OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mohir

http://ziyouz.com/images/stories/tulqin_azimov.jpgMohir (To'lqin Azimov) 1987-yil 7-mart kuni Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 2004-yili Nishon tumanidagi 13-maktabni, 2011 yili Toshkent islom universitetini tugatib, hozirda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Ko‘plab tadbirlarda o‘z mashqlari bilan qatnashgan va ta’lim muassasasi tomonidan chiqarilgan bir nechta talabalar she’riy to‘plamlarida yozganlari chop qilingan. 
e-mail: Этот адрес электронной почты защищён от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра.

QAYDASAN...

Qaydasan ey mening so‘zga chechanim,
Bulbulni shoxlarida hayron etgan.
Qaydasan xabar ber obod chamanim,
Zog‘-qarg‘alar in qurib vayron etgan!

Seni izlar xayolimga kelsin rahming,
Mening xato ishlarimga chiqar jahling.
Siyratingni qidirmayin sevib xalqing,
Kimni maqtay senga chiroy ehson etgan?!

Kelib qolarsan deb osmonga chiqdim,
Bug‘doy bo‘laman deb somonga do‘ndim.
Seni noming atab yomonga chiqdim,
Buncha shirin vasling – yov nordon etgan.

Meni quyavergin o‘zingni o‘yla,
Zulmat nima agar chiroq bor qo‘lda.
Qaro tun ortida kelmoqda yo‘lda,
Oydin tong dilimni chorog‘on etgan.

Ko‘zimni bosibdi sensiz shiralar,
Atrofimda soxta asalarilar.
Turli rangga kirib borliq bezanar,
Qiyofangda kelib xo‘p yolg‘on etgan.

Qaydasan ey mening so‘zga chechanim,
Siyqa nag‘malarni eshitmas tanim.
Xushnavoga shaydo Mohir bo‘lib jim,
Qoyil der kim seni suxandon etgan?!


ENDI BILDIM CHAROG‘ON KUNLIGIZNI

Men chiroq bo‘ldim-da sen-chi parvona,
Bir xolis muxlissan yoki begona.
Bilinadi lovillab ketsam gar yona,
So‘ramasman ko‘pam kimligingizni?

Qumlar cho‘lni bezar sochilgan mayda,
Harsang toshlar bezak chuqur bir soyda.
Dog‘ ham oro berar xo‘mraygan oyda,
Go‘zallikka yo‘ydim shumligingizni!

Dalada chiqqan yo‘l shaharga tutash,
Ilonning halqumi zaharga tutash.
Qaro tun oxiri saharga tutash,
Tunga o‘xshatdim jimligingizni!

G‘uncha labidagi qizillik uchun,
Erta ochilajak chiroyi gulgun.
Sen ham meni meningdek tushun,
Tushundim hiylakor jinniligizni!

Yaxshini farqiga bormayman nega,
Bilmam xislarimga kim hokim, ega.
Tuyuladi har gaping samimiy menga,
Bilib oldim soxtamas chinligizni!

Mohir, anglamading uning boqishin,
Ko‘zi aytmaydimi kimga yoqishin.
Ko‘ngilga nur kerak angla xohishin,
Endi bildim charog‘on kunligizni!  


MEN KIMGA TALPINDIM...

Sensiz men, keng bo‘ldi yo‘lim edi tor,
Tikon sensiz guldir, berar xush ifor.
Ko‘ngilda charaqlab ishq nurin sochar,
Yomon xulqim sensiz qolsam men tanho.

Suvlar muzli tog‘ni tark etganidek,
Quyosh o‘zin shomga g‘arq etganidek.
Xoliq sen va meni xalq etgandi lek, 
Nafsim men sendan tonaman goho.

Buyruq berolmayman shamolga rosti,
Kulim sovurib qilar oyoq osti.
Yorim tashna dilni sug‘ormay qochdi,
Ketaver gullarga burkandi sahro!

Ziyo bo‘lish quyoshga taqdir ekan,
Asov otga tor yo‘l ham adir ekan.
Inson o‘ziga o‘zi asir ekan,
Nahot sendan kechmayin ey, kibr havo!

Asray oldim egri yo‘llardan ko‘p bor,
Ey mening osmonda uchgan do‘st–kibor.
Malakka xos joyni qilmagin abgor,
Tush yerga bo‘laylik insoni a’lo!

