Dehli hukumati... bebosh sigir va sayoq maymunlarga qarshi "muqaddas urush" e'lon qildi
Dehli - Hindistonning eng rivojlangan, go‘zal va katta shahri. Poytaxt emasmi, mamlakatning hukumat idoralari ham, nufuzli boshqaruv tashkilotlari ham shu yerda joylashgan. Ijtimoiy tengsizlik juda kuchliligi, transport qatnovi o‘ta tig‘izligini aytmaganda, Dehli poytaxt desa degulik ajoyib shahar.
Lekin har to‘kisda bir ayb deganlaridek, ayni zamonda poytaxt hukumatini jiddiy bosh qotirishga majbur qilayotgan muammolar ham yo‘q emas. Agar ana shu muammolardan biri sigir, maymun kabi jonivorlar bilan bog‘liq desak, o‘quvchiga biroz g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin.
Ammo katta bir davlatning boshkentida sigir, maymunlar bemalol sayr qilib (to‘g‘rirog‘i, daydib) yurganini tasavvur qilsangiz, muammo ko‘lami biz aytgandan ham kattaroq ekaniga amin bo‘lasiz...
Hindlarning bir necha mingyillik tarixga ega vedalarida sigir muqaddas jonivor deb e'lon qilingan. Hatto induizmga e'tiqod qiluvchi aholi tomonidan tilsiz jonivor iloh darajasida e'zozlanadi (tsivilizatsiyalashgan XXI asrda insonlarning jonivorga sig‘inib yurishi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmasligi ayon haqiqat, lekin nailoj, xalqaro huquqda e'tiqod erkinligi, diniy bag‘rikenglik degan tamoyillar bor). Mahalliy xalqning sigir go‘shtini umuman tanovul qilmasligi ham bir navi, biroq, qizig‘i, hatto bejoroq harakat qilgan sigirga ham zo‘rlik ishlatib bo‘lmaydi. Shu bois poytaxtning gavjum va tirband ko‘chalarida ham sigirlar bemalol sayr qilib yuradi. Xuddi mehmonga kelgan hurmatli sayyohlar kabi. Tig‘izdan tig‘iz transport qatnoviga ming xalaqit bersa ham, hattoki avariyalarga sabab bo‘lsa ham, sigirlarga daxl qilinmaydi (ularni o‘ldirish qonun yo‘li bilan ham taqiqlangan).
Dehli - juda azim shahar. Bu yerda 13 milllionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ana shunday ulkan izdihomda sigirlar bemalol daydib yurishini tasavvur qilib ko‘ring. Unchalik ko‘ngilga yoqmaydigan manzara. Shunday emasmi?
Ayni paytda Dehli hukumati muqaddas jonivorlar bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish choralarini ko‘ryapti. Dastlab ko‘chada daydib yurgan sigirni keltirganlarga mukofot va'da qilindi: shu yo‘l bilan shahardagi minglab xo‘jasiz sigirlarni yig‘ib olish maqsad qilingandi. Biroq bu tadbir ham foyda bermadi, tirikchilikdan qiynalgan odamlar o‘z sigirlarini topshirib mukofot olar-olmas, bir aylanib kelib, yana mollarini talab qila boshlashdi. Xullas, bu ortiqcha xarajatdan boshqa natija bermadi. Agar ishonsangiz, ana shunday tushunmovchiliklar oldini olish uchun sigirlarning tomog‘iga u haqdagi ma'lumotlar yozilgan maxsus mikrochiplar ham o‘rnatib ko‘rildi. Lekin bu ham foydasiz bo‘lib chiqdi.
Kechmish tajribalardan xulosa chiqargan Dehli hukumati hozirda yangi reja ustida ish olib boryapti. Bunga ko‘ra, shahar tashqarisida juda katta ferma tashkil etiladi va u yerda ko‘chalarda daydib yurgan barcha sigirlarga joy beriladi. Sigir egalari esa boqib bergani uchun davlatga ma'lum miqdorda pul to‘lashadi. Bu reja ijobiy natija berishi qiyin. Nega deganda, ko‘chada o‘z rizqini terib kelayotgan sigirini kim ham to‘lov evaziga fermaga berar edi. Boz ustiga, bu yoqda din peshvolari sigirning muqaddasligiyu unga ozor berganlarning kosasi oqarmasligi haqida va'z aytib turgan bo‘lsa!
