilmay, yana Ayozni o‘ziga vazir qilib olgan ekan.
Kunlardan bir kun podshoning tobi qochib, xalqni so‘rashga madori qolmay, o‘rniga kimni qo‘yishni bilmay: “Yosh bo‘lsa ham o‘g‘lim-da”, deb, o‘z o‘g‘li bilan Ayozni chaqiribdi:
— Ayoz, sen vazir, o‘g‘lim, sen podsho. Ikkoving men tuzalgunimcha xalqni so‘rab turasan, — debdi. Keyin o‘g‘lini yoniga chaqirib olib: — Ayoz juda bilgir odam, bitta-yarimta chaqimchining so‘ziga kirib, uni o‘ldirib yuborma. Agar juda g‘ashing keladigan bir gap gapiradigan bo‘lsa, shu gapni surishtirib, ma’nosini bilib, shunga qarab hukm chiqar, — deb tayinlabdi. Besh-olti kundan keyin podsho o‘libdi. Kun o‘tibdi, oy o‘tibdi. Bir kun shahzoda Ayozdan so‘rabdi:
— Mening zarbim qalay, xalqqa ozor beryapmanmi? — deganda Ayoz turib javob beribdi.
— Xalqni so‘rashingiz juda yaxshi. Bunga mening e’tirozim yo‘q, ammo zarshunosligim yo‘rig‘idan ko‘nglingizga qattiq olmasangiz bir so‘z aytaman.
— Otamning qilgan nasihati hurmati, har qanday gap gapirsang ham ko‘nglimga qattiq olmayman, — debdi shahzoda.
— Agar ko‘nglingizga olmaydigan bo‘lsangaz, siz podshoning o‘g‘liga o‘xshamaysiz, asli sizning otangiz novvoymikan, deb xayol qilaman, — debdi Ayoz. Ayozning bu gapiga shahzodaning g‘azabi kelibdi.
Ayozni o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Shunda Ayoz:
— Тaqsir, arzimni aytay, bu gapni aytishga aytdim-u, endi nima qilay. “Har qanday gap gapirsang ham ko‘nglimga qattiq olmayman” deganingiz uchun aytgan edim. Siz ichkariga kirib, onangizdan so‘rab chiqing, onangiz nima der ekan. Undan keyin bilganingizni qiling, — debdi.
Shahzoda Ayozning bu gapi bilan onasining yoniga kiribdi. Ayoz bilan bo‘lgan voqeani aytib, haqiqatni so‘rabdi.
— Jon bolam, men otang bilan yigirma yil umr qilib, to‘qqizta qiz tug‘dim. O‘g‘il ko‘rmadim. Yana homilador bo‘lib oy-kunim yaqinlashganda, otang: “Sen menga o‘g‘il tug‘ib bermading. Bu safar ham o‘g‘il bo‘lmay qiz bo‘lsa, jahl ustida seni o‘ldirib qo‘ymayin, men ovga chiqmoqchiman, o‘g‘il tug‘sang mening orqamdan xabar yubor, bordi-yu, qiz tug‘sang, kelgunimcha uyni bo‘shatib qo‘y”, degan edi. Mening oy-kunim yetib yana qiz tug‘dim. Men otang aytgan gapning yo‘rig‘idan bolani yo‘rgaklab, boshim oqqan tomonga ketmoqchi bo‘lganimda, momo-kampir meni qaytardi. Qo‘limdan o‘n besh tilla bilan bolani olib ketib, bir to‘lponday o‘g‘il bola olib kelib berdi. Momo-kampirdan so‘rasam, bu bola Abdusattor novvoyning bolasi ekan. Bolam, sen o‘sha Abdusattor novvoyning o‘g‘lisan, unda yurgan qiz mening qizim, — debdi onasi. Shahzoda onasining oldidan chiqib, Ayozni chaqirib:
— Zarshunosligingga balli, mening otam novvoy ekan. Sen buni qayoqdan bilding? — deb so‘rabdi.
— Siz o‘rningizdan turasiz, asta-sekin yurasiz, ko‘pincha, novvoyxonaga borasiz. Novvoyxonaga ko‘p kirganingiz uchun, otangiz novvoymikan, deb xayol qilib edim.
Shahzoda bu gapni eshitib:
— Bor, podsholigimni o‘zingga berdim, men novvoyxonada otamning kasbini qilaman, — deb podsholikni Ayozga tashlab ketgan ekan.
Shu bilan Ayoz o‘zi podsho bo‘lib, o‘zining donoligidan xalqni odillik bilan so‘rab, mamlakatda adolat o‘rnatgan ekan.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.