Daryo pok dengizga talpinsa agar,
Ne deysan samoga yo‘nalsa qushlar,
Yo‘l ulug‘ manzilga borishga tayyor,
Men kimga talpindim qani deb ma’no!

 

MUALLIM

Oddiy inson uchun ko‘rsatib yo‘lin,
Sadoqat manzilin yo‘lboshchisi kim?
Eng latif so‘zlarga o‘rgatib tilin,
Ota-onamizdek ulug‘ muallim!

Aqlga ne kerak hamrohin bilgan,
Yurak saltanatga kim ega hokim.
Sharaf vodiysidan mevalar tergan,
Irfonni tanitgan aziz muallim! 

Saodat nimada boylikmi asli?
Tillolar beqadr bilsam kimligim.
Chizib ko‘rsatgan har kimga rasmi,
Tiynat musavviri buyuk muallim!

Umr safarida ozuqang deya,
Ilmni ko‘rsatdi libos key halim.
Bilmaganga bergani kulib-la hadya,
Go‘zal axloqlarda ibrat muallim.

Yetib kelganimiz bilsak pok maskan,
Samo va zaminni bor qilgan A’lim.
Bu o‘sha bizning asl ilk vatan,
Kutib turgan ekan mutloq Muallim!

 
BIZNIKI...

Baxt paykoni sizga, kamon bizniki,
Yo‘lingiz gul bo‘lsin, tikon bizniki.
Kerak emas mehnatsiz biron rohat,
Ta’lim berar xato, nuqson bizniki. 

Sizniki bo‘lsin-da eng ravon yo‘llar,
Bog‘larda bo‘ling siz, bizniki cho‘llar.
Mayli qumda oyoq, toliqsin qo‘llar,
Yaxshilar jamlangan karvon bizniki.

Nimaga yig‘laylik quchib tizzamiz?!
Sizga berganmiz rohatu mazzamiz.
Ochgan bo‘lsangiz-da erta azamiz,
Mudom qalbi tirik inson bizniki.

Jami sahifani yod eting qoyil,
Butun dunyo sizga bo‘lsinlar moyil.
Bu shamchirog‘iz sindirmang chil-chil,
Hikmat sochar quyosh osmon bizniki.

Otilib chiqadi baralla ovoz,
Qush bo‘lib osmonda qilganda parvoz.
Chiqar shunda bizga ul O‘zi peshvoz,
Kechib xatomizni Rahmon bizniki. 


 SAYOHAT

Yuksakka chorlaydi yilt etgan sho‘‘la,
Yurak tayyorragoh ruhdir samaliyot.
Ishtiyoq zabt etib jamiki qal’a,
Endi samo sari mindi xayol ot.

Yelkanga sayr uchun darkor kuch shamol,
Aqlga qalbu jon purkadi dovul.
Baxt go‘yo qirg‘oqda bor sohibjamol,
Tezlar vujud kemasi uzoqdir sohil.

Balki juda qiziq yer qa’ri mavhum,
Sayohat mavridi ayni payt benaf.
Bir on bo‘lib ko‘rsa ruh o‘zin marhum,
Ma’rifat ma’danin topardi saf-saf.

Eng to‘g‘ri tanlovni kim qo‘yar yakka?!
Sayrni foydasi nimada edi?
Na hojat sayohat yetmoq-chun haqqa,
Kashf bo‘lishin kutar insonlik yeri. 


 TO‘Y


So‘lim xovli bog‘ning ko‘lankasida,
Mehmonlar choy ichib olar xalovat.
Osh yegan to‘y shodiyon baxonasida,
Bolalar xursand, odam tumonat.

Otalar yuzida nuroniy jilva,
Baxt tilab ikki yosh qarisin qo‘sha.
Dasturxon to‘la nozu ne’mat holva,
Duoda bu el, shukrda hamisha.

Kelinglar odamlar deganday karnay,
Xush kelding bazmga do‘st-yor, mahalla.
Diydor uchun asli bu udum tinmay,
Davom etar azal go‘zal an’ana.

Qudaning egnida to‘ni yarashiq,
Qaynota xurmati shunda namoyon.
Qizlar davrasida avj kuyyu, qo‘shiq,
Xursandchilikka esh xotin-qiz, juvon.

Osmonda quyoshi kulgan bu millat,
Bog‘ladi ikki yosh umr rishtasi.
Baraka Allohdan rizq ro‘z diyonat,
Ularga vakil baxt farishtasi. 


