OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

19.01.2005. YANGI RAHBAR URUSHGA NUQTA QO‘YA OLADIMI? (arxiv)

Yaqinda Falastin Milliy ma’muriyati rahbarligi uchun o‘tkazilgan saylovda Falastin ozodlik tashkiloti ijroiya qo‘mitasi raisi Mahmud Abbos g‘alaba qozongandi. Shanba kuni Mahmud Abbos o‘z vazifasini rasman bajarishga kirishdi. Inauguratsiya marosimi marhum Yosir Arafotning Ramalloh shahridagi «Muqataa» qarorgohida o‘tkazildi.

Yangi rahbar qasamyod qabul qilar ekan, muxtoriyatda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik masalalaridagi islohotlarni amalga oshirish, terrorchi guruhlarga qarshi kurashni yanada kuchaytirishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Milliy ma’muriyat tarkibidagi aksariyat muhim lavozimlar keksa avlodga mansub yetakchi siyosatchilar qo‘lida bo‘ladi.

Ayni paytda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat yana xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Aksariyat kuzatuvchilar saylov avvalida Mahmud Abbosning g‘alabasi Isroil-Falastin muammosiga barham berishda muhim ahamiyat kasb etishiga umid bildirgan edi. Ammo, so‘nggi kunlarda ro‘y berayotgan voqealar muzokaralarning oson kechmasligini ko‘rsatayotir.

Xususan, G‘azo mintaqasida — Isroil harbiylarining nazorat punkti - «Karni»da sodir etilgan qo‘poruvchilik buning dalilidir. O‘sha voqeadan keyin Isroil hukumati Falastin Milliy ma’muriyati, xususan Mahmud Abbos bilan muzokara olib borishni to‘xtatishga va G‘azo mintaqasida harbiy operatsiyalarni qayta boshlashga qaror qildi. U yerda joylashgan barcha nazorat bo‘limlarini yopib qo‘ydi.

Isroil tomoni Falastin hukumati terrorchilikka qarshi kurashni kuchaytirmas ekan, aloqalar qayta tiklanmasligini bildirgan. Ularning fikricha, shu bilan yangi rahbar Mahmud Abbosga bo‘lgan ishonchga ham putur yetgan.

Falastin rasmiylarining ta’kidlashicha, M.Abbos muxtoriyat yetakchisi sifatida endi faoliyat yuritmoqda. Shu bois, uning nomiga bildirilgan tanqidiy fikrlarni o‘rinli deb bo‘lmaydi. Muammoni yechish uchun esa, aloqalarni uzish emas, aksincha mustahkamlash zarur.

Xabarlarga qaraganda, Isroil bosh vaziri Ariel Sharon Falastin yetakchisi Mahmud Abbos o‘z lavozimini rasman egallaganidan keyin u bilan uchrashishni rejalashtirgan edi. Endi uchrashuvning qachon amalga oshishi ham noaniq bo‘lib qoldi.

Yaqin Sharqqa oid boshqa xabarlarga ko‘ra, G‘azo Mintaqasi va Isroil o‘rtasidagi chegara hududi yaqinida Isroil kuchlari bilan to‘qnashuvda ikki falastinlik jangari o‘ldirilgan. Islom Jihodi jangari guruhi vakilining ma’lum qilishicha, guruhning ikki a’zosi G‘azodagi yahudiylar shaharchasida avtomashinalarga xujum qilgan.

Isroil harbiylari xabariga ko‘ra, xujumchilar otib o‘ldirilgan. Falastin muxtoriyatining yangi rahbari Mahmud Abbos Isroil bilan tinchlik muzokaralarini tiklash uchun jangari guruhlarni xujumlarni to‘xtatishga chaqirgan edi.

Biroq, oxirgi paytlarda mintaqadagi zo‘ravonliklar avjiga chiqmoqda. Ayni paytda, Isroil bosh vaziri Ariel Sharon Mahmud Abbosni zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun chora ko‘rmayotganlikda ham aybladi va Isroil armiyasiga jangarilarni yo‘qotish uchun barcha choralarni ko‘rish haqida buyruq berdi.

Sarvar Fayzullayev

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.