OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Haq so‘zga zavol yo‘q

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda aka-uka bo‘lgan ekan. Ular juda inoq yashashar ekan, lekin nihoyatda kambag‘al ekanlar. Aka-uka o‘zlariga to‘q yashashni, uylanishni orzu qilar ekanlar. Buning turli yo‘llarini o‘ylay boshlashibdi.
Kunlardan bir kun akasi ukasiga:
— Men bir narsani o‘yladim, — debdi.
— Ayt bo‘lmasa, — debdi ukasi.
— Biz hammadan avval qovun ekib yetishtiraylik, keyin podshoga sovg‘a qilib olib boraylik. U balki bizga qimmatbaho sovg‘a berar, — debdi akasi. Ukasi rozi bo‘libdi.
Erta bahorda aka-uka qovun ekib yetishtiribdilar. Qovun juda katta, usti to‘rlagan, ko‘rgan kishiga "meni ye" deb turadigandek bo‘libdi.
Aka-uka qovunni zambilga solib ko‘tarib, podsho huzuriga jo‘nashibdi.
Podsho "xalqim mening oldimda yaxshilab, orqamdan yomonlab yurmaganmikin, qani bir sinab ko‘ray-chi" deb bir darvesh qiyofasida shaharda yurgan ekan. Shunda zambil yonida ikki yigit dam olib o‘tirganini ko‘rib qolibdi. Darvesh yigitlarning yoniga borib, qaerga ketayotganliklarini so‘rabdi.
— Podsho huzuriga ketyapmiz, — deb javob beribdi aka-uka.
— Zambilda nima olib ketyapsizlar? — deb so‘rabdi darvesh.
— Qovun, — debdi aka-uka.
— Buni podshoga olib borishdan maqsadlaring nima? — deb so‘rabdi darvesh.
— Podshoning o‘zi biladi, — debdi aka-uka.
— Agar podsho qovunlaringni olib, o‘zlaringni zindonga solsa, unda nima qilasizlar? — deb so‘rabdi darvesh.
— Podshoning o‘zi biladi, — deb aka-uka.
— Agar podsho qovunlaringni olib, o‘zlaringni kaltaklatib o‘ldirsa, unda nima qilasizlar? — deb so‘rabdi darvesh.
— Podsho qonxo‘r, bizni o‘ldirgani bilan to‘yarmidi? Uning ixtiyori o‘zida, — debdi aka-uka va zambilni ko‘tarib podsho huzuriga jo‘nab ketaverishibdi.
Podsho ham tezda saroyga qaytibdi. U kiyimlarini o‘zgartirib, o‘z o‘rniga borib o‘tiribdi. Shunda aka-uka ta’zim qilib, kirib kelishibdi,
— Podshohi olam, sizga sovg‘aga qovun olib keldik,— debdi aka-uka.
— Qovunni qaerda, qanday qilib yetishtirdinglar?— deb so‘rabdi podsho.
— Ozgina yerimiz bor edi, o‘sha yerda mehnat qilib yetishtirdik, — debdi aka-uka.
— Bu qovunni olib kelishdan maqsadinglar nima? — deb so‘rabdi podsho.
— O‘zingiz bilasiz, — debdi aka-uka.
Podsho darvesh qiyofasida bo‘lib yurganida bergan savollarining hammasini qaytadan bera boshlabdi. Aka-ukalar savollarga xuddi avvalgidek javob berishibdi.
Podsho yigitlardan xursand bo‘lib, ularning bir so‘zligiga, to‘g‘riligiga tan beribdi. Qimmatbaho kiyimlar kiydirib, ko‘pdan-ko‘p sovg‘alar beribdi. Katta to‘y qilib, ikki qizini aka-ukalarga nikohlab beribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.