 ASL MEHR

Saodat tiladim ochiq osmondan,
U menga kulib quyoshin tutdi.
Terladim, panaga oldim boshimni,
Ho‘mrayib u menga yoshin tukdi.

Halovat istadim so‘lim bog‘lardan,
Izhori xush ifor gul sara bo‘ldi.
Gulni uzay dedim chopib quvonib,
Yonida tikondan qo‘l yara bo‘ldi.

Rohat deb o‘zimni otdim dengizga,
U o‘ziga tortib oqizib ketdi.
Izlashda ketib chuqurroq, arang,
Chiqdim qirg‘oqqa u toshib ketdi.

Go‘zalni ko‘rib chopdim ortidan,
Bir bola yugirdi chaqirib: oyi.
Go‘zalning egasi minib mashina,
O‘tib ketdi yondan sachradi loyi.

Uyimga kelib endi bosh qo‘ysam,
Dilimni qamradi bir ajib sehr. 
Bunchalar yoqimli bu inson baxti,
Onada jo ekan biz kutgan mehr.


***

Hayot haqida yoz,
Shirin daqiqalar vaqtini poylab.
Muhabbat yonida yur,
Seni deyishsin majnun ataylab.

Labda kulsa go‘zallik,
Sen sho‘h shodon ovozi bo‘l.
Ko‘zlar namlanmoqchi bo‘lsa,
Ro‘molcha bo‘lishga rozi bo‘l.

Qalbda unar iymon guli,
Sen sevasan hush iforni.
Ey, orzumand baxtga,
Kutishing shartmi bahorni.

Baxt deb yashading,
Sochilgan bo‘lsada tuproqqa.
Cho‘lda nihol o‘stirib,
Qo‘l botir ko‘z qo‘rqoqqa.

Ikkita eding bitta bo‘lding,
O‘zing ila o‘zing ayro.
Baribir axir qatding,
O‘z o‘zanga taroq daryo.


***

 Shunday insonlar bo‘ladiki, ilk ko‘rgan oningizdayoq qalbingizdan manguga joy oladi. Uning ehtiromi, hurmati har on eslaganda sog‘inch tuyg‘ularini yetaklab keladi. Bu samimiy muhabbat aloatlari, Buyuk zot in’om etgan inson qalbidagi rahmat mevasidir. Muhabbatga loyiq zotlar insonlar qalbida yashashlari bilan mukofatlangandir. Bu ulug‘ martabaga men yaqinda uchratgan ajoyib xilqatni ham hech ekkilanmay qo‘shaman. 

Chiqmay yoddan, ildiz otdi daraxtdek,
Ko‘ngil bog‘da eng shirin, ajib tuyg‘u.
Unitilmas u kun abadiy baxtdek,
Yodimda, ketmaydi qoladi mangu.

Yonimda sen bo‘lsang toshmagay to‘lqin,
Har damgidek shoshgan dengizdek qalbim.
Ko‘rindi, qalbda o‘chgan qaytadan yolqin,
Yodimda ul tuyg‘u, qayta ber Rabbim!

Bilmasmen ne bor qalb istagingda,
Manzil yo‘llaringda bormanmu yoki yo‘q.
Rozi holda duo qilgum sen haqingda,
Yodimda sen, bo‘lginimcha toki yo‘q.


***

Onalar jannatdir qadami poyi,
Onada mujassam Olam chiroyi.
Onalar ulg‘aytar dilbandi farzand,
E’zozlang, Onalar mehri eng boyi.

Dunyoda atalmish xurmat e’zozning,
Barchasi ularga mehr-ishq sozning.
Ehtirom qilurmiz butun umrbod,
Chunki qadri ulug‘ Onalik rozning!


***

Uxlamay qo‘ygandim oxirgi payt,
Uxlaganni ko‘rsam hayron bo‘laman.
Tan-ku, qalb uxlasa nima deysan ayt,
Deysan g‘aflat-dovul, vayron bo‘laman.

Kitob o‘qimay qo‘ydim men nimaga,
Kompyuter o‘ynab pushaymon bo‘laman.
Joni bir deyishar tushgan kemaga,
Kitobsiz johilga ummon bo‘laman.

