Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamg‘armasi – UNISEF ma’lumotlariga qaraganda, bolalar mehnatidan foydalanish dunyo miqyosidagi muammodir. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, dunyo vijdonidagi chandiq. Jamg‘arma, taraqqiy etgan davlatlar bu yo‘lda ko‘proq ishlarni bajarishi lozim, deya fikr bildirmoqda.
UNICEFning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, dunyodagi har o‘n ikkinchi bola qul, askar yoki fohisha sifatida ishlashga majburlanadi. Turli og‘ir va jirkanch ishlarga zo‘rlanayotgan bolalar soni bugun 200 milliondan ham oshib ketgan. Bola mehnatidan foydalanish odam yashamaydigan Antarktidadan tashqari, barcha qit’alarni qamrab olgan. Ammo son jihatidan Afrika va Osiyo mamlakatlari qora ro‘yxatning oldida. Bolalarni og‘ir mehnatga majburlash dunyoning aksari mamlakatlarida uchraydi, ammo har bir hududda o‘ziga xos mehnat turlari keng tarqalgan.
Deylik, Osiyoning qashshoq mamlakatlarida bolalar chidab bo‘lmas sharoitlarda, issiq yo sovuq, og‘ir yo yengil demay, duch kelgan ishni qilib bir burda non topishga majburlar. Afrikada esa non topib yeyish tashvishidan tashqari, urush kechayotgan hududlarda bolalarni askarlik qilishga ham majburlashadi. Yevropada esa dunyoning kambag‘al mamlakatlaridan keltirilgan bolalar fohishalik bilan pul topishga undalishi haqida aytiladi.
Bolalik — podsholik, deydilar. Ammo o‘sha podsholik kushandasi, ayni kunlarda qashshoqlik bo‘lib turibdi. Hisobotga ko‘ra, jahondagi qashshoqlik hamon bolalar baxtiga chang solayotgan asosiy omillardan bo‘lib qolmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rivojlangan davlatlar ko‘magida 2015 yilgacha jahondagi qashshoqlikni teng yarmiga qisqartirish va bolalar o‘limini kamaytarishga bel bog‘lagan. Xususan, qashshoq mamlakatlarning qarzlaridan kechish yoki ularni kamaytirish, dunyodagi savdo-sotiq ishlariga barcha davlatlarning ishtirok etishlarini ta’minlash borasida so‘z ketmoqda.
Ammo bu kabi rejalarni amalga oshirish yo‘lida hali biron uzil-kesil kelishuvlarga kelinmagan. Buning ustiga, aytilayotgan takliflar amalga oshgan taqdirda ham, asosan, Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikada og‘ir mehnat ostida qolayotgan millionlab bolalarning hayoti tez fursatda o‘nglanishi dargumon.
UNICEF hisoboti boy davlatlar berayotgan yordamlari miqdorini yiliga 50 milliard dollarga ko‘paytirishi kerak, degan chaqiriq bilan chiqqan. Lekin qator kuzatuvchilarning aytishlaricha, qashshoq mamlakatlardagi bolalar hayotini o‘nglash uchun pul ajratishning o‘zi yetarli emas. Sababi, korruptsiya va poraxo‘rlik ko‘p joylarda avj olgan. Shu bois ajratilgan mablag‘ ehtiyojmand norasidalar hayotini yaxshilashga imkon bermasligi ehtimoli kattadir.
Bola mehnatidan foydalanish hollari qanchalik ko‘p sabablarga borib taqalmasin, hech biri norasidalarning salomatligi va ta’lim olish huquqiga daxl etmasligi lozim. Ammo kambag‘al davlatlarda bolaning kuchi va aqlidan oilada yoki jamiyatda foydalanish odatiy holdir. Deylik, Afg‘onistonda otasini yo‘qotgan oilalarda to‘ng‘ich o‘g‘il duch kelgan ishni bajarib bo‘lsa ham ro‘zg‘or tashvishini tortishga majbur. Aks holda, oiladagi xotin-qizlar faqat tilanchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratishlari mumkin.
