OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kimyogar

O‘tgan zamonlarda Buxoroning Devonbegi hovuzi yonida, havoning issiq kunlarida ellik yoshlarga kirgan bir chol sopol ko‘zachada o‘tgan-ketganlarga suv berib o‘tirar ekan. Yo‘lovchilar uning suvini ichgach, pul bermoqchi bo‘lganlarida, uzatilgan pullarni o‘z qo‘li bilan qaytarib: “Rahmat, pulingiz kerak emas, ikki og‘iz so‘zingiz kerak, xolos”, der ekan. Buni eshitgan ayrim kishilar qiziqib: “Nima deb aytaylik?” deganlarida chol: “Abu Ali ibn Sinoning padariga la’nat”, desangiz bo‘ladi, der ekan.
Kunlarning birida bir yosh mullavachcha suv ichgach, cholning bu so‘zini eshitib, hayron qolibdi, yo‘l bo‘yi o‘ylanib ketibdi. Mullavachcha vatani Xorazmga borgach, o‘qiyotgan madrasasining mudarrisiga ko‘rgan va eshitganlarini so‘zlab beribdi. Bu gap mudarrisni ham qiziqtiribdi. Mudarris bir kuni Buxoroga kelsa, mullavachcha aytgan chol hamon suv berib, kishilarni Abu Ali ibn Sino nomiga la’nat o‘qishlariga undab o‘tirar ekan. Mudarris suv ichib, cholga oltin tashlabdi, chol oltinni olmabdi. Kechga yaqin mudarris yana kelib suv ichgach, oltin berib, choldan bir kecha mehmon bo‘lishni so‘rabdi. Suv sotuvchi chol musofirga rahmi kelib uyiga boshlab boribdi. Kechki ovqatdan so‘ng mudarris gap boshlab, uning Ibn Sino nomiga la’nat ayttirishining sababini so‘rabdi, chol ko‘p qarshilik ko‘rsatsa hamki oxiri aytishga majbur bo‘libdi.
Chol o‘z sarguzashtini boshlab, shunday debdi:
— Bundan bir necha yil oldin rahmatlik otam o‘limi oldidan meni oldiga chaqirtirib, behad ko‘p qo‘y, echki, sigir, ot, dang‘illama hovlilarni meros qoldirdi va umrbod ota kasbi — savdogarchilik qilishimni vasiyat qildi. Men ham turli shaharlarga borib, davlat orttira boshladim. Kunlardan birida Balx shahrida mollarimni pullagach, kechki bozorda, bir kitob savdosi ustidan chiqib qoldim. Kishilardan: “Bu qanaqa kitob?” deb so‘rasam, ular: “Bu kitobni o‘qib tushungan kishi tuproqdan oltin qilarmish”, deyishdi. “Men yonimdagi bor pulimni berib, o‘sha la’nati kitobni oldim, uni o‘qidim. Buxoroga kelib kitobda ko‘rsatilgan jamiki kimyoviy dorilarni topdim, bu dorilarga butun davlatimni sarfladim. Oxiri bir kuni shu dorilarni kitobda ko‘rsatilgandek bir-biriga qo‘shib, idish ostiga qo‘ydim-da, o‘t yoqdim, yetti kun kutdim, keyin ochib ichida oltin bitgandir desam, oltin emas, bir hovuch kul turibdi. Mana shu kitob tufayli bor davlatimdan, hovli-joyimdan ajraldim. Ana shundan beri shu kitobni yozib, meni o‘tday kuydirgan Abu Ali ibn Sinoga la’nat o‘qish bilan o‘zimni ovutib yuribman.
Mudarris bu gaplarni eshitgach, choldan biroz sut, guruch va boshqa narsalarni olib kelishni so‘raydi, so‘ngra shu keltirilgan narsalardan shirin ovqat tayyorlab sotishni aytadi va o‘zi qaytib Xorazmga ketadi.
Bu lazzatli ovqatni birinchi marta ko‘rgan Buxoro xalqi talab ketadi, chol bu ovqatning keltirgan foydasini ko‘rib, kuniga ikki-uch martalab pishiradigan bo‘ladi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mudarris Xorazmdan chiqib: “Chol yana Abu Ali ibn Sinoga la’nat o‘qiyotganmikin yoki bas qildimikin”, deb Buxoroga keladi. Buxoroga kelib o‘zi ko‘rsatgan ovqatni har bir ko‘chada ko‘radi, so‘ngra cholning oldiga keladi, chol esa ovqatlarni hamma kishilar pishirayotganligini va oqibatda qadri ketib zarar ko‘rayotganligini aytadi. Mudarris cholga yana pul berib, bundan bir necha yil oldin Balx shahrida olgan kitobda ko‘rsatilgan giyohlardan olib kelishni so‘raydi. Mudarris kitobda ko‘rsatilganidek qilib ularni idishga solib uch kun qizdirgan ekan, uchinchi kuni oltin paydo bo‘libdi. Shunda mudarris bir butun oltinni cholga uzatayotib: “Mana bu oltinni sizning kuli ko‘kka sovurilgan davlatingiz evaziga beraman. Siz bu oltinga har qancha davlat topishingiz mumkin. Siz oddiy lazzatli ovqat sirini uddalay olmasdan, hammaga tarqatdingiz. Agarda oltinning sirini bilganingizda uni tuproq bilan teng qilar ekansiz. Oltinning siri siz pul berib olgan kitobda emas, ilmda, mansabni pulga olish mumkin, lekin ilmni sotib olib bo‘lmaydi. Bu kitobni yozgan kishi o‘ttiz-qirq yillik ilmiy tajribaga asoslanib yozgan. Mana shu kitobni yozgan Abu Ali ibn Sino men bo‘laman, bundan keyin mening nomimga la’nat aytishni to‘xtatarsiz, deb umid qilaman”, deb chiqib ketgan ekan.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.