Lom-mim demay yashadim, qarang uch kun,
Yana cho‘zsam hakim Luqmon bo‘laman.
Ko‘zlarimdan, yuzim, tanimdan beun,
Ovoz chiqar:”Bo‘ldi inson bo‘laman.”

Ko‘zimni chirt yumdim sochi mijgondan,
Ro‘paramda tursa arslon bo‘laman.
Qafasda ham baribir sher hayvondan,
Chiqib qolmas, odam qachon bo‘laman?

Yaqinlarga telefon qilmay qo‘ydim,
Arazimdan ho‘p pushaymon bo‘laman.
Mehrni shundan amallab o‘rgandim,
Mehr ulashar telefon bo‘laman.

Hech kimdan qarz olmay yashadim,
Bir piyola suv , qotgan non bo‘laman.
Hamd aytib shunda ham yurakdan doim,
O‘zimga o‘zim hukmron bo‘laman.

Tun yarim, hislar yo‘lida charchadim,
She’rdan qutilib bir shodon bo‘laman.
Abdullohman, Sensan najot Yo, Robbim ,
Kechir, degansan Men Rahmon bo‘laman.


***

Yozmasam bo‘lmas, qo‘rqaman ayblaysiz,
Araz qilasiz, bildirmay yig‘laysiz.
Gapirmay qo‘yasiz, qovoq solasiz,
Sizga ne bor ortiq hayodan aziz!?

Nazokat ortingda toliqqani rost,
Go‘zallik yurgan yo‘llaringda iz.
Sening bir kulishing, sokin yurishing,
Go‘zallik shu o‘zi atir buyoqsiz.

Mayli boqma menga, nazargohing bor,
Bir kulging oldida dunyo chukar tiz.
Sening baxtli, shodon bo‘lishing faqat,
Mening baxtiyorim, shodim shu ey, qiz.

Esingdami, yig‘laganing hilvatda,
Qo‘ling ko‘tarib deding Robbim- Aziz,
Har so‘zing shoda yosh sochishi go‘zal,
Ey shoir, yozmaysanmi bayt, 
Axir sendan talab to‘rt jumla, to‘rt so‘z.


E’TIBORSIZ QOLDIRMAYLIK

Qo‘limizda ajib, turli tugmalar,
Birini bosamiz ishlar mashina.
Qator-qator temir terilgan dastgoh,
Go‘yo simlar bilan jonli hamisha.

U uzoq g‘arbda ham, dunyo, bizda ham,
Yugirar texnika zamona bilan.
Qurilajak yangi bino, imorat,
Bunyod po‘lat sinchu ham oyna bilan.

Yo‘qotib qo‘ymasak bo‘lgani yoron,
Qarovsiz bir yolg‘iz samimiy do‘stni.
Jonsiz tashlanayotgan ajdorholarga,
Yem qilmasak bo‘ldi bir parcha go‘shtni.


***

Nur porlarkan demak ko‘kda bor quyosh,
Unga boqsak qamashib oqar ko‘zdan yosh.
Undan ko‘ra daryoga, tog‘larga boq,
Ey, go‘zallik shaydosi mohir naqqosh.

Topolmaysan bo‘yoqni sen chizsang rasm,
Qalbda yashayotgan go‘zallikka.
Qancha solma sinchkov e’tibor, razm,
Yecholmaysan, duch kelasan chigallikka.

Balki oshkoradir borliqda tilsim,
Oydek jamolini berkitmay ochiq.
Quloq sol qalbingga eshitilar jim,
Va so‘zla o‘zingga bo‘libsan oshiq.

Borliq qancha go‘zal bo‘lmasin mayli,
Borligin unitma bor boshqa hilqat.
Majnunni lol etgan jonona layli,
Labidamas chiroy qalbida qat-qat.

E’tiborsizdir gul, agar iforsiz, 
Tikani balsada xushbo‘y gul shirin.
Ochilmaydi gullar suvsiz bahorsiz.
Ocha qolmas g‘uncha go‘zallik sirin.

Aldashi rost sochin yoygan tabiat,
Tog‘laru bog‘lari, rostdanam go‘zal.
Lek, uning ichida yashirin haqiqat,
Ichiga boqqali qani ko‘z tugal.

Ey, naqqosh, chog‘langan chizishga tasvir, 
Eng go‘zal manzara izlagan yakka.
Tog‘lar go‘zal, yastangan go‘zaldir adir,
Lek uni topursan toza yurakda.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.