OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

19.01.2005. BMT: YORDAMNI HAMMAGA BERISH KERAK! (arxiv)

BMTning Osiyo davlatlariga yordam berish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Yan Egelan jahon hamjamiyatini tsunami oqibatlarini bartaraf etishdagi birdamlikni dunyoning boshqa mintaqalaridagi inqirozlarga nisbatan ham namoyon etishga chaqirdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining bu chaqirig‘i Jenevada o‘tayotgan donor davlatlarning bir kunlik anjumanida -yangradi.

Anjumanda Osiyodagi suvosti zilzilalaridan zarar ko‘rgan davlatlarga va’da qilingan milliard-lab dollar mablag‘larning nimaga va qanday sarflanishi kerakligi muhokama qilinmoqda.

Janob Egelanning aytishicha, hozirda xalqaro insonparvarlik amaliyotlari yangi bosqichga ko‘tarildi va uning ta’biricha, dunyodagi «SPID va urush tsunamilari»dan azob chekayotgan 25 million odam ham shunday munosabatga muhtoj. Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakilining so‘ziga ko‘ra, dunyoda kamida 20 million odamning shoshilinch insonparvarlik yordamlariga ehtiyoji bor.

Jeneva anjumani donor davlatlarning zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan Indoneziya poytaxti Jakartadagi yig‘inidan so‘ng o‘tmoqda. Yig‘inni boshqargan BMT Bosh Kotibi Kofi Annan tsunami jabrdiydalariga shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun 1 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ning zudlik bilan ajratilishi kerakligi haqida ogohlantirgandi.

Hozirga qadar yordam uchun 4 milliard dollar va’da qilingan. Ko‘pgina davlatlar avval va’da qilingan yordam miqdorini oshirishda davom etmoqdalar.Yakshanba kuni Kanada 66 million dollar berishi mumkinligi haqidagi va’dasini 350 millionga o‘zgartirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti davlatlar va’da qilgan yordam naqd pulga aylanishini kutmoqda.

UNUTILGAN VA’DALAR

Donor davlatlarning bundan avval yuz bergan tabiiy ofatlar, jumladan, Eronning Bam viloyatidagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun va’da qilingan yordamni yetkazmagani xavotirlarga sabab bo‘lgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Hind ummonida yuz bergan zilziladan so‘nggi shoshilinch yordam harakatlariga qaramasdan, donor davlatlarni dunyoning boshqa mintaqalaridagi insoniy inqirozlarni ham esdan chiqarmaslik haqida ogohlantirmoqchi.

Jenevadagi anjuman qatnashchilariga 14 davlatdagi inqirozli vaziyatlar ko‘rsatilgan ro‘yxat taqdim etildi. Ular orasida Sudanning Darfur mintaqasi, Burundi va Checheniston ham bor, deb xabar beradi Bi-bi-si axborot agentligi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.