"Ramayana" serialidagi Xanuman ismli maymun timsoli ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Bu ho‘v bir zamonlardan qolgan doston qahramoni-ku dersiz. Lekin hindlar hozirgacha ana shu dumli maymunni adolat va kuch-qudrat ramzi sifatida qadrlashadi. Xanumanning hurmatidan bo‘lsa kerak, Dehli ko‘chalarida sandiraqlab yurgan uning avlodlariga ham tegishmaydi. Maymunlar poytaxtdagi uy tomlari, bino derazalarida yurgani, ochiq qolgan oynalardan uylarga kirib olishi ham mayli, ular hattoki hukumat idoralariga bemalol bosh suqa oladi. Harqalay, adolat va kuch-qudrat ramzi bo‘lgan Xanumanning avlodlariga qaysi mard qarshilik qila olardi?
Ana shu tilsiz maxluqlar 2004 yili katta siyosiy mojaroga ham sabab bo‘ldi. Hindiston mudofaa vazirligining mutlaqo maxfiy tamg‘asi bosilgan hujjatlari shundoqqina gavjum ko‘chada, yerda yotgani ma'lum bo‘lgan paytda hukumat arboblarining qanday sarosima va tahlikaga tushganini ko‘p ta'riflash shart emas: xalqaro janjalga olib kelishi mumkin bo‘lgan xufiya hujjatlarni kim o‘g‘irladi - terrorchilarmi yoki g‘anim davlatlarmi? Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, necha generallarning iste'fosiga sabab bo‘lgan hujjatlarni ochiq qolgan oynadan mudofaa vazirligi binosiga kirgan... makaka maymuni olib chiqib tashlagan ekan. Bu jonivor kimlarningdir joni tikilgan maxfiy hujjatlarning qadrini qaerdan ham tushunsin?
Shundan keyin Dehli hukumati Xanuman avlodlarini yo‘q qilish uchun jiddiy harakatga kirishdi. Butun shaharda o‘zini hokim his qilib qolgan maymunlar alohida joyga qamab qo‘yildi - foydasi bo‘lmadi. Intizomsiz jonivorlarni boshqa shtatga surgun qilmoqchi ham bo‘lishdi. Lekin boshqa shtatlarda ham qoidabuzarlar yetib ortar ekan. Shundan keyin mamlakat Oliy sudining qarori bilan (ana shunaqa, muqaddas hayvonlar taqdiri oliy mahkama darajasida hal qilinadi!) bebosh maymunlar ommaviy ravishda Dehli atrofidagi o‘rmonlarga yuboriladigan bo‘ldi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek hal bo‘layotgandek edi. Lekin kutilmaganda yana bir muammo chiqib qoldi: shahardan kelgan maymunlar qishloqlik qavmdoshlariga kun bermayotgan emish.
Buyam yetmagandek, maymunlarning surgun qilinishi mahalliy aholiga ham ma'qul kelmadi. Chunki ular maymunlarga har seshanba kuni (induizm diniga e'tiqod qiluvchi aholi bu kunni Xanuman kuni deb bayram qiladi) bananlar va yong‘oqlar berib cheksiz savoblarga noyil bo‘lishayotgan edi. Bu amalning fazilatini tushunmagan rasmiylar esa Xanumanning qarindoshlarini haydab yuborishyapti.
P.S. 2010 yilgi Britaniya Hamdo‘stligi mamlakatlarining sport musobaqalari ham Hindiston poytaxtida o‘tishi mo‘ljallanyapti. Xalqaro miqyosdagi tadbirga mezbonlik shunchaki tashkilotchilik bilan cheklanmaydi. Nufuzli musobaqani o‘tkazish uchun shaharni toza, orasta-ozoda va tartibli holatga keltirish kerak. Nega deganda, sigir va maymunlarning erkaligini mahalliy xalq ko‘tarishi mumkin. Biroq xorijlik mehmonlar uchun bu jonivorlar shunchaki inson ehtiyojiga xizmat qilish uchun yaratilgan maxluqlar, xolos. Boshqa hech narsa emas.