OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

24.02.2005. BMT XAVOTIRDA: “AL-QOIDA” NAVBATDAGI ZARBALARGA TAYYOR!

“Al-Qoida” tirik va u yana yangi zarbalar berishga tayyor. Bu gal ogohlantirish odatdagidan xilof ravishda maxsus xizmatlardan emas... Birlashgan Millatlar Tashkilotidan olindi. Terrorchilar faoliyatini kuzatish bilan shug‘ullangan komissiya ma’ruzasiga ko‘ra, Usoma bin Lodin tarafdorlari portlatgich moddalar va katta moliyaviy manbalarga osonlik bilan ega bo‘lishlari mumkinligi bois ham “misli ko‘rilmagan yangi terrorchilik harakatlarini” amalga oshirishlari mumkin.

Richard Barret boshchiligidagi tahlilchilar guruhi e’tiroficha, “bunday harakatlarning sodir bo‘lishi aniq va faqatgina qachon bo‘lishiga vaqtgina hakam“. Xalqaro hamjamiyat kimyoviy, bakteriologik va yadroviy qurollarni qo‘lga kiritishga intilayotgan guruhning faoliyatiga yetarli e’tibor bermayapti. BMT toliblar rejimi bilan aloqador 430 shaxs va guruhdan iborat ro‘yxat tuzgan va ularning qurol-yarog‘ bilan savdo qilishiga hamda harakatlariga taqiq qo‘ygan. Ammo bularning yetarli emasligi aniq. Barretning so‘zlariga ko‘ra, “Al-Qoida” o‘ta g‘ayrioddiy harakat va uning uchun hech qanaqa chegaraning o‘zi yo‘q. Bugun harakatning izlarini ham topish bundan bir yil ilgariga qaraganda ancha mushkul. O‘shanda harakatning aniq tashkiliy tuzilmasi va rahbariyati bor edi”.

Qo‘shma Shtatlarga qarshi terrorchilik harakatlarining amalga oshirilishi mumkinligi xususida AQSh senatini MRB direktori Porter Goss ham o‘z vaqtida ogohlantirgan. Goss ham “falokatning qachon sodir bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi”, degan. Federal qidiruv byurosi direktori Robert Myuller ham xuddi shunday fikrda va AQSh hududida “hozircha uyquda” bo‘lgan harakatlarning mavjudligidan xavotir bildirgan: “Men hozircha e’tibor bera olmayotgan va ko‘rmayotgan holatlardan ko‘proq xavotirdaman”, degan u.

Pentagon rahbari Donald Ramsfeld ham kongressdagi chiqishida terrorchilarning bugungi kundagi faoliyatiga baho bera turib: “Ekstremistlar yangi zarbalar berish uchun tayyorgarlik ko‘ryapti”, deya ogohlantrgan. AQSh Mudofaa vaziri, shuningdek, Shimoliy Koreyaning keyingi paytlardagi bayonotlari xususida: “Bizningcha, Pxenyan kimyoviy va biologik qurol yaratish dasturiga ham ega”, degan.

Bulardan tashqari AQShning yangi Davlat kotibi Kondoliza Rays ham ekstremistik harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar xususida fikr bildirgan. Xususan, u Suriyaning Livandagi vaziyatni “tanglashtirayotgan” harbiy salohiyatiga salbiy baho bergan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.