Ko‘plab davlatlarda bola haq-huquqlarini himoya qiladigan qonunlar mavjud bo‘lsa-da, ular deyarli ishlamaydi.Kambag‘allashib qolgan mintaqadagi ko‘plab oilalar bugun farzandlari topgan pulga butun bir oilani tebratmoqda. Bolalar asosan hammollik, mardikorlik qilib pul topadilar. Omadi chopganlari esa yengilroq savdo-sotiq bilan shug‘ullanishlari mumkin. Ammo savdo-sotiq bilan shug‘ullanish yoki biron korxonada ishlab pul topish imkoni bo‘lmagan qishloq hududlarida muammo o‘tkirdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun dunyodagi qashshoqlikni tugatishda boy davlatlar ko‘proq mas’uliyat his etishlari kerak, demoqda. Ammo ko‘plab kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, bolalar mehnatidan foydalanadigan mamlakatlardagi hukumatlar bu ishga jiddiy yondashmasalar, ayni yo‘nalishda sezilarli o‘zgarishlarni kutib bo‘lmaydi.
Hozircha esa og‘ir va tahqirli ishlarga jalb etilayotgan bolalar butun dunyo bolalarining 200 millionidan ortig‘ini tashkil etishi haqiqat.
UNFPA BAYONNOMASI
Shuningdek, BMTning aholishunoslik masalalari bilan shug‘ullanuvchi UNFPA jamg‘armasi ham o‘z bayonnomasini taqdim etdi. Tashkilotning tadqiqotlariga ko‘ra, dunyoning eng qashshoq ellikta davlatining aholisi 2050 yilga kelib ikki marta ko‘payishi mumkin. Badavlat mamlakatlarning aholisi deyarli o‘zgarmas ekan.
“Jahon aholisi istiqbollari” deb nomlangan bu bayonnomada shuningdek, 2050 yilga kelib, yer yuzidagi odamzot to‘qqiz milliarddan oshishi mumkinligi aytilgan.
Badavlat va qashshoq davlatlardagi aholi o‘sishi o‘rtasida, tom ma’noda yer bilan osmoncha farq borligi ko‘zga tashlanadi. Qashshoq mamlakatlar aholisi ikki karra, ayrim bir mamlakatlarda, masalan, Afg‘oniston, Chad, Kongoda esa uch marta ko‘payishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining aholishunoslik masalalari bo‘yicha vakili Xaina Zlotnik
fikrlariga ko‘ra, bu mamlakatlarda tug‘ilish ham, o‘lish darajasi ham juda yuqoridir. Ammo son jihatdan yiriklashayotgan bu mamlakatlar o‘z xalqini me’yoriy darajadagi yashash sharoitlari bilan ta’minlashga qurbsizdir.
Afrikada o‘rtacha umr ko‘rish qisqarib borayotir, buning asosiy sabablari qatorida OITS tarqalishi, qurolli ziddiyatlar, iqtisodiy muammolar, turfa yuqumli kasalliklar aytilmoqda.
Bu tushkun taxminlarga qarama-qarshi o‘laroq, badavlat mamlakatlarda vaziyat deyarli o‘zgarmaydi. O‘rtacha tug‘ilish Yaponiya, Germaniya, Rossiya va MDHning ayrim davlatlarida ancha past darajada qolmoqda.
Taraqqiy topgan davlatlarda aholi o‘zgarishlari esa, mazkur bayonnomaga ko‘ra, aynan migratsiya bilan bog‘liq bo‘lishi kutilar ekan. Bugungi kunda Amerika, Germaniya va Kanada migratsiya oqimining markazida bo‘lgan davlatlardir.
Sharifa MADRAHIMOVA
(BBC axborot agentligi materiallari asosida tayyorlandi).